XotirAI logotipiXotirAI
🧬 9-sinf · Biologiya · 19-§.

Hujayraning kimyoviy tarkibi

Mavzular

Hujayra elementlari guruhlari

Hujayra tarkibiga jonsiz tabiatda uchraydigan kimyoviy elementlardan 70 taga yaqini kiradi. Ular ko‘pincha biogen elementlar deb ataladi. Bu tirik va jonsiz tabiatni umumiyligini ta’kidlovchi dalillardan biridir. Biroq tirik va jonsiz tabiatdagi kimyoviy elementlarning o‘zaro nisbati turlicha bo‘ladi. Tirik organizm tarkibiga kiruvchi kimyoviy elementlar miqdoriga qarab bir necha guruhga bo‘linadi. Bular: makroelementlar (S, O, H, N, P, C, K, Na, Ca, Mg, Cl, Fe) va mikroelementlar (Zn, Cu, J, F, Co, Mo, Sr, Mn, B)dir.

Asosiy elementlar va ulushi

Hujayra massasining 98 % ini to‘rtta element: vodorod, kislorod, uglerod va azot tashkil qiladi. Bu elementlar barcha organik birikmalarning asosiy tarkibiy qismlari hisoblanadi. Bulardan tashqari biologik polimerlar (yunonchada: “poli” – ko‘p, “meros” – qism) hisoblangan oqsil va nuklein kislotalar tarkibida yana fosfor va oltingugurt ham uchraydi. Hujayra tarkibidagi P, S, K, Na, Ca, Mg, Cl, Fe kabilar 1,9 % ni tashkil etadi. Ularning har biri hujayrada muhim vazifalarni bajaradi.

Makroelementlar vazifalari

Masalan, Na, K va Cl hujayra membranalari orqali turli xil moddalarni o‘tkazishni ta’minlaydi. Nerv hujayralarida hosil bo‘ladigan qo‘zg‘alishlarini o‘tishi ham shu elementlar yordamida amalga oshiriladi. Ca va P suyak to‘qimalarini hosil qilishda ularning mustahkamligini ta’minlashda ishtirok etadi. Bundan tashqari Ca qonning normal ivishini ta’minlovchi omildir. Fe elementi eritrositlar oqsili – gemoglobin tarkibiga kiradi va kislorodni o‘pkadan to‘qimalarga olib borishda ishtirok etadi. Mg elementi o‘simlik hujayralarida fotosintezda ishtirok etuvchi pigment – xlorofill tarkibiga kiradi, hayvonlarda esa, biologik katalizatorlar tarkibida biokimyoviy reaksiyalarni tezlashtirishni ta’minlaydi.

Mikroelementlar va ahamiyati

Barcha qolgan elementlar (rux, mis, yod, ftor, kobalt, marganes, molibden, bor va boshqalar) hujayrada juda kam miqdorda uchraydi, ya’ni hujayra massasining 0,02 % ga yaqin qismini tashkil etadi. Mikroelementlar biologik faolligi yuqori bo‘lgan moddalar – gormonlar, fermentlar, vitaminlar tarkibiga kiradi. Masalan, qalqonsimon bez tomonidan ishlab chiqariladigan tiroksin gormoni tarkibiga yod elementi kiradi. Uning yetishmasligi tiroksinni hosil bo‘lishini kamaytiradi, natijada bez gipofunksiyaga uchraydi va buqoq kasalligi rivojlanadi. Rux bir qator fermentlarning tarkibida, jinsiy gormonlarning faolligini oshiradi. Kobalt B12 vitaminining zaruriy tarkibiy qismi bo‘lib, qon hosil bo‘lishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Bilimingizni sinang

Hujayra massasining 98 % ini qaysi to‘rtta element tashkil qiladi?
  1. Kislorod, uglerod, fosfor va oltingugurt
  2. Vodorod, kaliy, natriy va azot
  3. Uglerod, azot, kalsiy va temir
  4. Vodorod, kislorod, uglerod va azot

To‘g‘ri javob: Vodorod, kislorod, uglerod va azot. Hujayra massasining 98 % ini vodorod, kislorod, uglerod va azot tashkil qiladi.

Temir (Fe) elementi hujayrada qanday vazifada ishtirok etadi?
  1. Xlorofill tarkibiga kirib, fotosintezda qatnashadi
  2. Gemoglobin tarkibiga kirib, kislorodni o‘pkadan to‘qimalarga olib borishda qatnashadi
  3. Qalqonsimon bez gormoni tarkibiga kiradi
  4. Suyak to‘qimasining mustahkamligini ta’minlaydi

To‘g‘ri javob: Gemoglobin tarkibiga kirib, kislorodni o‘pkadan to‘qimalarga olib borishda qatnashadi. Fe eritrositlar oqsili gemoglobin tarkibiga kiradi va kislorod tashishda ishtirok etadi.

Elementlarni ularning vazifasi bilan moslang: 1) Mg; 2) Co; 3) Ca. a) qonning normal ivishini ta’minlaydi; b) B12 vitaminining zaruriy tarkibiy qismi; c) o‘simlik hujayralarida xlorofill tarkibiga kiradi.
  1. 1-b, 2-a, 3-c
  2. 1-c, 2-b, 3-a
  3. 1-a, 2-c, 3-b
  4. 1-c, 2-a, 3-b

To‘g‘ri javob: 1-c, 2-b, 3-a. Mg – xlorofill, Co – B12 vitamini, Ca – qon ivishi.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Na, K va Cl hujayra membranalari orqali moddalar o‘tishini ta’minlaydi; II. Ca va P suyak to‘qimalarini hosil qilishda ishtirok etadi; III. Yod yetishmasligi tiroksin hosil bo‘lishini oshiradi.
  1. I va II
  2. Faqat II
  3. II va III
  4. I, II va III

To‘g‘ri javob: I va II. III noto‘g‘ri: yod yetishmasligi tiroksin hosil bo‘lishini kamaytiradi.

Yod elementi yetishmasa, organizmda qanday oqibat yuzaga keladi?
  1. Tiroksin hosil bo‘lishi kamayadi, bez gipofunksiyaga uchrab, buqoq rivojlanadi
  2. Tiroksin ko‘payadi, bez giperfunksiyaga uchraydi
  3. Gemoglobin kamayib, kislorod tashilishi susayadi
  4. Qon ivishi buziladi va suyaklar mo‘rtlashadi

To‘g‘ri javob: Tiroksin hosil bo‘lishi kamayadi, bez gipofunksiyaga uchrab, buqoq rivojlanadi. Yod tiroksin tarkibiga kiradi; yetishmasa tiroksin kamayadi, bez gipofunksiyaga uchraydi va buqoq paydo bo‘ladi.

P, S, K, Na, Ca, Mg, Cl va Fe elementlari hujayra massasining qancha qismini tashkil etadi?
  1. 9,8 %
  2. 19 %
  3. 0,02 %
  4. 1,9 %

To‘g‘ri javob: 1,9 %. Bu makroelementlar hujayra massasining 1,9 % ini tashkil etadi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiHujayralar evolutsiyasiKeyingi →Hujayra tarkibiga kiruvchi suv va anorganik moddalar