XotirAI logotipiXotirAI
🧬 9-sinf · Biologiya · 27-§.

Oqsillarning funksiyasi

Mavzular

Qurilish va katalizatorlik

Hujayrada oqsillar turli xil funksiyalarni bajaradi.

Qurilish funksiyasi — oqsillar hujayra va uning organoidlari membranasini hamda membranasiz organoidlarni hosil qilishda ishtirok etadi. Oqsil membraning ajralmas qismidir.

Oqsillarga xos bo‘lgan muhim xususiyatlardan biri katalizatorlik funksiyasidir. Hujayra katalizatorlari odatda fermentlar deb ataladi. Hujayrada kechadigan moddalar almashinuvi jarayonini fermentlar ta’minlab beradi.

Barcha fermentlar oqsil tabiatga ega bo‘lib hujayraning o‘zida sintezlanadi. Hujayra ichida fermentlar bir vaqtning o‘zida yuzlab minglab reaksiyalarni tezlatadi. Hujayradagi har bir reaksiyaning ketishi uchun ayrim ferment kerak bo‘ladi. Ya’ni har bir ferment alohida birikmaga tanlab ta’sir ko‘rsatish xususiyatiga ega.

Signal va harakat funksiyasi

Signal funksiyasi — hujayra membranasining yuza qismida o‘zining uchlamchi strukturasini tashqi muhit omillari ta’sirida o‘zgartira oladigan oqsil (radopsin) molekulalari joylashgan. Tashqi muhitdan signallar qabul qilish va hujayraga axborot berib turish oqsil strukturalarni o‘zgarishi orqali amalga oshadi.

Harakat funksiyasi — yuksak hayvonlarning hujayralari uchun zarur bo‘lgan harakatlarining hamma turlari, sodda hayvonlarda kipriklarning tebranishi, xivchinlarning harakatlanishi maxsus qisqaruvchi oqsillar faoliyati tufayli amalga oshadi.

Transport va himoya

Transport funksiyasi — bu oqsillarning o‘ziga kimyoviy elementlar yoki biologik faol moddalarni biriktirib olishi va xilma-xil to‘qima hamda organlarga yetkazib berishidir. Eritrotsit tarkibidagi gemoglobin oqsili kislorodni biriktirib olib barcha to‘qima va organlarga tashib beradi, organlar faoliyati natijasida hosil bo‘lgan karbonat angidrid gazini o‘pkaga olib keladi.

Himoya funksiyasi – organizmga yot zarrachalar, begona oqsillar yoki mikroorganizmlar o‘tganda leykositlardan antitana va antitoksinlar ishlab chiqib ularga qarshi kurashadi. Antitana va antitoksinlar ta’sirida immunitet hosil bo‘ladi.

Zaxira, energiya va gormon

Zaxira funksiyasi — ayrim oqsillar sut, tuxum, o‘simlik donlarida zaxira holatda to‘planib embrion, murtak uchun ozuqa sifatida sarf bo‘ladi.

Energetik funksiyasi — oqsillar muhim energiya manbayi hamdir. 1 g oqsil kislorod ta’sirida to‘liq parchalanganda 17,6 kJ energiya ajralib chiqadi.

Oqsillar gormon vazifasini ham bajaradi. Masalan, insulin gormoni oqsil tabiatiga ega bo‘lib, qonda glukoza miqdorini nazorat qilib turadi. Umuman tirik organizmlarga xos bo‘lgan barcha vazifalarni bajarish oqsil molekulalari tomonidan amalga oshiriladi.

Bilimingizni sinang

Hujayrada moddalar almashinuvi reaksiyalarini tezlatuvchi katalizatorlar odatda nima deb ataladi?
  1. Antitoksinlar
  2. Antitanalar
  3. Gormonlar
  4. Fermentlar

To‘g‘ri javob: Fermentlar. Hujayra katalizatorlari fermentlar deb ataladi va moddalar almashinuvini ta’minlaydi.

Nima uchun hujayradagi har bir reaksiyaning ketishi uchun alohida ferment kerak bo‘ladi?
  1. Fermentlar oqsil tabiatiga ega bo‘lmagani uchun
  2. Fermentlar tashqi muhitdan qabul qilinganligi uchun
  3. Har bir ferment faqat alohida birikmaga tanlab ta’sir ko‘rsatadi
  4. Fermentlar faqat qurilish funksiyasini bajargani uchun

To‘g‘ri javob: Har bir ferment faqat alohida birikmaga tanlab ta’sir ko‘rsatadi. Ferment tanlab ta’sir etadi, shu sabab har bir reaksiya uchun o‘z fermenti zarur.

Oqsil funksiyalarini misollari bilan moslang: 1) transport; 2) himoya; 3) zaxira. a) leykositlarda antitana va antitoksinlar ishlab chiqiladi; b) gemoglobin kislorodni to‘qimalarga tashiydi; c) sut, tuxum va donlarda to‘planib, murtak ozuqasi bo‘ladi.
  1. 1-a, 2-b, 3-c
  2. 1-c, 2-a, 3-b
  3. 1-b, 2-a, 3-c
  4. 1-b, 2-c, 3-a

To‘g‘ri javob: 1-b, 2-a, 3-c. Gemoglobin kislorod tashiydi, antitanalar himoya qiladi, sut-tuxum-don oqsillari zaxira ozuqadir.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Barcha fermentlar oqsil tabiatga ega; II. Fermentlar hujayradan tashqarida sintezlanadi; III. Oqsil hujayra membranasining ajralmas qismidir.
  1. I va II
  2. II va III
  3. I, II va III
  4. I va III

To‘g‘ri javob: I va III. Fermentlar oqsil va hujayraning o‘zida sintezlanadi; oqsil membrananing ajralmas qismi.

Hujayra membranasi yuzasida joylashgan, tashqi muhit ta’sirida uchlamchi strukturasini o‘zgartira oladigan oqsil molekulalari qaysi funksiyani bajaradi?
  1. Signal funksiyasini
  2. Zaxira funksiyasini
  3. Energetik funksiyasini
  4. Transport funksiyasini

To‘g‘ri javob: Signal funksiyasini. Strukturasi o‘zgarishi orqali tashqi signalni qabul qilib, hujayraga axborot berish – signal funksiyasi.

1 g oqsil kislorod ta’sirida to‘liq parchalanganda 17,6 kJ energiya ajraladi. 5 g oqsil to‘liq parchalansa, qancha energiya ajraladi?
  1. 70,4 kJ
  2. 176 kJ
  3. 88 kJ
  4. 22,6 kJ

To‘g‘ri javob: 88 kJ. 17,6 kJ x 5 = 88 kJ.

Gemoglobin va insulin oqsillarining vazifalari qaysi javobda to‘g‘ri ko‘rsatilgan?
  1. Gemoglobin – qonda glukoza miqdorini nazorat qiladi; insulin – kislorodni tashiydi
  2. Gemoglobin – hujayra katalizatori; insulin – embrion uchun zaxira ozuqa
  3. Gemoglobin – antitana ishlab chiqaradi; insulin – kislorodni tashiydi
  4. Gemoglobin – kislorodni tashiydi; insulin – qonda glukoza miqdorini nazorat qiladi

To‘g‘ri javob: Gemoglobin – kislorodni tashiydi; insulin – qonda glukoza miqdorini nazorat qiladi. Gemoglobin transport, insulin esa gormon vazifasini bajaradi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiOqsillarning xossalariKeyingi →Nuklein kislotalar