XotirAI logotipiXotirAI
🧬 9-sinf · Biologiya · 33-§.

Hujayraning oziqlanishi

Mavzular

Avtotrof va geterotrof hujayralar

Barcha tirik organizmlar hujayralarining oziqlanish usuliga qarab ikkita katta guruhga: avtotrof va geterotroflarga ajratiladi.

Avtotrof hujayralar. Bu guruh hujayralari organik moddalarni anorganik birikmalardan (CO2, H2O va h.k.) sintezlay oladi. Energiyasi kam shu moddalardan hujayralar glukoza, aminokislotalarni keyin esa murakkabroq birikmalarni: murakkab uglevodlar, oqsil kabi moddalarni sintezlaydi. Organik birikmalarni anorganik birikmalardan sintez qila oladigan hujayralarni avtotrof hujayralar yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri avtotroflar deb ataladi. Yer yuzidagi asosiy avtotroflar yashil o‘simliklarning hujayralaridir. Mikroorganizmlarning ma’lum bir guruhi ham avtotrof yo‘l bilan oziqlanadi.

Geterotrof hujayralar. Geterotrof hujayralar anorganik moddalardan organik moddalarni sintezlay olmaydi. Bunday hujayralar tayyor organik moddalarga ehtiyoj sezadigan hujayralar geterotrof hujayralar yoki geterotroflar deb ataladi.

Fotosintez tushunchasi

Fotosintez. Quyosh nuri ta’sirida o‘simliklarning yashil barglarida karbonat angidrid bilan suvdan murakkab organik birikmalar hosil bo‘lishi fotosintez deb ataladi. O‘simliklarning fotosintez jarayoni yer yuzida quyosh energiyasini organik birikmalarning kimyoviy energiyasiga aylantiruvchi birdan-bir vosita hisoblanadi. O‘simliklarning kosmik ahamiyati ham ana shundadir. Bu jarayonda hosil bo‘ladigan organik birikmalar tirik organizmlar uchun ozuqa va energiya manbai bo‘lib xizmat qiladi. Shu bilan birga fotosintez jarayoni atmosferani erkin kislorod bilan ham boyitadi. Fotosintez jarayonini o‘rganish qishloq xo‘jalik ekinlaridan mo‘l hosil olishga ham imkon yaratadi.

Yashil o‘simliklar fototrof organizmlar hisoblanadi. Ular hujayradagi xloroplastlarda to‘plangan xlorofill pigmenti yordamida yorug‘lik energiyasini kimyoviy energiyaga aylantiruvchi fotosintez jarayonini amalga oshiradi. Fotosintezning umumiy reaksiya tenglamasi quyidagicha:

6CO2 + 6H2O = C6H12O6 + 6O2.

Bu jarayon davomida anorganik moddalar – uglerod (IV)-oksid va suvdan energiyaga boy modda – glukoza (C6H12O6) hosil bo‘ladi. Fotosintez yorug‘lik va qorong‘ilik bosqichlariga ajratiladi.

Yorug‘lik bosqichi va fotoliz

Fotosintezning yorug‘lik bosqichi. Fotosintez ko‘p bosqichli murakkab jarayondir. Fotosintez xloroplastning ko‘rinadigan yorug‘lik nuri bilan yoritilishidan boshlanadi. Foton xlorofill molekulasiga tushib, uni qo‘zg‘algan holatga keltiradi, uning elektronlari yuqori orbitalarga sakrab o‘tadi. Shunga ko‘ra, elektronlarning molekulalardan uzilishi osonlashadi. Qo‘zg‘algan elektronlarni biri tashuvchi molekulaga o‘tadi va bu molekula uni olib, membrananing ikkinchi tomoniga olib o‘tadi. Xlorofill molekulasi suv molekulasidan elektron olib, o‘zining yo‘qotgan elektroni o‘rnini to‘ldiradi.

Elektronlarni yo‘qotishi natijasida suv molekulalari protonlar va kislorod atomlariga parchalanadi. Yorug‘lik ta’sirida suv dissotsialanishi fotoliz deb ataladi. Fotoliz natijasida hosil bo‘lgan vodorod atomi organik birikmalar bilan kuchsiz bog‘ hosil qilib birikadi. Gidroksil ionlar, ya’ni OH- esa o‘zining elektronini boshqa molekulalarga beradi va erkin radikalga aylanadi. OH- radikallar o‘zaro bir-biri bilan reaksiyaga kirishib suv va molekula holatdagi O2 ni hosil qiladi (23-rasm).

4OH → O2 + 2H2O.

23- rasm. II. ATF sintezi Yorug‘lik bosqichi
23- rasm. II. ATF sintezi Yorug‘lik bosqichi

Yorug‘lik bosqichi natijalari

Fotosintez jarayonida ajralib chiqadigan kislorod manbai suv hisoblanadi. Yorug‘lik energiyasi fotolizdan tashqari ADF va fosfatdan kislorod ishtirokisiz ATF sintezi uchun ham foydalaniladi. Bu jarayon juda samarali bo‘lib, shu o‘simlik mitoxondriyalarda sintezlanadigan ATFga nisbatan xloroplastlarda 30 barobar ko‘p ATF sintezlanadi. Shunday yo‘llar bilan fotosintezning qorong‘ulik bosqichida kechadigan reaksiyalar uchun zarur bo‘lgan energiya to‘planadi.

Fotosintezning yorug‘lik bosqichida uchta muhim jarayon amalga oshadi:

Qorong‘ulik bosqichi

Fotosintezning qorong‘ulik bosqichi. Fotosintezning keyingi reaksiyalari uglevodlar hosil bo‘lishi bilan bog‘liq:

6CO2 + 24H → C6H12O6 + 6H2O.

Bu jarayon yorug‘da ham, qorong‘uda ham amalga oshganligi uchun uni qorong‘ulik bosqichi deyiladi. Fotosintezning qorong‘ulik bosqichi ketma-ket keladigan bir qancha reaksiyalar yig‘indisidan iborat. Bu reaksiyalar natijasida CO2 va atomar vodoroddan uglevodlar hosil bo‘ladi.

Fotosintezning qorong‘ulik reaksiyalari uchun xloroplastga dastlabki moddalar va energiya to‘xtovsiz kelib turadi. Uglerod (IV)-oksid barg hujayralariga atmosfera havosidan o‘tib turadi, vodorod atomi esa suvning fotolizi natijasida hosil bo‘ladi. Fotosintezning yorug‘lik bosqichida sintezlanadigan ATF uglevodlar sintezi uchun energiya manbai bo‘lib xizmat qiladi. Ana shu moddalar ta’sirida xloroplastda uglevodlar sintezi amalga oshadi.

Shunday qilib, fotosintez natijasida yorug‘lik energiyasi organik birikmalar tarkibidagi kimyoviy bog‘lar energiyasiga aylanadi.

Fotosintezning ahamiyati

Fotosintezning ahamiyati. Fotosintez organik birikmalar va kislorodni yetkazib beradigan birdan-bir manbadir. Fotosintezning umumiy mahsuldorligi nihoyatda yuqori bo‘lib, Yer yuzidagi o‘simliklar har yili juda ko‘p uglerodni o‘zlashtiradi. Natijada har yili bir necha milliard tonna organik moddalar sintezlanadi.

O‘simliklarning yashil barglari ularga tushadigan quyosh energiyasining 1 foizini fotosintez uchun sarflaydi. Fotosintezning mahsuldorligi barglarning 1 m2 maydoniga soatiga taxminan 1 g organik moddani tashkil etadi. 1 m2 barg yozda bir kecha-kunduzda taxminan 15–16 g organik moddani hosil qiladi. O‘simliklarni issiqxonalarda sun’iy yoritish, suv bilan ta’minlanishi va boshqa sharoitlarni yaxshilash orqali fotosintez mahsuldorligini oshirish mumkin.

O‘simlik hujayralari ham kecha-kunduz nafas olib, tashqi muhitga karbonat angidrid gazini ajratib turadi. Lekin fotosintez natijasida o‘simlik hujayrasidan ajralib chiqadigan kislorod miqdori bir vaqtda davom etadigan nafas olish jarayonida olinadigan kisloroddan 20–30 baravar ko‘p bo‘ladi. Bu esa atmosfera havosi tarkibidagi kislorodning doimo muvozanatda bo‘lishini ta’minlaydi.

Bilimingizni sinang

Yer yuzidagi asosiy avtotroflar qaysi hujayralardir?
  1. Zamburug‘larning mitseliy hujayralari
  2. Odamning teri hujayralari
  3. Hayvonlarning ichak hujayralari
  4. Yashil o‘simliklar hujayralari

To‘g‘ri javob: Yashil o‘simliklar hujayralari. Yer yuzidagi asosiy avtotroflar yashil o‘simliklarning hujayralaridir.

Geterotrof hujayralar nima uchun tayyor organik moddalarga ehtiyoj sezadi?
  1. Ular anorganik moddalardan organik modda hosil qila olmaydi
  2. Ularning hujayralarida hujayra membranasi umuman bo‘lmaydi
  3. Ular faqat yorug‘likda hayot kechirib, energiyani to‘playdi
  4. Ular organik moddalarni ortiqcha miqdorda hosil qilib qo‘yadi

To‘g‘ri javob: Ular anorganik moddalardan organik modda hosil qila olmaydi. Geterotroflar anorganik moddalardan organik moddalarni sintezlay olmaydi, shuning uchun tayyor organik moddalar kerak.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Mikroorganizmlarning ma’lum bir guruhi ham avtotrof yo‘l bilan oziqlanadi; II. Avtotrof hujayralar CO2 va H2O kabi anorganik birikmalardan organik moddalar sintezlaydi; III. Geterotrof hujayralar anorganik moddalardan organik moddalarni sintezlay oladi.
  1. I va II
  2. II va III
  3. I va III
  4. I, II va III

To‘g‘ri javob: I va II. I va II matnga mos; III noto‘g‘ri: geterotroflar anorganik moddalardan organik moddalarni sintezlay olmaydi.

Avtotrof va geterotrof hujayralarning oziqlanishi bo‘yicha qaysi taqqoslash to‘g‘ri?
  1. Ikkalasi ham organik moddalarni faqat anorganik birikmalardan sintezlaydi
  2. Avtotroflar anorganik moddalardan organik modda hosil qiladi, geterotroflar tayyorini talab qiladi
  3. Avtotroflar tayyor organik moddalarga muhtoj, geterotroflar esa CO2 va H2O dan organik modda hosil qiladi
  4. Ikkalasi ham tayyor organik moddalarsiz yashay olmaydi

To‘g‘ri javob: Avtotroflar anorganik moddalardan organik modda hosil qiladi, geterotroflar tayyorini talab qiladi. Avtotroflar CO2, H2O kabi anorganik birikmalardan organik modda sintezlaydi; geterotroflar buni qila olmaydi.

Quyosh nuri ta’sirida o‘simliklarning yashil barglarida karbonat angidrid bilan suvdan murakkab organik birikmalar hosil bo‘lishi qanday ataladi?
  1. Fotosintez
  2. Transkripsiya
  3. Fotoliz
  4. Xemosintez

To‘g‘ri javob: Fotosintez. Bu jarayon fotosintez deb ataladi.

O‘simliklarning kosmik ahamiyati nimada?
  1. Atmosferadagi azotni bevosita to‘plab, tuproqqa o‘tkazishda
  2. Yer issiqligini kosmosga chiqarib yuborib, sayyorani sovutishda
  3. Quyosh energiyasini organik birikmalar kimyoviy energiyasiga aylantirishda
  4. Quyosh nurini atmosferadan butunlay qaytarib yuborishda

To‘g‘ri javob: Quyosh energiyasini organik birikmalar kimyoviy energiyasiga aylantirishda. Fotosintez quyosh energiyasini organik birikmalarning kimyoviy energiyasiga aylantiruvchi birdan-bir vositadir.

Fotosintezning umumiy reaksiyasida uglerod (IV)-oksid va suvdan qaysi energiyaga boy modda hosil bo‘ladi?
  1. Yog‘ kislotasi
  2. Glukoza
  3. Kraxmal
  4. Aminokislota

To‘g‘ri javob: Glukoza. Tenglama 6CO2 + 6H2O = C6H12O6 + 6O2: hosil bo‘ladigan modda glukoza.

Fotosintezning umumiy tenglamasi 6CO2 + 6H2O = C6H12O6 + 6O2. Agar jarayonda 12 molekula CO2 to‘liq sarflansa, necha molekula O2 ajralib chiqadi?
  1. 6
  2. 24
  3. 18
  4. 12

To‘g‘ri javob: 12. 6 molekula CO2 ga 6 molekula O2 to‘g‘ri keladi; 12 molekula CO2 ga 12 molekula O2 (nisbat 1:1).

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiEnergiya almashinuvi bosqichlariKeyingi →Xemosintez