Dengiz sutemizuvchilari: kurakoyoqlilar va kitsimonlar turkumlari
Mavzular
Kurakoyoqlilar va tyulen
Kurakoyoqlilar turkumi. Kurakoyoqlilar – bo‘yni kalta, oldingi oyoqlari suzgich kurakka aylangan yirik hayvonlar. Ular ko‘p vaqtini suvda o‘tkazadi; faqat dam olish va ko‘payish uchun quruqlikka chiqadi. Kurakoyoqlilarga tyulenlar, dengiz mushugi, morj kiradi (110-rasm). Grenlandiya tyuleni Arktika dengizlarida yashaydi. Quruqlikda kurak oyoqlari yordamida sudralib harakat qiladi. Keyingi oyoqlari orqaga cho‘zilgan bo‘lib, faqat suzish uchun xizmat qiladi. Tanasi dag‘al, kalta va siyrak jun bilan qoplangan. Ko‘pchilik tyulenlarning quloq suprasi bo‘lmaydi; baliqlar, mollyuskalar va qisqichbaqasimonlar bilan oziqlanadi.

Tyulen bolasi, dengiz mushugi, morj
Qishda tyulenlar qirg‘oqqa yaqin kelib, tekis muzlikka chiqib oladi. Urg‘ochilari bittadan yirik, ko‘zi ochiq bola tug‘adi. Tyulen bolasining terisi qalin oq momiq jun bilan qoplangan. Momiq jun uni sovuqdan asraydi va uni muz ustida sezdirmaydi. Momiq junlari to‘kilib, dag‘al jun bilan almashgandan so‘ng bolasi suvga tushib, suza boshlaydi.
Dengiz mushugi Uzoq Sharq dengizlarida yashaydi. Yoz boshlarida ular podasi bolalash uchun qirg‘oqqa chiqib oladi. Urg‘ochilari qora jun bilan qoplangan bitta bola tug‘adi. Bolalari o‘sib suza boshlagach, ular yana dengizga tushib ketishadi.
Tyulen va morj terisi va yog‘i, dengiz mushugi mo‘ynasi uchun ovlanadi. Morjning yuqori jag‘larida uzun qoziq tishi bo‘ladi. Bu tishlar fil suyagi singari qadrlanadi. Dengiz mushuklarining soni juda kamayib ketganligi tufayli hozir ularni ovlash man qilingan.
Kitsimonlar turkumi
Kitsimonlar turkumi. Kitsimonlar – batamom suvda yashashga o‘tgan sutemizuvchilar; ular hech qachon quruqlikka chiqmaydi; suvda bolalaydi. Tuzilishi suvda yashash ta’sirida yanada ko‘proq o‘zgargan. Ular dumi va oldingi suzgichlari yordamida suzadi; keyingi suzgichlari bo‘lmaydi. Bu turkumga kitlar, kashalotlar va delfinlar kiradi (111-rasm).

Ko‘k kit va mo‘ylovli kitlar
Ko‘k kit – sutemizuvchi hayvonlar orasida eng yirigi, uning uzunligi 30 m, vazni 150 t va undan ko‘proq keladi. Tishlari bo‘lmaydi; mayda plankton organizmlar, asosan qisqichbaqasimonlar bilan oziqlanadi. Kitning juda katta og‘iz bo‘shlig‘ida yuqori jag‘idan pastga qarab ko‘plab popukli muguz plastinkalar – kit mo‘ylovi osilib turadi. Kit og‘zini katta ochib, suv to‘ldirib oladi. Suvni muguz plastinkalari orqali o‘tkazib, unga ilakishib qolgan jonivorlarni yutib yuboradi. Bir kecha-kunduzda kit 2–4 t oziq yeydi. Ko‘k kit singari boshqa mayda jonivorlar bilan oziqlanadigan kitlar mo‘ylovli, ya’ni tishsiz kitlar deb ataladi.
Tishli kitlar va delfinlar
Tishli kitlarga esa delfinlar va kashalotlar kiradi. Ularning og‘iz bo‘shlig‘ida juda ko‘p konussimon bir xil tuzilgan tishlar bo‘ladi. Bu tishlar faqat oziqni ushlab turishga yordam beradi. Delfinlarning uzunligi 3 m gacha bo‘ladi. Ular o‘ljasini topish uchun ultratovushdan foydalanadi. Delfinlarning bosh miyasi murakkab tuzilgan. Ular tovush signallari yordamida o‘zaro aloqa bog‘laydi. Ulardan birortasi baliq to‘dasini topganida boshqalari ham shu joyga to‘planishadi. Halokatga uchragan delfin tashvishli signallar bilan boshqalarini yordamga chaqiradi. Ular qo‘lga oson o‘rganadi. Delfinlarni ovlash man qilingan.
Bilimingizni sinang
Rasmda 2 raqami bilan ko‘rsatilgan qism (tuzilma, bosqich) qaysi?
- kasatka
- kashalot
- oqbiqin delfin
- ko‘k kit
To‘g‘ri javob: kashalot. 111-rasm. Kitsimonlar: 1 – ko‘k kit; 2 – kashalot; 3 – kasatka; 4 – oqbiqin delfin
Rasmda «kasatka» qaysi raqam bilan ko‘rsatilgan?
- 1
- 4
- 2
- 3
To‘g‘ri javob: 3. 111-rasm. Kitsimonlar: 1 – ko‘k kit; 2 – kashalot; 3 – kasatka; 4 – oqbiqin delfin
Kurakoyoqlilar turkumiga qaysi hayvonlar kiradi?
- Delfin, kashalot va ko‘k kit
- Tyulen, dengiz mushugi va morj
- Yexidna, o‘rdakburun va kenguru
- Kit, morj va delfin
To‘g‘ri javob: Tyulen, dengiz mushugi va morj. Kurakoyoqlilarga tyulenlar, dengiz mushugi va morj kiradi.
Grenlandiya tyuleni keyingi oyoqlari qanday vazifani bajaradi?
- Faqat suzish uchun
- Quruqlikda sudralib harakatlanish uchun
- Muz ustida tayanish uchun
- Oziqni ushlab turish uchun
To‘g‘ri javob: Faqat suzish uchun. Keyingi oyoqlar orqaga cho‘zilgan va faqat suzishga xizmat qiladi; quruqlikda oldingi kurak oyoqlari ishlaydi.
Tyulen bolasining rivojlanishini ketma-ketlikda joylashtiring: 1) muzlikda ko‘zi ochiq bola tug‘iladi; 2) terisi qalin oq momiq jun bilan qoplangan; 3) momiq jun to‘kilib, dag‘al jun bilan almashadi; 4) suvga tushib, suza boshlaydi.
- 1-3-2-4
- 1-2-3-4
- 2-1-3-4
- 1-2-4-3
To‘g‘ri javob: 1-2-3-4. Bola muzda tug‘iladi, momiq jun bilan qoplanadi, jun almashgach suvga tushadi.
Kitsimonlar kurakoyoqlilardan qaysi belgisi bilan farq qiladi?
- Quruqlikda oldingi oyoqlari yordamida sudralib yuradi
- Hech qachon quruqlikka chiqmaydi, suvda bolalaydi
- Dam olish va ko‘payish uchun quruqlikka chiqadi
- Keyingi suzgichlari faqat suzish uchun xizmat qiladi
To‘g‘ri javob: Hech qachon quruqlikka chiqmaydi, suvda bolalaydi. Kitsimonlar batamom suvda yashaydi; kurakoyoqlilar esa ko‘payish uchun quruqlikka chiqadi.
Morjning yuqori jag‘larida joylashgan qaysi tishlar fil suyagi singari qadrlanadi?
- Uzun qoziq tishlar
- Yassi oziq tishlar
- Mayda kurak tishlar
- Konussimon bir xil tishlar
To‘g‘ri javob: Uzun qoziq tishlar. Morjning yuqori jag‘idagi uzun qoziq tishlari fil suyagi singari qadrlanadi.
Ko‘k kit haqidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Sutemizuvchilar orasida eng yirigi; II. Bir kecha-kunduzda 2–4 t oziq yeydi; III. Og‘zida muguz plastinkalardan iborat kit mo‘ylovi osilib turadi.
- Faqat II
- I va III
- II va III
- I, II va III
To‘g‘ri javob: I, II va III. Uchala hukm ham matndagi ma’lumotlarga mos.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash