Yashil bronza qo‘ng‘izining ichki tuzilishi
Mavzular
Hazm qilish sistemasi
Hazm qilish sistemasi. Yashil bronza qo‘ng‘izi o‘simliklar guli, yosh barglari va yetilmagan mevalari bilan oziqlanadi. Qo‘ng‘iz o‘tkir yuqori jag‘lari yordamida o‘simlik to‘qimasini uzib olib, pastki jag‘lari bilan chaynab maydalaydi. Ana shunga o‘xshash qattiq oziqni chaynashga moslashgan og‘iz organlari kemiruvchi hisoblanadi. Oziq og‘iz bo‘shlig‘ida so‘lak bilan aralashadi va qisqa halqum orqali qizilo‘ngachga, undan muskulli oshqozonga tushadi (44-rasm). Oshqozonda ezilgan oziq ichakka o‘tadi. Ichakda oziq hazm bo‘ladi. Hazm bo‘lmay qolgan oziq qoldiqlari orqa chiqaruv teshigi orqali tashqariga chiqarib yuboriladi.

Hasharotlar og‘iz organlari har xil tuzilgan. Qattiq o‘simlik va hayvonlar to‘qimalari bilan oziqlanadigan hasharotlar (qo‘ng‘izlar, chigirtkalar, chumolilar, beshiktervatarlar)ning og‘iz organlari yashil bronza qo‘ng‘izinikiga o‘xshash kemiruvchi bo‘ladi. Suyuq oziq (o‘simlik shirasi, gul nektari, qon) bilan oziqlanadigan hasharotlarning og‘iz organlari uzun va ingichka xartumchadan iborat.
Qon aylanish sistemasi
Qon aylanish sistemasi hamma bo‘g‘imoyoqlilar singari ochiq bo‘ladi. Qoni tana bo‘shlig‘ini to‘ldirib turadi. Ichki organlari va to‘qimalari qon suyuqligida joylashgan. Qondagi oziq moddalar to‘qimalarga o‘tadi, to‘qimalardan esa moddalar almashinuvining oxirgi mahsulotlari qonga chiqariladi. Hasharotlarning qoni nafas olishda ishtirok etmaydi, ya’ni kislorod tashimaydi. Yuragi qorin bo‘limida, ichagi ustida tana bo‘ylab joylashgan muskulli naychadan iborat. Yurakdan bosh tomoniga qarab bitta qisqa qon tomiri ketadi. Bu tomirning uchi tana bo‘shlig‘iga ochiladi. Yurak qisqarganida qon yurakdan ana shu tomir orqali bosh tomonga haydaladi va u yerdan tana bo‘shlig‘iga kelib quyiladi. Yurak kengayganda esa qon tana bo‘shlig‘idan yurakning ikki yonidagi teshikchalar orqali uning ichiga o‘tadi.
Nafas olish va ayirish
Nafas olish sistemasi tana bo‘shlig‘ida joylashgan juda ko‘p shoxlangan ingichka naychalarga o‘xshash traxeyalardan iborat. Havo qorin bo‘limida joylashgan tashqi nafas olish teshiklaridan naychalarga o‘tadi. Naychalar orqali hamma tana organlariga yetib boradi. Traxeya naychalaridagi havo qorin muskullarining dam-badam qisqarishi tufayli almashinib turadi.
Ayirish sistemasi qorin bo‘shlig‘ida joylashgan ingichka va uzun malpigi naychalaridan iborat. Naychalarning bir uchi berk, ikkinchi uchi esa ichak bo‘shlig‘iga ochiladi. Tana bo‘shlig‘idagi qondan malpigi naychalariga moddalar almashinuvi mahsulotlari o‘tib, naychalar bo‘shlig‘ida kristallanadi va ichak bo‘shlig‘iga o‘tib, undan oziq qoldig‘i bilan birga chiqib ketadi.
Nerv va sezgi organlari
Nerv sistemasi boshqa bo‘g‘imoyoqlilarnikiga o‘xshash bo‘lib, halqum atrofi nerv halqasi va qorin nerv zanjiridan iborat. Boshdagi juda ko‘p nerv hujayralari qo‘shilib, bosh miyani hosil qiladi. Bosh miyadan hamma sezgi organlariga nervlar chiqadi. Murakkab fe’l-atvorga ega bo‘lgan arilar va chumolilarning bosh miyasi va nerv tugunlari boshqa hasharotlarnikiga nisbatan kuchli rivojlangan. Hasharotlarning murakkab xulq-atvori va sezgi organlarining rivojlanganligi nerv sistemasi bilan bog‘liq.
Sezgi organlari. Hasharotlar ko‘zining tuzilishi daryo qisqichbaqasinikiga o‘xshash. Ko‘pchilik hasharotlar rangni, ayniqsa, hidni juda yaxshi sezadi. Ayrim kapalaklarning erkagi urg‘ochisining hidini 11 km masofadan sezgan va uchib kelgan. Hasharotlar ta’mni ham yaxshi farqlay oladi. Ko‘pchilik hasharotlar (chirildoqlar, temirchaklar, jizildoqlar)da ovoz chiqarish va eshitish organlari ham bor. Hasharotlar tanasidagi va mo‘ylovlaridagi har xil tuk teri sezgi organlari hisoblanadi.
Bilimingizni sinang
Rasmda 2 raqami bilan ko‘rsatilgan qism (tuzilma, bosqich) qaysi?
- traxeyalar
- ko‘krak nerv tugunlari
- oshqozon
- tuxumdon
To‘g‘ri javob: oshqozon. 44-rasm. Hasharotlarning ichki tuzilishi: 1 – halqum; 2 – oshqozon; 3 – ichak; 4 – malpigi naychalari; 5 – halqum atrofi nerv tuguni; 6 – ko‘krak nerv tugunlari; 7 – traxeyalar; 8 – tuxumdon; 9 – yura
Rasmda «traxeyaning tuzilishi» qaysi raqam bilan ko‘rsatilgan?
- 3
- 9
- 10
- 5
To‘g‘ri javob: 10. 44-rasm. Hasharotlarning ichki tuzilishi: 1 – halqum; 2 – oshqozon; 3 – ichak; 4 – malpigi naychalari; 5 – halqum atrofi nerv tuguni; 6 – ko‘krak nerv tugunlari; 7 – traxeyalar; 8 – tuxumdon; 9 – yura
Rasmda 7 raqami bilan ko‘rsatilgan qism (tuzilma, bosqich) qaysi?
- yurak
- traxeyalar
- ichak
- tuxumdon
To‘g‘ri javob: traxeyalar. 44-rasm. Hasharotlarning ichki tuzilishi: 1 – halqum; 2 – oshqozon; 3 – ichak; 4 – malpigi naychalari; 5 – halqum atrofi nerv tuguni; 6 – ko‘krak nerv tugunlari; 7 – traxeyalar; 8 – tuxumdon; 9 – yura
Yashil bronza qo‘ng‘izida oziqning o‘tish yo‘lini to‘g‘ri ketma-ketlikda joylashtiring: 1) qizilo‘ngach; 2) halqum; 3) ichak; 4) muskulli oshqozon.
- 1-2-4-3
- 2-1-3-4
- 2-4-1-3
- 2-1-4-3
To‘g‘ri javob: 2-1-4-3. Oziq og‘iz bo‘shlig‘idan halqum, qizilo‘ngach, oshqozon va ichakka o‘tadi.
Hasharotlar qoni haqida qaysi ma’lumot to‘g‘ri?
- Yopiq tomirlarda oqadi va kislorod tashiydi
- Faqat yurak ichida bo‘ladi va kislorod tashiydi
- Tana bo‘shlig‘ini to‘ldiradi, kislorod tashimaydi
- Tana bo‘shlig‘ini to‘ldiradi va kislorod tashiydi
To‘g‘ri javob: Tana bo‘shlig‘ini to‘ldiradi, kislorod tashimaydi. Qon tana bo‘shlig‘ini to‘ldiradi va nafas olishda ishtirok etmaydi.
Hasharotlarning muskulli naysimon yuragi tanasining qayerida joylashgan?
- Ko‘krak bo‘limida, qizilo‘ngach ostida
- Qorin bo‘limida, ichagi ustida tana bo‘ylab
- Qorin bo‘limida, ichagi ostida nerv zanjiri yonida
- Boshida, bosh miya yonida
To‘g‘ri javob: Qorin bo‘limida, ichagi ustida tana bo‘ylab. Yurak qorin bo‘limida, ichak ustida tana bo‘ylab joylashgan.
Hasharotlar yuragi qisqarganida qon qayerga haydaladi va keyin qayerga quyiladi?
- Traxeyalarga, so‘ng tashqi teshiklarga
- Orqa tomonga, so‘ng ichakka
- Qorin nerv zanjiriga, so‘ng yurakka
- Bosh tomonga, so‘ng tana bo‘shlig‘iga
To‘g‘ri javob: Bosh tomonga, so‘ng tana bo‘shlig‘iga. Qon yurakdan bosh tomonga haydaladi va tana bo‘shlig‘iga quyiladi.
Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Tashqi nafas olish teshiklari qorin bo‘limida joylashgan; II. Malpigi naychalarining ikkala uchi ham berk; III. Malpigi naychalaridagi moddalar ichak orqali oziq qoldig‘i bilan chiqib ketadi.
- I va II
- I va III
- II va III
- I, II va III
To‘g‘ri javob: I va III. Malpigi naychalarining bir uchi berk, ikkinchi uchi ichakka ochiladi, shuning uchun II noto‘g‘ri.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash