Hujayra sikli
Mavzular
Ko‘payish va hujayra hayot sikli
Ko‘payish yoki o‘zini o‘zi qayta tiklash organik (tirik) tabiatning o‘ziga xos xususiyatlaridan biridir. Ko‘payish – bakteriyalardan tortib, sutemizuvchilargacha bo‘lgan barcha tirik organizmlar uchun xosdir. Har bir o‘simlik va hayvon, bakteriya va zamburug‘ turining yashashi, ota-ona va avlodlar o‘rtasidagi izchillik faqat ko‘payish tufayli saqlanib turadi.
Organizmlardagi hujayraning yashash muddati uning tuzilishi va funksiyasiga bog‘liq holda xilma-xil bo‘ladi. Misol uchun, nerv va muskul hujayralari embrional rivojlanish davri tugagandan keyin bo‘linmaydi va organizmning butun umri davomida o‘z funksiyasini bajaradi. Boshqa hujayralar – suyakning ko‘mik qismi iligi, epidermis, ichak epiteliysi butun umri davomida bo‘linib ko‘payib turadi.
Shunday qilib, hujayraning hayot sikli bo‘linishdan hosil bo‘lgan yangi hujayraning nobud bo‘lishigacha yoki keyingi bo‘linishigacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi. Eukariot hujayralar asosan ikki xil usulda ko‘payadi:
- Mitoz – somatik hujayralarning bo‘linishi.
- Meyoz – jinsiy hujayralarning bo‘linish usuli.
Interfaza: G1 va S davrlari
Mitoz (yunoncha “mitos” – ip degan so‘zdan olingan) sikli deb hujayraning bo‘linishga tayyorgarlik davri hamda mitoz bosqichlarini davom etishiga aytiladi. Bir mitozdan ikkinchi mitozgacha bo‘lgan, hujayraning bo‘linishga tayyorgarlik davri interfaza deyiladi. Interfaza o‘z navbatida uch davrga bo‘linadi (26-rasm):
- G1 – DNK sinteziga tayyorgarlik davri. Bu davrda oqsil va RNK sintezi jadal kechadi. Biosintez reaksiyalarida ishtirok etadigan fermentlar faolligi ortadi, hujayra jadal o‘sadi.
- S – sintez davri. Bu davrda DNK molekulasi reduplikatsiyalanadi va uning miqdori ikki hissaga ortadi. Oqsil va RNK sintezlanadi, hujayra markazi ham ikki hissaga ortadi. Mitoxondriya va plastidalardagi DNK ham ikki hissaga ortadi. DNK ikki hissa ortishi natijasida har bir xromosomada ikki barobar ko‘p DNK hosil bo‘ladi (27-rasm).

G2 davri va mitoz bosqichlari
- G2 – sintezdan keyingi davr. Bu davr hujayraning mitozga tayyorgarligini yakunlaydi. Bu davrda oqsil va RNK sintezi davom etadi.
Interfaza tugaganidan keyin mitoz boshlanadi. Mitoz to‘rt bosqich – profaza, metafaza, anafaza, telofazadan iboratdir (28-, 29-rasmlar).


Profaza
Profaza – yadro kattalashadi, yadro shirasining yopishqoqligi kamayadi, xromosomalar spiralga o‘ralib, kalta va yo‘g‘on holatga keladi. Xromosomalar mikroskopda aniq ko‘rinadi. Yadro qobig‘i va yadrochalar yo‘qoladi, xromosomalar sitoplazmada erkin holda joylashadi. Ikkita sentriola hujayra qutblari tomon tarqala boshlaydi. Bo‘linish urchug‘i hosil bo‘lishi boshlanadi.
Metafaza va anafaza
Metafaza – xromosomalarning spirallanishi davom etadi. Bu davrda xromosomalar eng kalta va yo‘g‘onlashgan holatga o‘tadi. Xromosomalar ekvator tekisligi tomon harakatlana boshlaydi. Xromosomalar qutblardan bir xil masofada, ya’ni ekvator tekisligida bir tekis joylashadi. Xromosomalar orasidagi masofa bir xil bo‘ladi. Xromosoma sentromeralari qat’iy qonuniyat asosida ekvator tekisligida bir xil holatda joylashadi.
Har bir xromosomaning xromatidlari bir-biridan itarilib, faqat birlamchi belbog‘ bilan birikkan bo‘ladi. Bo‘linish urchug‘i to‘liq shakllanadi. Har bir xromosoma o‘z sentromerasi bilan bittadan bo‘linish urchug‘iga birikadi.
Anafazada – xromosoma xromatidalarini birlashtirib turuvchi belbog‘ uziladi, natijada xromatidalar mustaqil xromosomaga aylanadi. Sentromeraga birikkan bo‘linish urchug‘i qisqarishi natijasida xromosomalarni hujayra qutblariga tomon torta boshlaydi.
Telofaza va sitokinez
Telofazada – mitoz jarayoni yakunlanadi. Bu bosqichda xromosomalar qutblarga to‘planadi, spirallari yoyila boshlaydi, yorug‘lik mikroskopida yaxshi ko‘rinmaydigan bo‘lib qoladi. Sitoplazmaning membranali qismlaridan yadro qobig‘i hosil bo‘ladi. Yadrochalar qaytadan shakllanadi. Telofazaning oxirida sitoplazmaning ikkiga ajralishi (sitokinez) kuzatiladi.
Hayvon hujayralarida sitoplazma va plazmatik membrana o‘rtasida botiqlik paydo bo‘lib, uning asta-sekin torayishi natijasida hujayra teng ikkiga bo‘linadi. O‘simlik hujayralarida esa hujayraning o‘rtasida sitoplazmatik membrana paydo bo‘lib, hujayraning chetiga tarqala boshlaydi. Bunda hujayrani teng ikkiga bo‘luvchi ko‘ndalang to‘siq paydo bo‘ladi. Keyin esa sellyuloza qobig‘i hosil bo‘ladi. Mitoz bosqichlari juda qisqa bo‘lib, 30 daqiqadan 3 soatgacha davom etadi.
Mitozning biologik ahamiyati
Mitozning biologik ahamiyati – mitoz natijasida hosil bo‘lgan har bir yangi hujayra xuddi ona hujayradagidek bir xil xromosoma to‘plami va bir xil genlarga ega bo‘ladi. Mitoz natijasida hosil bo‘lgan ikkala yangi hujayra diploid to‘plamga ega bo‘ladi.
Mitoz eng muhim quyidagi hayotiy jarayonlarni: embrional rivojlanish, o‘sish, nobud bo‘lgan hujayralar va shikastlangan to‘qima, organlarning tiklanishi hamda funksional holatini normal o‘tishini ta’minlaydi. Organizmlarning jinssiz ko‘payishi ham mitoz bo‘linish asosida amalga oshadi.
Bilimingizni sinang
Embrional rivojlanish tugagach bo‘linmaydigan va organizmning butun umri davomida o‘z funksiyasini bajaradigan hujayralar qaysilar?
- Nerv va muskul hujayralari
- Epidermis va ichak epiteliysi hujayralari
- Suyak iligi va muskul hujayralari
- Epidermis va nerv hujayralari
To‘g‘ri javob: Nerv va muskul hujayralari. Nerv va muskul hujayralari embrional davrdan keyin bo‘linmaydi.
Eukariot hujayralarda jinsiy hujayralar qaysi usulda bo‘linadi?
- Interfaza
- Meyoz
- Sitokinez
- Mitoz
To‘g‘ri javob: Meyoz. Jinsiy hujayralarning bo‘linish usuli meyoz; mitoz somatik hujayralar bo‘linishidir.
Bir mitozdan ikkinchi mitozgacha bo‘lgan, hujayraning bo‘linishga tayyorgarlik davri qanday ataladi?
- Profaza
- Sitokinez
- Telofaza
- Interfaza
To‘g‘ri javob: Interfaza. Bu davr interfaza deyiladi va uch davrga bo‘linadi.
Interfaza davrlarini ularning belgilari bilan moslang: 1) G1; 2) S; 3) G2. a) DNK reduplikatsiyalanib, miqdori ikki hissa ortadi; b) DNK sintezi uchun tayyorgarlik, hujayra jadal o‘sadi; c) hujayraning mitozga tayyorgarligini yakunlaydi.
- 1-a, 2-b, 3-c
- 1-b, 2-a, 3-c
- 1-c, 2-b, 3-a
- 1-b, 2-c, 3-a
To‘g‘ri javob: 1-b, 2-a, 3-c. G1 – DNK sintezi uchun tayyorgarlik; S – DNK ikki hissa ortishi; G2 – mitozga tayyorgarlikni yakunlash.
S davrida DNK ikki hissa ortishi natijasida har bir xromosomada qanday o‘zgarish yuz beradi?
- DNK miqdori ikki barobar kamayadi
- DNK yadrodan sitoplazmaga chiqib ketadi
- DNK butunlay parchalanib ketadi
- Ikki barobar ko‘p DNK hosil bo‘ladi
To‘g‘ri javob: Ikki barobar ko‘p DNK hosil bo‘ladi. S davrida DNK reduplikatsiyalanib, har bir xromosomada ikki barobar ko‘p DNK hosil bo‘ladi.
Mitoz bosqichlarini to‘g‘ri ketma-ketlikda joylashtiring: 1) anafaza; 2) profaza; 3) telofaza; 4) metafaza.
- 2-1-4-3
- 4-2-1-3
- 2-4-3-1
- 2-4-1-3
To‘g‘ri javob: 2-4-1-3. Mitoz ketma-ketligi: profaza, metafaza, anafaza, telofaza.
Yadro qobig‘i va yadrochalar yo‘qolib, bo‘linish urchug‘i hosil bo‘lishi boshlanadigan mitoz bosqichi qaysi?
- Anafaza
- Metafaza
- Telofaza
- Profaza
To‘g‘ri javob: Profaza. Bu hodisalar profazada kechadi.
Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Metafazada xromosomalar eng kalta va yo‘g‘onlashgan holatga o‘tadi; II. Xromosomalar ekvator tekisligida bir tekis joylashadi; III. Metafazada xromatidlar mustaqil xromosomaga aylanib qutblarga tortiladi.
- I va II
- II va III
- I va III
- I, II va III
To‘g‘ri javob: I va II. Xromatidlar mustaqil xromosomaga anafazada aylanadi; III noto‘g‘ri.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash