XotirAI logotipiXotirAI
🧬 9-sinf · Biologiya · 9-§.

Hujayrani o‘rganish tarixi va hujayra nazariyasi

Mavzular

Hujayraning kashf etilishi

Tirik organizmlarning hujayraviy tuzilishini o‘rganish bevosita mikroskopning kashf etilishi bilan bog‘liq. 1665- yilda ingliz olimi Robert Guk daraxt po‘stlog‘idagi po‘kak to‘qimadan yupqa kesmalar tayyorlab mikroskop yordamida kuzatganda ajoyib yangilikni kashf etdi. U daraxtning po‘stlog‘i bir xil massadan iborat bo‘lmay, balki juda mayda bo‘shliqlardan, ya’ni katakchalardan iborat ekanligini aniqladi. Bu mayda bo‘shliqlarni R.Guk “sellula” (katakcha, uyacha, hujra) deb atadi. “Hujayra” atamasi ham shu ma’noga ega.

Dastlabki mikroskopik kuzatuvlar

Keyinchalik bir qator olimlar har xil o‘simlik va hayvonlarning to‘qimalarini mikroskop yordamida tekshirib, ularning hammasi ham hujayralardan tashkil topganini aniqladilar. Masalan, M.Malpigi va N.Gryu 1671- yilda o‘simlik hujayralarining tuzilishini, A.Levenguk 1680- yilda qondagi qizil qon tanachalari — eritrositlarni, bir hujayrali hayvonlar va bakteriyalarni birinchi marta o‘rganadi.

Yadro va protoplazma

Uzoq vaqt davomida hujayraning asosiy qismi uning tashqi qobig‘i deb hisoblangan. Faqat XIX asrning boshlarida olimlar hujayra qandaydir suyuqroq modda bilan to‘ldirilgan degan xulosaga keladilar. 1831- yilda ingliz botanigi R.Braun hujayralarda yadro mavjudligini aniqlaydi. Chex olimi Ya.Purkine 1839- yilda hujayra tarkibidagi suyuqlikni protoplazma deb atashni taklif etadi.

Hujayra nazariyasining yaratilishi

Shunday qilib, XIX asr boshlarida o‘simlik va hayvon organizmlari hujayralardan tashkil topgan, degan xulosa vujudga keladi. 1838—1839- yillarda nemis olimlari: botanik M. Shleyden va zoolog T.Shvann o‘sha vaqtgacha fanda to‘plangan hujayra haqidagi ma’lumotlarga tayanib hujayra nazariyasini yaratdilar.

Keyinchalik hujayra nazariyasi juda ko‘p olimlar tomonidan rivojlantirildi. Nemis olimi, shifokor R.Virxov hujayrasiz hayot yo‘qligini, hujayraning tarkibiy qismi yadro ekanligini va hujayra faqat hujayradan ko‘payishini isbotlab berdi. K.Ber sutemizuvchilarning tuxum hujayrasini kashf etdi va ko‘p hujayrali organizmlar bitta urug‘langan tuxum hujayra – zigotadan rivojlanishini isbotladi.

Hujayra nazariyasi qoidalari

Mikroskop texnikasini yanada takomillashtirilishi, elektron mikroskoplarning yaratilishi va molekular biologiyaning usullarini paydo bo‘lishi hujayra sirlarini yanada chuqurroq o‘rganishga, uning murakkab tuzilmalarini bilishga, ularda kechadigan turli-tuman biokimyoviy jarayonlarni aniqlashga imkon yaratdi. Bugungi kunda hujayra nazariyasining asosiy qoidalari quyidagilardan iborat:

Nazariyaning ahamiyati

Hujayra nazariyasi biologiya fanining rivojlanishiga juda katta ta’sir ko‘rsatdi. Bu nazariya tufayli organizmlar bir xil morfologik asosga ega ekanligi isbotlandi. Hayotiy hodisalarni umumbiologik nuqtayi nazardan tushuntirishga imkon yaratildi. Hujayra biologiyasini o‘rganishda mamlakatimiz olimlarining ham katta hissalari bor. Akademiklar K.Zuparov, J.Hamidov va ularning shogirdlarini bu boradagi ishlari diqqatga sazovordir.

Bilimingizni sinang

1665-yilda R.Guk po‘kak to‘qimadan yupqa kesmalarni mikroskopda kuzatib, daraxt po‘stlog‘i nimalardan iborat ekanligini aniqladi?
  1. Bir xil massadan
  2. Yadrosiz hujayralar to‘dasidan
  3. Juda mayda bo‘shliqlardan, ya’ni katakchalardan
  4. Suyuq protoplazma tomchilaridan

To‘g‘ri javob: Juda mayda bo‘shliqlardan, ya’ni katakchalardan. Guk po‘stloq bir xil massa emas, mayda bo‘shliqlar — katakchalardan iborat ekanini aniqladi.

Qondagi qizil qon tanachalari — eritrositlarni, bir hujayrali hayvonlar va bakteriyalarni birinchi marta kim va qaysi yilda o‘rgangan?
  1. M.Malpigi, 1671-yilda
  2. R.Braun, 1831-yilda
  3. A.Levenguk, 1680-yilda
  4. Ya.Purkine, 1839-yilda

To‘g‘ri javob: A.Levenguk, 1680-yilda. Eritrositlar, sodda hayvonlar va bakteriyalarni 1680-yilda A.Levenguk birinchi bo‘lib o‘rgangan.

Olimlarni ularning ishlari bilan moslang: 1) R.Braun; 2) Ya.Purkine; 3) K.Ber. a) hujayralarda yadro mavjudligini aniqlagan; b) hujayra tarkibidagi suyuqlikni protoplazma deb atashni taklif etgan; c) sutemizuvchilarning tuxum hujayrasini kashf etgan.
  1. 1-b, 2-a, 3-c
  2. 1-a, 2-c, 3-b
  3. 1-c, 2-b, 3-a
  4. 1-a, 2-b, 3-c

To‘g‘ri javob: 1-a, 2-b, 3-c. Braun yadroni aniqlagan, Purkine protoplazma atamasini taklif etgan, Ber sutemizuvchilar tuxum hujayrasini kashf etgan.

Quyidagi kashfiyotlarni vaqt ketma-ketligida joylashtiring: 1) A.Levenguk eritrositlarni o‘rgandi; 2) R.Braun hujayralarda yadroni aniqladi; 3) R.Guk po‘kak to‘qimadan hujayrani kashf etdi; 4) M.Malpigi va N.Gryu o‘simlik hujayralarining tuzilishini o‘rgandi.
  1. 3-1-4-2
  2. 4-3-1-2
  3. 3-4-1-2
  4. 3-4-2-1

To‘g‘ri javob: 3-4-1-2. Tartib: Guk (1665), Malpigi va Gryu (1671), Levenguk (1680), Braun (1831).

Hujayra nazariyasini rivojlantirgan olimlar haqidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. R.Virxov hujayrasiz hayot yo‘qligini isbotladi; II. R.Virxov hujayra faqat hujayradan ko‘payishini isbotladi; III. R.Virxov sutemizuvchilarning tuxum hujayrasini kashf etdi.
  1. II va III
  2. I va III
  3. I, II va III
  4. I va II

To‘g‘ri javob: I va II. Tuxum hujayrani kashf etgan olim K.Ber, shuning uchun III noto‘g‘ri.

Hujayra nazariyasining qoidalari haqidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Hujayra tirik organizmlarning tuzilish va funksional birligi; II. Yangi hujayralar o‘z-o‘zidan paydo bo‘ladi; III. Organizmlarning hujayralardan tashkil topishi ularning kelib chiqishi har xil ekanligini bildiradi.
  1. I va II
  2. II va III
  3. Faqat I
  4. I va III

To‘g‘ri javob: Faqat I. Faqat I to‘g‘ri; yangi hujayralar mavjud hujayralar bo‘linishidan hosil bo‘ladi, kelib chiqish esa bir xil.

Hujayra nazariyasi tufayli organizmlar haqida qanday muhim xulosa isbotlandi?
  1. Faqat o‘simliklar hujayradan tuzilgan
  2. Hujayralar o‘z-o‘zidan paydo bo‘ladi
  3. Organizmlar har xil morfologik asosga ega
  4. Organizmlar bir xil morfologik asosga ega

To‘g‘ri javob: Organizmlar bir xil morfologik asosga ega. Nazariya organizmlarning bir xil morfologik asosga ega ekanligini isbotladi.

K.Ber ko‘p hujayrali organizmlar qanday hujayradan rivojlanishini isbotlagan?
  1. Yadrosiz katakchadan
  2. Urug‘langan tuxum hujayra — zigotadan
  3. Po‘kak hujayrasidan
  4. Eritrositdan

To‘g‘ri javob: Urug‘langan tuxum hujayra — zigotadan. Ber ko‘p hujayrali organizmlar bitta urug‘langan tuxum hujayra — zigotadan rivojlanishini isbotladi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiHayvonlar dunyosiKeyingi →Hujayrani o‘rganish usullari