Eukariotlar – o‘simliklarning xilma-xilligi
Mavzular
Tuban o‘simliklar
Hozirgi vaqtda o‘simliklar quyidagi ikki: tuban va yuksak o‘simliklar guruhlariga bo‘lib o‘rganiladi.
1. Tuban o‘simliklar organik olamning dastlabki bosqichlarida kelib chiqqan. Ular suvli muhitda yoki sernam joylarda yashashga moslashgan. Evolyutsiya jarayonida uncha rivojlanmagan va hozirgi davrgacha ba’zi birlari sodda tuzilishini saqlab qolgan. Tuban o‘simliklar bir hujayrali, koloniya hosil qiluvchi va ko‘p hujayrali organizmlar hisoblanib, tanasi to‘qima va organlarga ajralmagani uchun ularning tanasi qattana yoki tallom deb ataladi.
Tuban o‘simliklarning hujayra tuzilishi
Bir hujayrali o‘simliklarda tirik organizm uchun xos bo‘lgan barcha tiriklik xususiyatlari bitta hujayrada amalga oshadi. Koloniyali holda yashovchi o‘simliklar bir va ko‘p hujayralilar orasida turuvchi organizmlar hisoblanadi. Bunday organizmlar ayrim hujayralar to‘dasidan iborat bo‘lib, mustaqillikni saqlab qolgan holda hayotiy tomondan bir-birlari bilan bog‘langanligi kuzatiladi. Ko‘p hujayrali tuban o‘simliklarda esa hujayralar o‘rtasidagi hayotiy vazifalar o‘zaro taqsimlangan bo‘ladi.
Yuksak o‘simliklar
2. Yuksak o‘simliklar evolutsion jihatdan ancha yosh hisoblanadi. Ko‘pchilik yuksak o‘simliklarda poya, barg va ildiz kabi vegetativ organlari rivojlangan, shuningdek, to‘qimalarga ajralishi ham kuzatiladi. Ular poyabargli o‘simliklar deb ataladi. Ko‘p hujayrali o‘simliklarning tanasi turli hayotiy vazifalarni bajaruvchi bir necha xildagi hujayralardan tashkil topgan. Hujayralari bir-biridan shakl va tuzilishi jihatdan farq qiladi. Hujayralarning takomillashishi va ixtisoslashishi tufayli ularda barcha hayotiy jarayonlar: oziqlanish, nafas olish, o‘sish, ko‘payish va boshqalar sodir bo‘ladi.
O‘simliklarning ahamiyati
O‘simliklarning tabiat va inson hayotidagi ahamiyati. O‘simliklar qoplami biosferada hayotni boshqarishda muhim rol o‘ynaydi. U yerning gazlar almashinuvi, suv muvozanati, iqlimiga ta’sir etadi, tuproqning hosil bo‘lishida ishtirok etadi. Tuproqni yemirilishdan saqlaydi. Hayvonot dunyosining yashashini belgilab beradi. O‘simlik biologik doirada moddalarning aylanishida, ya’ni atmosfera — tuproq — tirik organizm tizimida faol ishtirok etadi. O‘simliklar atrof-muhit tozaligini saqlashda nihoyatda katta ahamiyatga ega.
Xomashyo va muhofaza
O‘simliklar dunyosi turli xomashyolar (oziq-ovqat, yem-xashak, dorivor, qurilish materiallari va hokazolar) manbaidir. Inson qadimdan yovvoyi o‘simliklardan o‘z ehtiyojlarini qondirish uchun foydalanib kelgan. Natijada tabiiy o‘simliklar qoplami doimo buzilgan, foydali o‘simliklarning zaxiralari esa kamayib borgan.
Hozirgi davrdagi eng katta muammolardan biri tabiatni muhofaza qilish va uning resurslaridan oqilona foydalanishdir. Ushbu muammo ayrim davlatlar hududida emas, balki barcha mamlakatlar tomonidan hal etilishi zarur. Mustaqil O‘zbekiston Respublikasida tabiatni muhofaza qilish, jumladan, o‘simliklar dunyosining xilma-xilligini saqlash davlat tomonidan himoyalangan va bir qator qonunlar hamda chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.
Bilimingizni sinang
Tuban o‘simliklar tanasi to‘qima va organlarga ajralmagani uchun qanday nom bilan ataladi?
- Mitselliy yoki gifa
- Meva tanasi yoki koloniya
- Poyabarg yoki vegetativ tana
- Qattana yoki tallom
To‘g‘ri javob: Qattana yoki tallom. To‘qima va organlarga ajralmagan tuban o‘simliklar tanasi qattana yoki tallom deyiladi.
Ko‘pchilik yuksak o‘simliklar qanday belgisiga ko‘ra poyabargli o‘simliklar deb ataladi?
- Faqat suvli muhitda yashashga moslashgan
- Tanasi to‘qima va organlarga ajralmagan
- Poya, barg va ildiz kabi vegetativ organlari rivojlangan
- Bir hujayrali koloniya hosil qiladi
To‘g‘ri javob: Poya, barg va ildiz kabi vegetativ organlari rivojlangan. Yuksak o‘simliklarda poya, barg va ildiz rivojlangan, shuning uchun ular poyabargli deyiladi.
Tuban o‘simliklar haqidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Suvli muhitda yoki sernam joylarda yashashga moslashgan; II. Organik olamning dastlabki bosqichlarida kelib chiqqan; III. Tanasi poya, barg va ildizga ajralgan.
- I va II
- II va III
- I va III
- I, II va III
To‘g‘ri javob: I va II. I va II matnga mos; tuban o‘simliklar tanasi to‘qima va organlarga ajralmagan, shuning uchun III noto‘g‘ri.
Koloniya hosil qiluvchi tuban o‘simliklarning hujayralari haqida qaysi ma’lumot to‘g‘ri?
- Hujayralar o‘rtasida hayotiy vazifalar to‘liq taqsimlangan
- Hujayralari to‘qimalarga ajralib, organlar hosil qiladi
- Barcha tiriklik xususiyatlari bitta hujayrada amalga oshadi
- Hujayralari mustaqilligini saqlagan holda hayotiy jihatdan bir-biri bilan bog‘langan
To‘g‘ri javob: Hujayralari mustaqilligini saqlagan holda hayotiy jihatdan bir-biri bilan bog‘langan. Koloniyada hujayralar mustaqil, lekin o‘zaro bog‘langan; vazifalar taqsimlanishi ko‘p hujayralilarga xos.
O‘simliklar qoplamining biosferadagi roli haqidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Yerning iqlimiga ta’sir etmaydi; II. Tuproqni yemirilishdan saqlaydi; III. Hayvonot dunyosining yashashini belgilab beradi.
- I va II
- II va III
- I va III
- Faqat II
To‘g‘ri javob: II va III. O‘simliklar qoplami iqlimga ta’sir etadi, tuproqni saqlaydi va hayvonot dunyosining yashashini belgilaydi; shuning uchun I noto‘g‘ri.
O‘simlik biologik doirada moddalarning aylanishida qaysi tizimda faol ishtirok etadi?
- Tuproq — tog‘ jinsi — yer osti suvi
- Atmosfera — tuproq — tirik organizm
- Gidrosfera — litosfera — mineral modda
- Quyosh — suv — havo
To‘g‘ri javob: Atmosfera — tuproq — tirik organizm. Moddalar aylanishida o‘simlik atmosfera — tuproq — tirik organizm tizimida ishtirok etadi.
Nima sababdan tabiiy o‘simliklar qoplami doimo buzilgan va foydali o‘simliklar zaxirasi kamayib borgan?
- Hayvonlar o‘simliklar bilan oziqlanmay qo‘ygan
- Tuban o‘simliklar yuksak o‘simliklar bilan almashib ketgan
- O‘simliklarning ko‘payish usullari yo‘qolib borgan
- Inson yovvoyi o‘simliklardan o‘z ehtiyojlari uchun qadimdan foydalanib kelgan
To‘g‘ri javob: Inson yovvoyi o‘simliklardan o‘z ehtiyojlari uchun qadimdan foydalanib kelgan. Insonning yovvoyi o‘simliklardan qadimdan foydalanishi o‘simliklar qoplamining buzilishiga olib kelgan.
Hozirgi davrdagi eng katta muammolardan biri nima ekanligi ta’kidlanadi?
- Tabiatni muhofaza qilish va uning resurslaridan oqilona foydalanish
- Yovvoyi o‘simliklarni xomashyo sifatida ko‘paytirish
- Yangi o‘simlik navlarini ko‘paytirish
- Faqat ayrim davlatlar hududini ko‘kalamzorlashtirish
To‘g‘ri javob: Tabiatni muhofaza qilish va uning resurslaridan oqilona foydalanish. Tabiatni muhofaza qilish va resurslardan oqilona foydalanish barcha mamlakatlar hal etishi zarur muammodir.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash