XotirAI logotipiXotirAI
🧬 8-sinf · Odam va uning salomatligi · 3-§.

Hujayra va organizmning hayotiy xossalari

Mavzular

Moddalar almashinuvi

Barcha tirik organizmlar uchun xos bo‘lgan umumiy xususiyatlar moddalar almashinuvi, qo‘zg‘aluvchanlik, ko‘payish, rivojlanish, o‘sish, nafas olish, oziqlanish va ayirishdan iborat. Moddalar almashinuvida tashqi muhitdan hujayraga moddalar kiradi. Bu moddalardan hujayraning o‘sishi va ko‘payishi uchun zarur bo‘lgan moddalar sintezlanadi. Hujayradagi bunday biosintez reaksiyalar majmui assimilatsiya deyiladi.

Hujayrada moddalar sintezlanishi bilan bir vaqtning o‘zida organik moddalar parchalanadi. Bu jarayonda suv, karbonat angidrid kabi oddiy birikmalar hosil bo‘ladi va energiya ajralib chiqadi. Suv va karbonat angidrid ayirish va nafas olish organlari orqali tashqi muhitga chiqariladi, energiya esa hujayrada boradigan hayotiy jarayonlarga sarf bo‘ladi (4-rasm).

4-rasm. Organizm ichki muhiti bilan hujayralar o‘rtasida moddalar almashinuvi sxemasi: 1 – limfa tomiri, 2 – arteriya qoni, 3 – kapillar tomiri, 4 – vena qoni, 5 – hujayralar.
4-rasm. Organizm ichki muhiti bilan hujayralar o‘rtasida moddalar almashinuvi sxemasi: 1 – limfa tomiri, 2 – arteriya qoni, 3 – kapillar tomiri, 4 – vena qoni, 5 – hujayralar.

Bu jarayon energiya almashinuvi, ya’ni dissimilatsiya deyiladi. Biosintez va parchalanish hujayralarda boradigan moddalar almashinuvi jarayonlarining ikki tomoni bo‘lib, aynan bir vaqtning o‘zida sodir bo‘lib turadi.

Qo‘zg‘aluvchanlik

Tirik organizmlar atrof-muhitdagi o‘zgarishlardan ta’sirlanadi. Bunda hujayralar tinim holatdan faol holatga o‘tadi. Hujayraning bu holati qo‘zg‘aluvchanlik deyiladi. Ushbu holatda hujayrada biosintez va parchalanish jarayonlari tezlashadi, kislorod sarfi oshadi.

Har xil hujayralar qo‘zg‘aluvchanlik holatida o‘ziga xos funksiyani bajaradi. Masalan, muskul hujayralari qisqaradi, nerv hujayralari nerv impulslari hosil qiladi.

Ko‘payish va harakatlanish

Ko‘payish – organizmlarning o‘ziga o‘xshash yangi nasl hosil qilishidan iborat. Organizmda hujayralar bo‘linish orqali yangi hujayralar hosil qilib turadi. Hosil bo‘lgan yosh hujayralar o‘sib, yiriklashadi va yana bo‘linishga kirishadi. Hujayralar ko‘payishi tufayli o‘zidan nasl qoldiradi, umri tugab, halok bo‘lgan hujayralar o‘rniga yangilari hosil bo‘ladi, jarohatlangan to‘qimalar qaytadan tiklanadi.

Harakatlanish – organizm yoki uning tarkibiy qismlarining biron ishni bajarishi bilan bog‘liq faoliyatidan iborat. Harakatlanish faqat organizm uchun emas, balki hujayralar, to‘qimalar va organlar uchun ham xos bo‘ladi.

Rivojlanish, o‘sish va nafas olish

Rivojlanish – organizm va uning tarkibiy qismlarining o‘zgarishi hamda yangi belgilarni hosil qilishidan iborat.

O‘sish – organizm va uning tarkibiy qismlari o‘lchamining ortishidan iborat.

Nafas olish – organizmga kislorodning kirishi va karbonat angidrid gazining chiqarilishi jarayonlarini o‘z ichiga oladi.

Oziqlanish va ayirish

Oziqlanish – organizmga kirgan moddalarning parchalanib, turli jarayonlar uchun sarf bo‘lishidan iborat.

Ayirish – hujayralarda moddalar almashinuvi jarayonida hosil bo‘ladigan mahsulotlarning organizmdan chiqarib tashlanishidan iborat.

Tiriklik mavjudligining shartlari

Tirik organizmlar uchun xos bo‘lgan hayotiy xususiyatlarning namoyon bo‘lishi uchun oziq moddalar, suv, kislorod, muhit va boshqa omillar mavjud bo‘lishi lozim. Oziq moddalar organizm uchun energiya va qurilish manbai hisoblanadi.

Oziq moddalar: oqsillar, karbonsuvlar, yog‘lar, nuklein kislotalar oziqlanish tufayli organizmga o‘tadi. Hujayralarda ular parchalanib, organizm hayoti, o‘sishi va rivojlanishi uchun sarf bo‘ladi. Hujayrada kechadigan bu jarayonlarning hammasi uchun suv asosiy muhit hisoblanadi.

Kislorod nafas olish organlari orqali organizmga o‘tadi. Hujayralarda moddalar kislorod ishtirokida parchalanganida energiya ajralib chiqadi. Bu energiya organizmda kechadigan barcha tiriklik jarayonlarida sarf bo‘ladi.

Organizmning ichki muhiti

Qon, limfa, hujayralar oralig‘idagi to‘qima suyuqligi organizmning ichki muhitini hosil qiladi. Ichki muhit hujayralarning hayot faoliyatini ta’minlaydi. Suv, kislorod va oziq moddalar ichki muhit orqali hujayralarga o‘tadi. Hujayralar hosil bo‘ladigan moddalar almashinuvi mahsulotlari ham ichki muhit orqali tashqariga chiqariladi.

Organizm ichki muhitining tarkibi, fizik va kimyoviy xususiyatlari nisbiy doimiy bo‘ladi. Masalan, suv odam tanasi massasining 60–70 % ini, qon plazmasining 90 % ini tashkil etadi. Organizmda suv kamayib ketganida kishi chanqoqlikni his qiladi. Ortiqcha suv esa ayirish sistemasi orqali chiqarib yuboriladi. Ana shu tariqa qonning osmotik bosimi 7,6–8,1 atmosferada saqlanib turadi. Ichki muhitning nisbiy doimiyligi organizmdagi barcha hujayralar, to‘qimalar va organlarning bir me’yorda ishlashini ta’minlaydi.

Bilimingizni sinang

Hujayrada tashqaridan kirgan moddalardan o‘sish va ko‘payish uchun zarur moddalar sintezlanishini ta’minlaydigan biosintez reaksiyalari majmui qanday ataladi?
  1. Qo‘zg‘aluvchanlik
  2. Assimilatsiya
  3. Dissimilatsiya
  4. Gomeostaz

To‘g‘ri javob: Assimilatsiya. Biosintez reaksiyalari majmui assimilatsiya deyiladi; moddalar parchalanishi esa dissimilatsiya.

Suv odam tanasi massasining necha foizini tashkil etadi?
  1. 40–50 %
  2. 60–70 %
  3. 20–30 %
  4. 90 %

To‘g‘ri javob: 60–70 %. Suv odam tanasi massasining 60–70 % ini, qon plazmasining esa 90 % ini tashkil etadi.

Ortiqcha suv ayirish sistemasi orqali chiqarilishi tufayli qonning osmotik bosimi qancha atmosferada saqlanib turadi?
  1. 9,6–10,1
  2. 3,6–4,1
  3. 7,6–8,1
  4. 5,6–6,1

To‘g‘ri javob: 7,6–8,1. Qonning osmotik bosimi 7,6–8,1 atmosferada saqlanadi.

Qaysi javobda organizmning ichki muhitini hosil qiluvchi suyuqliklar to‘g‘ri berilgan?
  1. Qon, hazm shirasi va sut
  2. Qon, limfa va hujayralar oralig‘idagi to‘qima suyuqligi
  3. Limfa, siydik va ter
  4. Qon, so‘lak va o‘t suyuqligi

To‘g‘ri javob: Qon, limfa va hujayralar oralig‘idagi to‘qima suyuqligi. Ichki muhitni qon, limfa va hujayralar oralig‘idagi to‘qima suyuqligi hosil qiladi.

Hujayralar qo‘zg‘aluvchanlik holatiga o‘tganda hujayrada qanday o‘zgarishlar sodir bo‘ladi?
  1. Parchalanish sekinlashadi, kislorod sarfi oshadi
  2. Biosintez va parchalanish tezlashadi, kislorod sarfi oshadi
  3. Biosintez to‘xtaydi, kislorod sarfi kamayadi
  4. Biosintez tezlashadi, kislorod sarfi kamayadi

To‘g‘ri javob: Biosintez va parchalanish tezlashadi, kislorod sarfi oshadi. Qo‘zg‘alganda biosintez va parchalanish tezlashadi, kislorod sarfi oshadi.

O‘sish va rivojlanish jarayonlarining farqi qaysi javobda to‘g‘ri ko‘rsatilgan?
  1. O‘sish – yangi belgilar hosil bo‘lishi, rivojlanish – o‘lchamning ortishi
  2. O‘sish – kislorod kirishi, rivojlanish – karbonat angidrid chiqarilishi
  3. O‘sish – o‘lchamning ortishi, rivojlanish – o‘zgarish va yangi belgilar hosil bo‘lishi
  4. O‘sish – moddalar chiqarilishi, rivojlanish – yangi nasl hosil qilish

To‘g‘ri javob: O‘sish – o‘lchamning ortishi, rivojlanish – o‘zgarish va yangi belgilar hosil bo‘lishi. O‘sish o‘lchamning ortishi, rivojlanish esa o‘zgarish va yangi belgilarning hosil bo‘lishidir.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Assimilatsiya – organik moddalarning parchalanishi bo‘lib, energiya ajralib chiqadi; II. Dissimilatsiya jarayonida suv va karbonat angidrid hosil bo‘ladi; III. Biosintez va parchalanish bir vaqtning o‘zida sodir bo‘lib turadi.
  1. Faqat I
  2. I va II
  3. II va III
  4. I, II va III

To‘g‘ri javob: II va III. Assimilatsiya – biosintez; parchalanish va energiya ajralishi dissimilatsiyaga xos. II va III to‘g‘ri.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Oziqlanish – organizmga kirgan moddalarning parchalanib, turli jarayonlar uchun sarf bo‘lishi; II. Nafas olish – moddalar almashinuvi mahsulotlarining organizmdan chiqarib tashlanishi; III. Ko‘payish – organizmlarning o‘ziga o‘xshash yangi nasl hosil qilishi.
  1. I va III
  2. Faqat II
  3. II va III
  4. I, II va III

To‘g‘ri javob: I va III. Mahsulotlarni chiqarib tashlash ayirish jarayoni, nafas olish emas. I va III to‘g‘ri.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiOdam organizmining hujayraviy tuzilishiKeyingi →To‘qimalar, organlar va organizm