Hayvon organizmining tuzilishi, hayvonlarni klassifikatsiya qilish
Mavzular
Hayvon va o‘simlik farqi
Hayvonlarning o‘simliklarga o‘xshashligi va ulardan farq qilishi. Hayvon organizmi ham o‘simliklar singari hujayralardan tashkil topgan. Hujayralar hujayra membranasi (po‘sti), uning ichidagi sitoplazmada joylashgan vakuolalar, boshqa organoidlar va yadrodan iborat. Hayvon va o‘simlik hujayralarining kimyoviy tarkibi ham o‘zaro o‘xshash bo‘ladi. Shu bilan birga hayvonlar hujayrasi po‘sti yupqa bo‘lishi, yashil rang beruvchi xloroplastlar bo‘lmasligi bilan o‘simliklardan farq qiladi. Hayvonlar fotosintez qilolmaydi; o‘simliklar hosil qiladigan organik moddalar bilan oziqlanadi. Bir hujayralilar orasida o‘simlik singari fotosintez qilish xususiyatiga ega bo‘lgan turlari ham bor.
Ko‘pchilik hayvonlarning maxsus harakatlanish organlari bo‘ladi, lekin o‘troq yashovchi va ko‘pchilik parazit hayvonlar harakat qilmaydi. O‘simliklar orasida esa xlamidomonada xivchinlar yordamida faol harakatlanishini bilasiz.
Hayvon hujayrasi, epiteliy
Hayvon hujayrasi va to‘qimalari. Ko‘p hujayrali hayvonlar organizmi har xil tuzilgan va turli vazifani bajaradigan hujayralardan iborat. Hujayralar yumaloq, kubsimon, duksimon, yulduzsimon, kiprikli va boshqa shaklda bo‘lishi mumkin (2-rasm). Bir-biriga o‘xshash tuzilgan va bir xil vazifani bajaradigan hujayralar to‘qimalarni, to‘qimalar organlarni hosil qiladi. Bir hujayrali va tuban ko‘p hujayrali hayvonlar organizmida to‘qimalar va organlar rivojlanmagan.

Hayvon organizmi epiteliy, biriktiruvchi, muskul va nerv to‘qimalaridan tashkil topgan. Epiteliy zich joylashgan yassi kubsimon yoki silindrsimon hujayralardan iborat. Epiteliy organizmni noqulay sharoitdan himoya qiladi hamda uning faoliyatini boshqaradigan moddalar ishlab chiqaradi. Teri sirti va ichak devorining ichki yuzasi epiteliy bilan qoplangan.
Biriktiruvchi, muskul, nerv to‘qima
Biriktiruvchi to‘qima alohida hujayralar va organlar oralig‘ini to‘ldirib turadi. Bu to‘qimaning suyuq (qon), tig‘iz (suyak, tog‘ay) va g‘ovak (parenxima) xillari mavjud. Biriktiruvchi to‘qima organlarni o‘zaro bog‘lash (pay), kislorod va oziq moddalarni tashish (qon), zaxira oziq moddalar to‘plash (parenxima), tayanch (suyak, tog‘ay) vazifasini bajaradi.
Muskul to‘qimasi qisqarish xususiyatiga ega bo‘lgan muskul tolalardan iborat. Muskullar harakatlanish vazifasini bajaradi.
Nerv to‘qimasi yulduzsimon nerv hujayralari va ular orasidagi oraliq moddadan iborat. Bosh miya, orqa miya va ulardan tarqaladigan nerv tolalari nerv to‘qimasi hisoblanadi. Nerv to‘qimasi tashqi muhitdan va ichki organlardan keladigan ta’sirni qabul qilish, o‘tkazish va ularga javob berish vazifasini bajaradi.
Organlar va organlar sistemasi
Organlar va organlar sistemasi. Organizmda to‘qimalar organlarni hosil qiladi. Har bir organ bir necha xil to‘qimalardan tashkil topgan bo‘lib, o‘ziga xos vazifani bajarishga moslashgan bo‘ladi. Masalan, hayvonlar ichagi biriktiruvchi, nerv, muskul, epiteliy to‘qimalaridan tashkil topgan bo‘lib, ovqat hazm qilish vazifasini bajaradi.
Organizmda o‘zaro bog‘langan va o‘xshash vazifani bajaradigan organlar birgalikda organlar sistemasini hosil qiladi. Masalan, og‘iz bo‘shlig‘i, halqum, qizilo‘ngach, oshqozon, ichak birgalikda hazm qilish sistemasini hosil qiladi. Hayvonlar organizmida hazm qilish, harakatlanish, ayirish, nafas olish, jinsiy, nerv, sezgi organlari sistemasi mavjud.
Klassifikatsiya va sistematik guruhlar
Hayvonlarni klassifikatsiya qilish. O‘zaro o‘xshashligi va qon-qarindoshligiga binoan hayvonlar bir necha sistematik guruhlarga ajratiladi. Hayvonlarni bu tarzda guruhlash klassifikatsiya deyiladi. O‘simliklar singari hayvonlarda ham eng kichik sistematik birlik tur hisoblanadi. Bir turga mansub hayvonlarning tuzilishi va yashash sharoiti o‘xshash bo‘ladi.
O‘zaro yaqin turlar urug‘ga, urug‘lar oilaga, oilalar turkumga, turkumlar sinfga, sinflar esa tipga birlashtiriladi. Barcha tiplar birgalikda hayvonot olamini tashkil qiladi. Bundan tashqari, hayvonot olami hujayraviy tuzilishiga binoan bir hujayralilar va ko‘p hujayralilarga; umurtqa pog‘onasining rivojlanganligiga qarab umurtqasizlar va umurtqalilar (xordalilar)ga ajratiladi. Umurtqasizlar 20 dan ortiq, umurtqalilar esa faqat bitta tipdan iborat.
Sovuq va issiq qonlilar
Tana haroratining qanday bo‘lishiga binoan barcha hayvonlar sovuq qonlilar va issiq qonlilarga ajratiladi. Sovuq qonlilarning tana harorati tashqi muhit harorati ta’sirida o‘zgarib turadi. Ularga barcha umurtqasiz hayvonlar va xordalilar tipining baliqlar, suvda ham quruqlikda yashovchilar hamda sudralib yuruvchilar sinflari kiritiladi. Issiqqonlilarning tana harorati doimiy, ya’ni tashqi muhit ta’siriga bog‘liq bo‘lmaydi. Ularga xordalilar tipining qushlar va sutemizuvchilar sinflari kiritiladi.
Sistematik guruhlar lotin tilida nomlanadi. Turlar ikki nom (urug‘ va tur nomi), turdan yuqori guruhlar esa bitta nom bilan ataladi. Hayvonlarni klassifikatsiya qilish bilan sistematika fani shug‘ullanadi.
Bilimingizni sinang
Rasmda 5 raqami bilan ko‘rsatilgan qism (tuzilma, bosqich) qaysi?
- biriktiruvchi to‘qima hujayrasi
- tuxum hujayrasi
- epiteliy hujayralari
- nerv hujayrasi
To‘g‘ri javob: biriktiruvchi to‘qima hujayrasi. 2-rasm. Hayvon hujayralari: 1 – nerv hujayrasi; 2, 3, 4 – epiteliy hujayralari; 5 – biriktiruvchi to‘qima hujayrasi; 6 – tuxum hujayrasi;
Rasmda «epiteliy hujayralari» qaysi raqam bilan ko‘rsatilgan?
- 5
- 4
- 1
- 6
To‘g‘ri javob: 4. 2-rasm. Hayvon hujayralari: 1 – nerv hujayrasi; 2, 3, 4 – epiteliy hujayralari; 5 – biriktiruvchi to‘qima hujayrasi; 6 – tuxum hujayrasi;
Hayvon organizmi qaysi to‘rt xil to‘qimadan tashkil topgan?
- Epiteliy, asosiy, muskul va nerv
- Epiteliy, biriktiruvchi, o‘tkazuvchi va muskul
- Epiteliy, biriktiruvchi, muskul va nerv
- Mexanik, biriktiruvchi, muskul va nerv
To‘g‘ri javob: Epiteliy, biriktiruvchi, muskul va nerv. Hayvon organizmi epiteliy, biriktiruvchi, muskul va nerv to‘qimalaridan iborat.
Biriktiruvchi to‘qimaning qaysi xillari mavjud?
- Yassi, kubsimon va silindrsimon
- Suyuq, tig‘iz va g‘ovak
- Yulduzsimon, duksimon va kiprikli
- Suyuq, qattiq va yumshoq
To‘g‘ri javob: Suyuq, tig‘iz va g‘ovak. Biriktiruvchi to‘qima suyuq (qon), tig‘iz (suyak, tog‘ay) va g‘ovak (parenxima) xillarga bo‘linadi.
Hayvonlar sistematikasida eng kichik sistematik birlik qaysi?
- Tur
- Urug‘
- Turkum
- Oila
To‘g‘ri javob: Tur. Hayvonlarda ham, o‘simliklarda ham eng kichik sistematik birlik – tur.
Hayvonlarning turi lotin tilida qanday nomlanadi?
- Ikki nom bilan – oila va tur nomi bilan
- Bitta nom bilan – tur nomi bilan
- Uch nom bilan – tip, sinf va tur nomi bilan
- Ikki nom bilan – urug‘ va tur nomi bilan
To‘g‘ri javob: Ikki nom bilan – urug‘ va tur nomi bilan. Turlar ikki nom (urug‘ va tur nomi) bilan, turdan yuqori guruhlar bitta nom bilan ataladi.
Epiteliy to‘qimasi organizmda qanday vazifani bajaradi?
- Zaxira oziq moddalarni to‘playdi
- Tashqi ta’sirni qabul qilib, o‘tkazadi
- Qisqarib, harakatlanishni ta’minlaydi
- Himoya qiladi va faoliyatni boshqaruvchi moddalar ishlab chiqaradi
To‘g‘ri javob: Himoya qiladi va faoliyatni boshqaruvchi moddalar ishlab chiqaradi. Epiteliy organizmni noqulay sharoitdan himoya qiladi va boshqaruvchi moddalar ishlab chiqaradi.
Hayvonlar fotosintez qila olmaganligi sababli qanday oziqlanadi?
- O‘simliklar hosil qiladigan organik moddalar bilan
- Anorganik tuzlarni o‘zlashtirib
- Xloroplastlar hosil qilgan moddalar bilan
- Quyosh nuri va suvdan foydalanib
To‘g‘ri javob: O‘simliklar hosil qiladigan organik moddalar bilan. Hayvonlar fotosintez qilolmaydi, shuning uchun o‘simliklar hosil qilgan organik moddalar bilan oziqlanadi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash