Jinsiy ko‘payish
Mavzular
Jinsiy ko‘payish va ahamiyati
Jinsiy ko‘payish deb, jinsiy bezlarda hosil bo‘lgan maxsus jinsiy hujayralar hisobiga nasllarning ko‘payishi va rivojlanishiga aytiladi. Jinsiy ko‘payishda yangi avlod, har xil ota-ona organizmdan hosil bo‘lgan ikkita jinsiy hujayraning qo‘shilishi natijasida rivojlanadi.
Jinsiy ko‘payish biologik jihatdan g‘oyat katta ahamiyatga ega. Uning jinssiz ko‘payishdan afzalligi shundaki, u ota va ona irsiy belgilarini birlashtirish imkonini beradi. Shu sababli avlod ota-onaga nisbatan yashovchan, o‘zgargan muhit sharoitiga moslanuvchan bo‘ladi. Organizmlar evolutsiyasida jinsiy ko‘payish juda muhim rol o‘ynaydi.
Spermatozoidning tuzilishi
Jinsiy hujayralar va ularning tuzilishi. Jinsiy hujayralar o‘lchami va shakli jihatidan bir-biridan farq qiladi. Erkaklik jinsiy hujayralar – spermatozoid ya’ni urug‘ hujayra, urg‘ochilik jinsiy hujayralar – tuxum hujayra hisoblanadi. Spermatozoidlar tuxum hujayradan ancha kichik, biroq juda harakatchan bo‘ladi.
Sutemizuvchilar spermatozoidi (35-rasm) uzun ip shaklida bo‘lib, uch qismdan: bosh, bo‘yin, dumdan iborat. Bosh qismida yadro joylashadi, boshchasining oldingi qismida sitoplazmaning zichlashgan qismi mavjud, shu qismi yordamida spermatozoid tuxum hujayraga kiradi. Bo‘yin qismida hujayra markazi va mitoxondriyalar bo‘ladi. Bo‘yin bevosita dumga o‘tadi. Dum tuzilishiga ko‘ra xivchinga o‘xshaydi va spermatozoidning harakatlanish organoidi hisoblanadi.

Tuxum hujayra
Tuxum hujayra ko‘pincha yumaloq, amyobasimon shaklda bo‘lib, harakatsiz bo‘ladi. Boshqa hujayralardan asosiy farqi shaklining juda katta bo‘lishidir. Tuxum hujayraning kattaligi sitoplazmada oqsilga boy oziq modda — sariqlikning mavjudligidir. Tuxum qo‘yib ko‘payadigan umurtqalilar (sudralib yuruvchi va qushlar)da tuxum hujayra ancha yirik bo‘ladi (36-rasm). Tuxum hujayra organizmning rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan hamma irsiy axborotni o‘zida saqlaydi.

Gametogenez va ko‘payish davri
Jinsiy hujayralarning rivojlanishi (gametogenez). Jinsiy hujayralar (gametalar) jinsiy bezlarda rivojlanadi. Spermatozoidlar – urug‘donda, tuxum hujayra – tuxumdonda. Spermatozoidlarning rivojlanishi – spermatogenez, tuxum hujayraning rivojlanishi – ovogenez deyiladi (37-rasm).

Jinsiy hujayralarning hosil bo‘lishi jarayonida spermatogenez va ovogenez bir nechta bosqichlarda amalga oshadi.
1-bosqich. Ko‘payish davri, birlamchi jinsiy hujayralar mitoz yo‘li bilan ko‘payishi natijasida hujayralar soni ortadi. Spermatogenezda birlamchi jinsiy hujayralar juda tez ko‘payadi, ko‘pincha bu jarayon balog‘atga yetish davridan boshlab qarilik davrigacha davom etadi. Ovogenezda birlamchi urg‘ochi jinsiy hujayralarning ko‘payishi tuban umurtqasizlarda butun umri mobaynida davom etadi.
O‘sish davri
2-bosqich. O‘sish davri. Boshlang‘ich jinsiy hujayralarning ayrimlari o‘sish zonasiga o‘tib kattalashadi, oziq moddalar to‘playdi. Ularning DNK miqdori ikki hissa ortadi. Birlamchi spermatozoidlar o‘sish zonasida tez kattalashmaydi. Lekin tuxum hujayralar ayrim vaqtlarda bir necha yuz va ming martagacha kattalashadi. Birlamchi tuxum hujayralarning o‘sishi organizmning boshqa hujayralarida hosil bo‘ladigan moddalar hisobiga amalga oshadi. Misol uchun baliqlar, suvda ham quruqda yashovchilar, sudralib yuruvchilar va qushlardagi tuxum hujayraning asosiy qismini sariqlik tashkil etadi. Sariqlik zaxira oziq moddalar to‘plamidir (yog‘, oqsil, karbon suv). Bundan tashqari birlamchi jinsiy hujayralarda ko‘p miqdorda oqsil va RNKlar sintezlanadi.
Yetilish va shakllanish davri
3-bosqich. Yetilish davri – hujayralar yadrosidagi diploid to‘plam ikki hissaga ortadi. Bu davrda hujayralar meyoz usulida ko‘payib gaploid to‘plamga ega bo‘ladi.
4-bosqich. Shakllanish davri – hosil bo‘lgan jinsiy hujayralarning ma’lum shaklga va hajmga ega bo‘lishi bilan amalga oshadi. Tuxum hujayra shakllanish davrida maxsus parda (qobiq) bilan o‘ralib urug‘lanishga tayyor bo‘ladi. Ko‘p hollarda sudralib yuruvchilar, qushlar va sutemizuvchilar tuxum hujayrasida qo‘shimcha qobiqlar hosil bo‘ladi (36-rasmga qarang). Qo‘shimcha qobiqlar tuxum hujayra va unda rivojlanayotgan embrionni tashqi muhitning noqulay sharoitlaridan himoya qilib turadi.
Spermatozoid va urug‘lanish
Spermatozoidlar tuzilishiga ko‘ra har xil hajm va shaklga ega. Spermatozoidlarning asosiy vazifasi tuxum hujayraga irsiy axborotni olib borish va uning funksiyasini tezlatishdir. Shakllangan spermatozoidda mitoxondriya, golji majmuasi va urug‘lanish vaqtida tuxum hujayra membranasini eritib yuboruvchi maxsus fermentlar bo‘ladi. Spermatozoid tuxum hujayrani urug‘lantirgach, diploid to‘plamga ega bo‘lgan zigota hosil bo‘ladi (38-, 39-rasmlar).


Bilimingizni sinang
Jinsiy ko‘payishda yangi avlod qanday hosil bo‘ladi?
- Bitta organizmning jinsiy bezidagi hujayralar mitozidan
- Har xil ota-ona organizmlardan hosil bo‘lgan ikkita jinsiy hujayraning qo‘shilishidan
- Bitta ota-ona organizmning tana hujayralari bo‘linishidan
- Ona organizmdagi urug‘lanmagan tuxum hujayraning bo‘linishidan
To‘g‘ri javob: Har xil ota-ona organizmlardan hosil bo‘lgan ikkita jinsiy hujayraning qo‘shilishidan. Jinsiy ko‘payishda nasl ikki xil organizmdan hosil bo‘lgan ikkita jinsiy hujayraning qo‘shilishidan rivojlanadi.
Jinsiy ko‘payishning jinssiz ko‘payishdan asosiy afzalligi nimada?
- Ota va ona irsiy belgilarini birlashtirish imkonini berishida
- Jinsiy bezlarda energiya sarfi kamayishiga imkon berishida
- Avlodning ona organizmdan aynan nusxa bo‘lib qolishini ta’minlashida
- Ko‘payish uchun faqat bitta organizm yetarli bo‘lishida
To‘g‘ri javob: Ota va ona irsiy belgilarini birlashtirish imkonini berishida. Ota va ona irsiy belgilari birlashgani uchun avlod yashovchan va o‘zgargan muhitga moslanuvchan bo‘ladi.
Sutemizuvchilar spermatozoidida hujayra markazi va mitoxondriyalar qaysi qismda joylashadi?
- Boshchasining oldingi qismida
- Bosh qismida
- Bo‘yin qismida
- Dum qismida
To‘g‘ri javob: Bo‘yin qismida. Spermatozoid bosh, bo‘yin va dumdan iborat; hujayra markazi va mitoxondriyalar bo‘yin qismida bo‘ladi.
Sutemizuvchilar spermatozoidining dum qismi qanday vazifani bajaradi?
- Irsiy axborotni saqlaydi
- Harakatlanish organoidi vazifasini bajaradi
- Tuxum hujayra qobig‘ini eritadi
- Hujayra markazini va mitoxondriyalarni to‘playdi
To‘g‘ri javob: Harakatlanish organoidi vazifasini bajaradi. Dum xivchinga o‘xshash tuzilgan bo‘lib, spermatozoidning harakatlanish organoidi hisoblanadi.
Spermatozoid va tuxum hujayra o‘rtasidagi farq qaysi javobda to‘g‘ri berilgan?
- Ikkala hujayra ham harakatsiz, faqat shakli bilan farq qiladi
- Spermatozoid kichik va harakatchan, tuxum hujayra yirik va harakatsiz
- Spermatozoid yirik va harakatsiz, tuxum hujayra kichik va harakatchan
- Ikkala hujayra ham bir xil o‘lchamda, juda harakatchan
To‘g‘ri javob: Spermatozoid kichik va harakatchan, tuxum hujayra yirik va harakatsiz. Spermatozoid tuxum hujayradan ancha kichik va juda harakatchan, tuxum hujayra esa yirik va harakatsiz.
Tuxum hujayraning juda yirik bo‘lishiga nima sabab bo‘ladi?
- Xivchinsimon dum qismining rivojlanishi
- Yadroda DNK miqdorining bir necha marta ko‘pligi
- Ko‘p sonli mitoxondriyalarning to‘planishi
- Sitoplazmada oqsilga boy oziq modda — sariqlikning mavjudligi
To‘g‘ri javob: Sitoplazmada oqsilga boy oziq modda — sariqlikning mavjudligi. Tuxum hujayra kattaligi sitoplazmadagi oqsilga boy zaxira oziq modda – sariqlikka bog‘liq.
Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Spermatozoidlar urug‘donda rivojlanadi. II. Tuxum hujayra tuxumdonda rivojlanadi. III. Spermatozoidlarning rivojlanishi ovogenez deyiladi.
- I va II
- II va III
- I va III
- I, II va III
To‘g‘ri javob: I va II. Spermatozoidlarning rivojlanishi spermatogenez deyiladi, ovogenez esa tuxum hujayra rivojlanishi; III noto‘g‘ri.
Gametogenez davrlarini mohiyati bilan moslang: 1) Ko‘payish davri; 2) O‘sish davri; 3) Yetilish davri. a) hujayralar kattalashib oziq moddalar to‘playdi; b) hujayralar mitoz bilan ko‘payib, soni ortadi; c) hujayralar meyoz bilan ko‘payib gaploid to‘plamga ega bo‘ladi.
- 1-a, 2-b, 3-c
- 1-b, 2-a, 3-c
- 1-b, 2-c, 3-a
- 1-c, 2-a, 3-b
To‘g‘ri javob: 1-b, 2-a, 3-c. Ko‘payish davrida mitoz, o‘sish davrida kattalashish va oziq to‘plash, yetilish davrida meyoz bilan gaploid to‘plam hosil bo‘ladi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash