XotirAI logotipiXotirAI
🧬 9-sinf · Biologiya · 35-§.

Hujayrada plastik almashinuv

Mavzular

Plastik almashinuv tushunchasi

Biologik sintez reaksiyalarning to‘plami plastik almashinuv deb ataladi. Modda almashinuvida bu turning nomi uning mohiyati bilan bog‘liq: hujayra tashqaridan kelayotgan oddiy moddalar hisobiga o‘zi uchun zarur bo‘lgan birikmalarni hosil qiladi. Quyida plastik almashinuvning eng muhim shakllaridan bo‘lgan DNK, RNK va oqsil biosintezi bilan tanishamiz.

DNK sintezi va replikatsiya

Hujayrada DNK sintezi. DNK molekulasi ikki zanjirdan tuzilgan qo‘sh spiral bo‘lgani uchun uning sintezi shu qo‘sh spiralni yaratishdan iborat. Bu zanjirlar bir-biriga to‘la komplementar, ya’ni biri ikkinchisini to‘ldirib turadi. DNK molekulasining sintezi uning boshlang‘ich qo‘sh zanjirining ikkita alohida zanjirlarga ajralishiga va ular har birining strukturasiga mos ikkinchi zanjir yaratilishiga asoslangan.

DNK zanjirlarini bir-biridan ajratuvchi alohida ferment mavjud bo‘lib, bu ferment DNK molekulasida asta siljib, birin-ketin nukleotidlar orasidagi kuchsiz vodorod bog‘larini uzadi. Boshqa ferment esa har bir alohida zanjir bo‘ylab harakatlanishi davomida eski zanjir nukleotidlarga komplementar bo‘lgan yangi zanjir nukleotidlarni ulaydi.

Demak, yangi sintezlangan DNK ikki zanjirli duragay molekula bo‘lib, uning bitta zanjiri eski, ikkinchisi esa yangidir. Bu jarayonda bir zanjirdagi adenin A qarshisida ikkinchi zanjirda timin T, guanin G qarshisida sitozin C va aksincha, joylashadi. DNK molekulasining ikki hissa ortishiga DNK replikatsiyasi deyiladi.

RNK sintezi – transkripsiya

RNKlar sintezi, asosan yadroda, DNK molekulasidagi nukleotidlar tartibi shaklida yozilgan axborotni i-RNKga ko‘chirib olgandek o‘tishiga – transkripsiya deb ataladi. DNK zanjiri matritsasi asosida RNK sintezlanishi jarayonida DNKdagi nukleotidlar qatori RNKdagi nukleotidlar qatorida takrorlanadi, faqat DNKdagi T (timin) o‘rniga U (uratsil), dezoksiriboza o‘rniga riboza joylashadi.

Shuni ta’kidlab aytish kerakki, DNK molekulalari juda katta, ularda yozilgan axborot juda ko‘p, RNKlar DNK molekulasining kichik bir qismiga to‘g‘ri keladi. Bitta DNK molekulasida yuzlab, minglab i-RNK, t-RNK, r-RNKlar sintezlanishi mumkin. Har bir i-RNKdagi axborot kamida bitta oqsil molekulasi sintezi uchun yetarlidir.

Genetik kod

Genetik kod. Oqsillarning biologik vazifasi asosan aminokislotalarning oqsil molekulasidagi o‘rni, ya’ni ularning ketma-ketligi bilan aniqlanadi. Binobarin, bunday molekulalar biosintezi oldindan belgilangan reja bo‘yicha amalga oshishi kerak. Bunday reja DNK molekulasida 4 xil nukleotidlarning yordamida yozilgan bo‘lib, u oqsil molekulasining nusxasi yoki qolipi deb yuritiladi.

20 xil aminokislotaning DNK molekulasidagi 4 xil nukleotidlar yordamida ifodalanishi genetik kod deb ataladi. Har bir aminokislota 3 ta nukleotidning birikishidan hosil bo‘lgan triplet kod yordamida ifodalanadi. Demak, bitta aminokislota 2 va undan ortiq kod yordamida ifodalanadi. Kodlarning umumiy soni 64 (4³ = 4 x 4 x 4) taga teng. Shundan 3 ta kod oqsil sintezining boshlanishi va tugallanishini bildiradi: UAA, UAG, UGA, ular terminator tripletlar deb ataladi.

24- rasm. Oqsil biosintezi sxemasi.
24- rasm. Oqsil biosintezi sxemasi.

Kodning xususiyatlari

20 ta aminokislotani ifodalash uchun 61 ta tripletli koddan foydalaniladi. Albatta, hosil bo‘ladigan kombinatsiyalar soni 64 (4³) kodlanadigan aminokislotalar sonidan ancha ko‘p, lekin ma’lum bo‘ldiki, 20 ta aminokislotadan 18 tasi bittadan ortiq 2, 3, 4 va 6 kodon bilan kodlana oladi.

Genetik kod barcha tirik organizmlar uchun universal hisoblanadi. Demak, u mikroorganizmlardan odamgacha bir xildir.

Oqsil biosintezi: transkripsiya va translyatsiya

Oqsil sintezi. Oqsil biosintezi transkripsiya va translyatsiya bosqichlaridan iborat. Transkripsiya bosqichi yadroda amalga oshadi. Bunda DNK molekulasining bir zanjiri qismiga komplementar i-RNK sintezlanadi. Informatsion ribonuklein kislotasi tripletlarida oqsil tuzilishi haqida axborot yozilgan bo‘ladi.

Translyatsiya jarayoni ribosomalarda kechadi. Oqsilning birlamchi strukturasi to‘g‘risidagi i-RNKda nukleotidlar ketma-ketligi ko‘rinishida yozilgan axborotni aminokislotalar ketma-ketligi ko‘rinishida namoyon bo‘lishiga translyatsiya deyiladi. Ribosomada translyatsiya boradigan qismining kattaligi ikkita tripletga to‘g‘ri keladi. Ribosoma i-RNK bo‘ylab surilib borayotgan vaqtda ribosomaning funksional markazida hamisha ikkita triplet bo‘ladi.

Ribosoma i-RNK bo‘ylab tripletdan tripletga o‘tib turadi, lekin bir tekis o‘tmasdan, balki to‘xtab-to‘xtab, “qadamlab” o‘tadi. Bitta triplet translyatsiyasini tugatgandan keyin, u qo‘shni tripletga sakrab o‘tadi va biroz to‘xtaydi (90-betdagi 24-rasm).

Peptid bog‘ va gen

Agar ribosomada i-RNK tripletiga t-RNKning tripleti komplementar bo‘lsa, aminokislotalar oqsil zanjiriga peptid bog‘i hosil qilib birikadi. Ribosoma terminator tripletga o‘tganida oqsil sintezi to‘xtaydi. Informatsion RNK ham ribosomalardan ajraladi (92-betdagi 25-rasm).

25- rasm. E Ajralgan ribosoma Ribosomada oqsillarning sintezlanishi: To‘liq polipeptid A, B, D, E — translyatsiya zanjir jarayonining bosqichlari.
25- rasm. E Ajralgan ribosoma Ribosomada oqsillarning sintezlanishi: To‘liq polipeptid A, B, D, E — translyatsiya zanjir jarayonining bosqichlari.

Transkripsiya va translyatsiya jarayonida bir oqsilga to‘g‘ri keladigan DNKning kichik bir qismi gen deb ataladi. O‘rtacha oqsil molekulasini tuzish uchun ko‘plab nukleotid zarur bo‘lib, u bitta gen hisoblanadi. Mana shu genni boshqaruvchi qismlar tufayli genning uzunligi faqat aminokislotalarni kodlash uchun zarur nukleotidlar sonidan ortiqroq bo‘ladi.

Hujayrada kechadigan jarayonlar juda aniq boshqarilishi tufayli hujayrada molekulalar faqat kerakli vaqtda va miqdorda sintezlanadi. Bu jarayondagi har qanday xato oqsil sintezining buzilishiga sabab bo‘ladi. Oqibatda irsiy kasalliklar kelib chiqadi; sintezlanayotgan oqsilning polipeptid zanjiriga bitta aminokislota o‘rniga boshqasi kirib qolsa, yaroqsiz boshqa oqsil molekulasi paydo bo‘ladi, u kerakli oqsil vazifasini bajara olmaydi.

