XotirAI logotipiXotirAI
🧬 9-sinf · Biologiya · 50-§.

Di-poliduragay chatishtirish. Mendelning uchinchi qonuni

Mavzular

Di- va poliduragay chatishtirish

Organizmlar bir-biridan juda ko‘p belgilari bilan farq qiladi. Ikki va undan ortiq belgilarni irsiylanish qonuniyatlarini diduragay va poliduragay chatishtirish orqali o‘rganish mumkin.

Diduragay yoki poliduragay chatishtirish deb, ikki yoki undan ortiq juft belgilari bilan farq qiladigan ota-ona organizmlarni o‘zaro chatishtirishga aytiladi.

Diduragay chatishtirishni tekshirish uchun Mendel ikki juft belgisi bilan: donining rangi (sariq va yashil) va shakli (silliq va burishgan) bo‘lgan gomozigota holdagi no‘xat o‘simliklarini o‘zaro chatishtirdi. No‘xat donining sariq rangi (A) va silliq shakli (B) dominant, yashil rangi (a) va burishgan shakli (b) retsessivdir. Har bir o‘simlik bir tipdagi gametalarni hosil qiladi. Bunday gametalarning qo‘shilishidan olingan naslning barchasi bir xil, ya’ni sariq-silliq bo‘ladi.

Gametalar va Pennet katakchasi

Birinchi bo‘g‘in duragaylarida har juft allel genlardan faqat bittasi gametalarga tushib qoladi. Ya’ni birinchi meyoz bo‘linish natijasida A gen B gen bilan bitta gametaga yoki b gen bilan tushishi, huddi shuningdek, a gen B gen yoki b gen bilan bitta gametaga tushishi mumkin.

Har bir organizmda juda ko‘p jinsiy hujayralar hosil bo‘ladi, statistik qonuniyat bo‘yicha har bir F1 duragayda to‘rt xilda 25 % dan – AB, Ab, aB, ab gametalar hosil bo‘ladi. Urug‘lanish jarayonida bitta organizm gametalari ikkinchi organizmning har bir gametalari bilan tasodifan uchrashishi mumkin. Buni Pennet katakchasi yordamida osongina aniqlash mumkin. Pennet katakchasiga gorizontal bo‘yicha bitta organizm gametalari, vertikal bo‘yicha katakchalarning chap tomoniga ikkinchi organizm gametalari yoziladi. Katakchalar ichiga esa gametalar qo‘shilishidan hosil bo‘lgan zigotalarning genotipi yoziladi (50- rasm). F2da hosil bo‘lgan organizmlarni fenotip bo‘yicha hisoblab chiqish nihoyatda oson.

50- rasm. No‘xat o‘simligida don rangi va shaklining irsiylanishi.
50- rasm. No‘xat o‘simligida don rangi va shaklining irsiylanishi.

F2 da ajralish: 9:3:3:1

Duragaylar fenotip bo‘yicha to‘rtta guruhga bo‘linadi: 9 ta sariq silliq; 3 ta yashil silliq; 3 ta sariq burishgan; 1 ta yashil burishgan duragaylar hosil bo‘ladi. Agar har bir belgilar bo‘yicha ajralishni hisoblab chiqiladigan bo‘lsa, sariq donning soni yashil rangga, silliq shaklining soni burishgan shakliga nisbatan 3:1 bo‘ladi. Shunday qilib, diduragay chatishtirishda har juft belgilar boshqa juft belgilarga bog‘liq bo‘lmagan holda xuddi monoduragay chatishtirishdagidek ajralishga uchraydi.

Diduragay chatishtirishda F2 bo‘g‘inda fenotip jihatdan nisbat 9:3:3:1, genotip jihatdan nisbat 1:2:2:4:1:2:1:2:1 bo‘ladi.

Urug‘lanish jarayonida gametalarning tasodifan uchrashish ehtimoli barchasi uchun bir xil bo‘ladi. Hosil bo‘lgan zigotalarda genlarning har xil kombinatsiyalari amalga oshadi. Diduragay chatishtirishda genlarning turli kombinatsiyalari natijasida belgilarning mustaqil holda taqsimlanishi, agarda juft allel genlar har xil gomologik xromosomalarda joylashgan bo‘lsagina amalga oshadi.

Mendelning uchinchi qonuni

Mendelning uchinchi qonuni – belgilarning mustaqil holda irsiylanish qonuni deb ataladi.

Mendelning uchinchi qonunini quyidagicha izohlash mumkin: ikki yoki undan ortiq juft muqobil belgilari bilan farq qiladigan ota-ona organizmlar o‘zaro chatishtirilganda, genlar va unga mos belgilar bir-biridan mustaqil holda irsiylanadi.

Mendel qonunlaridan foydalanib, ajralishning bir muncha murakkab hollarini uch, to‘rt va undan ham ko‘proq juft belgilari bilan farq qiladigan duragaylardagi ajralish hollarini ham tushunib olsa bo‘ladi. Agar ota-ona organizm bir juft belgisi bilan farq qilsa, ikkinchi bo‘g‘inda ajralish 3:1, diduragay chatishtirishda esa 9:3:3:1 nisbatda ajralishi kuzatiladi.

Poliduragaylardagi gametalarning umumiy sonini hisoblash formulasi – 2n, n – genotipdagi geterozigota juft genlarning soni (Aa) duragayda ikki xil gameta; AaBb duragayda esa to‘rt xil tipdagi gameta hosil bo‘ladi. AaBbCc – triduragayda sakkiz xil tipdagi gameta hosil bo‘ladi.

