Genetikaning rivojlanish tarixi
Mavzular
Genetika va irsiyat
Genetika yunoncha “genetikos” so‘zidan olingan bo‘lib, “tug‘ilish, kelib chiqish” degan ma’noni anglatadi. Genetika atamasi fanga 1906- yilda angliyalik olim V.Betson tomonidan kiritilgan. Genetika — organizmlarning ikki xususiyati: irsiyat va o‘zgaruvchanligini o‘rganadi.
Irsiyat — tirik organizmlarning o‘ziga xos belgi va xususiyatlarini kelgusi avlodlarga qoldirish, ya’ni nasldan-naslga berish xossasidir.
Irsiyat tufayli tur doirasidagi hamma individlar o‘xshash bo‘ladi. Irsiyat hayvonlar, o‘simliklar va mikroorganizmlarga tur, zot, nav, shtammning xarakterli belgilarini avloddan avlodga saqlab berish uchun imkon beradi.
O‘zgaruvchanlik, gen, genotip, fenotip
O‘zgaruvchanlik – organizmlarning yangi belgilari va xususiyatlarini namoyon etish qobiliyatidir. O‘zgaruvchanlik tufayli tur doirasidagi individlar bir-biridan farq qiladi. Demak, irsiyat bilan o‘zgaruvchanlik organizmning bir-biriga qarama-qarshi, ammo o‘zaro bog‘langan xossalaridir. Irsiyat tufayli turning bir xilligi saqlanib borsa, o‘zgaruvchanlik turni aksincha, har xil qilib qo‘yadi. Bir tur individlari o‘rtasidagi tafovutlar organizm genotipining o‘zgarishiga bog‘liq bo‘lishi mumkin. O‘zgaruvchanlik tashqi sharoitlar bilan ham belgilanadi.
Genetika fani organizmlarda ularning belgi va xususiyatlarining nasldan-naslga berilishini ta’min etuvchi “gen” deb ataluvchi irsiy birlik mavjudligini isbot etadi. Organizmdagi genlar kelgusi avlodlarga ko‘payish orqali beriladi. Ma’lum bir organizmlarning barcha genlarining yig‘indisi genotip deb ataladi. Organizmning barcha belgi va xususiyatlarning yig‘indisi fenotip deb ataladi. Tirik organizmlar fenotipining qanday bo‘lishi, uning genotipiga hamda ma’lum darajada tashqi sharoit omillariga bog‘liq.
Genetika vazifalari
Genetika fani oldida turgan vazifalar quyidagilardir:
- irsiyatning moddiy asoslari – xromosomalar, genlarning strukturasi va funksiyasini tekshirish;
- organizmlar belgi va xususiyatlarining kelgusi avlodlarga berilishi va rivojlanish qonuniyatlarini aniqlash;
- turli fizik va kimyoviy omillar ta’sirida organizmlarda irsiy o‘zgaruvchanlikning paydo bo‘lish qonuniyatlarini ochish;
- inson ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan sermahsul o‘simlik navlari, hayvon zotlari, mikroorganizm shtammlarini yaratishning samarali usullarini ishlab chiqish;
- odamlarda turli irsiy kasalliklarning paydo bo‘lish sabablarini o‘rganish, ularning oldini olish va davolashning samarali usullarini izlab topish.
Genetika usullari
Bu vazifalarni hal etishda genetika fani bir qator usullardan foydalanadi. Ular quyidagilar:
Duragaylash. Bu usulning mohiyati chatishtirish natijasida olingan avlodlarda ota-ona belgilarining irsiylanishini o‘rganishdan iborat.
Sitogenetik. Ushbu usul qo‘llanilganda ota-ona belgilarining irsiylanishi bilan birga xromosomalarning holati maxsus mikroskoplar yordamida o‘rganiladi.
Molekular genetik. Mazkur usul orqali irsiyatning moddiy asosi bo‘lgan DNK va RNKning strukturasi va vazifasi o‘rganiladi.
Ontogenetik. Bu usul yordamida organizmlarning shaxsiy rivojlanish taraqqiyotida genotip va tashqi muhit omillarning ta’siri fenotipning namoyon bo‘lishiga qanday ta’sir qilishi o‘rganiladi.
Genetik injeneriya. Bu usul yordamida bir organizmning noyob genlarini ikkinchi organizmga ko‘chirib o‘tkazish ishlari amalga oshiriladi.
Genetikaning rivojlanish bosqichlari
Genetika fanining rivojlanish tarixi. Genetika fanining rivojlanish tarixida quyidagi asosiy bosqichlarni belgilash mumkin:
1- bosqich. G.Mendel va uning izdoshlari tomonidan irsiyat va irsiylanish qonunlarining kashf etilishi.
2- bosqich. T.Morganning xromosoma nazariyasining yaratilishi va uning rivojlantirilishi.
3- bosqich. Genetik tadqiqotlarga kimyo, fizika, kibernetika kabi fanlarning yutuqlarini tatbiq etish. Bu bosqich asosan elektron mikroskopiya, rentgenostruktur tashxis kabi usullardan foydalanish bilan bog‘liq.
Genetika fanining rivojlanishiga xorijlik juda ko‘p olimlar o‘zlarining hissalarini qo‘shishgan. O‘zbekistonda ham genetika sohasida ko‘plab olimlar ilmiy tadqiqot ishlarini olib borishgan va genetika fanining rivojiga munosib hissa qo‘shishgan. Bu olimlarimiz akademiklar J.A.Musayev, O.Jalilov, N.Nazirov, S.Mirahmedov, A.Abdukarimov, Abdullaev va boshqalar.
Genetik simvollar
Irsiyatning duragaylash metodidan foydalanib o‘rganilganda quyidagi genetik simvollar qo‘llaniladi.
Chatishtirish “x” belgisi bilan ifodalanadi. Ona organizm (Venera-Zuhroning ko‘zgusi), ota organizm (Mars qalqoni va nayzasi) belgisi bilan ifodalanadi. Ota-ona organizmlar oldiga “P” harfi (lotincha “Parents” – ota-ona degan ma’noni anglatadi). Ota-ona organizm va duragaylarda hosil bo‘ladigan gametalar “G” harfi bilan belgilanadi. Duragaylash natijasida olingan birinchi avlod duragay – F1, ikkinchi avlod duragay – F2 va h.k simvollar bilan belgilanadi. “F” harfi lotincha “Filio” so‘zidan olingan bo‘lib, bolalar degan ma’noni anglatadi. Birinchi avlod (F1) duragaylarni dominant yoki retsessiv gomozigotali organizmlari bilan chatishtirish qayta – tahliliy chatishtirish yoki bekkross deb ataladi. Olingan avlod esa Fb tarzida belgilanadi.
Bilimingizni sinang
Genetika atamasi fanga qaysi yilda va kim tomonidan kiritilgan?
- 1865-yilda G.Mendel
- 1906-yilda V.Betson
- 1900-yilda T.Morgan
- 1953-yilda J.Uotson
To‘g‘ri javob: 1906-yilda V.Betson. Genetika atamasini 1906-yilda angliyalik olim V.Betson kiritgan.
Tirik organizmlarning o‘ziga xos belgi va xususiyatlarini kelgusi avlodlarga qoldirish xossasi nima deyiladi?
- O‘zgaruvchanlik
- Fenotip
- Genotip
- Irsiyat
To‘g‘ri javob: Irsiyat. Belgilarni nasldan-naslga berish xossasi irsiyat deyiladi.
Irsiyat va o‘zgaruvchanlikning tur uchun ahamiyati qanday?
- Irsiyat turning bir xilligini saqlaydi, o‘zgaruvchanlik individlarni har xil qiladi
- Irsiyat individlarni har xil qiladi, o‘zgaruvchanlik turning bir xilligini saqlaydi
- Ikkalasi ham individlarni bir-biridan farqlantiradi
- Ikkalasi ham turning bir xilligini saqlaydi
To‘g‘ri javob: Irsiyat turning bir xilligini saqlaydi, o‘zgaruvchanlik individlarni har xil qiladi. Irsiyat turning bir xilligini saqlaydi, o‘zgaruvchanlik esa turni aksincha, har xil qiladi.
Ma’lum organizmdagi barcha genlarning yig‘indisi nima deb ataladi?
- Genotip
- Gametalar yig‘indisi
- Fenotip
- Kariotip
To‘g‘ri javob: Genotip. Barcha genlarning yig‘indisi genotip deyiladi.
Tirik organizmlar fenotipining qanday bo‘lishi nimalarga bog‘liq?
- Faqat genotipiga, tashqi sharoit ta’sir qilmaydi
- Faqat tashqi sharoit omillariga
- Genotipiga hamda ma’lum darajada tashqi sharoit omillariga
- Faqat gametalar soniga
To‘g‘ri javob: Genotipiga hamda ma’lum darajada tashqi sharoit omillariga. Fenotip genotipga hamda ma’lum darajada tashqi sharoitga bog‘liq.
Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Irsiyat tufayli tur doirasidagi hamma individlar o‘xshash bo‘ladi. II. O‘zgaruvchanlik tufayli tur doirasidagi individlar bir-biridan farq qiladi. III. Irsiyat va o‘zgaruvchanlik qarama-qarshi bo‘lgani uchun o‘zaro bog‘liq emas.
- I va II
- I va III
- II va III
- I, II va III
To‘g‘ri javob: I va II. Irsiyat va o‘zgaruvchanlik qarama-qarshi, ammo o‘zaro bog‘langan xossalar; III noto‘g‘ri.
Genetika usullarini mohiyati bilan moslang: 1) duragaylash; 2) sitogenetik; 3) molekular genetik. a) xromosomalar holatini maxsus mikroskoplar yordamida o‘rganish; b) DNK va RNKning strukturasi va vazifasini o‘rganish; c) chatishtirishdan olingan avlodlarda ota-ona belgilarining irsiylanishini o‘rganish.
- 1-a, 2-b, 3-c
- 1-c, 2-b, 3-a
- 1-c, 2-a, 3-b
- 1-b, 2-c, 3-a
To‘g‘ri javob: 1-c, 2-a, 3-b. Duragaylash – belgilar irsiylanishi, sitogenetik – xromosomalar holati, molekular genetik – DNK va RNK.
Genetikaning ontogenetik usuli yordamida nima o‘rganiladi?
- Chatishtirishda ota-ona belgilarining irsiylanishi
- DNK va RNKning tuzilishi va vazifasi
- Xromosomalarning holati maxsus mikroskoplarda
- Shaxsiy rivojlanishda genotip va muhitning fenotipga ta’siri
To‘g‘ri javob: Shaxsiy rivojlanishda genotip va muhitning fenotipga ta’siri. Ontogenetik usul organizm shaxsiy rivojlanishida genotip va tashqi muhit omillarining fenotipga ta’sirini o‘rganadi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash