XotirAI logotipiXotirAI
🧬 6-sinf · Botanika · 59-§.

Yerda oʻsimliklar dunyosining rivojlanishi

Mavzular

Hayotning paydo boʻlishi

Olimlarning aniqlashicha, bundan uch yarim milliard yil oldin Yer yuzining juda koʻp qismi suv tubida boʻlgan. Ana shu suv ichida birinchi boʻlib, eng sodda tirik mavjudotlar paydo boʻlgan. Ana shu dastlabki tirik mavjudotlardan qadimgi bir hujayrali organizmlar vujudga kelgan.

Ularning baʼzilari rangsiz boʻlib, zamonaviy bakteriyalarga oʻxshab ketgan. Baʼzilarida esa vaqt oʻtishi bilan xlorofill vujudga kelib, hozirgi bir hujayrali suvoʻtlarga oʻxshab qolgan. Ular asta-sekin murakkablashib borib, bir hujayrali suvoʻtlardan koʻp hujayrali suvoʻtlar kelib chiqqan.

Suvoʻtlar davri

Bundan 570—510 million yillar oldin Yer yuzida suvoʻtlarning koʻp turlari yashagan va hukmronlik qilgan (144—145-rasmlar).

144-rasm. Riniya va psilofitlar – qadimgi oʻsimliklar. 145-rasm. Qadimgi qirqquloqlar va qirqboʻgʻimlar.
144-rasm. Riniya va psilofitlar – qadimgi oʻsimliklar. 145-rasm. Qadimgi qirqquloqlar va qirqboʻgʻimlar.

Dengiz chekingan sayin suvoʻtlarning koʻpchiligi quruqlikka chiqib qolgan. Baʼzi suvoʻtlar dengizning sayozlashgan joylarida, keyinchalik esa dengiz sohilidagi sernam joylarda yashashga moslashib borgan.

Dastlabki quruqlik oʻsimliklari

Bular dengiz sohilidagi sernam tuproqda oʻsa boshlagan va suvdan quruqlikka chiqqan dastlabki quruqlik oʻsimliklari hisoblangan. Bunga misol qilib, 1859-yilda Kanadadan topilgan psilofit, 1912-yilda Shotlandiyadan topilgan riniya, 1937-yilda Buyuk Britaniyadan topilgan kuksoniyalarni koʻrsatish mumkin.

Ularda ildiz va barglar boʻlmagan, shoxlagan poya va shoxlar uchida sporangiylari boʻlgan. Ularning boʻyi 50—70 sm, poyasining yoʻgʻonligi esa 5-10 sm ga yetgan. Bu oʻsimliklar million yillar davomida quruqlikda yashashga moslashib, oʻzgarib borgan.

Qirqquloqlar davri

Bundan 400—230 million yillar avval dastlabki quruqlikka chiqqan oʻsimliklardan qirqquloqlar va qirqboʻgʻimlar, plaunlar paydo boʻlgan. Bu davrda, qirqquloqsimonlarning oʻsishi va rivojlanishi uchun qulay sharoit vujudga kelgan hamda boʻyi 25—30 m, yoʻgʻonligi 1—1,5 m keladigan daraxtsimon qirqboʻgʻimlar va daraxtsimon qirqquloqlar paydo boʻlgan.

Shu davrning oxirlarida qirqquloqlardan urugʻli qirqquloqlar vujudga kelgan.

Ochiq urugʻlilar

Bundan 200 million yillar ilgari urugʻli qirqquloqlardan ochiq urugʻli oʻsimliklar paydo boʻlgan. Yangi, murakkab hayot sharoiti qirqquloqsimonlar uchun noqulay boʻlib, ularning ayrimlari yoʻqola boshlaydi. Ularning koʻpchiligi, ayniqsa, daraxt va buta shaklidagilari yoʻqolib ketgan. Ularning qoldiqlarini faqat qazilma holida uchratish mumkin.

Qirqquloqsimonlarning oʻrnini sekin-asta quruq iqlimga yaxshi moslashgan ochiq urugʻli oʻsimliklar egallay boshlagan.

Yopiq urugʻlilar

Bundan 140 million yillar ilgari, qirqquloqlarning shu davrgacha saqlanib kelgan vakillaridan yopiq urugʻli oʻsimliklar paydo boʻlgan. Iqlim tobora quruqlashib borishi bilan urugʻli qirqquloqlarning qolgan vakillari va ular bilan birgalikda qadimgi ochiq urugʻli oʻsimliklar ham asta-sekin yoʻqola boshlagan.

Ochiq urugʻli oʻsimliklarning bizgacha yetib kelgan qaragʻay, qoraqaragʻay, archa kabi vakillari namlik biroz koʻproq tushadigan shimoldagi oʻrmon zonasida va baland togʻlarda saqlanib qolgan.

Boʻr davridan boshlab yopiq urugʻli oʻsimliklar nihoyatda tezlik bilan koʻpayib yer yuzini egallay boshlagan. Yopiq urugʻli oʻsimliklar turli muhit, sharoitlarda oʻsishga moslashganligi tufayli yer yuzida keng tarqalgan.

Bilimingizni sinang

Quyidagi o‘simliklar guruhlarini Yerda paydo bo‘lish ketma-ketligida joylashtiring: 1) yopiq urug‘lilar; 2) ochiq urug‘lilar; 3) ko‘p hujayrali suvo‘tlar; 4) qirqquloqlar va qirqbo‘g‘imlar.
  1. 4-3-2-1
  2. 3-2-4-1
  3. 3-4-1-2
  4. 3-4-2-1

To‘g‘ri javob: 3-4-2-1. Avval ko‘p hujayrali suvo‘tlar, so‘ng qirqquloqlar, ochiq urug‘lilar, eng oxirida yopiq urug‘lilar paydo bo‘lgan.

Dastlabki quruqlik o‘simliklarini topilgan joyi bilan moslang: 1) psilofit; 2) riniya; 3) kuksoniya. a) Kanada; b) Shotlandiya; c) Buyuk Britaniya.
  1. 1-b, 2-a, 3-c
  2. 1-c, 2-b, 3-a
  3. 1-a, 2-b, 3-c
  4. 1-a, 2-c, 3-b

To‘g‘ri javob: 1-a, 2-b, 3-c. Psilofit Kanadadan (1859), riniya Shotlandiyadan (1912), kuksoniya Buyuk Britaniyadan (1937) topilgan.

Yer yuzida suvo‘tlarning ko‘p turlari yashagan va hukmronlik qilgan davr qaysi oraliqda bo‘lgan?
  1. 400—230 million yillar oldin
  2. 570—510 million yillar oldin
  3. 140—65 million yillar oldin
  4. 200—140 million yillar oldin

To‘g‘ri javob: 570—510 million yillar oldin. Suvo‘tlar hukmronlik qilgan davr bundan 570—510 million yillar oldin bo‘lgan.

Suvo‘tlarning ko‘pchiligi qanday jarayon natijasida quruqlikka chiqib qolgan?
  1. Dengiz chekingan sayin
  2. Iqlimning sovib borishi
  3. Yer yuzida urug‘li o‘simliklarning paydo bo‘lishi
  4. Suvda kislorod yetishmasligi

To‘g‘ri javob: Dengiz chekingan sayin. Dengiz chekingan sayin suvo‘tlar quruqlikka chiqib qolgan.

Qirqquloqlar davrida paydo bo‘lgan daraxtsimon qirqbo‘g‘imlarning bo‘yi va yo‘g‘onligi qanday bo‘lgan?
  1. Bo‘yi 25—30 m, yo‘g‘onligi 1—1,5 m
  2. Bo‘yi 50—70 sm, yo‘g‘onligi 5-10 sm
  3. Bo‘yi 2—3 m, yo‘g‘onligi 20 sm
  4. Bo‘yi 100 m, yo‘g‘onligi 5 m

To‘g‘ri javob: Bo‘yi 25—30 m, yo‘g‘onligi 1—1,5 m. Daraxtsimon qirqbo‘g‘imlar va qirqquloqlar bo‘yi 25—30 m, yo‘g‘onligi 1—1,5 m bo‘lgan.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Qaragʻay, qoraqaragʻay, archa shimoldagi oʻrmon zonasida va baland togʻlarda saqlanib qolgan; II. Yopiq urugʻlilar boʻr davridan boshlab nihoyatda tez koʻpayib, yer yuzini egallay boshlagan; III. Yopiq urugʻlilar 200 million yil oldin ochiq urugʻlilardan paydo boʻlgan.
  1. I va II
  2. II va III
  3. I va III
  4. I, II va III

To‘g‘ri javob: I va II. Yopiq urug‘lilar 140 million yil oldin qirqquloqlar vakillaridan paydo bo‘lgan, III noto‘g‘ri.

Yopiq urug‘li o‘simliklar nima tufayli yer yuzida keng tarqalgan?
  1. Turli muhit va sharoitlarda o‘sishga moslashgani tufayli
  2. Faqat suvda o‘sishga moslashgani tufayli
  3. Qirqquloqlar bilan raqobat qilmagani tufayli
  4. Faqat shimoliy o‘rmonlarda o‘sgani tufayli

To‘g‘ri javob: Turli muhit va sharoitlarda o‘sishga moslashgani tufayli. Yopiq urug‘lilar turli muhit va sharoitlarda o‘sishga moslashgani uchun keng tarqalgan.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiBugʻdoydoshlar (boshoqdoshlar) oilasi