Tahliliy chatishtirish (diduragay)

Tahliliy chatishtirish. Mendel tomonidan ishlab chiqilgan irsiyatni o‘rganishning duragaylash usuli dominant genga ega bo‘lgan fenotipli organizmlarni genotipi gomozigota yoki geterozigota ekanligini aniqlash imkonini bermaydi. Buning uchun noaniq genotipga ega organizm sof gomozigota holdagi retsessiv organizm bilan qayta chatishtiriladi.

Tahliliy chatishtirish ikki juft belgisi bo‘yicha geterozigota organizmlarda quyidagicha bo‘ladi.

Bunday chatishtirishdan olingan duragaylar bir-biridan farq qiladigan to‘rt xildagi fenotipni hosil qiladi, nisbat 1:1:1:1 bo‘ladi.

Bilimingizni sinang

Qanday chatishtirish diduragay yoki poliduragay chatishtirish deyiladi?
  1. Bir juft belgisi bilan farq qiladigan ota-onalarni chatishtirish
  2. Ikki yoki undan ortiq juft belgisi bilan farq qiladigan ota-onalarni chatishtirish
  3. Genotipi bir xil organizmlarni o‘zaro chatishtirish
  4. F1 duragayni retsessiv gomozigota bilan chatishtirish

To‘g‘ri javob: Ikki yoki undan ortiq juft belgisi bilan farq qiladigan ota-onalarni chatishtirish. Diduragay va poliduragay chatishtirishda ota-onalar ikki yoki undan ortiq juft belgilari bilan farq qiladi.

Mendelning no‘xat donining ikki juft belgisi bo‘yicha tajribasida qaysi belgilar dominant bo‘lgan?
  1. Yashil rang va burishgan shakl
  2. Yashil rang va silliq shakl
  3. Sariq rang va burishgan shakl
  4. Sariq rang va silliq shakl

To‘g‘ri javob: Sariq rang va silliq shakl. Sariq rang (A) va silliq shakl (B) dominant, yashil rang (a) va burishgan shakl (b) retsessiv.

Diduragay chatishtirishda F2 bo‘g‘inda genotip jihatdan qanday nisbat kuzatiladi?
  1. 9:3:3:1
  2. 1:1:1:1
  3. 1:2:1
  4. 1:2:2:4:1:2:1:2:1

To‘g‘ri javob: 1:2:2:4:1:2:1:2:1. F2 da fenotip bo‘yicha nisbat 9:3:3:1, genotip bo‘yicha esa 1:2:2:4:1:2:1:2:1 bo‘ladi.

Qaysi qonun belgilarning mustaqil holda irsiylanish qonuni deb ataladi?
  1. Mendelning ikkinchi qonuni
  2. Gametalar sofligi qonuni
  3. Mendelning birinchi qonuni
  4. Mendelning uchinchi qonuni

To‘g‘ri javob: Mendelning uchinchi qonuni. Belgilarning mustaqil irsiylanishi Mendelning uchinchi qonunidir.

Gomozigota sariq-silliq va yashil-burishgan no‘xatlarni chatishtirishda F1 naslining barchasi nima uchun bir xil bo‘ladi?
  1. Meyozda krossingover sodir bo‘lgani uchun
  2. Har bir ota-ona bir tipdagi gameta hosil qiladi
  3. Ota-onalarning har biri to‘rt xil gameta hosil qiladi
  4. Ota-onalar geterozigota bo‘lgani uchun

To‘g‘ri javob: Har bir ota-ona bir tipdagi gameta hosil qiladi. Gomozigota ota-onalar bir tipdagi gameta beradi, shuning uchun zigotalar bir xil genotipli bo‘ladi.

Diduragay chatishtirishda belgilarning mustaqil taqsimlanishi qaysi shartda amalga oshadi?
  1. Ikkala gen ham retsessiv holatda bo‘lsa
  2. Juft allel genlar bitta xromosomada joylashgan bo‘lsa
  3. Juft allel genlar har xil gomologik xromosomalarda joylashgan bo‘lsa
  4. Ota-onalar geterozigota bo‘lmasa

To‘g‘ri javob: Juft allel genlar har xil gomologik xromosomalarda joylashgan bo‘lsa. Mustaqil taqsimlanish genlar turli gomologik xromosomalarda joylashgandagina ro‘y beradi.

Tahliliy chatishtirishda noaniq genotipli organizm nima uchun sof gomozigota retsessiv organizm bilan chatishtiriladi?
  1. Gametalar sonini hisoblash uchun
  2. Retsessiv belgini kuchaytirish uchun
  3. Naslda dominant belgilar ko‘payishi uchun
  4. Dominant fenotipli organizm gomozigota yoki geterozigotaligini aniqlash uchun

To‘g‘ri javob: Dominant fenotipli organizm gomozigota yoki geterozigotaligini aniqlash uchun. Dominant fenotipli organizmning genotipi duragaylash usuli bilan aniqlanmaydi; retsessiv bilan qayta chatishtirish buni ochadi.

Quyidagi chatishtirishlarda fenotip bo‘yicha ajralish nisbatlarini to‘g‘ri juftlang: monoduragay F2; diduragay F2; diduragay tahliliy chatishtirish (Fb).
  1. 1:1:1:1; 9:3:3:1; 3:1
  2. 9:3:3:1; 3:1; 1:1:1:1
  3. 3:1; 1:1:1:1; 9:3:3:1
  4. 3:1; 9:3:3:1; 1:1:1:1

To‘g‘ri javob: 3:1; 9:3:3:1; 1:1:1:1. Monoduragay F2 da 3:1, diduragay F2 da 9:3:3:1, diduragay tahliliy chatishtirishda 1:1:1:1.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiG.Mendel qonunlari. Monoduragay chatishtirishKeyingi →Noallel genlarning o‘zaro ta’siri