Inson va tabiat
Mavzular
Qadimgi odam va tabiat
Insonning tabiatga ijobiy va salbiy ta’siri. Odam barcha tirik organizmlar singari tashqi muhitdan kislorod va ozuqani qabul qiladi. Odamlar dastlab o‘simlik mevasi va urug‘lari, ildizmevalari bilan oziqlangan, xom go‘sht iste’mol qilgan. Keyinchalik baliq ovlash, yovvoyi hayvonlarni tutishni osonlashtirish uchun turli qurollar yasay boshlagan.
Qadimgi odamlar iqlimning sovib borishi natijasida isinish va ovqat tayyorlash uchun olovdan foydalanishgan. Dehqonchilik va chorvachilikning rivojlanishi odamning doimiy yashash joyiga ega bo‘lishiga sabab bo‘lgan.
Ijobiy va salbiy ta’sir
Odam yashash sharoitini yaxshilash maqsadida tabiatga doimo ijobiy yoki salbiy ta’sir ko‘rsatib kelgan. Ijobiy ta’sirga odam tomonidan o‘simlikning yangi navlarini yaratilishi, hayvonlarning yangi (go‘shtdor, sersut va hokazo) zotlarini olinishi, oziq-ovqat mahsulotlarining ko‘paytirilishi misol bo‘ladi (76-rasm).

Salbiy ta’sirga yovvoyi hayvonlarni ko‘plab ovlash natijasida ularning qirilib ketishi, o‘rmondagi daraxtlarning keragidan ortiq kesilishi, atmosfera havosining chiqindilar bilan ifloslanishi, cho‘llarning o‘zlashtirilishi natijasida daryo va dengizlarning qurib qolishi kiradi (77-rasm).

Ekologik muammolar
Ekologik muammolar. Odamning tabiatga salbiy ta’siri ortgani sari turli ekologik muammolar kelib chiqadi. Masalan, odam tomonidan cho‘llarning o‘zlashtirilishi, tuproqning sho‘rini yuvish va cho‘l zonalarida o‘stiriladigan o‘simlik, masalan, g‘o‘zani sug‘orish natijasida Orol dengizi quriy boshladi.
Transport vositalarining ko‘payishi, yonilg‘idan ko‘p miqdorda foydalanish atmosferadagi karbonat angidrid miqdorini oshirib, havo haroratining ko‘tarilishiga, bu esa o‘z navbatida muzliklarning erib, ayrim joylarda suv toshqini bo‘lishiga olib keladi.
Ozon tuynugi va muvozanat
Hozirda, muzlatkich va konditsionerlardan ajraladigan modda atmosferaning himoya qobig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatishi aniqlangan. Ozon qatlamida tuynuklarning paydo bo‘lishi atmosferadagi ayrim zararli nurlarining yergacha yetib kelishiga sabab bo‘lmoqda. Shuningdek, quyoshning zararli nurlari o‘simlik va hayvonlarga halokatli ta’sir ko‘rsatmoqda va odamlarda terining xavfli o‘sma kasalligini kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda.
O‘rmonlarning keragidan ortiq kesilishi, dengiz va daryo suvlariga noto‘g‘ri munosabat, yovvoyi tabiatni odam tomonidan uzluksiz o‘zlashtirilishi, yovvoyi o‘simlik va hayvon turlarining qirilishi – bularning hammasi tabiatdagi ekologik muvozanatning buzilishiga va ekologik muammolarning ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda.
Odamning tashqi muhitga salbiy ta’sirini kamaytirishda bizga biologiyadan olgan bilimlarimiz yordam beradi.
Bilimingizni sinang
Qaysi sohalarning rivojlanishi odamning doimiy yashash joyiga ega bo‘lishiga sabab bo‘lgan?
- Baliq ovlash va terimchilik
- Dehqonchilik va chorvachilik
- Olovdan foydalanish va ov qurollari yasash
- Savdo va hunarmandchilik
To‘g‘ri javob: Dehqonchilik va chorvachilik. Dehqonchilik va chorvachilik odamni muqim yashashga o‘tkazgan.
Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. O‘simlikning yangi navlarini yaratish tabiatga ijobiy ta’sir; II. O‘rmondagi daraxtlarni keragidan ortiq kesish ijobiy ta’sir; III. Hayvonlarning yangi zotlarini olish ijobiy ta’sir.
- Faqat II
- I va II
- I va III
- II va III
To‘g‘ri javob: I va III. Daraxtlarni keragidan ortiq kesish salbiy ta’sir hisoblanadi, shuning uchun II noto‘g‘ri.
Orol dengizining quriy boshlashiga qaysi omillar sabab bo‘ldi?
- Yonilg‘idan ko‘p foydalanish va muzliklarning erishi
- Cho‘llarni o‘zlashtirish, tuproq sho‘rini yuvish va g‘o‘zani sug‘orish
- Yovvoyi hayvonlarni ko‘plab ovlash
- Ozon qatlamida tuynuklarning paydo bo‘lishi
To‘g‘ri javob: Cho‘llarni o‘zlashtirish, tuproq sho‘rini yuvish va g‘o‘zani sug‘orish. Cho‘llarni o‘zlashtirish, sho‘r yuvish va g‘o‘zani sug‘orish Orol dengizining quriyishiga olib kelgan.
Sabab-oqibat ketma-ketligini joylashtiring: 1) havo haroratining ko‘tarilishi; 2) atmosferada karbonat angidrid miqdorining oshishi; 3) muzliklarning erishi; 4) transport vositalarining ko‘payishi.
- 2-4-1-3
- 4-1-2-3
- 4-2-3-1
- 4-2-1-3
To‘g‘ri javob: 4-2-1-3. Transport ko‘payishi CO2 ni oshiradi, harorat ko‘tariladi, muzliklar eriydi.
Odamlar dastlab nima bilan oziqlangan?
- Pishirilgan go‘sht va non bilan
- O‘simlik mevasi, urug‘lari, ildizmevalari va xom go‘sht bilan
- Ekilgan don va sabzavotlar bilan
- Sut mahsulotlari bilan
To‘g‘ri javob: O‘simlik mevasi, urug‘lari, ildizmevalari va xom go‘sht bilan. Dastlab odamlar meva, urug‘, ildizmevalar va xom go‘sht bilan oziqlangan.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash