XotirAI logotipiXotirAI
🧬 7-sinf · Zoologiya · 19-§.

O‘rgimchaksimonlarning xilma-xilligi

Mavzular

Qoraqurt va biy

O‘rgimchaklar. O‘rgimchaklarning ko‘pchilik turlari yirtqich bo‘lib, pashsha, chivin kabi hasharotlarni qirib foyda keltiradi. Ulardan qoraqurt va biy zaharli hisoblanadi.

Qoraqurt O‘rta Osiyo, Kavkaz va Qrimning dasht va cho‘llarida uchraydi (41-rasm, 3). Yosh urg‘ochi qoraqurtning qorni ustida qizg‘ish dog‘lari bo‘ladi. Qoraqurt tuproqdagi chuqurchalar ustiga, toshlar ostiga tutqich to‘r to‘qiydi. To‘riga tushgan chigirtka, qo‘ng‘iz, qandala va boshqa hasharotlar bilan oziqlanadi. Uning zahari odam uchun xavfli, tuya va otlarga, ayniqsa, kuchli ta’sir etadi.

41-rasm. O‘rgimchaksimonlar: 1 – falanga; 2 – chayon; 3 – qoraqurt; 4 – qoraqurt ini
41-rasm. O‘rgimchaksimonlar: 1 – falanga; 2 – chayon; 3 – qoraqurt; 4 – qoraqurt ini

Biy eng yirik (3–4 sm) o‘rgimchak bo‘lib, tuproqda, chuqurligi 60 sm gacha bo‘lgan tik inda yashaydi. Tunda inidan chiqib hasharotlarni ovlaydi.

Falangalar

Falangalar. Ular o‘rgimchaksimonlar orasida eng yirigi bo‘lib, asosan issiq va quruq iqlimda hayot kechiradi. O‘rta Osiyo cho‘llarida keng tarqalgan yirik sariq falanganing kattaligi 6–7 sm ni tashkil etadi.

Falanganing tanasi bosh, ko‘krak va qorin qismlaridan iborat (41-rasm, 1). Boshida bir juft ko‘zi va og‘iz organlari (jag‘lari) joylashgan. Jag‘lari o‘tkir tirnoqqa, oyoq paypaslagichlari esa yurish oyoqlariga o‘xshaydi. Sariq falanga yirtqich bo‘lib, kechasi ovga chiqadi. U turli hasharotlar, mayda sudralib yuruvchilar bilan oziqlanadi. Uning zahar bezi bo‘lmaydi. Falanga zararkunanda hasharotlarni qirib foyda keltiradi.

Chayonlar

Chayonlar janubiy mamlakatlarda keng tarqalgan. O‘rta Osiyo hududida sariq chayon ko‘p uchraydi. Uning yassi tanasi boshko‘krak va qorin qismlariga bo‘lingan (41-rasm, 2). Boshining ustida bir juft yirikroq ko‘zlari, ikki yonida esa besh juft mayda ko‘zchalari bor. Ustki jag‘lari o‘rgimchaknikiga o‘xshaydi, lekin oyoq paypaslagichlari qisqichga aylangan. Uzun qorin bo‘limi keng oldingi va ingichka orqa qismlardan iborat. Qornining oxirgi bo‘g‘imida zahar bezi va nayzasi bor. Nayzaning uchiga zahar bezining yo‘li ochiladi.

Chayonlar kunduzi toshlar ostida, devor va yerdagi kovaklarda yashirinib yotib, kechasi ovga chiqadi. Ular qornining ingichka qismini yuqori ko‘tarib, tez yuguradi. Yo‘lida uchragan har xil bo‘g‘imoyoqlilar, asosan o‘rgimchak va hasharotlarni qisqichlari yordamida tutib olib, zaharli nayzasi yordamida o‘ldiradi. Chayonlar 20–30 tagacha tirik bola tug‘ib ko‘payadi. Chayonlar zararkunanda hasharotlarni qirib foyda keltiradi.

Kanalar

Kanalar – mayda o‘rgimchaksimonlar. Tanasi yassi oval shaklda, bo‘g‘imlarga bo‘linmagan. Gavda bo‘limlari qo‘shilib ketgan. Tanasining oldingi uchida jag‘lar va oyoq paypaslagichlari qo‘shilishidan hosil bo‘lgan sanchib so‘ruvchi xartumchasi joylashgan. Ko‘pchilik kanalar parazitlik qilib hayot kechiradi. Voyaga yetgan kanalar turli hayvonlar va odam tanasidan qon so‘rib parazitlik qiladi. Mol kanasi it, qoramol va boshqa hayvonlar, shuningdek, odam qonini so‘radi.

Kanalar hidni juda yaxshi sezadi, o‘z xo‘jayinlarini hidi orqali topib oladi. Kanalar qon so‘rish bilan birga terlama, tulyaremiya va ensefalit kabi bir qancha og‘ir kasalliklarni odamlarga yuqtirishi aniqlangan. Tabiatda bu kasalliklarning qo‘zg‘atuvchilari hisoblangan bakteriyalar va viruslar yovvoyi hayvonlarning tanasida yashaydi.

Kanalarning ziyoni va kurash

Parazit kanalar chorva mollariga va inson salomatligiga katta ziyon keltiradi. Kanalagan hayvonlar ozib ketadi, shu bilan birga ularning mahsuldorligi kamayadi. Parazit kanalardan saqlanish uchun molxonalarni doimo ozoda tutish, hayvonlarni kanalardan tozalab turish zarur. Yaylovda yoki molxonalarda ishlagan kishilarning kiyim-boshlarini kanalardan tozalash, teriga yopishgan kanalarni esa terib olib, o‘ldirish lozim.

Bilimingizni sinang

Rasmda 4 raqami bilan ko‘rsatilgan qism (tuzilma, bosqich) qaysi?
  1. qoraqurt
  2. qoraqurt ini
  3. chayon
  4. falanga

To‘g‘ri javob: qoraqurt ini. 41-rasm. O‘rgimchaksimonlar: 1 – falanga; 2 – chayon; 3 – qoraqurt; 4 – qoraqurt ini

Rasmda «qoraqurt» qaysi raqam bilan ko‘rsatilgan?
  1. 4
  2. 3
  3. 1
  4. 2

To‘g‘ri javob: 3. 41-rasm. O‘rgimchaksimonlar: 1 – falanga; 2 – chayon; 3 – qoraqurt; 4 – qoraqurt ini

Zaharli o‘rgimchak qoraqurt qaysi hududlarning dasht va cho‘llarida uchraydi?
  1. Sibir, Mo‘g‘uliston va Xitoyning
  2. Afrika va Janubiy Amerikaning
  3. Yevropa va Skandinaviyaning
  4. O‘rta Osiyo, Kavkaz va Qrimning

To‘g‘ri javob: O‘rta Osiyo, Kavkaz va Qrimning. Qoraqurt O‘rta Osiyo, Kavkaz va Qrim dasht va cho‘llarida uchraydi.

Eng yirik (3–4 sm) o‘rgimchak biy qanday joyda yashaydi?
  1. Suv havzalari yaqinidagi o‘tlar orasida
  2. Chuqurligi 60 sm gacha bo‘lgan tuproqdagi tik inda
  3. Toshlar ostidagi tutqich to‘rda
  4. Daraxt po‘stlog‘i ostidagi pillada

To‘g‘ri javob: Chuqurligi 60 sm gacha bo‘lgan tuproqdagi tik inda. Biy tuproqda, chuqurligi 60 sm gacha bo‘lgan tik inda yashaydi.

Zahar bezi bo‘yicha sariq falanga va sariq chayon o‘rtasidagi farq qaysi javobda to‘g‘ri ko‘rsatilgan?
  1. Falangada qorin oxirida nayza bor, chayonda zahar bezi yo‘q
  2. Ikkalasida ham ustki jag‘lar asosida zahar bezi bor
  3. Falangada zahar bezi bo‘lmaydi, chayonda qornining oxirgi bo‘g‘imida joylashgan
  4. Chayonda zahar bezi bo‘lmaydi, falangada jag‘lar asosida bor

To‘g‘ri javob: Falangada zahar bezi bo‘lmaydi, chayonda qornining oxirgi bo‘g‘imida joylashgan. Falangada zahar bezi yo‘q, chayonning qorin oxiridagi bo‘g‘imida zahar bezi va nayza bor.

Chayonning qisqichga aylangan oyoq paypaslagichlari qanday vazifani bajaradi?
  1. Tutqich to‘r ipini ajratib chiqaradi
  2. Zaharni o‘lja tanasiga yuboradi
  3. Toshlar ostidan in qazishga xizmat qiladi
  4. Yo‘lida uchragan o‘ljani tutib olishga yordam beradi

To‘g‘ri javob: Yo‘lida uchragan o‘ljani tutib olishga yordam beradi. Qisqichlar yordamida chayon o‘ljani tutib oladi, so‘ng nayza bilan o‘ldiradi.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Qoraqurt zahari tuya va otlarga ayniqsa kuchli ta’sir etadi; II. Yosh urg‘ochi qoraqurtning qorni ustida qizg‘ish dog‘lar bo‘ladi; III. Biy kunduzi inidan chiqib ov qiladi.
  1. Faqat I
  2. II va III
  3. I va II
  4. I, II va III

To‘g‘ri javob: I va II. Biy tunda inidan chiqib ov qiladi, shuning uchun III noto‘g‘ri.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Chayonlar 20–30 tagacha tirik bola tug‘ib ko‘payadi; II. Kanalarning tanasi bo‘g‘imlarga bo‘lingan; III. Kanalar hidni juda yaxshi sezadi.
  1. I va II
  2. I va III
  3. II va III
  4. I, II va III

To‘g‘ri javob: I va III. Kanalarning tanasi bo‘g‘imlarga bo‘linmagan, shuning uchun II noto‘g‘ri.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiButli o‘rgimchakning tuzilishi va hayot kechirishiKeyingi →Yashil bronza qo‘ng‘izining tashqi tuzilishi