XotirAI logotipiXotirAI
🧬 9-sinf · Biologiya · 46-§.

Rivojlanishning umumiy qonuniyatlari

Mavzular

Embrionlarning o‘xshashlik qonuni

Biogenetik qonun. Embrionlarning o‘xshashlik qonuni. Barcha ko‘p hujayrali organizmlar bitta urug‘langan tuxum hujayra (zigota)dan rivojlanadi. Bir tipga mansub organizmlar murtagining rivojlanishi ko‘p tomondan o‘xshash. Barcha xordali hayvonlarning embrional rivojlanish davrida o‘q skelet – xorda shakllanadi, nerv nayi hosil bo‘ladi, halqumining oldingi qismida jabra yoriqlari paydo bo‘ladi.

Umurtqalilarning dastlabki rivojlanish bosqichlari juda o‘xshashdir (48-rasm). Bu dalillar K.Ber tomonidan embrionlarning o‘xshashlik qonunida ilgari surilgan.

48- rasm. 1 kloakalilar (yexidna); 4 yirtqichlar (mushuk); Umurtqalilarda mur‑ 2 xaltalilar (kenguru); 5 primatlar (martishka); takning o‘xshashligi: 3 juft tuyoqlilar (bug‘u); 6 odam.
48- rasm. 1 kloakalilar (yexidna); 4 yirtqichlar (mushuk); Umurtqalilarda mur‑ 2 xaltalilar (kenguru); 5 primatlar (martishka); takning o‘xshashligi: 3 juft tuyoqlilar (bug‘u); 6 odam.

Embrional divergensiya

Embrionlarning o‘xshashlik qonunining isboti: “Embrion dastlabki rivojlanish davrida tip uchun umumiy belgilari jihatidan o‘xshash bo‘ladi”. Har xil sistematik guruhga mansub organizmlar murtagining rivojlanishini o‘xshash bo‘lishi, ularning kelib chiqishi birligining isbotidir. Keyinchalik embrional rivojlanishda sinf, oila, tur va oxirida o‘sha individ uchun xos belgilar rivojlanadi. Embrionning rivojlanish jarayonida belgilarning ajralishi embrional divergensiya deb ataladi. Bu turning tarixiy rivojlanishi u yoki bu sistematik guruhga xos belgilarni aks ettiradi. Organizm o‘zining rivojlanish davrida doimiy ravishda o‘zgarib boradi. Mutatsiya homilaning dastlabki davrlarida tuzilish va moddalar almashinuviga ta’sir etadigan genlarning o‘zgarishiga olib keladi.

O‘zgarishlarning ahamiyati

O‘zgargan belgilar keyingi rivojlanish jarayonida muhim rol o‘ynaydi. Xordaning boshlang‘ich kurtagi nerv naychasining hosil bo‘lishiga ta’sir ko‘rsatadi. Uning yo‘qolishi rivojlanishni to‘xtatadi. Shuning uchun dastlabki bosqichdagi o‘zgarishlar odatda rivojlanishdan orqada qolishga yoki nobud bo‘lishga olib keladi. Keyingi bosqichlardagi o‘zgarishlar, kamroq ahamiyatga ega bo‘lgan belgilarga ta’sir qilib, organizm uchun foydali belgilarni yuzaga chiqaradi va bu o‘zgarish tabiiy tanlanishda saralanib boradi.

Ajdodlar izlari embrionda

Hozirgi zamon hayvonlarining embrional rivojlanish bosqichida ajdodlariga o‘xshash belgilarning paydo bo‘lishi, organlar tuzilishidagi evolutsion qayta shakllanishni aks ettiradi. Organizm o‘z rivojlanish jarayonida bir hujayralilik (zigota) bosqichini o‘taydi, ya’ni dastlabki amyobasimon bosqichni filogenetik takrorlaydi. Barcha umurtqalilarda, yuksak tuzilishga ega bo‘lganlarida ham dastlab xorda hosil bo‘lib, keyinchalik umurtqa pog‘onasiga aylanadi. Ularning ajdodida esa xorda butun umri davomida saqlanib qolgan. Embrional rivojlanish jarayonida qushlar, sut emizuvchilar va odamda halqum atrofida jabra bo‘ladi.

Biogenetik qonun

Odam embrionining dastlabki bosqichlarida yurak tuzilishi baliqlarnikiga o‘xshash: bitta qorincha va bitta bo‘lmachadan iborat bo‘lib, qon aylanish doirasi bitta bo‘ladi. Tishsiz kitlarning embrionlik davrida tish paydo bo‘ladi. Bu tishlar milkni yorib chiqmaydi, balki parchalanib, so‘rilib ketadi. Yuqorida keltirilgan misollar individual rivojlanish bilan tarixiy rivojlanish o‘rtasidagi bog‘liqlikni ko‘rsatadi. Bu o‘zaro bog‘liqlik nemis olimlari Myuller va Gekkel tomonidan ilgari surilgan biogenetik qonunda o‘z ifodasini topdi. Har bir individ o‘zining individual rivojlanishida (ontogenez) o‘z turining rivojlanish tarixini (filogenez) qisqacha takrorlaydi, ya’ni ontogenezda filogenezning qisqa takroriga biogenetik qonun deyiladi.

Bilimingizni sinang

Barcha xordali hayvonlarning embrional rivojlanishida halqumning oldingi qismida nima paydo bo‘ladi?
  1. O‘pka pufagi
  2. To‘rt kamerali yurak
  3. Jabra yoriqlari
  4. Umurtqa pog‘onasi

To‘g‘ri javob: Jabra yoriqlari. Xordalilar embrionida o‘q skelet – xorda, nerv nayi va halqum oldida jabra yoriqlari paydo bo‘ladi.

Umurtqalilarning dastlabki rivojlanish bosqichlari o‘xshashligini ifodalovchi embrionlarning o‘xshashlik qonunini kim ilgari surgan?
  1. J.B.Lamark
  2. F.Myuller
  3. Ch.Darvin
  4. K.Ber

To‘g‘ri javob: K.Ber. Embrionlarning o‘xshashlik qonuni K.Ber tomonidan ilgari surilgan.

Har xil sistematik guruhga mansub organizmlar murtagi rivojlanishining o‘xshashligi nimani isbotlaydi?
  1. Ularning kelib chiqishi birligini
  2. Ularning moddalar almashinuvi bir xilligini
  3. Ularning tashqi ko‘rinishi bir xilligini
  4. Ularning bir xil muhitda yashashini

To‘g‘ri javob: Ularning kelib chiqishi birligini. Murtak rivojlanishining o‘xshashligi organizmlarning kelib chiqishi birligini isbotlaydi.

Embrionning rivojlanish jarayonida belgilarning ajralishi nima deb ataladi?
  1. Gomeostaz
  2. Embrional konvergensiya
  3. Embrional divergensiya
  4. Akseleratsiya

To‘g‘ri javob: Embrional divergensiya. Rivojlanish davrida belgilarning ajralishi embrional divergensiya deyiladi.

Quyidagi hukmlardan qaysilari to‘g‘ri? I. Dastlabki bosqichdagi o‘zgarishlar odatda rivojlanishdan orqada qolishga yoki nobud bo‘lishga olib keladi. II. Keyingi bosqichlardagi o‘zgarishlar tabiiy tanlanishda saralanib boradi. III. Keyingi bosqichlardagi o‘zgarishlar ko‘pincha rivojlanishni to‘xtatib, embrionni nobud qiladi.
  1. I va III
  2. II va III
  3. I, II va III
  4. I va II

To‘g‘ri javob: I va II. Keyingi bosqich o‘zgarishlari foydali belgilarni yuzaga chiqaradi va tanlanishda saralanadi; III noto‘g‘ri.

Moslang: 1) zigota bosqichi; 2) tishsiz kit embrioni; 3) odam embrionining yuragi. a) bitta qorincha va bitta bo‘lmacha; b) milkni yorib chiqmay, so‘rilib ketadigan tishlar; c) amyobasimon ajdod bosqichining takrori.
  1. 1-a, 2-b, 3-c
  2. 1-c, 2-b, 3-a
  3. 1-b, 2-c, 3-a
  4. 1-c, 2-a, 3-b

To‘g‘ri javob: 1-c, 2-b, 3-a. Zigota amyobasimon ajdodni, kit embrionining tishlari ajdodni, odam yuragi baliq yuragini takrorlaydi.

Biogenetik qonunni qaysi olimlar ilgari surgan?
  1. Myuller va K.Ber
  2. K.Ber va Ch.Darvin
  3. Myuller va Gekkel
  4. Gekkel va J.B.Lamark

To‘g‘ri javob: Myuller va Gekkel. Biogenetik qonunni nemis olimlari Myuller va Gekkel ilgari surgan.

Biogenetik qonunga ko‘ra individual rivojlanish (ontogenez) va turning tarixiy rivojlanishi (filogenez) o‘rtasidagi bog‘liqlik qanday?
  1. Ontogenez va filogenez o‘zaro bog‘liq emas
  2. Ontogenez filogenezdan butunlay farq qiladi
  3. Ontogenez filogenezning qisqa takrori bo‘ladi
  4. Filogenez ontogenezning qisqa takrori bo‘ladi

To‘g‘ri javob: Ontogenez filogenezning qisqa takrori bo‘ladi. Individ ontogenezda o‘z turining tarixiy rivojlanishini (filogenez) qisqacha takrorlaydi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiEmbrion rivojlanishiga tashqi muhitning ta’siriKeyingi →Genetikaning rivojlanish tarixi