XotirAI logotipiXotirAI
🧬 8-sinf · Odam va uning salomatligi · 59-§.

Urug‘lanish va homilaning rivojlanishi

Mavzular

Urug‘lanish

Urug‘lanish. Urug‘ hujayralar jinsiy qinga tushgandan so‘ng bachadon tomonga harakat qiladi. Bir necha soat o‘tib bachadon nayiga kirib oladi. Bachadon nayida yetilgan tuxum hujayrani urug‘ hujayralardan biri urug‘lantiradi (94-rasm).

94-rasm. Tuxum hujayraning urug‘lanishi: 1 – tuxumdonda tuxum hujayraning yetilishi, 2 – yetilgan tuxum hujayraning bachadon nayiga tushishi, 3–5 – urug‘ hujayralarning jinsiy qinda (3), bachadonda (4), bachadon nayida (5) harakatlanishi, 6 – tuxum hujayraga urug‘ hujayraning kirishi, 7 – ikki yadroli tuxum hujayra, 8 – urug‘ hujayra yadrosining tuxum yadrosi bilan qo‘shilishi.
94-rasm. Tuxum hujayraning urug‘lanishi: 1 – tuxumdonda tuxum hujayraning yetilishi, 2 – yetilgan tuxum hujayraning bachadon nayiga tushishi, 3–5 – urug‘ hujayralarning jinsiy qinda (3), bachadonda (4), bachadon nayida (5) harakatlanishi, 6 – tuxum hujayraga urug‘ hujayraning kirishi, 7 – ikki yadroli tuxum hujayra, 8 – urug‘ hujayra yadrosining tuxum yadrosi bilan qo‘shilishi.

Urug‘langan tuxum bachadon nayi bo‘ylab bachadon tomonga siljiy boshlaydi. Ayni vaqtda tuxum hujayra ketma-ket bo‘linib, ko‘p hujayrali murtakni hosil qiladi.

Murtakning bachadonga yopishishi

Murtak 5–6 kun o‘tgach bachadonga tushadi, 2 kun davomida bachadonda erkin turadi, so‘ngra bachadonning shilliq qavatiga botib kirib, unga yopishib oladi.

95-rasm. Urug‘langan tuxum hujayraning bo‘linishi va bachadonga yopishishi: 1, 2, 3 – bo‘linayotgan tuxum hujayra, 4 – tuxumdon, 5 – tuxum yo‘li, 6 – bachadon devoriga yopishgan tuxum hujayra.
95-rasm. Urug‘langan tuxum hujayraning bo‘linishi va bachadonga yopishishi: 1, 2, 3 – bo‘linayotgan tuxum hujayra, 4 – tuxumdon, 5 – tuxum yo‘li, 6 – bachadon devoriga yopishgan tuxum hujayra.

Murtakning rivojlanishi

Ona qornida murtakning rivojlanishi. Bu davrda murtak hujayralari hisobidan murtak pardasi hosil bo‘ladi. Murtak parda sirtida qon tomirlari bilan ta’minlangan vorsinkalar paydo bo‘ladi (95-rasm).

Vorsinkalar orqali murtak ona organizmidan kislorod va oziq moddalar olib turadi. Tez orada vorsinka pardasi ichida yana bitta yupqa parda hosil qiladi. Bu parda o‘sib pufakka aylanadi. Murtak ana shu pufak ichidagi suyuqlikda suzib yuradi. Pufak murtakni shikastlanishdan himoya qiladi.

Yo‘ldoshning hosil bo‘lishi

Yo‘ldoshning hosil bo‘lishi. Murtakning rivojlanishi davrida qon tomiriga ega bo‘lgan vorsinkalar murtak pardasining faqat bachadon devoriga qaragan tomonida saqlanib qoladi. Ana shu vorsinkalar o‘sib, bachadonning qon tomirlarga boy bo‘lgan shilimshiq pardasiga chuqurroq botib kiradi.

Yo‘ldosh murtak parda vorsinkalari va bachadon devori shilliq pardasining birga yopishib o‘sishidan hosil bo‘ladi. Yo‘ldoshning hosil bo‘lishi bilan ona qornida rivojlanishning homila davri boshlanadi (96-rasm).

96-rasm. Bachadondagi homila. 97-rasm. Homilaning bachadondagi holati: 1 – yo‘ldosh, 2 – kindik ipi.
96-rasm. Bachadondagi homila. 97-rasm. Homilaning bachadondagi holati: 1 – yo‘ldosh, 2 – kindik ipi.

Yo‘ldoshdagi kapillarlar orqali ona organizmi bilan homila o‘rtasida gaz va oziq moddalar almashinib turadi.

Homilaning rivojlanishi

Homilaning rivojlanishi. Homila bachadonda tez rivojlanib, bir oylikda uning boshi tanasining uchdan bir qismini tashkil etadi; ko‘zlari shakllana boshlaydi. Bir oylik homilaning barmoqlari bo‘ladi. 2 oylik homila 3 cm ga yetadi, uning ko‘rinishi odamga o‘xshaydi. 3 oylik homilaning deyarli barcha organlari rivojlangan bo‘ladi.

4–5 oylik homilaning yuragi ura boshlaydi. Bu davrdan boshlab homilaning o‘sishi tezlashadi. Homilaning og‘irligi 5 oylik davrida 500 g, tug‘ilishidan oldin 3–3,5 kg ga yetadi (97-rasm).

Bolaning tug‘ilishi

Bolaning tug‘ilishi. Tug‘ish gipofiz bezi ishlab chiqaradigan gormon bilan bog‘liq. Gormon ta’sirida bachadon devori kuchli qisqarib, to‘lg‘oq boshlanadi. Muskullar qisqarishi tufayli homila bachadondan jinsiy qin tomonga suriladi. Tug‘ilgan chaqaloqning yig‘isi uning o‘pka bilan nafas ola boshlaganligini bildiradi. Doya – akusher chaqaloqning kindigini kesib, yo‘ldoshdan ajratadi va kesilgan kindik uchini bog‘lab qo‘yadi.

Homiladorlik — bo‘lg‘usi farzandning bachadonda rivojlanish davri bo‘lib, 270–280 kun davom etadi. Menstruatsiya siklining to‘xtashi, uyqu bosishi, ko‘ngil aynab turishi, sut bezlarining yiriklashuvi homiladorlikning asosiy belgilari hisoblanadi. Homilador ayol shifokor nazorati ostida bo‘ladi.

Bilimingizni sinang

Urug‘ hujayralar jinsiy qinga tushgach, yetilgan tuxum hujayra qayerda urug‘lanadi?
  1. Jinsiy qinda
  2. Tuxumdon follikulasida
  3. Bachadon nayida
  4. Bachadon bo‘shlig‘ida

To‘g‘ri javob: Bachadon nayida. Urug‘ hujayralar bachadon nayiga kirib oladi va shu yerda tuxum hujayrani urug‘lantiradi.

Urug‘langan tuxumdan hosil bo‘lgan murtak necha kun o‘tgach bachadonga tushadi?
  1. 1–2 kun
  2. 5–6 kun
  3. 3–4 kun
  4. 9–10 kun

To‘g‘ri javob: 5–6 kun. Murtak 5–6 kun o‘tgach bachadonga tushadi, 2 kun erkin turib, shilliq qavatga yopishadi.

Homiladorlik davri (bo‘lg‘usi farzandning bachadonda rivojlanish davri) necha kun davom etadi?
  1. 170–180 kun
  2. 370–380 kun
  3. 220–230 kun
  4. 270–280 kun

To‘g‘ri javob: 270–280 kun. Homiladorlik 270–280 kun davom etadi.

Murtak suzib yuradigan suyuqlikli pufak qanday ahamiyatga ega?
  1. Murtakni ona qonidan oziq bilan ta’minlaydi
  2. Murtakni bachadon devoriga yopishtirib turadi
  3. Murtak va ona o‘rtasida gaz almashinuvini bajaradi
  4. Murtakni shikastlanishdan himoya qiladi

To‘g‘ri javob: Murtakni shikastlanishdan himoya qiladi. Pufak ichidagi suyuqlik murtakni shikastlanishdan himoya qiladi.

2 oylik va 3 oylik homilalarni solishtirib, to‘g‘ri xulosani toping.
  1. Ikkala davrda ham homila 3 cm bo‘lib, organlari rivojlanmagan bo‘ladi
  2. 2 oylikda bo‘yi 3 cm va odamga o‘xshaydi; 3 oylikda deyarli barcha organlari rivojlangan
  3. 2 oylikda deyarli barcha organlari rivojlangan; 3 oylikda bo‘yi 3 cm ga yetadi
  4. 2 oylikda yuragi ura boshlaydi; 3 oylikda og‘irligi 500 g ga yetadi

To‘g‘ri javob: 2 oylikda bo‘yi 3 cm va odamga o‘xshaydi; 3 oylikda deyarli barcha organlari rivojlangan. 2 oylik homila 3 cm ga yetib, odamga o‘xshaydi; 3 oylikda deyarli barcha organlar rivojlangan bo‘ladi.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Bir oylik homilaning barmoqlari bo‘ladi; II. Bir oylik homilaning boshi tanasining yarmini tashkil etadi; III. Tug‘ilishidan oldin homilaning og‘irligi 3–3,5 kg ga yetadi.
  1. I va II
  2. II va III
  3. I va III
  4. I, II va III

To‘g‘ri javob: I va III. Bir oylikda bosh tananing uchdan bir qismini tashkil etadi, shuning uchun II noto‘g‘ri.

Tug‘ilish bilan bog‘liq tushunchalarni moslang: 1) gipofiz bezi gormoni; 2) chaqaloqning yig‘isi; 3) doya-akusher; a) kindikni kesib, chaqaloqni yo‘ldoshdan ajratadi; b) bachadon devorining kuchli qisqarishiga olib keladi; c) chaqaloq o‘pka bilan nafas ola boshlaganini bildiradi.
  1. 1-a, 2-b, 3-c
  2. 1-b, 2-c, 3-a
  3. 1-c, 2-a, 3-b
  4. 1-b, 2-a, 3-c

To‘g‘ri javob: 1-b, 2-c, 3-a. Gormon bachadon qisqarishini chaqiradi, yig‘i nafas boshlanganini bildiradi, akusher kindikni kesadi.

Ona qornida rivojlanishning dastlabki bosqichlarini ketma-ketlikda joylashtiring: 1) murtak bachadonning shilliq qavatiga botib kirib yopishadi; 2) tuxum hujayra bachadon nayida urug‘lanadi; 3) murtak bachadonga tushadi; 4) murtak bachadonda erkin turadi.
  1. 2-4-3-1
  2. 3-2-4-1
  3. 2-3-1-4
  4. 2-3-4-1

To‘g‘ri javob: 2-3-4-1. Avval urug‘lanish, so‘ng murtakning bachadonga tushishi, erkin turishi va oxirida yopishishi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiKo‘payish organlariKeyingi →Bolaning o‘sishi va rivojlanishi