Moddalar almashinuvi
Mavzular
Metabolizm tushunchasi
Tirik organizmlar tarkibidagi turli-tuman kimyoviy moddalar xilma-xil reaksiyalar natijasida doimiy ravishda o‘zgarib turadi. Bu jarayon moddalar almashinuvi yoki metabolizm deb ataladi. Moddalar almashinuvi tirik organizmning yashashi, o‘sishi, hayot faoliyati, ko‘payishi va tashqi muhit bilan doimo aloqada bo‘lishini ta’minlaydi. Bu esa tirik organizmlarning o‘zini o‘zi yangilashga, o‘ziga o‘xshash nasl qoldirishga olib keladi, ularning yashashi uchun zarur shart hisoblanadi.
Moddalar almashinuvi jarayonida tirik organizm tashqi muhitdan turli-tuman moddalarni qabul qiladi. Hayotiy hodisalar asosan moddalar almashinuvi tufayli namoyon bo‘ladi. Moddalar almashinuvi bir-biriga qarama-qarshi, lekin o‘zaro bog‘langan ikki jarayonni o‘z ichiga oladi. Bular assimilyatsiya (anabolizm, plastik almashinuv) va dissimilyatsiya (katabolizm, energetik almashinuv) reaksiyalaridan iborat. Moddalar almashinuvi organizmda ikkita: qurilish va energetik funksiyalarni bajaradi.
Plastik almashinuv (anabolizm)
Plastik almashinuv (anabolizm). Anabolizm jarayonida tirik organizmlarda moddalarning hosil bo‘lishi, ya’ni sintezlanish jarayoni kuzatiladi. Bunda organizm tashqi muhitdan har xil moddalarni qabul qiladi va ularni o‘zlashtiradi. Odam iste’mol qilinadigan bir kunlik ozuqaning energiyasi – 3000 kkalga teng keladi. Bu o‘zlashtirilgan mahsulotlar hujayrada kechadigan sintezlanish reaksiyalari uchun mahsulot sifatida sarf bo‘ladi.
Hujayrada oqsillar, uglevodlar, lipidlar, nuklein kislotalar sintezlanadi. Ayniqsa, o‘sayotgan hujayralarda assimilyatsiya reaksiyalari jadal boradi. Lekin to‘liq shakllanib bo‘lgan hujayralarda ham doimo sarf bo‘lgan organik moddalar o‘rniga yangilari sintezlanib turadi.
Hujayrada boradigan moddalarning sintezlanish jarayoni biologik sintez yoki qisqacha aytganda biosintez deb ataladi. Barcha biosintez reaksiyalari energiya yutilishi bilan amalga oshadi. Hujayrada boradigan oqsil, uglevod, lipid va nuklein kislota kabilarning sintezlanishi plastik almashinuvga misoldir. Biosintez reaksiyalarining yig‘indisi plastik almashinuv yoki assimilyatsiya deb ataladi.
Sintez misollari va genotip
Fermentlar yordamida oddiy kichik molekulali moddalardan murakkab yuqori molekulali birikmalar: aminokislotalardan oqsillar, monosaxaridlardan esa murakkab uglevodlar hosil bo‘ladi. Azotli asoslari esa nukleotidlar hosil qilishda ishtirok etadi va ulardan nuklein kislotalar shakllanadi. Xuddi shu tartibda oddiy asetat kislotalardan murakkab yog‘ kislotalari paydo bo‘ladi. Ular glitserin moddasi bilan reaksiyaga kirishib yog‘larni va moylarni hosil qiladi.
Biosintetik reaksiyalar har bir individ va turga xos bo‘lgan xususiyatlar asosida farqlanib turadi. Natijada oqsil – fermentlar yordamida hosil bo‘ladigan yirik organik molekulalar tuzilishi DNK tarkibidagi nukleotidlarning ketma-ketligi bilan aniqlanadi. Bu esa o‘z navbatida mazkur hujayraning genlar to‘plami genotip bilan bog‘liq.
Hosil bo‘lgan moddalar o‘sish jarayonida hujayra va ularning organoidlarini hosil qilish hamda sarflangan yoki parchalangan molekulalarni tiklash uchun ishlatiladi. Barcha sintez (hosil qiluvchi) reaksiyalari energiyani yutilishi orqali ro‘y beradi. Parchalanish reaksiyalarida esa aksincha, energiya ajralib chiqadi.
Energetik almashinuv (katabolizm)
Energetik almashinuv (katabolizm). Hujayrada boradigan parchalanish jarayonini dissimilyatsiya, katabolizm deb ham ataladi. Bu jarayonida moddalarning parchalanishi, ya’ni oqsillarni aminokislotalarga, kraxmal glukozaga, yog‘lar yog‘ kislotasi va glitseringacha parchalanadi. Dissimilyatsiya jarayonida energiya ajraladi. Bu reaksiyalarning biologik ahamiyati shundaki, ular hujayrani energiya bilan ta’minlaydi. Har qanday harakat, plastik almashinuv jarayoni energiya sarfi bilan amalga oshadi.
Parchalanish reaksiyalarining yig‘indisi hujayrada energiya almashinuvi yoki dissimilyatsiya deyiladi. Dissimilyatsiya assimilyatsiyaga qarama-qarshi lekin o‘zaro chambarchas bog‘liq bo‘lgan jarayonlardir. Chunki har qanday assimilyatsiya reaksiyalari uchun energiya sarflanishi kerak, bu energiya esa dissimilyatsiya reaksiyalari natijasida hosil bo‘ladi.
Plastik va energetik almashinuv sababli hujayra hayoti saqlanib boradi, uning o‘sishi, rivojlanishi va vazifalarini amalga oshishi yuzaga chiqadi. Tirik hujayra ochiq sistemadir, chunki hujayra bilan atrof-muhit o‘rtasida moddalar bilan energiya tinmay almashinib turadi.
Bilimingizni sinang
Tirik organizmlarda kimyoviy moddalarning xilma-xil reaksiyalar natijasida doimiy o‘zgarib turishi qanday ataladi?
- Metabolizm
- Dissimilyatsiya
- Biosintez
- Assimilyatsiya
To‘g‘ri javob: Metabolizm. Bu jarayon moddalar almashinuvi yoki metabolizm deyiladi.
Anabolizmning boshqa nomlari qaysi javobda to‘g‘ri ko‘rsatilgan?
- Katabolizm va plastik almashinuv
- Assimilyatsiya va plastik almashinuv
- Dissimilyatsiya va energetik almashinuv
- Assimilyatsiya va energetik almashinuv
To‘g‘ri javob: Assimilyatsiya va plastik almashinuv. Anabolizm = assimilyatsiya = plastik almashinuv; katabolizm = dissimilyatsiya = energetik almashinuv.
Moddalar almashinuvi organizmda qanday funksiyalarni bajaradi?
- Qurilish va energetik funksiyalarni
- Signal va harakat funksiyalarini
- Zaxira va himoya funksiyalarini
- Transport va gormonal funksiyalarni
To‘g‘ri javob: Qurilish va energetik funksiyalarni. Moddalar almashinuvi ikkita: qurilish va energetik funksiyani bajaradi.
Assimilyatsiya va dissimilyatsiyaga xos belgilar qaysi javobda to‘g‘ri ko‘rsatilgan?
- Assimilyatsiya – parchalanish, energiya ajraladi; dissimilyatsiya – sintez, energiya yutiladi
- Ikkalasida ham moddalar sintezlanadi va energiya yutiladi
- Assimilyatsiya – sintez, energiya ajraladi; dissimilyatsiya – parchalanish, energiya yutiladi
- Assimilyatsiya – sintez, energiya yutiladi; dissimilyatsiya – parchalanish, energiya ajraladi
To‘g‘ri javob: Assimilyatsiya – sintez, energiya yutiladi; dissimilyatsiya – parchalanish, energiya ajraladi. Sintez reaksiyalarida energiya yutiladi, parchalanishda ajraladi.
Odam iste’mol qiladigan bir kunlik ozuqaning energiyasi qancha?
- 1500 kkal
- 2000 kkal
- 3000 kkal
- 4000 kkal
To‘g‘ri javob: 3000 kkal. Bir kunlik ozuqa energiyasi 3000 kkalga teng.
Sintez reaksiyalarini moslang: 1) aminokislotalardan; 2) monosaxaridlardan; 3) asetat kislotalardan. a) murakkab uglevodlar; b) oqsillar; c) murakkab yog‘ kislotalari hosil bo‘ladi.
- 1-a, 2-b, 3-c
- 1-c, 2-a, 3-b
- 1-b, 2-c, 3-a
- 1-b, 2-a, 3-c
To‘g‘ri javob: 1-b, 2-a, 3-c. Aminokislotalardan oqsil, monosaxaridlardan murakkab uglevod, asetat kislotadan yog‘ kislotalari hosil bo‘ladi.
Parchalanish reaksiyalarini moslang: 1) oqsillar; 2) kraxmal; 3) yog‘lar. a) glukozagacha; b) aminokislotalargacha; c) yog‘ kislotasi va glitseringacha parchalanadi.
- 1-a, 2-b, 3-c
- 1-b, 2-c, 3-a
- 1-b, 2-a, 3-c
- 1-c, 2-a, 3-b
To‘g‘ri javob: 1-b, 2-a, 3-c. Oqsil aminokislotalarga, kraxmal glukozaga, yog‘lar yog‘ kislotasi va glitseringa parchalanadi.
Nima uchun assimilyatsiya va dissimilyatsiya o‘zaro chambarchas bog‘liq jarayonlar hisoblanadi?
- Assimilyatsiya uchun zarur energiya dissimilyatsiya natijasida hosil bo‘ladi
- Dissimilyatsiya uchun zarur energiya assimilyatsiya natijasida hosil bo‘ladi
- Ikkala jarayonda ham energiya faqat ajralib chiqadi, hech qachon yutilmaydi
- Ikkala jarayonda ham moddalar faqat sintezlanadi va energiya yutiladi
To‘g‘ri javob: Assimilyatsiya uchun zarur energiya dissimilyatsiya natijasida hosil bo‘ladi. Har qanday sintez energiya talab qiladi, bu energiya esa parchalanishdan olinadi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash