Bugʻdoydoshlar (boshoqdoshlar) oilasi
Mavzular
Oila va ildiz, poya
Bu oilaga Yer sharidagi quruqlikning deyarli hamma qismida tarqalgan 10 000 ga yaqin turga mansub bir yillik, ikki yillik va koʻp yillik oʻt oʻsimliklari kiradi.
Bugʻdoydoshlarning ildizi qoʻshimcha ildizlar yigʻindisidan tashkil topgan popuk ildiz tizimli. Poyasi silindrsimon, tik oʻsadi, boʻgʻimlarga boʻlingan. Bugʻdoydoshlarga mansub oʻsimliklar poyasi poxol yoki somon poya deb ataladi.
Barg tuzilishi
Barglari oddiy, ikki qator boʻlib boʻgʻimlarda oʻrnashgan. Bargi ikki qismdan: poyani oʻrab olgan pastki qism — barg qinidan va qayrilgan qayishsimon, nashtarsimon, tuxumsimon yoki bigizsimon shaklli barg yaprogʻidan iborat.
Barg yaprogʻining tagida yoki uning qindan ajralgan yerida kichkina, yupqa, pardasimon oʻsimta boʻladi. U tilcha deb ataladi. Tilcha yomgʻir paytida, barg qinining ichiga suv kirishidan saqlaydi (142-rasm).

Gul va boshoqcha
Gullari mayda, rangsiz, koʻkimtir, boshoqchalarda joylashgan. Boshoqchalar esa 1—10 yoki undan koʻp gulli boʻlib, oʻz navbatida, murakkab boshoq, roʻvak kabi toʻpgulga yigʻilgan. Gullari ikki jinsli yoki bir jinsli.
Har bir boshoqcha ikkita (ostki va ustki) boshoqcha qipigʻi bilan oʻralgan. Uning ichida ikki gul qipigʻi bilan oʻralgan changchilar va urugʻchidan iborat gullar oʻrnashgan. Gul qipigʻining boshoqcha oʻqidan chiqqan etli va kattarogʻi ostki gul qipigʻi, uning qarshisidagi gulbanddan chiqqan, kichikroq, nozik va mayini ustki gul qipigʻi deyiladi.
Changchi, urugʻchi va meva
Changchilari koʻpchiligida 3 ta, baʼzan 6 ta. Urugʻchisi bitta, tumshuqchasi 2—3 ta boʻlib, patsimon shoxlangan. Mevasi quruq, bir urugʻli dondir.
Adirning yuqori va togʻning oʻrta qismida joylashgan yalangliklarda boʻyi 50—150 sm keladigan piyozli arpa oʻsadi. Uni javdar, xarduma, tak-tak, togʻarpa deb ham atashadi.
Oʻzbekistondagi turlar
Oʻzbekistonda oilaning tabiiy holda tak-tak, gʻumay, qoʻngʻirbosh, ajriq, qamish kabi turlari oʻsadi. Oʻzbekistonda begona oʻt — gʻumayni bilmaydigan odam kam. Gʻumay joʻxori turkumiga oid, boʻyi 50—150 sm keladigan ildizpoyali koʻp yillik oʻt.
Koʻpchilikka tanish boʻlgan begona oʻtlardan yana biri chayir ajriqdir. U uzun va sershox ildizpoyali koʻp yillik oʻt.
Poyonsiz choʻl va adirlarda joylashgan qorakoʻlchilik yaylovlarida oʻsadigan yem-xashak oʻsimliklardan biri qoʻngʻirbosh turkumiga mansub oʻsimliklardir.
Madaniy turlar va Qizil kitob
Oziq-ovqatning asosiy manbalaridan biri va qadim zamonlardan beri ekilib kelinadigan oʻsimlik bugʻdoy, sholi, makkajoʻxori va oqjoʻxorilar ham bugʻdoydoshlar oilasiga mansubdir (143-rasm).

Bugʻdoydoshlar oilasidan faqat 2 ta tur Oʻzbekiston Respublikasining «Qizil kitob»iga kiritilgan.
Bilimingizni sinang
Bugʻdoydoshlarning ildiz tizimi qanday?
- Havo ildizli
- Popuk ildiz tizimli
- O‘q ildiz tizimli
- Tugunakli ildiz tizimli
To‘g‘ri javob: Popuk ildiz tizimli. Ildizi qoʻshimcha ildizlar yigʻindisidan iborat popuk ildiz tizimidir.
Bugʻdoydoshlar barg yaprogʻining tagidagi tilcha qanday vazifani bajaradi?
- Barg yaprogʻini quyoshdan saqlaydi
- Yomgʻir paytida barg qinining ichiga suv kirishidan saqlaydi
- Gulchangini tarqatadi
- Hasharotlarni jalb qiladi
To‘g‘ri javob: Yomgʻir paytida barg qinining ichiga suv kirishidan saqlaydi. Tilcha barg qini ichiga yomgʻir suvi kirishining oldini oladi.
Bugʻdoydoshlar oilasi vakillarining mevasi qanday?
- Quruq, bir urugʻli don
- Etli, koʻp urugʻli rezavor
- Etli, bir urugʻli danak
- Quruq, koʻp urugʻli koʻsak
To‘g‘ri javob: Quruq, bir urugʻli don. Bugʻdoydoshlar mevasi quruq, bir urugʻli don.
Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Bugʻdoydoshlar urugʻchisining tumshuqchasi 2—3 ta boʻlib, patsimon shoxlangan; II. Changchilari koʻpchiligida 6 ta; III. Gullari mayda, boshoqchalarda joylashgan.
- I va II
- II va III
- I va III
- I, II va III
To‘g‘ri javob: I va III. Changchilar koʻpchiligida 3 ta, baʼzan 6 ta; II hukm noto‘g‘ri.
Begona va yem-xashak oʻsimliklarni tavsifi bilan moslang: 1) gʻumay; 2) chayir ajriq; 3) qoʻngʻirbosh. a) joʻxori turkumiga oid ildizpoyali koʻp yillik begona oʻt; b) uzun va sershox ildizpoyali koʻp yillik begona oʻt; c) qorakoʻlchilik yaylovlaridagi yem-xashak oʻsimligi.
- 1-b, 2-a, 3-c
- 1-a, 2-c, 3-b
- 1-c, 2-b, 3-a
- 1-a, 2-b, 3-c
To‘g‘ri javob: 1-a, 2-b, 3-c. Gʻumay – joʻxori turkumi begona oʻti, chayir ajriq – sershox ildizpoyali, qoʻngʻirbosh – yem-xashak.
Quyidagi qaysi oʻsimliklar guruhining barchasi bugʻdoydoshlar oilasiga mansub?
- Bugʻdoy, nargis, makkajoʻxori, sholi
- Bugʻdoy, sholi, piyoz, oqjoʻxori
- Bugʻdoy, sholi, makkajoʻxori, oqjoʻxori
- Kungaboqar, sholi, oqjoʻxori, makkajoʻxori
To‘g‘ri javob: Bugʻdoy, sholi, makkajoʻxori, oqjoʻxori. Bugʻdoy, sholi, makkajoʻxori va oqjoʻxori bugʻdoydoshlarga mansub madaniy oʻsimliklardir.
Rasmda 2 raqami bilan ko‘rsatilgan qism (tuzilma, bosqich) qaysi?
- boʻgʻim
- boshoqcha
- mevasi
- guli
To‘g‘ri javob: boʻgʻim. 142-rasm. Bugʻdoy: 1 – umumiy koʻrinishi; 2 – boʻgʻim; 3 – barg qini; 4 – boshoqcha; 5 – boshoqcha sxemasi; 6 – guli; 7 – mevasi.
Rasmda «umumiy koʻrinishi» qaysi raqam bilan ko‘rsatilgan?
- 3
- 5
- 7
- 1
To‘g‘ri javob: 1. 142-rasm. Bugʻdoy: 1 – umumiy koʻrinishi; 2 – boʻgʻim; 3 – barg qini; 4 – boshoqcha; 5 – boshoqcha sxemasi; 6 – guli; 7 – mevasi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash