XotirAI logotipiXotirAI
🧬 9-sinf · Biologiya · 6-§.

Zamburug‘lar dunyosi

Mavzular

Zamburug‘lar va mitselliy

Zamburug‘lar plastidalari yo‘q geterotrof organizmlardir. Ular qadimgi organizmlar hisoblanadi. Zamburug‘lar parazit va saprofit holda hayot kechiradi. Zamburug‘larning 100 000 ga yaqin turlari mavjud. Zamburug‘lar suv o‘tlaridan xlorofillning yo‘qligi, bakteriyalardan esa yadroga ega bo‘lishi bilan farq qiladi. Zamburug‘larning vegetativ tanasi mitselliy deb atalib, u alohida ipchalar, ya’ni gifalar yig‘indisidan tashkil topgan.

8- rasm. Zamburug‘lar mitselliysi ning mikroskop ostidagi ko‘rinishi.
8- rasm. Zamburug‘lar mitselliysi ning mikroskop ostidagi ko‘rinishi.

Zamburug‘ mitselliysi oziq moddalarni butun yuzasi bilan shimib oladi. Mitselliyda spora hosil qiluvchi organlar hosil bo‘ladi.

Ko‘payishi vegetativ, jinssiz va jinsiy usullarda boradi.

Tuban va yuksak zamburug‘lar

Mitselliyning tuzilishi va ko‘payish usuliga qarab zamburug‘lar tuban va yuksak zamburug‘larga bo‘linadi. Tuban zamburug‘lar mitselliysida to‘siqlar bo‘lmaydi (oq po‘panak), jinsiy ko‘payish suv o‘tlaridagidek boradi. Yuksak zamburug‘lar (penitsill) mitselliysi to‘siqli, ya’ni ko‘p hujayrali bo‘ladi (19- betdagi 8- rasm).

Achitqi zamburug‘i

9- rasm. Achitqi zamburug‘i.
9- rasm. Achitqi zamburug‘i.

Achitqi zamburug‘i — haqiqiy mitselliysi bo‘lmay, tanasi alohida-alohida hujayralardan iborat. Hujayrasi bir yadroli, oval shaklda bo‘ladi. Bu zamburug‘ kurtaklanish yo‘li bilan ko‘payadi. Kurtaklanish natijasida hosil bo‘lgan yosh hujayralar uzilib ketmay zanjir hosil qiladi. Ular shakarli muhitda yashaydi (9- rasm).

Achitqi zamburug‘larining faoliyati natijasida shakar spirt va karbonat angidrid gaziga parchalanadi. Ushbu jarayon pivo, vino va nonvoychilikda katta amaliy ahamiyatga ega. Spirtli achish jarayonida ajralib chiqqan energiya achitqilarning hayoti uchun zarur. Nonvoychilikda xamirga achitqi qo‘shib qorilganda ajralib chiqadigan karbonat angidrid gazi xamir ko‘pchishini, ya’ni yengil va g‘ovak bo‘lishini ta’minlaydi.

Qo‘ziqorin zamburug‘i

10- rasm. Qo‘ziqorin zamburug‘i.
10- rasm. Qo‘ziqorin zamburug‘i.
11- rasm. Qalpoqchali zamburug‘larning tuzilishi.
11- rasm. Qalpoqchali zamburug‘larning tuzilishi.

Qo‘ziqorin zamburug‘i tabiatda keng tarqalgan qalpoqchali zamburug‘ hisoblanadi. Uning ichi bo‘sh, meva tanasi 10—12 cm bo‘lib, oyoqcha va qalpoqchadan iborat (10-,11- rasmlar). Qo‘ziqorin chirindiga boy tuproqlarda saprofit holda hayot kechiradi. Tuproq ostidagi ko‘p yillik mitselliysi yoz faslida zaxira sifatida oziq moddalar to‘plab, kuzdan boshlab meva tanachalar shakllana boshlaydi. Ular kelgusi yili bahorda yetilib tuproq yuzasiga chiqadi va sporalarini sochadi.

Qo‘ziqorin shartli iste’mol qilinadigan zamburug‘lar guruhiga kiradi. Eng yaxshi iste’mol qilinadigan zamburug‘larga oq zamburug‘, oq qayin bilan birga o‘sadigan zamburug‘ va boshqa zamburug‘lar kiradi. Ular oqsilga boy, shuningdek, tarkibida moylar, mineral moddalar hamda inson organizmi uchun zarur elementlardan esa temir, kalsiy, rux va boshqalar mavjud.

Parazit zamburug‘lar: zang

Parazit zamburug‘lar. Zamburug‘lar orasida parazit turlari ham juda ko‘p. Ular o‘simlik, hayvon va odamlarda turli kasalliklarni keltirib chiqaradi. Ayniqsa, parazit zamburug‘lar qishloq va o‘rmon xo‘jaligiga katta zarar yetkazadi.

Zang zamburug‘i murakkab taraqqiyot davri, ya’ni har xil sporalar va oraliq xo‘jayinga ega bo‘lishi bilan ajralib turadi.

Bahorda zang zamburug‘i oraliq xo‘jayin hisoblangan zirk o‘simligida rivojlanishni boshlaydi. Keyinchalik bug‘doy o‘simligida hayotini davom ettiradi. Butun yoz davomida parazit zamburug‘ sarg‘ish-qizil (zang) rangdagi sporalar hosil qiladi. Ular bug‘doy o‘simligining poya va barglarini zararlaydi (12- rasm).

12- rasm. Boshoqli o‘simlik bargidagi zang zamburug‘i.
12- rasm. Boshoqli o‘simlik bargidagi zang zamburug‘i.

Zang va vertisill kurashi

Poya va barglardagi dog‘lar sporalardagi pigmentlarga bog‘liq bo‘lib, temirdagi zang dog‘ga o‘xshab ketadi. Shuning uchun uni zang zamburug‘i deb yuritiladi. Zararlangan o‘simlik boshoq hosil qilmaydi yoki donlari puch bo‘lib qoladi. Parazit zamburug‘lar bilan kurashish ham ancha qiyin, chunki ularning yengil sporalari shamol yordamida tarqalib katta maydonlarni zararlaydi. Zang zamburug‘lariga qarshi kurashda eng qulay usul — ushbu zamburug‘larga chidamli yangi bug‘doy navlarini yaratish hisoblanadi.

Vertisill. Oq palak — ushbu zamburug‘ turli o‘simliklarning o‘tkazuvchi to‘qimalarida parazit holda hayot kechiradi. Zamburug‘ o‘simliklarni o‘ziga xos “vilt” deb atalgan so‘lish kasalligiga chalintiradi. Kasallikning asosiy belgisi, barg hujayralarida taranglik holatini yo‘qotishi bo‘lib, ularda dastlab sarg‘ish-jigarrang, so‘ngra qo‘ng‘ir dog‘lar paydo bo‘ladi, bu uning barglarini erta to‘kilishiga sabab bo‘ladi. Vilt bilan zararlangan o‘simlik ko‘pincha nobud bo‘ladi yoki biror organi so‘lib chiriydi. Kasallikka qarshi kurash choralari xo‘jaliklarda almashlab ekishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, viltga chidamli yangi g‘o‘za navlarini yaratish va boshqalardir.

Zamburug‘lar ahamiyati va mikoriza

Zamburug‘larning ahamiyati. Ular tabiatda keng tarqalgan va katta ahamiyatga ega bo‘lib, moddalar aylanishida ishtirok etadi. Bakteriyalar bilan birga organik moddalarning: o‘simlik qoldiqlari va hayvon jasadlarining parchalanishi asosan zamburug‘lar ishtirokida boradi.

Mikoriza — yuksak o‘simliklar ildizi bilan zamburug‘larning simbioz hayot kechirishidan iborat. Quruqlikda tarqalgan ko‘pchilik o‘simliklar tuproqdagi zamburug‘lar bilan ana shunday hamkorlikda yashaydi. Mikorizaning tuzilishiga ko‘ra ikki asosiy turi ajratiladi: tashqi (ektotrof) va ichki (endotrof). Ektotrof mikorizada o‘simlik ildizining uchki qismini zich g‘ilof ko‘rinishida zamburug‘ mitselliysi o‘rab oladi. Endotrof mikorizada zamburug‘ ildizning ichki to‘qimalariga kirib oladi.

Mikorizaning o‘rni

Tashqi mikoriza asosan o‘rmonlardagi qayin, eman va nina bargli daraxtlarda uchraydi. Zamburug‘ daraxt ildizidan karbon suv va vitaminlarni o‘zlashtiradi. Shu bilan birga tuproq gumusi tarkibidagi oqsillarni aminokislotalarga parchalaydi. Aminokislotalarning bir qismi o‘simlik tomonidan o‘zlashtiriladi. Bundan tashqari zamburug‘ daraxtning ildiz tizimini, shimish yuzasini oshirib, unumsiz tuproqlarda o‘sayotgan o‘simlik uchun muhim ahamiyatga ega bo‘ladi. Ichki mikoriza ko‘pincha o‘t o‘simliklarda uchraydi. Ammo uning simbioz hayot kechirishdagi roli haqida ma’lumotlar yetarli emas.

Ba’zi bir zamburug‘lar parazit organizmlar sifatida o‘simlik va hayvonlarda har xil kasalliklarni keltirib chiqaradi. Iste’mol qilinadigan zamburug‘lar ozuqa ahamiyatiga ega. Zamburug‘larning ba’zi turlaridan antibiotiklar va vitaminlar olishda, shuningdek, achitqilardan esa turmushda keng foydalaniladi.

Lishayniklar

Lishayniklar. Lishayniklar tirik organizmlarning o‘ziga xos guruhi bo‘lib, zamburug‘lar va bir hujayrali suv o‘tlarning simbioz hayot kechirishidan yuzaga kelgan organizmlardir (13- rasm).

13- rasm. Zamburug‘ mitselliysi.
13- rasm. Zamburug‘ mitselliysi.

Lishayniklarning 26 000 ga yaqin turi ma’lum. Lishayniklarning tanasi, rangi va shakli har xil. Lishayniklar sporalar yordami bilan shuningdek, vegetativ yo‘l bilan ko‘payadigan avtotrof organizmlardir. Lishayniklar tashqi ko‘rinishiga ko‘ra uchta turga bo‘linadi (14- rasm):

14- rasm. Lishayniklarning shakllari.
14- rasm. Lishayniklarning shakllari.

Lishayniklar barcha joylarda o‘sadigan o‘simliklar bo‘lib, tabiatda juda keng tarqalgan. Ular tosh va qoyalarda, cho‘l va dashtlarda, daraxt va buta po‘stloqlarida o‘sadi.

Lishayniklarning tarqalishi va tarkibi

Lishayniklar tundra va o‘rmon tundrada keng tarqalgan. Ulardan (Kladoniya turkumi) shimol bug‘ulari uchun oziqa sifatida foydalaniladi. Unumsiz joylarda yashovchi lishayniklar boshqa o‘simliklar hamjamoasini shakllanishiga imkon yaratadi. Lishayniklar atrof-muhitdan turli kimyoviy elementlarni, shu jumladan, radioaktiv moddalarni ham to‘plash xususiyatiga ega. Toza havoni talab etuvchi lishayniklardan atmosfera havosining ifloslanganlik darajasini aniqlashda indikator sifatida foydalanish mumkin.

Shuningdek, o‘rmonlarda ayniqsa, qarag‘ayzorlarda va daraxt kesilgan maydonlarda lishayniklar yaxlit qoplam hosil qiladi. Bunda kladoniyaning (Kladonia) bir necha turlari qatnashadi. Daraxt po‘stlog‘ida soqolli usneya (Usneya barbata), tasmasimon everniya (Evernia prunastri)lar yashil-sarg‘ish hamda tillarang — Xantoria pariyentina sariq qoplam hosil qiladi.

Lishayniklarning kimyoviy tarkibi ham birmuncha murakkab. Ularda xitin moddasi, lishaynik kraxmali deb ataladigan lixenin, disaxaridlardan saxaroza, turli fermentlar masalan: amilaza, ko‘plab aminokislotalar, vitaminlardan esa C, B6, B12 kabilar uchraydi.

Lishayniklarning ahamiyati

Lishayniklarning kishilar hayotidagi ahamiyati katta. Lishayniklardan ajratib olingan ekstraktlar atir-upa mahsulotlariga, kosmetika mahsulotlariga o‘ziga xos hid berish uchun foydalaniladi. Cho‘llarda uchraydigan lishaynik manna iste’mol qilinadi. Lishaynik cho‘llarda, qoya toshlarda paydo bo‘lib, tog‘ jinslarining yemirilishiga yordam beradi. Yemirilgan tog‘ jinslaridan yupqa tuproq qatlami hosil bo‘ladi.

Bilimingizni sinang

Zamburug‘larning taxminan nechta turi mavjud?
  1. 250 000 ga yaqin
  2. 10 000 ga yaqin
  3. 100 000 ga yaqin
  4. 26 000 ga yaqin

To‘g‘ri javob: 100 000 ga yaqin. Zamburug‘larning 100 000 ga yaqin turi mavjud (26 000 ga yaqin turi lishayniklarniki).

Zamburug‘lar suv o‘tlaridan va bakteriyalardan qaysi belgilariga ko‘ra farq qiladi?
  1. Suv o‘tlaridan yadroga ega bo‘lishi, bakteriyalardan xlorofillning yo‘qligi bilan
  2. Suv o‘tlaridan xlorofillning yo‘qligi, bakteriyalardan yadroga ega bo‘lishi bilan
  3. Suv o‘tlaridan va bakteriyalardan ham xlorofillning yo‘qligi bilan
  4. Suv o‘tlaridan va bakteriyalardan ham yadroga ega bo‘lishi bilan

To‘g‘ri javob: Suv o‘tlaridan xlorofillning yo‘qligi, bakteriyalardan yadroga ega bo‘lishi bilan. Zamburug‘larda xlorofill yo‘q (suv o‘tlaridan farqi), yadro bor (bakteriyalardan farqi).

Zamburug‘larning vegetativ tanasi nima deb ataladi va nimalardan tashkil topgan?
  1. Mitselliy — alohida ipchalar, ya’ni gifalar yig‘indisidan
  2. Qattana — poya va barg hujayralaridan
  3. Mikoriza — ildiz tukchalaridan
  4. Tallom — o‘zaro bog‘langan to‘qimalardan

To‘g‘ri javob: Mitselliy — alohida ipchalar, ya’ni gifalar yig‘indisidan. Zamburug‘ tanasi mitselliy bo‘lib, gifalar yig‘indisidan iborat.

Lishayniklar cho‘llarda va qoya toshlarda paydo bo‘lib, tabiatda qanday ahamiyatga ega?
  1. Tog‘ jinslarining yemirilishiga yordam beradi, natijada yupqa tuproq qatlami hosil bo‘ladi
  2. Havodagi kislorodni to‘liq o‘zlashtirib, tuproqni quritadi
  3. Tog‘ jinslarini mustahkamlab, tuproq hosil bo‘lishiga to‘sqinlik qiladi
  4. Yer osti suvlarini to‘plab, tosh qatlamlarini hosil qiladi

To‘g‘ri javob: Tog‘ jinslarining yemirilishiga yordam beradi, natijada yupqa tuproq qatlami hosil bo‘ladi. Lishayniklar tog‘ jinslarini yemirilishiga yordam beradi, yemirilgan jinslardan esa yupqa tuproq hosil bo‘ladi.

Tuban va yuksak zamburug‘lar haqidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Oq po‘panak mitselliysida to‘siqlar bo‘lmaydi; II. Penitsill mitselliysi to‘siqli, ko‘p hujayrali; III. Tuban zamburug‘larda jinsiy ko‘payish bakteriyalardagidek boradi.
  1. II va III
  2. I va III
  3. I va II
  4. I, II va III

To‘g‘ri javob: I va II. I va II to‘g‘ri; tuban zamburug‘larda jinsiy ko‘payish suv o‘tlaridagidek boradi, shuning uchun III noto‘g‘ri.

Zamburug‘larni ularning tuzilishi bilan moslang: 1) oq po‘panak; 2) penitsill; 3) achitqi. a) mitselliysi to‘siqli, ko‘p hujayrali; b) haqiqiy mitselliysi yo‘q, tanasi alohida hujayralardan iborat; c) mitselliysida to‘siqlar bo‘lmaydi.
  1. 1-b, 2-a, 3-c
  2. 1-c, 2-b, 3-a
  3. 1-c, 2-a, 3-b
  4. 1-a, 2-c, 3-b

To‘g‘ri javob: 1-c, 2-a, 3-b. Oq po‘panak to‘siqsiz mitselliyli, penitsill to‘siqli, achitqi esa alohida hujayralardan iborat.

Achitqi zamburug‘ida kurtaklanish natijasida hosil bo‘lgan yosh hujayralar uzilib ketmay nima hosil qiladi?
  1. Meva tanasi
  2. Sista
  3. Mitselliy
  4. Zanjir

To‘g‘ri javob: Zanjir. Kurtaklanishdan hosil bo‘lgan yosh hujayralar uzilmay zanjir hosil qiladi.

Nonvoychilikda xamirga achitqi qo‘shib qorilganda xamir nima uchun ko‘pchiydi, ya’ni yengil va g‘ovak bo‘ladi?
  1. Achitqilar xamirga kislorod to‘playdi
  2. Achitqilar xamirdagi suvni to‘liq so‘rib oladi
  3. Xamir tarkibidagi spirt gazga aylanadi
  4. Ajralib chiqadigan karbonat angidrid gazi xamirni ko‘pchitadi

To‘g‘ri javob: Ajralib chiqadigan karbonat angidrid gazi xamirni ko‘pchitadi. Achitqi shakarni parchalaganda ajraladigan karbonat angidrid gazi xamirni ko‘pchitadi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiEukariotlar – o‘simliklarning xilma-xilligiKeyingi →Hayvonlar dunyosi