Tirik organizmlarning ko‘payish xillari
Mavzular
Ko‘payishning ahamiyati va usullari
Ko‘payish hayot mohiyatining eng muhim xususiyatlaridan birini tashkil etadi. Barcha tirik organizmlar ko‘payish qobiliyatiga ega. Tabiatda har bir o‘simlik va hayvon turlarining mavjudligi, ota-ona individlari va ularning avlodlari o‘rtasidagi uzviy davomiylik faqat ko‘payish orqali saqlanib boradi.
Ko‘payish jarayoni asosida doimo DNK molekulasining ikki hissa ortishi yotadi. Hattoki mitoxondriya va plastidalar ham hujayra ichida mustaqil holda ko‘paya olish xususiyatiga ega. Bir va ko‘p hujayrali organizmlar ko‘payishining asosiy usullari jinsiy va jinssiz ko‘payish hisoblanadi.
Bir hujayralilarda jinssiz ko‘payish
Jinssiz ko‘payish. Jinssiz ko‘payish tirik tabiatda o‘simliklar va hayvonlar orasida keng tarqalgan. Jinssiz ko‘payishda ona organizmidagi bitta yoki bir nechta somatik hujayralar guruhidan yangi organizm rivojlanadi. Ko‘pchilik bir hujayrali organizmlar jinssiz yo‘l bilan ko‘payadi. Bir hujayrali organizmlarning bo‘linib ko‘payishini quyidagi xillarga ajratish mumkin (31-rasm):
- Ikkiga bo‘linish. Sodda hayvonlarda ko‘p uchraydi. Misol: amyoba, yashil evglena, tufelka.

- Shizogoniya – ko‘p bo‘laklarga bo‘linish. Bir hujayrali suv o‘tlari xlorella va xlomidomonadada, ayrim zamburug‘larda, sodda hayvonlardan bezgak plazmodiysida uchraydi. Shizogoniyda yadro ko‘p marta bo‘linadi, sitoplazma butunligicha qoladi. Keyin sitoplazma yadrolarni o‘raydi va natijada bitta hujayradan o‘nlab, yuzlab, minglab yangi hujayra organizmlar hosil bo‘ladi.
Kurtaklanish va sporalar
- Kurtaklanib ko‘payish. Bunda ona hujayrada dastlab yadro saqlovchi bo‘rtmacha paydo bo‘lib, kattalashadi va u asta o‘sib ona hujayra kattaligiga yetadi va ajralib alohida mustaqil organizmga aylanadi. Bir hujayrali zamburug‘lardan achitqi zamburug‘ida, ayrim infuzoriyalarda uchraydi (32-rasm).

Sporalar hosil qilib ko‘payish sodda hayvonlardan sporalilar sinfi vakillarida, bir hujayrali zamburug‘larda, suv o‘tlarida, yashil o‘simliklarda kuzatiladi. Spora ichida hujayra ko‘p marta mitoz usuli bilan bo‘linadi.
Vegetativ ko‘payish
Ko‘p hujayralilarda jinssiz ko‘payish usullari mavjud bo‘lib, uni quyidagi xillarga ajratish mumkin. 1. Vegetativ ko‘payish. O‘simliklar olamida vegetativ ko‘payish keng tarqalgan bo‘lib, bunda ona organizmning ayrim bo‘lagining ko‘payishi hisobiga yangi organizmlar hosil bo‘ladi (34-rasm).
Vegetativ ko‘payishga o‘simliklarning qalamchalari, gajaklari, ildiz bachkisi, tugunaklari, piyozchalari va ildizpoyalari orqali ko‘payishini misol qilish mumkin.
- Tugunaklar – kartoshka, batat, shoyigul (shakli o‘zgargan yer osti poyalari)
- Qalamchalar – tol, terak, tok, qoraqat
- Ildiz bachkisi – olma, yantoq, olcha, terak
- Piyozchalar – lola, piyoz, sarimsoqpiyoz
- Gajaklar, begoniya bargi va ildiz tugunaklari – qulupnay gajaklari, begoniya bargi va ildiz tugunaklari
- Ildizpoya – kartoshkagul, iloq, g‘umay, ajriq, binafsha, shirinmiya
Misol uchun salomalaykum tugunagi hisobiga 1 m² joyda 1800 tagacha yangi o‘simlik hosil qiladi.

Ko‘p hujayralilarda boshqa usullar
- Kurtaklanib ko‘payish. Ko‘p hujayralilardan chuchuk suv gidrasida kurtak hujayralar guruhidan iborat bo‘lib, kurtaklar ona organizm tanasi hisobiga oziqlanib, tez rivojlanadi. Ularning uchida paypaslagichlari va og‘iz teshigi paydo bo‘ladi. Yosh gidralar biroz o‘sgandan keyin ona organizmdan ajralib mustaqil yashay boshlaydi (33-rasm).
- Bo‘linib ko‘payish. Ayrim ko‘p hujayrali organizmlarda jinssiz ko‘payish tanasining ikkiga bo‘linishi (meduza, halqali chuvalchanglar) yoki bir nechta bo‘laklarga bo‘linish yo‘li bilan (oq planariya, ignatanlilar), ipsimon suv o‘tlar (spirogira)da amalga oshadi. Organizm bir necha qismlarga ajralgandan keyin, har bir qismidan alohida mustaqil organizm rivojlanadi.
- Sporalar orqali ko‘payish. Zamburug‘lar va sporali yuksak o‘simliklarning spora yordamida ko‘payishi ularning tabiatda keng tarqalishiga imkon yaratadi.
Jinssiz ko‘payishning ahamiyati
Jinssiz ko‘payishning biologik ahamiyati. Jinssiz ko‘payishda faqat bitta hujayra yoki bitta organizm qatnashganligi uchun hosil bo‘lgan yangi avlodlar ona avlodning ayni nusxasi hisoblanadi (ularning irsiy moddalari bir xil bo‘ladi). Jinssiz ko‘payishning bu xususiyatidan foydalanib hozirgi vaqtda ba’zi murakkab o‘simliklar va hayvonlarning juda ko‘p sonli aynan nusxalarini yaratish (klonlash) ishlari yo‘lga qo‘yilmoqda. Jinssiz ko‘payish organizmlarning tez ko‘payishini va ko‘p avlod qoldirishini ta’minlaydi.
Bilimingizni sinang
Quyidagi bir hujayrali organizmlardan qaysi biri kurtaklanib ko‘payadi?
- Bezgak plazmodiysi
- Xlorella
- Amyoba
- Achitqi zamburug‘i
To‘g‘ri javob: Achitqi zamburug‘i. Kurtaklanib ko‘payish achitqi zamburug‘ida va ayrim infuzoriyalarda uchraydi.
Salomalaykum tugunagi hisobiga 1 m² joyda necha tagacha yangi o‘simlik hosil bo‘ladi?
- 1800 tagacha
- 180 tagacha
- 800 tagacha
- 18000 tagacha
To‘g‘ri javob: 1800 tagacha. Salomalaykum tugunagi 1 m² joyda 1800 tagacha yangi o‘simlik hosil qiladi.
Gidrada kurtaklar ona tanasi hisobiga oziqlanib rivojlanganda, ularning uchida nimalar paydo bo‘ladi?
- Sporalar va piyozchalar
- Paypaslagichlar va og‘iz teshigi
- Gajaklar va ildizpoya
- Yadro saqlovchi bo‘rtma va sitoplazma
To‘g‘ri javob: Paypaslagichlar va og‘iz teshigi. Gidra kurtaklarining uchida paypaslagichlar va og‘iz teshigi paydo bo‘ladi.
Spora hosil qilib ko‘payishda spora ichida hujayra qaysi usulda ko‘p marta bo‘linadi?
- Mitoz usulida
- Meyoz usulida
- Amitoz usulida
- Endomitoz usulida
To‘g‘ri javob: Mitoz usulida. Spora ichida hujayra ko‘p marta mitoz usuli bilan bo‘linadi.
Nima uchun jinssiz ko‘payishda hosil bo‘lgan yangi avlodlar ona avlodning ayni nusxasi bo‘ladi?
- Yangi avlod hosil bo‘lishida irsiy moddalar aralashadi
- Yangi avlod hosil bo‘lishida faqat bitta hujayra yoki organizm qatnashadi
- Yangi avlod faqat jinsiy hujayralardan rivojlanadi
- Yangi avlod hosil bo‘lishida ikki jinsiy hujayra qo‘shiladi
To‘g‘ri javob: Yangi avlod hosil bo‘lishida faqat bitta hujayra yoki organizm qatnashadi. Faqat bitta hujayra yoki organizm qatnashgani uchun avlodlarning irsiy moddalari bir xil bo‘ladi.
Ko‘p hujayralilarda jinssiz ko‘payish: qaysi qatorda organizmlar bo‘linish usuliga to‘g‘ri joylashtirilgan?
- Ikkiga bo‘linadi — oq planariya; bir nechta bo‘lakka — meduza
- Ikkiga bo‘linadi — ignatanlilar; bir nechta bo‘lakka — halqali chuvalchang
- Ikkiga bo‘linadi — meduza; bir nechta bo‘lakka — oq planariya
- Ikkiga bo‘linadi — spirogira; bir nechta bo‘lakka — meduza
To‘g‘ri javob: Ikkiga bo‘linadi — meduza; bir nechta bo‘lakka — oq planariya. Meduza va halqali chuvalchanglar ikkiga, oq planariya, ignatanlilar va spirogira bir nechta bo‘lakka bo‘linadi.
Bir hujayralilarda jinssiz ko‘payish xillarini misollar bilan moslang: 1) amyoba; 2) xlorella; 3) achitqi zamburug‘i; a) kurtaklanib ko‘payish; b) ikkiga bo‘linish; c) shizogoniya.
- 1-a, 2-b, 3-c
- 1-b, 2-a, 3-c
- 1-b, 2-c, 3-a
- 1-c, 2-b, 3-a
To‘g‘ri javob: 1-b, 2-c, 3-a. Amyoba ikkiga bo‘linadi, xlorella shizogoniya bilan, achitqi kurtaklanib ko‘payadi.
O‘simliklarning vegetativ ko‘payish xillarini misollar bilan moslang: 1) qalamchalar; 2) ildiz bachkisi; 3) piyozchalar; a) yantoq; b) lola; c) tol.
- 1-a, 2-b, 3-c
- 1-b, 2-c, 3-a
- 1-c, 2-b, 3-a
- 1-c, 2-a, 3-b
To‘g‘ri javob: 1-c, 2-a, 3-b. Qalamcha — tol, ildiz bachkisi — yantoq, piyozcha — lola.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash