XotirAI logotipiXotirAI
🧬 9-sinf · Biologiya · 23-§.

Lipidlar

Mavzular

Lipidlar va neytral yog‘lar

Suvda erimaydigan organik birikmalar lipidlar yoki yog‘lar deb ataladi. Bu guruhga mansub birikmalar turli-tumanligi bilan ajralib turadi. Bulardan keng tarqalgani oddiy lipidlar – neytral yog‘lardir. Hayvonlarning neytral yog‘lari – yog‘lar, o‘simlik yog‘lari esa – moylar deb ataladi. Moylar odatdagi haroratda suyuq bo‘ladi.

Yog‘larning vazifalari

Yog‘larning hujayradagi asosiy vazifasi energiya manbai sifatida namoyon bo‘lishidir. Yog‘larning kaloriyasi karbonsuvlarga nisbatan 1,5–2,0 barobar yuqori bo‘ladi. 1 gramm yog‘ning to‘liq parchalanishi natijasida 38,9 kJ energiya ajralib chiqadi. Hujayradagi yog‘ning miqdori 5–15 % atrofida bo‘ladi. Yog‘ to‘qimalarining hujayralarida yog‘ning miqdori 90 % gacha boradi.

Qishki uyquga moyil bo‘lgan hayvonlar organizmida yog‘lar ortiqcha miqdorda to‘planadi. Umurtqali hayvonlarning teri ostida ham yog‘lar to‘planib, u issiqni saqlash vazifasini bajaradi.

Metabolik suv va moyli o‘simliklar

Yog‘larning parchalanishidan hosil bo‘ladigan moddalardan biri suvdir. 1 kg yog‘ oksidlanganda 1,1 litr suv hosil bo‘ladi. Bu metabolik suv cho‘l hayvonlari uchun o‘ta ahamiyatli hisoblanadi. Tuya o‘rkachida to‘plangan yog‘ energiya manbai emas (ko‘pincha shunday noto‘g‘ri tushuncha mavjud) balki suv manbayi hisoblanadi.

O‘simliklarning urug‘larida ham moylar zaxira modda sifatida ko‘p miqdorda to‘planadi. Bularga moyli o‘simliklardan kungaboqar, zig‘ir, g‘o‘za, soya, maxsar va boshqalarni misol qilib ko‘rsatish mumkin.

Oddiy lipidlar va mumlar

Oddiy lipidlar kimyoviy jihatdan glitserin va yog‘ kislotasidan iborat. Oddiy lipidlarning yana bir vakili mumlardir. O‘simlik va hayvonlar bu moddadan suvni yuqtirmaslik maqsadida foydalanadi. Mumdan, asalarilar uya quradi.

Murakkab lipidlar

Tirik organizmlarning hujayralarida murakkab lipidlar ham muhim ahamiyatga ega. Murakkab lipidlar tarkibida glitserin va yog‘ kislotasidan tashqari qo‘shimcha birikmalar bo‘ladi. Bulardan biri fosfolipidlar bo‘lib, hujayra membranalari tarkibiga kiradi. Ular membranalarni hosil bo‘lishida muhim ahamiyatga ega hisoblanadi. Lipidlar oqsillar bilan birikib lipoproteinlarni hosil qiladi. Lipoproteinlar transport (tashish) va qurilish (membranalarni) vazifasini bajaradi.

Murakkab lipidlarga glikolipidlar ham taalluqlidir. Bular hujayra membranalari tarkibida uchraydi. Lipidlarga yana bir guruh moddalar steroidlar ham kiradi. Ular o‘simlik va hayvon organizmlarida keng tarqalgan. Organik kislota va ularning tuzlari, jinsiy gormonlar, vitaminlar, xolistirol va boshqalar shular jumlasidandir. Bular bir qator muhim fiziologik va biokimyoviy jarayonlar bilan bog‘liq bo‘lgan vazifalarni bajaradi.

Bilimingizni sinang

Qanday organik birikmalar lipidlar yoki yog‘lar deb ataladi?
  1. Suvda yaxshi eriydigan organik birikmalar
  2. Aminokislotalardan tuzilgan birikmalar
  3. Faqat o‘simliklarda uchraydigan birikmalar
  4. Suvda erimaydigan organik birikmalar

To‘g‘ri javob: Suvda erimaydigan organik birikmalar. Suvda erimaydigan organik birikmalar lipidlar yoki yog‘lar deyiladi.

O‘simliklarning neytral yog‘lari nima deb ataladi va odatdagi haroratda qanday holatda bo‘ladi?
  1. Moylar – suyuq
  2. Moylar – qattiq
  3. Yog‘lar – qattiq
  4. Mumlar – suyuq

To‘g‘ri javob: Moylar – suyuq. Hayvonlarniki yog‘lar, o‘simlikniki moylar; moylar odatdagi haroratda suyuq.

1 kg yog‘ oksidlanganda 1,1 litr metabolik suv hosil bo‘ladi. Tuya o‘rkachida 5 kg yog‘ bo‘lib, u to‘liq oksidlansa, necha litr suv hosil bo‘ladi?
  1. 1,1 litr
  2. 5,5 litr
  3. 55 litr
  4. 0,22 litr

To‘g‘ri javob: 5,5 litr. 5 kg × 1,1 l/kg = 5,5 litr.

Tuya o‘rkachida to‘plangan yog‘ asosan qanday vazifani bajaradi?
  1. Hujayra membranalarini hosil qiladi
  2. Energiya manbai bo‘lib xizmat qiladi
  3. Issiqdan muhofaza qiladi
  4. Suv manbayi hisoblanadi

To‘g‘ri javob: Suv manbayi hisoblanadi. Yog‘ oksidlanganda metabolik suv hosil bo‘ladi, shuning uchun o‘rkachdagi yog‘ cho‘l hayvoni uchun suv manbayidir.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Yog‘larning kaloriyasi karbonsuvlarga nisbatan 1,5–2,0 barobar yuqori; II. 1 gramm yog‘ to‘liq parchalanganda 17,6 kJ energiya ajraladi; III. Yog‘ to‘qimalari hujayralarida yog‘ miqdori 90 % gacha boradi.
  1. Faqat I
  2. II va III
  3. I, II va III
  4. I va III

To‘g‘ri javob: I va III. II noto‘g‘ri: 1 g yog‘dan 38,9 kJ energiya ajraladi (17,6 kJ – uglevodniki).

Quyidagilarni ularning tavsifi bilan moslang: 1) fosfolipidlar; 2) lipoproteinlar; 3) mumlar. a) lipidlarning oqsillar bilan birikishidan hosil bo‘lib, tashish vazifasini bajaradi; b) hujayra membranalari tarkibiga kiradi; c) asalarilar uya qurishda foydalanadi.
  1. 1-a, 2-b, 3-c
  2. 1-c, 2-a, 3-b
  3. 1-b, 2-a, 3-c
  4. 1-b, 2-c, 3-a

To‘g‘ri javob: 1-b, 2-a, 3-c. Fosfolipidlar membrana tarkibida, lipoproteinlar oqsil bilan birikib tashiydi, mumdan asalarilar uya quradi.

Umurtqali hayvonlarning teri ostida to‘planadigan yog‘ qanday vazifani bajaradi?
  1. Qonni ivitish vazifasini
  2. Issiqni saqlash vazifasini
  3. Kislorodni tashish vazifasini
  4. Oqsil sintezlash vazifasini

To‘g‘ri javob: Issiqni saqlash vazifasini. Teri osti yog‘ qatlami issiqni saqlaydi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiUglevodlarKeyingi →Oqsillar. Aminokislotalar