Bilimingizni sinang

Hujayrada biologik sintez reaksiyalarining to‘plami qanday ataladi?
  1. Fotoliz
  2. Energiya almashinuvi
  3. Plastik almashinuv
  4. Dissimilyatsiya

To‘g‘ri javob: Plastik almashinuv. Biologik sintez reaksiyalari to‘plami plastik almashinuv deyiladi.

Plastik almashinuvning nomi uning mohiyati bilan qanday bog‘liq?
  1. Hujayra faqat kislorod yordamida yangi modda hosil qiladi
  2. Hujayra ATF ni parchalab, juda ko‘p energiya ajratib chiqaradi
  3. Hujayra tashqaridan kelgan oddiy moddalardan zarur birikmalarni hosil qiladi
  4. Hujayra o‘z birikmalarini oddiy moddalarga parchalab yuboradi

To‘g‘ri javob: Hujayra tashqaridan kelgan oddiy moddalardan zarur birikmalarni hosil qiladi. Hujayra tashqaridan kelayotgan oddiy moddalar hisobiga o‘ziga kerakli birikmalarni sintezlaydi.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Yangi sintezlangan DNKning bitta zanjiri eski, ikkinchisi yangi bo‘ladi; II. Bir zanjirdagi adenin qarshisida ikkinchi zanjirda timin joylashadi; III. Guanin qarshisida timin joylashadi.
  1. I va II
  2. II va III
  3. I va III
  4. I, II va III

To‘g‘ri javob: I va II. Guanin qarshisida sitozin joylashadi; III noto‘g‘ri.

DNK replikatsiyasida eski zanjirning nukleotidlar tartibi A-G-G-C-T-A. Unga komplementar yangi zanjir qanday bo‘ladi?
  1. T-C-C-G-A-U
  2. A-G-G-C-T-A
  3. C-T-T-G-A-T
  4. T-C-C-G-A-T

To‘g‘ri javob: T-C-C-G-A-T. A-T va G-C juftlashadi: A-G-G-C-T-A ga T-C-C-G-A-T komplementar.

Asosan yadroda DNK molekulasidagi axborotni i-RNKga ko‘chirib olish jarayoni qanday ataladi?
  1. Translyatsiya
  2. Transkripsiya
  3. Fotoliz
  4. Replikatsiya

To‘g‘ri javob: Transkripsiya. RNK sintezi, ya’ni axborotni DNKdan i-RNKga ko‘chirish transkripsiya deyiladi.

RNK sintezida DNKdagi timin va dezoksiriboza o‘rniga mos ravishda nima joylashadi?
  1. Uratsil va riboza
  2. Adenin va riboza
  3. Sitozin va dezoksiriboza
  4. Uratsil va glukoza

To‘g‘ri javob: Uratsil va riboza. RNKda T o‘rniga U (uratsil), dezoksiriboza o‘rniga riboza bo‘ladi.

Nima uchun bitta DNK molekulasida yuzlab, minglab i-RNK, t-RNK, r-RNKlar sintezlanishi mumkin?
  1. Chunki DNK molekulasi faqat bitta genga ega
  2. Chunki RNKlar DNKdan ham uzunroq bo‘lib hosil bo‘ladi
  3. Chunki har bir RNK butun DNK molekulasini ko‘chirib oladi
  4. Chunki RNKlar DNKning kichik bir qismiga to‘g‘ri keladi

To‘g‘ri javob: Chunki RNKlar DNKning kichik bir qismiga to‘g‘ri keladi. DNK juda katta va axborotga boy, RNKlar esa uning kichik qismiga to‘g‘ri keladi.

Genetik kodda har bir aminokislota nechta nukleotiddan tashkil topgan triplet kod bilan ifodalanadi?
  1. 3 ta
  2. 4 ta
  3. 2 ta
  4. 6 ta

To‘g‘ri javob: 3 ta. Har bir aminokislota 3 ta nukleotiddan iborat triplet kod bilan ifodalanadi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiXemosintezKeyingi →Hujayra sikli