XotirAI logotipiXotirAI
🧬 8-sinf · Odam va uning salomatligi · 60-§.

Bolaning o‘sishi va rivojlanishi

Mavzular

Rivojlanish davrlari

Odam organizmining rivojlanish davrlari. Ona suti chaqaloqqa juda foydali bo‘lib, uning tarkibida chaqaloqning sog‘lom o‘sishi uchun zarur bo‘lgan barcha moddalar mavjud. Shuning uchun ona sutini emadigan bolalar yaxshi o‘sib rivojlanadi, kam kasal bo‘ladi.

Chaqaloq tug‘ilgandan so‘ng 16–18 yoshgacha bolalik, 16–21 yoshgacha yigitlik yoki navqironlik, 22–60 yosh yetuklik, 60–75 yosh keksalik va 75 yoshdan yuqorisi qarilik davri deb ataladi. Bolalik davri o‘z navbatida chaqaloqlik, go‘daklik, maktabgacha tarbiya yoshi, kichik maktab yoshi, o‘smirlik davrlariga ajratiladi.

Chaqaloqlik va go‘daklik

Chaqaloqlik davri. Bu davr bola tug‘ilganidan boshlab bir oylik muddatni o‘z ichiga oladi. Bola tug‘ilishi bilan uning kichik qon aylanish doirasi, nafas olish va ovqat hazm qilish sistemalari ishlay boshlaydi.

Go‘daklik davri. Bu davr bir oydan boshlanib, bir yoshgacha davom etadi. Bir oylik bola chiroqqa, qimirlayotgan narsalarga qaraydi. Uch oylikda tovush chiqqan tomonga boshini buradi va kuladi, onasi va o‘yinchoq tomonga talpinadi, boshini tik tutadigan bo‘ladi. Bola 5 oylik bo‘lganida o‘z yaqinlarini taniy boshlaydi, ularni ko‘rganda kuladi va qiyqiradi, o‘yinchoqlari bilan o‘ynaydi.

Go‘daklikda o‘sish va egiklik

6–7 oylikda bolaning sut tishlari chiqa boshlaydi. Yetti oylik bola emaklaydi va bemalol o‘tiradi. 8 oyligida narsalarga tayanib o‘rnidan turadigan bo‘ladi. 11 oylik bola bir necha oddiy so‘zlarni gapira oladi, yetaklaganda yuradi. Bir yoshda bola yuradi va 10–12 ta so‘zlarni gapira oladi.

98-rasm. Go‘dak tayanch-harakat sistemasining rivojlanishi: 1 – chaqaloq, 2 – 6–10 haftalik go‘dak, 3 – 5–6 oylik go‘dak, 4 – bir yoshli go‘dak.
98-rasm. Go‘dak tayanch-harakat sistemasining rivojlanishi: 1 – chaqaloq, 2 – 6–10 haftalik go‘dak, 3 – 5–6 oylik go‘dak, 4 – bir yoshli go‘dak.

Go‘daklik davrida bola juda tez o‘sadi, tanasining vazni ham tez ortadi va organlari takomillashib boradi. Chaqaloqning umurtqa pog‘onasida egiklik bo‘lmaydi. Umurtqa pog‘onasi bo‘yin qismidagi egiklik go‘dak boshini tuta boshlaganida, ko‘krak egikligi o‘tiradigan bo‘lganida, bel egikligi yura boshlaganida paydo bo‘ladi (98-rasm).

Maktabgacha tarbiya davri

Maktabgacha tarbiya davri. Bu davr 1 yoshdan 6–7 yoshgacha davom etadi. Bola jismoniy va ruhiy tez o‘sadi, nutqi rivojlanadi. 2–3 yoshli bola juda serharakat va tinchimas bo‘ladi. Maktabgacha tarbiya yoshida suyagining ko‘p qismi yumshoq va egiluvchan tog‘aydan iborat. Shuning uchun bu davrda bola bir joyda uzoq tik turib qolmasligi, og‘ir yuk ko‘tarmasligi, to‘g‘ri o‘tirishni bilishi kerak. Aks holda uning umurtqa pog‘onasi, ko‘krak qafasi, chanoq va oyoq suyaklari to‘g‘ri o‘smasdan, qiyshayib qolib, qad-qomati buziladi.

Bolaning nutqi, tafakkuri va harakat faolligi 2–4 yoshlarda jadal rivojlana boshlaydi. Bu davrda biron sababga ko‘ra bola e’tibordan chetda qolib, tik yurishni va gapirishni o‘rganolmasdan qolsa, u jismoniy va ruhiy rivojlanishdan orqada qoladi.

Maktab yoshi davri

Maktab yoshi davri. Bolalikning bu davri 6–7 yoshdan 17–18 yoshgacha davom etadi. Bu davrda bolaning hayotida va aqliy rivojlanishida keskin o‘zgarishlar yuz beradi. Maktabda bola o‘qish va yozishni o‘rganib oladi. Maktab yoshi davrida bola kelgusida va jamiyatda yashash uchun zarur bo‘lgan bilim va kasb-hunarni egallay boshlaydi.

Bola maktab yoshida o‘smirlik davrini ham o‘taydi. Bu davrda uning ichki sekretsiya bezlari faoliyati kuchayadi, o‘sishi tezlashib, ikkilamchi jinsiy belgilari rivojlanadi va balog‘atga yetadi.

O‘sishning o‘ziga xosligi

Odam organizmi o‘sishi va rivojlanishining o‘ziga xos xususiyatlari. Bolaning organizmi uning hayoti davomida bir tekis o‘sib rivojlanmaydi. Qizlarning bo‘yi 10–12 yoshlarda, o‘g‘il bolalarniki 12–16 yoshlarda, ayniqsa, tez o‘sadi. Bo‘yning o‘sishi 20–25 yoshlarda to‘xtaydi.

Odam yoshi ulg‘aygan sayin tanasining turli qismlari mutanosibligi ham o‘zgarib boradi (99-rasm).

99-rasm. Odam ulg‘aygan sayin tana nisbatining o‘zgarib borishi: 1 – ikki oylik homila, 2 – to‘rt oylik homila, 3 – yangi tug‘ilgan chaqaloq, 4 – ikki yoshda, 5 – olti yoshda, 6 – o‘n ikki yoshda, 7 – yigirma besh yoshda.
99-rasm. Odam ulg‘aygan sayin tana nisbatining o‘zgarib borishi: 1 – ikki oylik homila, 2 – to‘rt oylik homila, 3 – yangi tug‘ilgan chaqaloq, 4 – ikki yoshda, 5 – olti yoshda, 6 – o‘n ikki yoshda, 7 – yigirma besh yoshda.

Masalan, yangi tug‘ilgan chaqaloq boshining tana uzunligiga nisbati 1:4 bo‘lsa, 25 yoshga yetganida esa 1:8 nisbatda bo‘ladi.

Bilimingizni sinang

Bola tug‘ilishi bilan uning qaysi sistemalari ishlay boshlaydi?
  1. Kichik qon aylanish, nafas olish va hazm qilish sistemalari
  2. Ichki sekretsiya bezlari va jinsiy sistema
  3. Katta qon aylanish doirasi va ayirish sistemasi
  4. Suyak va muskul sistemalarining faoliyati

To‘g‘ri javob: Kichik qon aylanish, nafas olish va hazm qilish sistemalari. Tug‘ilishi bilan kichik qon aylanish doirasi, nafas olish va ovqat hazm qilish sistemalari ishlay boshlaydi.

Maktabgacha tarbiya davri bolaning necha yoshidan necha yoshigacha davom etadi?
  1. 16–18 yoshdan 21 yoshgacha
  2. 1 yoshdan 6–7 yoshgacha
  3. 6–7 yoshdan 17–18 yoshgacha
  4. Tug‘ilgandan 1 yoshgacha

To‘g‘ri javob: 1 yoshdan 6–7 yoshgacha. Maktabgacha tarbiya davri 1 yoshdan 6–7 yoshgacha davom etadi.

Bolaning sut tishlari qaysi oylikda chiqa boshlaydi?
  1. 2–3 oylikda
  2. 10–11 oylikda
  3. 4–5 oylikda
  4. 6–7 oylikda

To‘g‘ri javob: 6–7 oylikda. Sut tishlari 6–7 oylikda chiqa boshlaydi.

Bir yoshga to‘lgan bola nechta so‘zni gapira oladi?
  1. 3–4 ta
  2. 30–40 ta
  3. 10–12 ta
  4. 1–2 ta

To‘g‘ri javob: 10–12 ta. Bir yoshda bola yuradi va 10–12 ta so‘zni gapira oladi.

Umurtqa pog‘onasi egiklarini ular paydo bo‘ladigan paytga moslang: 1) bo‘yin egikligi; 2) ko‘krak egikligi; 3) bel egikligi; a) bola o‘tira boshlaganida; b) bola yura boshlaganida; c) go‘dak boshini tuta boshlaganida.
  1. 1-a, 2-b, 3-c
  2. 1-b, 2-c, 3-a
  3. 1-c, 2-b, 3-a
  4. 1-c, 2-a, 3-b

To‘g‘ri javob: 1-c, 2-a, 3-b. Bo‘yin egikligi bosh tutganda, ko‘krak egikligi o‘tirganda, bel egikligi yurganda paydo bo‘ladi.

Go‘daklik davridagi o‘zgarishlarni bola rivojlanishi ketma-ketligida joylashtiring: 1) narsalarga tayanib o‘rnidan turadi; 2) boshini tik tutadigan bo‘ladi; 3) yetaklaganda yuradi; 4) o‘z yaqinlarini taniy boshlaydi.
  1. 2-1-4-3
  2. 4-2-1-3
  3. 2-4-1-3
  4. 2-4-3-1

To‘g‘ri javob: 2-4-1-3. Uch oylikda bosh tutadi, 5 oylikda yaqinlarini taniydi, 8 oylikda tayanib turadi, 11 oylikda yetaklaganda yuradi.

Chaqaloqlik va go‘daklik davrlarining muddatini to‘g‘ri juftlang.
  1. Chaqaloqlik — bir oydan bir yoshgacha; go‘daklik — tug‘ilgandan bir oygacha
  2. Chaqaloqlik — bir oydan 6 oygacha; go‘daklik — 6 oydan 3 yoshgacha
  3. Chaqaloqlik — tug‘ilgandan bir yoshgacha; go‘daklik — 1 yoshdan 6–7 yoshgacha
  4. Chaqaloqlik — tug‘ilgandan bir oygacha; go‘daklik — bir oydan bir yoshgacha

To‘g‘ri javob: Chaqaloqlik — tug‘ilgandan bir oygacha; go‘daklik — bir oydan bir yoshgacha. Chaqaloqlik tug‘ilgandan bir oygacha, go‘daklik bir oydan bir yoshgacha davom etadi.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. 60–75 yosh keksalik davri deb ataladi; II. 22–60 yosh qarilik davri deb ataladi; III. 75 yoshdan yuqorisi qarilik davri deb ataladi.
  1. I va II
  2. II va III
  3. I va III
  4. I, II va III

To‘g‘ri javob: I va III. 22–60 yosh yetuklik davri, shuning uchun II noto‘g‘ri; I va III to‘g‘ri.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiUrug‘lanish va homilaning rivojlanishi