Hujayra tarkibiga kiruvchi suv va anorganik moddalar
Mavzular
Hujayrada suv miqdori
Suv – tirik organizmlar tarkibida uchraydigan va tabiatda keng tarqalgan anorganik modda. Hujayrada suv qancha ko‘p bo‘lsa, uning hayot faoliyati shuncha jadal bo‘ladi. Turli hujayralarda suvning miqdori har xil. Masalan, tish emali hujayralarida 10 % ga yaqin, o‘simlik hujayralarida esa 90 % dan ko‘proq suv bo‘ladi. Odam va hayvonlarning tez o‘sayotgan hujayralarida qariyib 95 % suv bor. Ko‘p hujayrali organizmda suvning o‘rtacha miqdori 80 % ni tashkil etadi.
Hujayrada suvning ahamiyati juda katta. Hujayraning fizik xossalari – hajmi, tarangligi suvga bog‘liq bo‘ladi. Tirik organizmlar uchun suv nafaqat ular hujayrasining zaruriy tarkibiy qismi, balki yashash muhiti hamdir.
Qutblanish va vodorod bog‘lar
Suvning vazifalari ko‘p jihatdan uning kimyoviy va fizikaviy xususiyatlari bilan aniqlanadi. Bu xususiyatlar asosan suv molekulasining kichikligi va ularning qutblanishi hamda bir-biri bilan vodorod bog‘lar hosil qilib bog‘lanishi orqali amalga oshiriladi.
Qutblanish deganda molekuladagi zaryadlarning notekis taqsimlanishi tushuniladi. Suv molekulasining bir chekkasi kuchsiz musbat zaryadga ega bo‘lsa, ikkinchisi manfiy bo‘ladi. Bunday molekula dipol deb ataladi. Kislorodning elektromanfiy atomi vodorod atomining elektronlarini o‘ziga tortishi tufayli elektrostatik o‘zaro ta’sir vujudga keladi va suv molekulalari “yopishganday” bo‘ladi (20- rasm).

Bu o‘zaro ta’sir ion bog‘lariga nisbatan odatda ancha kuchsiz bo‘lib, vodorod bog‘lar deb ataladi. Suv qutblangan moddalar uchun juda yaxshi erituvchi hisoblanadi.
Suv – erituvchi va reagent
Suv erituvchi sifatida hujayra moddalarining parchalanishini ta’minlaydi. Suv toza kimyoviy modda sifatida ham o‘ta muhim ahamiyatga ega. Bir qator katalizatorlar ta’sirida suv gidroliz reaksiyalarini amalga oshiradi. Bu reaksiyalarda suvning OH⁻ va H⁺ guruhlari turli xil molekulalarning erkin valentligiga birikadi. Natijada yangi xususiyatga ega bo‘lgan yangi modda hosil bo‘ladi.
Mineral tuzlar
Mineral tuzlar. Hujayradagi anorganik moddalarning katta qismi tuzlar sifatida uchraydi. Ular ion holatida yoki qattiq erimaydigan tuz ko‘rinishida bo‘ladi. Ion holda uchraydiganlar orasida K⁺, Na⁺, Ca²⁺ tuzlari muhim ahamiyatga ega. Chunki ular tirik organizmlarga xos bo‘lgan xususiyat qo‘zg‘aluvchanlikni amalga oshirishni ta’minlaydi.
Hujayra buferligi
Hujayraning buferlik xususiyati uning ichki qismidagi tuzlarning aralashmasiga bog‘liq. Hujayraning ichki muhitini mo‘tadil darajada kuchsiz ishqoriy holatda saqlab turish qobiliyati uning buferligi deb ataladi. Hujayraning ichki muhit buferligini asosan H₂PO₄⁻ va HPO₄²⁻ anionlari ta’minlaydi. Hujayra tashqarisidagi suyuqlik va qondagi buferlik vazifasini H₂CO₃ va HCO₃⁻ bajaradi. Kuchsiz kislotalar va kuchsiz ishqorlarning anionlari vodorod ionlari hamda gidroksil ionlar (OH⁻) bilan bog‘lanadi. Natijada hujayraning ichki muhiti buferlik darajasi, ya’ni pH qiymati deyarli o‘zgarmaydi. Ca va P ning asosiy qismi suyak to‘qimalarini hosil qilishda ishtirok etadi. Ulardan asosan murakkab kalsiy fosfat va murakkab kalsiy karbonat tuzlari ko‘rinishda foydalanadi.
Organik birikmalar va monomerlar
Тirik organizmlar hujayrasining o‘rtacha 20–30 foizini organik birikmalar tashkil qiladi. Ular xilma xil katta va kichik molekular og‘irlikka ega bo‘lgan moddalar bo‘lib, biomolekulalar deb ataladi. Kichik molekulali oddiy organik molekulalar monomerlar deb ataladi. Ko‘p sonli monomerlar bir-biri bilan qo‘shilib, juda katta molekulalarni hosil qiladi. Ular makromolekula yoki polimerlar deb ataladi.
Barcha tirik organizmlar tarkibida asosan to‘rt xil makromolekulali organik birikmalar: uglevod, oqsil, nuklein kislota va lipidlar uchraydi. Bulardan oqsil, nuklein kislota va uglevodlar biopolimerlar deb ataladi. Chunki ular bir-biriga o‘xshash tuzilishga ega bo‘lgan monomerlardan, ya’ni aminokislota, nukleotid va monosaxaridlardan iboratdir. Lipidlar bundan istisnodir.
Biopolimerlar guruhlari
Har bir tirik organizm yuqoridagi monomerlar asosida faqat o‘ziga xos bo‘lgan biopolimerlarni hosil qilish xususiyatiga ega. Biopolimerlar tirik organizmlarda turli xil vazifalarni bajaradi. Bularni uchta guruhga ajratish mumkin. Birinchi guruh tuzilmalar hosil qiluvchi biopolimerlar bo‘lib, polisaxaridlar va ayrim oqsillardan iborat. Ikkinchi guruh biologik funksiyalarni, masalan, katalizatorlik yoki tashish (transport) vazifasini bajaruvchi biopolimerlar bo‘lib, ularga asosan oqsillar kiradi. Uchinchi guruh axborot saqlovchi informatsion polimerlar bo‘lib, nuklein kislotalardan tashkil topgan.
Eng muhim biomolekulalar
Bulardan eng muhimlari oqsillar va nuklein kislotalardir. Uglevodlar bilan lipidlar hujayrani energiya bilan ta’minlovchi biomolekulalar hisoblanadi. Biomolekulalarning tuzilishi va bajaradigan vazifalariga alohida to‘xtaymiz. Ular hayot faoliyatini barcha jarayonlarida hal qiluvchi vazifalarni bajaradi.
Shu bilan birga hujayralarda bir qator kichik molekulali organik moddalar – gormon, pigment, shakar, aminokislota, nukleotid va boshqalar uchraydi. Тurli tipdagi hujayralar har xil miqdordagi organik birikmalarni saqlaydi. Masalan, o‘simlik hujayralarida uglevod ko‘p bo‘ladi. Hayvon hujayralarida aksincha, oqsillar ko‘p uchraydi.
Bilimingizni sinang
Tish emali hujayralarida suvning miqdori taxminan qancha?
- Taxminan 80 %
- Taxminan 95 %
- Taxminan 10 %
- Taxminan 40 %
To‘g‘ri javob: Taxminan 10 %. Tish emali hujayralarida suv 10 % ga yaqin, shuning uchun suv eng kam hujayralardan biridir.
Ko‘p hujayrali organizmda suvning o‘rtacha miqdori necha foizni tashkil etadi?
- 95 %
- 80 %
- 10 %
- 50 %
To‘g‘ri javob: 80 %. Ko‘p hujayrali organizmda suvning o‘rtacha miqdori 80 % ni tashkil etadi.
Hujayraning qaysi fizik xossalari suvga bog‘liq bo‘ladi?
- Rangi va qattiqligi
- Massasi va rangi
- Zichligi va qattiqligi
- Hajmi va tarangligi
To‘g‘ri javob: Hajmi va tarangligi. Hujayraning hajmi va tarangligi suv miqdoriga bog‘liq.
Qutblanish deganda nima tushuniladi?
- Molekuladagi zaryadlarning notekis taqsimlanishi
- Moddalarning suvda erimasligi
- Molekuladagi atomlar sonining ortishi
- Molekulalarning bir-biri bilan qo‘shilib polimer hosil qilishi
To‘g‘ri javob: Molekuladagi zaryadlarning notekis taqsimlanishi. Qutblanish – molekulada zaryadlarning notekis taqsimlanishi.
Bir chekkasi kuchsiz musbat, ikkinchi chekkasi manfiy zaryadga ega suv molekulasi nima deb ataladi?
- Polimer
- Monomer
- Peptid
- Dipol
To‘g‘ri javob: Dipol. Qutblangan, ikki qutbli molekula dipol deb ataladi.
Suv molekulalari nima sababdan bir-biriga yopishganday bo‘ladi?
- Vodorod atomi kislorodning elektronlarini o‘ziga tortgani uchun
- Molekulalar orasida ion bog‘ vujudga kelgani uchun
- Molekulalar orasida kovalent bog‘ hosil bo‘lgani uchun
- Kislorodning elektromanfiy atomi vodorod elektronlarini o‘ziga tortgani uchun
To‘g‘ri javob: Kislorodning elektromanfiy atomi vodorod elektronlarini o‘ziga tortgani uchun. Kislorod elektromanfiy bo‘lgani uchun vodorod elektronlarini tortadi va elektrostatik o‘zaro ta’sir (vodorod bog‘) paydo bo‘ladi.
Suv molekulalari orasidagi vodorod bog‘lar ion bog‘lariga nisbatan qanday?
- Ancha kuchli
- Teng kuchda
- Faqat kristallarda kuchli
- Ancha kuchsiz
To‘g‘ri javob: Ancha kuchsiz. Vodorod bog‘lar ion bog‘lariga nisbatan odatda ancha kuchsiz.
Suv qanday moddalar uchun juda yaxshi erituvchi hisoblanadi?
- Neytral yog‘lar
- Lipidlar va mumlar
- Qutblanmagan moddalar
- Qutblangan moddalar
To‘g‘ri javob: Qutblangan moddalar. Suv qutblangan modda bo‘lgani uchun qutblangan moddalarni yaxshi eritadi; lipidlar esa suvda erimaydi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash