Tirik organizmlarning o‘ziga xos xususiyatlari
Mavzular
Ajratish, o‘sish, rivojlanish
Moddalar almashinuvi natijasida organizmlarda keraksiz moddalar ham to‘planishi mumkin. Bunday moddalar odatda zaharli moddalardir, ularni organizmdan chiqarib yuborish ajratish jarayoni deb ataladi. Tirik organizmlar o‘sadi va rivojlanadi. O‘sish va rivojlanish barcha tirik organizmlar uchun xos xususiyatdir. O‘sish organizmlar tomonidan ozuqa moddalarni o‘zlashtirish hisobiga amalga oshadi.
Qo‘zg‘aluvchanlik va gomeostaz
Organizmlar tashqi muhitdagi va o‘zida kuzatiladigan barcha o‘zgarishlarga ham sezgir bo‘ladi. Buning uchun yashil o‘simliklarning quyosh nuri ta’siriga bo‘lgan munosabatini ko‘rsatib o‘tish kifoya. Demak, tirik organizmlar qo‘zg‘aluvchanlik xususiyati bilan tavsiflanadi.
Shuningdek, tirik organizmlar o‘zini-o‘zi idora etish xususiyatiga ham ega bo‘lib, u organizmni o‘zgaruvchan tashqi muhit sharoitlariga javoban kimyoviy tarkibi va fiziologik jarayonlarning borishini ma’lum bir me’yorda ushlab turish, ya’ni gomeostaz bilan bog‘liq. Bunda tashqi muhitdan qandaydir ozuqa moddalarni qabul qilishi, yetishmasa organizm o‘zining ichki imkoniyatlaridan foydalanishi, aksincha, ortiqcha moddalarni zaxira sifatida saqlashi mumkin.
Harakatlanish
Ko‘pincha biz turmushda hayot doimiy harakatda degan iborani ishlatamiz. Haqiqatdan ham shunday. Barcha tirik organizmlar, ayniqsa, barcha hayvonlar doimiy harakatda bo‘ladi. Hayvonlar o‘ziga ozuqa topish va xavf-hatardan saqlanishi uchun faol harakatda bo‘lishi zarur. Harakatlanish — tirik organizmlar uchun xos bo‘lgan muhim xususiyatlardan biridir.
O‘simliklar ham harakatlanish xususiyatiga ega. Ammo ularning harakati juda sekin ro‘y bergani uchun deyarli bilinmaydi.
Ko‘payish, irsiyat, o‘zgaruvchanlik
Tirik organizmlarning muhim xususiyatlaridan yana biri ko‘payishdir. Ushbu xususiyat tiriklikning eng zaruriy omili hisoblanadi va shuning uchun ham sayyoramizda hayot davom etib kelmoqda (1- rasm). Ko‘payish orqali tirik organizmlar o‘zi uchun xos bo‘lgan yana bir muhim xususiyat — irsiyat va o‘zgaruvchanlikni amalga oshiradi. Irsiyat tufayli tur turg‘unligi ta’minlanadi. O‘zgaruvchanlik natijasida esa tur xilma-xilligi ortadi.

O‘zini-o‘zi tiklash
Organizmlarning o‘zini-o‘zi tiklashi jinsiy va jinssiz ko‘payish jarayonlarida namoyon bo‘ladi. Ma’lumki, tirik organizmlar ko‘payganida odatda avlodlar ota-onalarga o‘xshash bo‘ladi.
Shunday qilib, ko‘payish organizmlarning o‘ziga o‘xshashlarni qayta tiklash xossasidir.
Bilimingizni sinang
Moddalar almashinuvi natijasida to‘planadigan zaharli moddalarni organizmdan chiqarib yuborish qanday jarayon deyiladi?
- Qo‘zg‘aluvchanlik
- Ajratish
- O‘sish
- Gomeostaz
To‘g‘ri javob: Ajratish. Keraksiz zaharli moddalarni organizmdan chiqarib yuborish ajratish jarayoni deyiladi.
Organizmning kimyoviy tarkibi va fiziologik jarayonlarini o‘zgaruvchan muhit sharoitida ma’lum me’yorda ushlab turish xususiyati nima deyiladi?
- Irsiyat
- O‘zgaruvchanlik
- Gomeostaz
- Qo‘zg‘aluvchanlik
To‘g‘ri javob: Gomeostaz. O‘zini-o‘zi idora etishda kimyoviy tarkib va jarayonlarni me’yorda ushlab turish gomeostaz deyiladi.
Irsiyat va o‘zgaruvchanlik tirik organizmlarda qanday natija beradi?
- Irsiyat tur turg‘unligini, o‘zgaruvchanlik tur xilma-xilligini oshiradi
- Irsiyat tur xilma-xilligini, o‘zgaruvchanlik tur turg‘unligini ta’minlaydi
- Ikkalasi ham faqat tur turg‘unligini ta’minlaydi
- Ikkalasi ham faqat tur xilma-xilligini oshiradi
To‘g‘ri javob: Irsiyat tur turg‘unligini, o‘zgaruvchanlik tur xilma-xilligini oshiradi. Irsiyat tur turg‘unligini ta’minlaydi, o‘zgaruvchanlik esa tur xilma-xilligini oshiradi.
O‘simliklar harakati nima uchun odatda deyarli bilinmaydi?
- O‘simliklar umuman harakatlanmaydi
- U faqat tunda sodir bo‘ladi
- U faqat ildizlarda kuzatiladi
- U juda sekin ro‘y beradi
To‘g‘ri javob: U juda sekin ro‘y beradi. O‘simliklar ham harakatlanadi, ammo harakati juda sekin bo‘lgani uchun deyarli bilinmaydi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash