Tiriklikning tuzilish darajalari
Mavzular
Tuzilish darajalari
Biologiya fanining so‘ngi yutuqlari tufayli tirik organizmlar – hayot har xil darajada tuzilganligi aniqlandi. Tiriklikning tuzilish darajalarini hozirgi zamon biologiya fani molekula, hujayra, organizm, populyatsiya-tur, biogeotsenoz va biosfera darajalariga bo‘lib o‘rganadi.
Molekula va hujayra darajasi
Molekula. Har qanday biologik sistema tuzilishi jihatidan qanchalik murakkab bo‘lmasin makromolekulalar, ya’ni: oqsillar, nuklein kislotalar, lipidlar va uglevodlar kabi boshqa bir qator organik moddalardan iboratdir. Molekula bosqichida aynan tirik materiya uchun xos bo‘lgan quyosh nuri energiyasining organik moddalarda bog‘lanishi kimyoviy energiyaga aylanishi, ya’ni modda va energiya almashinuvi, irsiy axborot berilishi boshlanadi.
Hujayra. Hujayra tirik organizmlarning tuzilish, rivojlanish va funksional birligidir. Tiriklik tuzilishining hujayra darajasida irsiy axborot berilishi, modda va energiya almashinuvi va tiriklikning bir butunligi ta’minlanadi. Hujayraviy tuzilish darajasiga ko‘ra barcha tirik organizmlar bir va ko‘p hujayralilarga ajraladi.
Organizm va populyatsiya-tur
Organizm. Organizm mustaqil hayot kechiruvchi yaxlit yoki bir va ko‘p hujayrali tirik tizimdan iborat. Ko‘p hujayrali organizm har xil vazifalarni bajarishga moslashgan to‘qima va organlardan tashkil topadi. Tiriklikning organizm darajasining birligi individ hisoblanadi.
Populyatsiya — tur. Bir tur arealida uzoq muddatdan beri yashab kelayotgan, boshqa populyatsiyalardan nisbatan alohidalashgan, erkin chatishib, serpusht nasl beradigan individlar yig‘indisiga — populyatsiya deyiladi. Populyatsiya — tur bosqichida dastlabki evolutsion o‘zgarishlar kuzatiladi.
Biogeotsenoz va biosfera
Biogeotsenoz. Tiriklikning ancha yuqori darajadagi tuzilmasi hisoblanib, turlar tarkibi bo‘yicha xilma-xil organizmlarni ularning yashash sharoitlari bilan bog‘liq holda birlashtiradi. Biogeotsenoz daraja anorganik va organik moddalar, avtotrof va geterotrof organizmlarni o‘z ichiga oladi. Biogeotsenozning asosiy vazifasi energiyani to‘plash va taqsimlashdan iborat.
Biosfera. Sayyoramizdagi hayotning barcha ko‘rinishlarini qamrab olgan, ancha yuqori darajadagi tabiiy tizimdir. Biosferaning elementar birligi biogeotsenoz hisoblanadi, ya’ni barcha biogeotsenozlar yig‘indisi biosferani tashkil etadi. Biosfera bosqichida sayyoramizdagi tirik organizmlarning hayot faoliyati bilan bog‘liq ravishda barcha moddalar va energiyaning davriy aylanishi kuzatiladi.
Bilimingizni sinang
Tiriklikning tuzilish darajalarini quyidan yuqoriga qarab to‘g‘ri ketma-ketlikda joylashtiring: 1) biosfera; 2) hujayra; 3) biogeotsenoz; 4) molekula.
- 2-4-3-1
- 4-2-1-3
- 4-3-2-1
- 4-2-3-1
To‘g‘ri javob: 4-2-3-1. Tartib: molekula, hujayra, biogeotsenoz, biosfera.
Tiriklikning organizm darajasining birligi nima hisoblanadi?
- Hujayra
- Populyatsiya
- Individ
- Tur
To‘g‘ri javob: Individ. Organizm darajasining birligi individ hisoblanadi.
Biogeotsenoz darajasining asosiy vazifasi nimadan iborat?
- Moddalar va energiyaning davriy aylanishi
- Irsiy axborotni berish
- Dastlabki evolutsion o‘zgarishlarni kuzatish
- Energiyani to‘plash va taqsimlash
To‘g‘ri javob: Energiyani to‘plash va taqsimlash. Biogeotsenozning asosiy vazifasi energiyani to‘plash va taqsimlashdir.
Biosferaning elementar birligi nima hisoblanadi?
- Organizm
- Hujayra
- Biogeotsenoz
- Populyatsiya
To‘g‘ri javob: Biogeotsenoz. Barcha biogeotsenozlar yig‘indisi biosferani tashkil etadi, shuning uchun uning elementar birligi biogeotsenoz.
Tiriklik darajasini unga xos jarayon bilan moslang: 1) molekula; 2) hujayra; 3) populyatsiya-tur; a) dastlabki evolutsion o‘zgarishlar kuzatiladi; b) tuzilish, rivojlanish va funksional birlik; c) quyosh energiyasi kimyoviy energiyaga aylana boshlaydi.
- 1-a, 2-b, 3-c
- 1-c, 2-b, 3-a
- 1-b, 2-c, 3-a
- 1-c, 2-a, 3-b
To‘g‘ri javob: 1-c, 2-b, 3-a. Molekula darajasida energiya bog‘lanishi boshlanadi, hujayra – tuzilish va funksional birlik, populyatsiya-turda dastlabki evolutsiya kuzatiladi.
Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Populyatsiya erkin chatishib, serpusht nasl beradigan individlar yig‘indisidir; II. Biogeotsenoz faqat avtotrof organizmlarni o‘z ichiga oladi; III. Hujayraviy tuzilishiga ko‘ra organizmlar bir va ko‘p hujayralilarga ajraladi.
- I va III
- I va II
- II va III
- I, II va III
To‘g‘ri javob: I va III. Biogeotsenoz avtotrof va geterotrof organizmlarni o‘z ichiga oladi, shuning uchun II noto‘g‘ri.
Biosfera darajasida tirik organizmlarning hayot faoliyati bilan bog‘liq qanday jarayon kuzatiladi?
- Dastlabki evolutsion o‘zgarishlar
- Moddalar va energiyaning davriy aylanishi
- Irsiy axborotning berilishi
- Bir hujayrali organizmlarning paydo bo‘lishi
To‘g‘ri javob: Moddalar va energiyaning davriy aylanishi. Biosfera bosqichida barcha moddalar va energiyaning davriy aylanishi kuzatiladi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash