Odam organizmining hujayraviy tuzilishi
Mavzular
Hujayralar xilma-xilligi
Odam organizmi hujayralarining xilma-xilligi. Odam organizmi ham oʻsimlik va hayvonlar singari hujayralardan tashkil topgan. Organizmdagi hujayralar shakli va funksiyasiga koʻra bir-biridan farq qiladi (1-rasm).

Hujayraning ichki qismi quyuq modda — sitoplazma bilan toʻlgan. Sitoplazmani sirtdan hujayra membranasi chegaralab turadi. Uning markaziy qismida yadro, sitoplazmasida hujayra organoidlari joylashgan (2-rasm). Barcha organoidlar birgalikda hujayraning hayot faoliyatini taʼminlaydi.
Membrana, yadro, endoplazmatik toʻr
Quyida hujayralarni tashkil etuvchi qismlar toʻgʻrisida maʼlumot beriladi:
- hujayra membranasi — sitoplazma va organoidlarni oʻrab turadigan ikki qavatli juda yupqa parda, undagi maxsus naychalar moddalarni hujayra ichiga va hujayradan tashqariga tanlab oʻtkazadi;
- yadro yumaloq shaklda hujayra markazida joylashgan boʻlib, yadrocha va xromatindan iborat, hujayra faoliyatini boshqarib turadi, irsiy belgilarni nasldan naslga oʻtkazadi, hujayraning boʻlinishi davrida undagi xromatindan xromosomalar shakllanadi;
- endoplazmatik toʻr sitoplazmadan oʻtadigan naychalar va kanalchalardan iborat boʻlib, hujayra qismlarini oʻzaro bogʻlab turadi. Naychalar orqali hujayrada sintezlangan mahsulotlar hujayraning turli qismlariga yetkazib beriladi;

Golji, ribosoma, lizosoma, mitoxondriya
- Golji majmuasi — yadro atrofida joylashgan. Hujayrada sintezlanadigan moddalarni toʻplash va tarqatish vazifasini bajaradi;
- ribosomalar endoplazmatik toʻr membranalarida joylashgan, ularda hujayra oqsillari sintezlanadi;
- lizosomalar — biologik faol moddalar saqlovchi, sitoplazmada joylashgan pufakchalar, oziq moddalarni parchalab, sitoplazmaga oʻtkazadi;
- mitoxondriyalar — hujayraning energiya stansiyalari boʻlib, hujayra faoliyatida sarflanadigan energiyani hosil qiladi va toʻplaydi;
Vakuola va xromosomalar
- vakuola — moddalarni qamrab olib, hujayra ichiga oʻtkazadigan yoki hujayradan tashqariga chiqaradigan mayda pufakchalar;
- xromosomalar — organizmning tuzilishi va xususiyatlari toʻgʻrisida axborot saqlaydigan tuzilmalar. Boʻlinayotgan hujayrada shakllanib, mikroskopda koʻrinadigan boʻlib qoladi. Odam tana hujayralarida 46 tadan (23 juft), jinsiy hujayralarda 23 tadan xromosomalar boʻladi (3-rasm).

Hujayraning kimyoviy tarkibi
Hujayraning kimyoviy tarkibi. Hujayra tarkibiga har xil anorganik va organik moddalar kiradi. Anorganik moddalarning asosiy qismini suv tashkil etadi. Tirik organizm massasining 60—70% i suvdan iborat. Suv hujayrada juda muhim ahamiyatga ega. Suv bilan birga oziq moddalar hujayraga oʻtadi va moddalar almashinuvi mahsulotlari hujayradan chiqarib tashlanadi. Suv hujayrada kechadigan kimyoviy reaksiyalar uchun muhim hisoblanadi.
Hujayra ichidagi va uning tashqarisidagi suyuqlikda kaliy, natriy, kalsiy va magniy tuzlari boʻladi. Tuzlar hujayra faoliyatida, uning ichki muhitining doimiy saqlanishida katta ahamiyatga ega.
Hujayraning organik moddalari
Hujayraning organik moddalari. Hujayrada organik moddalardan oqsillar, yogʻlar, karbonsuvlar va nuklein kislotalar uchraydi. Oqsillar hujayraning qurilish materiali hisoblanadi. Kimyoviy reaksiyalarni tezlashtiradigan fermentlar ham oqsillardan iborat.
Yogʻlar va karbonsuvlar hujayraning hayot faoliyatida sarflanadigan energiya manbai hisoblanadi. Nuklein kislotalar xromosomalar tarkibiga kirib, irsiy belgilar saqlanishi va nasldan naslga oʻtishini taʼminlaydi.
Bilimingizni sinang
Hujayra membranasidagi maxsus naychalar qanday vazifani bajaradi?
- Irsiy axborotni saqlaydi
- Oqsillarni sintezlaydi
- Energiya hosil qiladi
- Moddalarni hujayra ichiga va tashqariga tanlab oʻtkazadi
To‘g‘ri javob: Moddalarni hujayra ichiga va tashqariga tanlab oʻtkazadi. Membrana naychalari moddalarni hujayra ichiga va tashqariga tanlab oʻtkazadi.
Yadro hujayrada qanday vazifalarni bajaradi?
- Oziq moddalarni parchalaydi
- Hujayra faoliyatini boshqaradi, irsiy belgilarni nasldan naslga oʻtkazadi
- Sintezlangan moddalarni toʻplab, tarqatadi
- Energiya hosil qilib, uni toʻplaydi
To‘g‘ri javob: Hujayra faoliyatini boshqaradi, irsiy belgilarni nasldan naslga oʻtkazadi. Yadro hujayra faoliyatini boshqaradi va irsiy belgilarni nasldan naslga oʻtkazadi.
Organoidlarni vazifasi bilan moslang: 1) Golji majmuasi; 2) ribosomalar; 3) lizosomalar. a) sintezlangan moddalarni toʻplash va tarqatish; b) oqsil sintezi; c) oziq moddalarni parchalab, sitoplazmaga oʻtkazish.
- 1-b, 2-a, 3-c
- 1-c, 2-b, 3-a
- 1-a, 2-c, 3-b
- 1-a, 2-b, 3-c
To‘g‘ri javob: 1-a, 2-b, 3-c. Golji majmuasi moddalarni toʻplab tarqatadi, ribosomada oqsil sintezlanadi, lizosoma oziqni parchalaydi.
Qaysi organoid hujayra faoliyatida sarflanadigan energiyani hosil qiladi va toʻplaydi?
- Golji majmuasi
- Ribosoma
- Mitoxondriya
- Lizosoma
To‘g‘ri javob: Mitoxondriya. Mitoxondriyalar hujayraning energiya stansiyalari hisoblanadi.
Quyidagi hukmlardan qaysilari toʻgʻri? I. Tirik organizm massasining 60—70% i suvdan iborat; II. Suv bilan birga oziq moddalar hujayraga oʻtadi; III. Suv hujayrada kechadigan kimyoviy reaksiyalar uchun muhim.
- I va II
- II va III
- I va III
- I, II va III
To‘g‘ri javob: I, II va III. Uchala hukm ham toʻgʻri: suv massaning 60—70% ini tashkil etadi, oziq moddalarni oʻtkazadi, reaksiyalar uchun muhim.
Hujayradagi oqsillar, yogʻlar va karbonsuvlar vazifasi qanday farqlanadi?
- Oqsillar – energiya manbai, yogʻlar va karbonsuvlar – qurilish materiali
- Oqsillar – qurilish materiali, yogʻlar va karbonsuvlar – energiya manbai
- Karbonsuvlar – qurilish materiali, oqsillar va yogʻlar – energiya manbai
- Oqsillar va yogʻlar – irsiy axborot saqlaydi, karbonsuvlar – ferment
To‘g‘ri javob: Oqsillar – qurilish materiali, yogʻlar va karbonsuvlar – energiya manbai. Oqsillar qurilish materiali; yogʻlar va karbonsuvlar energiya manbai.
Kimyoviy reaksiyalarni tezlashtiradigan fermentlar qaysi organik moddalar guruhiga kiradi?
- Karbonsuvlar
- Oqsillar
- Nuklein kislotalar
- Yogʻlar
To‘g‘ri javob: Oqsillar. Fermentlar oqsillardan iborat.
Nuklein kislotalar hujayrada qanday ahamiyatga ega?
- Hujayraning qurilish materiali hisoblanadi
- Kimyoviy reaksiyalarni tezlashtiradi
- Energiya manbai boʻlib xizmat qiladi
- Irsiy belgilar saqlanishi va nasldan naslga oʻtishini taʼminlaydi
To‘g‘ri javob: Irsiy belgilar saqlanishi va nasldan naslga oʻtishini taʼminlaydi. Nuklein kislotalar xromosomalar tarkibiga kirib, irsiy belgilarning saqlanishi va oʻtishini taʼminlaydi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash