XotirAI logotipiXotirAI
🧬 9-sinf · Biologiya · 22-§.

Uglevodlar

Mavzular

Uglevodlar va ularning tarqalishi

Uglevodlar tabiatda keng tarqalgan organik birikmalar bo‘lib, ular umumiy Cn(H2O)m formula bilan ifodalanadi. “Uglevod” atamasining nomi tarkibidagi vodorod va kislorodning o‘zaro nisbati xuddi suv molekulasiga o‘xshashligidan kelib chiqqan.

Uglevodlar tirik organizmlar hayotida muhim ahamiyatga ega birikmalardir. Ular oqsillar, nuklein kislotalar va yog‘larni hosil bo‘lishida alohida ahamiyatga ega. Uglevodlarning ko‘pchiligi o‘simliklarda zaxira modda sifatida to‘planadi. Masalan, paxta tolasini, kanop o‘simligi po‘stlog‘ini sellyuloza deb ataluvchi polisaxarid tashkil qiladi. Kraxmal esa o‘simliklarning ildizmevalarida, tugunaklarida va donli o‘simliklarning urug‘larida zaxira modda sifatida to‘planadi.

Hayvon hujayralarida uglevodlarning miqdori kam bo‘lib, 1–2 foizni, ba’zan jigar va muskul hujayralarida 5 foizni tashkil qiladi. O‘simlik hujayralarida esa uglevodlar ko‘p miqdorda uchraydi va ayrim hollarda o‘simliklarning quruq massasining 95 foizi uglevoddan (paxta tolasida) iborat bo‘ladi.

Monosaxaridlar

Uglevodlar uglerod, vodorod va kisloroddan tarkib topgan organik birikmalardir, shuningdek, uglevodlarning ko‘pchilik qismida vodorod atomlari soni kislorod atomlari sonidan ikki baravar ortiq bo‘ladi.

Uglevodlar oddiy va murakkab bo‘ladi. Oddiy uglevodlar monosaxaridlar, murakkab uglevodlar esa polisaxaridlar deb ataladi.

Monosaxaridlar. Monosaxaridlar nomi “oza” bilan tugaydi. Molekuladagi C atomi soni va monosaxaridning biror xossasi so‘z o‘zagi bo‘lib xizmat qiladi.

Shunday qilib, monosaxarid tarkibida C uchta bo‘lsa – trioza, to‘rtta bo‘lsa – tetroza, beshta bo‘lsa – pentoza, oltita bo‘lsa – geksoza va hk. “Glukoza” nomi esa shu monosaxaridning shirinligini, “fruktoza” – bu monosaxaridning mevada bo‘lishini, “galaktoza” – esa monosaxaridning sutda bo‘lishini ko‘rsatadi. Eng ko‘p tarqalgan monosaxaridlar glukoza (uzum shakari) va fruktoza (meva shakarlari) hisoblanadi. Glukozaning qondagi miqdori 0,1–0,12 % ga teng. Glukoza ko‘pgina disaxaridlar va polisaxaridlar tarkibiga kiradi. Pentozalarga riboza bilan dezoksiriboza misol bo‘ladi.

Disaxaridlar va polisaxaridlar

Disaxaridlar. Ikkita monosaxariddan tashkil topgan birikma disaxaridlar deb ataladi. Bularga saxaroza (qand lavlagi shakari), maltoza (don shakari), laktoza (sut shakari) misol bo‘ladi. Disaxaridlardan biri shakar, ya’ni saxarozadir. Saxaroza bir molekula glukoza bilan bir molekula fruktozadan tuzilgan, sut shakari esa bir molekula glukoza bilan bir molekula galaktozadan tashkil topgan.

Polisaxaridlar. Polisaxaridlar ichida eng ko‘p tarqalganlari kraxmal (o‘simliklarda), glikogen (hayvonlarda) va sellyulozadir. Ularning monomeri glukoza hisoblanadi. Paxta tolasi deyarli toza sellyulozadan iborat.

Uglevodlarning ahamiyati

Uglevodlarning ahamiyati. Uglevodlar tirik organizmlarda ikkita asosiy: qurilish va energetik vazifalarni bajaradi. Masalan, sellyuloza o‘simlik hujayrasining qobig‘larini hosil qilishda ishtirok etadi; murakkab tuzilishga ega bo‘lgan xitin moddasi ham uglevoddan iborat bo‘lib, hasharotlarni tashqi skeleti tarkibiga kiradi. Xitin zamburug‘ hujayrasi tarkibida ham uchraydi.

Uglevodlar hujayraning asosiy energetik manbai hisoblanadi. 1 gramm uglevod parchalanganda 17,6 kJ energiya ajralishi aniqlangan.

O‘simliklarda kraxmal, hayvonlarda glikogen zaxira modda sifatida hujayralarda to‘planadi va bu moddalar ozuqa hamda energiya zaxirasi vazifasini o‘taydi.

Bilimingizni sinang

Uglevod atamasining nomi qanday holatdan kelib chiqqan?
  1. Tarkibida faqat uglerod va azot borligidan
  2. Uglevodlarning suvda erimasligidan
  3. Tarkibidagi vodorod soni kisloroddan uch baravar ortiqligidan
  4. Tarkibidagi vodorod va kislorod nisbati suv molekulasiga o‘xshashligidan

To‘g‘ri javob: Tarkibidagi vodorod va kislorod nisbati suv molekulasiga o‘xshashligidan. Uglevodlarda vodorod va kislorod nisbati suvdagidek, shuning uchun Cn(H2O)m formulasi bor.

Kraxmal o‘simliklarning qaysi qismlarida zaxira modda sifatida to‘planadi?
  1. Ildizmevalarida, tugunaklarida va donli o‘simliklar urug‘larida
  2. Gul va mevalarining po‘stida
  3. Barg va yosh poyalarida
  4. Faqat o‘tkazuvchi to‘qimalarida

To‘g‘ri javob: Ildizmevalarida, tugunaklarida va donli o‘simliklar urug‘larida. Kraxmal ildizmevalarda, tugunaklarda va donli o‘simliklar urug‘larida to‘planadi.

Hayvon hujayralarida uglevodlarning miqdori odatda qancha bo‘ladi?
  1. 50–60 foiz
  2. 1–2 foiz
  3. 20–30 foiz
  4. 80–90 foiz

To‘g‘ri javob: 1–2 foiz. Hayvon hujayralarida uglevod kam: 1–2 foiz, jigar va muskulda ba’zan 5 foiz.

Quruq massasining 95 foizigacha uglevoddan iborat bo‘lishiga qaysi o‘simlik mahsuloti misol bo‘ladi?
  1. Kungaboqar urug‘i
  2. Zig‘ir urug‘i
  3. Paxta tolasi
  4. Soya donasi

To‘g‘ri javob: Paxta tolasi. Paxta tolasi quruq massasining 95 foizi uglevoddan (sellyulozadan) iborat.

Monosaxaridlarni nomi va tarkibidagi C atomlari soni bilan moslang: 1) trioza; 2) tetroza; 3) pentoza. a) beshta C atomi; b) uchta C atomi; c) to‘rtta C atomi.
  1. 1-a, 2-b, 3-c
  2. 1-b, 2-a, 3-c
  3. 1-c, 2-b, 3-a
  4. 1-b, 2-c, 3-a

To‘g‘ri javob: 1-b, 2-c, 3-a. Trioza – 3, tetroza – 4, pentoza – 5 ta C atomli monosaxarid.

Disaxaridlarni ularning nomlanishi bilan moslang: 1) saxaroza; 2) maltoza; 3) laktoza. a) don shakari; b) sut shakari; c) qand lavlagi shakari.
  1. 1-c, 2-a, 3-b
  2. 1-a, 2-c, 3-b
  3. 1-c, 2-b, 3-a
  4. 1-b, 2-a, 3-c

To‘g‘ri javob: 1-c, 2-a, 3-b. Saxaroza – qand lavlagi shakari, maltoza – don shakari, laktoza – sut shakari.

Saxaroza disaxaridi qaysi monosaxaridlardan tuzilgan?
  1. Fruktoza va galaktoza
  2. Glukoza va glukoza
  3. Glukoza va galaktoza
  4. Glukoza va fruktoza

To‘g‘ri javob: Glukoza va fruktoza. Saxaroza bir molekula glukoza va bir molekula fruktozadan tuzilgan (glukoza + galaktoza – laktoza).

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Glukozaning qondagi miqdori 0,1–0,12 % ga teng; II. Pentozalarga riboza va dezoksiriboza misol bo‘ladi; III. Fruktoza nomi monosaxaridning sutda bo‘lishini ko‘rsatadi.
  1. I va II
  2. Faqat I
  3. II va III
  4. I, II va III

To‘g‘ri javob: I va II. III noto‘g‘ri: sutda bo‘lishini galaktoza nomi, mevada bo‘lishini fruktoza nomi ko‘rsatadi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiBiomolekulalarKeyingi →Lipidlar