XotirAI logotipiXotirAI
🧬 7-sinf · Zoologiya · 57-§.

Tuyoqli sutemizuvchilar

Mavzular

Kavsh qaytaruvchi juft tuyoqlilar

Juft tuyoqlilar turkumi. Juft tuyoqlilarning barmoqlari bir yoki ikki juft bo‘lib, tuyoqlar bilan qoplangan. Juft tuyoqlilar kavsh qaytaruvchi va kavsh qaytarmaydigan guruhlarga bo‘linadi.

Kavsh qaytaruvchi juft tuyoqlilar – oyoqlari ancha uzun, oshqozoni to‘rt bo‘lmali, o‘simlikxo‘r hayvonlar (112-rasm). Odatda, o‘simlik tarkibida qiyin hazm bo‘ladigan kletchatka ko‘p bo‘ladi. Kavsh qaytaruvchilar oshqozonida yashaydigan mayda mikroskopik bakteriyalar va infuzoriyalar kletchatkaning hazm bo‘lishiga yordam beradi. Ular dastlab oziqni yaxshi chaynamasdan yutadi. Oziq oshqozonda mikroorganizmlar ta’sirida yengil hazm bo‘ladigan holatga keladi. Bunday oziq og‘iz bo‘shlig‘iga qaytarib chiqariladi va tishlar yordamida qayta yaxshi chaynalib (kavshalib), yana oshqozonga yutiladi.

112-rasm. Kavsh qaytaruvchi juft tuyoqlilar: 1 – jayron; 2 – jirafa; 3 – arxar; 4 – zubr
112-rasm. Kavsh qaytaruvchi juft tuyoqlilar: 1 – jayron; 2 – jirafa; 3 – arxar; 4 – zubr

Kavsh qaytaruvchilar vakillari

Kavsh qaytaruvchilarga sigir, qo‘y, echki, zubr, sayg‘oq, jayron, bug‘u va boshqa ko‘pchilik juft tuyoqlilar kiradi. Odatda ularning boshida bir juft muguz shoxlari bo‘ladi. Bu shoxlar hayvonning butun hayoti davomida o‘sib boradi. Bug‘u va los kabi hayvonlarning shoxlari har yilda almashinib, o‘rniga yangisi o‘sib chiqadi.

Jayron (ohu yoki g‘izol) O‘zbekiston cho‘llarida yakka holda, juft-juft yoki 30 tagacha hayvondan iborat poda bo‘lib yashagan. U cho‘l sharoitiga yaxshi moslashgan: rangi qo‘ng‘ir tusda bo‘lganidan atrof-muhitda ko‘zga tashlanmaydi.

Jayron go‘shti juda mazali bo‘lgani uchun ovlangan. O‘zbekistonda jayron faqat qo‘riqxonalarda saqlanib qolgan. Kavsh qaytaruvchi juft tuyoqlilardan Buxoro bug‘usi (xongul) Qizilqum qo‘riqxonasida va Termiz yaqinidagi Payg‘ambar orolida boqilmoqda; Ustyurt dashtida sayg‘oq uchraydi.

Kavsh qaytarmaydigan juft tuyoqlilar

Kavsh qaytarmaydigan juft tuyoqlilarning qoziq tishlari kuchli rivojlangan, oshqozoni bo‘lmalarga bo‘linmagan; bo‘yin, oyoqlari va dumi kalta. Ularga to‘ng‘iz (yovvoyi cho‘chqa) va suv ayg‘iri (begemot) kiradi (113-rasm).

To‘ng‘iz ancha yirik hayvon; tanasining uzunligi 180 sm gacha, vazni 200–240 kg keladi. To‘ng‘iz Yevropa va Osiyo qit’asida tarqalgan; O‘zbekistonda tog‘li joylarda va to‘qaylarda uchraydi. O‘simlik ildizi va tugunaklarini kovlab olib yeydi; to‘kilgan mevalar, hatto hasharotlar va boshqa mayda jonivorlar bilan ham oziqlanadi. To‘ng‘iz to‘da bo‘lib yashaydi. Uning bolasi yo‘l-yo‘l tusda. To‘ng‘iz xonaki cho‘chqalar naslboshisi hisoblanadi.

113-rasm. Kavsh qaytarmaydigan juft tuyoqlilar: 1 – suv ayg‘iri (begemot); 2 – 4 to‘ng‘izlar; (2 – erkagi; 3 – urg‘ochisi; 4 – bolasi)
113-rasm. Kavsh qaytarmaydigan juft tuyoqlilar: 1 – suv ayg‘iri (begemot); 2 – 4 to‘ng‘izlar; (2 – erkagi; 3 – urg‘ochisi; 4 – bolasi)

Begemot tropik Afrikada tarqalgan.

Toq tuyoqlilar

Toq tuyoqlilar turkumi. Bu hayvonlarning oyog‘ida bitta yoki uchta barmog‘i bo‘ladi, biroq faqat uchinchi barmog‘i kuchli rivojlangan. Hayvon tanasining og‘irligi, asosan, shu barmoqqa tushadi. Oshqozoni sodda tuzilgan, ammo ko‘richak o‘simtasi juda uzun bo‘ladi.

Toq tuyoqlilar yalanglikda yashaydigan hayvonlar bo‘lib, ularga ot, eshak, karkidon, tapir, zebra va qulon kiradi (114-rasm).

114-rasm. Toq tuyoqlilar: 1 – hind karkidoni; 2 – Prjevalskiy oti; 3 – qulon; 4 – zebralar
114-rasm. Toq tuyoqlilar: 1 – hind karkidoni; 2 – Prjevalskiy oti; 3 – qulon; 4 – zebralar

Toq tuyoqlilar vakillari

Yovvoyi Prjevalskiy oti XX asr o‘rtalarigacha Markaziy Osiyo (Mo‘g‘uliston va Xitoy) cho‘llarida yashagan; hozir qo‘riqxonalar va hayvonot bog‘larida saqlanib qolgan. Tanasining uzunligi 230 sm, balandligi 130 sm, vazni 300 kg keladi. Xonaki otlar qirilib ketgan yovvoyi ot – tarpandan, xonaki eshak esa Afrika yovvoyi eshagidan kelib chiqqan.

Tapirlarning bir necha turlari Janubiy Amerika va Janubi-Sharqiy Osiyodagi o‘rmonlarda yashaydi. Karkidon tropik Afrika va Janubiy Osiyoda tarqalgan.

Bilimingizni sinang

Kavsh qaytaruvchi juft tuyoqlilarning oshqozoni qanday tuzilgan?
  1. Bitta kamerali, sodda
  2. Ikki bo‘lmali
  3. Uch bo‘lmali
  4. To‘rt bo‘lmali

To‘g‘ri javob: To‘rt bo‘lmali. Kavsh qaytaruvchilarning oshqozoni to‘rt bo‘lmali.

Kavsh qaytaruvchilar oshqozonida yashaydigan bakteriyalar va infuzoriyalar qanday vazifani bajaradi?
  1. Oziqni og‘izga qaytarib chiqaradi
  2. Kletchatkaning hazm bo‘lishiga yordam beradi
  3. Oqsillarni yog‘ga aylantiradi
  4. Suvni so‘rib oladi

To‘g‘ri javob: Kletchatkaning hazm bo‘lishiga yordam beradi. Mikroorganizmlar qiyin hazm bo‘ladigan kletchatkaning hazm bo‘lishiga yordam beradi.

Kavsh qaytarish jarayonini to‘g‘ri ketma-ketlikda joylashtiring: 1) oziq oshqozonda mikroorganizmlar ta’sirida yengil hazm bo‘ladi; 2) oziq yaxshi chaynalmasdan yutiladi; 3) oziq og‘iz bo‘shlig‘iga qaytariladi; 4) qayta chaynalib, yana oshqozonga yutiladi.
  1. 1-2-3-4
  2. 2-3-1-4
  3. 3-2-1-4
  4. 2-1-3-4

To‘g‘ri javob: 2-1-3-4. Oziq avval chaynalmay yutiladi, oshqozonda yumshaydi, og‘izga qaytib, qayta chaynalib yutiladi.

Qaysi hayvonlarning shoxlari har yili almashinib, o‘rniga yangisi o‘sib chiqadi?
  1. Bug‘u va los
  2. Echki va jayron
  3. Sigir va qo‘y
  4. Zubr va sayg‘oq

To‘g‘ri javob: Bug‘u va los. Boshqa kavsh qaytaruvchilar shoxi butun umr o‘sadi; bug‘u va los shoxi har yili almashinadi.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Jayron O‘zbekiston cho‘llarida faqat yakka holda yashagan; II. Buxoro bug‘usi (xongul) Qizilqum qo‘riqxonasida va Payg‘ambar orolida boqilmoqda; III. Ustyurt dashtida sayg‘oq uchraydi.
  1. I va II
  2. II va III
  3. I va III
  4. I, II va III

To‘g‘ri javob: II va III. Jayron yakka, juft yoki 30 tagacha podada yashagan; I noto‘g‘ri.

Toq tuyoqlilarning tana og‘irligi asosan qaysi barmoqqa tushadi?
  1. Ikkinchi barmoqqa
  2. To‘rtinchi barmoqqa
  3. Uchinchi barmoqqa
  4. Birinchi barmoqqa

To‘g‘ri javob: Uchinchi barmoqqa. Toq tuyoqlilarda faqat uchinchi barmoq kuchli rivojlangan va og‘irlik shunga tushadi.

Toq tuyoqlilarning ovqat hazm qilish tizimi qanday xususiyatga ega?
  1. Oshqozoni ikki bo‘lmali, kavsh qaytaradi
  2. Oshqozoni sodda, ko‘richak o‘simtasi bo‘lmaydi
  3. Oshqozoni to‘rt bo‘lmali, ko‘richak o‘simtasi qisqa
  4. Oshqozoni sodda, ko‘richak o‘simtasi juda uzun

To‘g‘ri javob: Oshqozoni sodda, ko‘richak o‘simtasi juda uzun. Toq tuyoqlilar oshqozoni sodda, lekin ko‘richak o‘simtasi juda uzun.

Moslang: 1) Prjevalskiy oti; 2) xonaki otlar; 3) xonaki eshak. a) Afrika yovvoyi eshagidan kelib chiqqan; b) qirilib ketgan tarpandan kelib chiqqan; c) XX asr o‘rtalarigacha Markaziy Osiyo cho‘llarida yashagan.
  1. 1-b, 2-c, 3-a
  2. 1-c, 2-b, 3-a
  3. 1-c, 2-a, 3-b
  4. 1-a, 2-b, 3-c

To‘g‘ri javob: 1-c, 2-b, 3-a. Prjevalskiy oti Markaziy Osiyo cho‘llarida yashagan, xonaki ot tarpandan, eshak Afrika eshagidan kelgan.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiDengiz sutemizuvchilari: kurakoyoqlilar va kitsimonlar turkumlariKeyingi →Sutemizuvchilarning ahamiyati