Noallel genlarning o‘zaro ta’siri
Mavzular
Noallel genlar ta’siri xillari
G.Mendel kashf etgan irsiyat qonunlari organizmlarning har qaysi belgisi faqat bir gen ta’sirida irsiylanishiga oid holatlarni o‘zida aks ettiradi.
Organizmlarning boshqa ko‘p turlari, navlari va zotlaridagi belgilarning irsiylanishini o‘rganish natijasida genlar faoliyatidagi yangi qonuniyatlar ochildi. Organizmdagi aksariyat belgilarning irsiylanishi bittagina genga emas, balki bir necha allel bo‘lmagan genlar faoliyatiga bog‘liq ekanligi isbotlandi.
Belgilarning bir necha juft allel bo‘lmagan genlarning o‘zaro ta’sir etib irsiylanishi quyidagi xillarda bo‘lishi mumkin:
- genlarning komplementar ta’siri (komplementar);
- genlarning epistatik (epistaz);
- polimer ta’siri (polimer).
Komplementar ta’sir: tovuq toji
Genlarning komplementar ta’siri turli allelga mansub genlar ba’zi belgilarning rivojlanishiga bir muncha mustaqil ta’sir etishi bilan birga, ko‘pincha turli shaklda o‘zaro ta’sir ko‘rsatadi. Natijada organizmda biron belgining rivojlanishi bir necha gen nazorati ostida bo‘ladi. Misol uchun, tovuqning toji har xil zotlarida turli shaklda bo‘ladi. Bu narsa ikki juft genning o‘zaro ta’siri natijasida genlarning alohida kombinatsiyasi tufayli tojlar to‘rt xil variantda: ya’ni oddiy (aabb), no‘xatsimon (aaBB yoki aaBb), gulsimon toj (AAbb, Aabb) yong‘oqsimon toj (AABB, AaBB, AABb yoki AaBb) lar shaklda namoyon bo‘ladi (51- rasm).

Komplementar ta’sir: no‘xat gul rangi
Genotipda allel bo‘lmagan genlarning o‘zaro ta’siri natijasida organizmda yangi belgining rivojlanishiga olib kelishi genlarning komplementar, ya’ni to‘ldiruvchi ta’siri deb ataladi. Genlarning bunday ta’siri genotipi har xil bo‘lgan xushbo‘y hidli, oq gulli no‘xatni o‘zaro chatishtirishda ham aniq namoyon bo‘ladi. Olingan birinchi bo‘g‘in duragaylar qizil rangda bo‘ladi.
Birinchi bo‘g‘in duragaylar o‘zaro chatishtirilganda ikkinchi bo‘g‘in o‘simliklarda ajralish: 9:7 nisbatda, ya’ni bir fenotipik sinf (9/16) qizil, ikkinchisi (7/16) oq bo‘ladi, demak natijaviy nisbat 9:7. Ota-ona o‘simliklarning genotipi – AAbb va aaBB bo‘lib, ularning har biri bittadan dominant (A yoki B) genga ega. Bu dominant genlar alohida-alohida holda gulga qizil rang bera olmaydi, shuning uchun ota-ona no‘xat o‘simliklarining guli oq bo‘ladi. Komplementar irsiylanishda fenotip jihatdan ajralish F2 da 9:3:3:1, 9:7, 9:3:4, 9:6:1 nisbatlarda bo‘ladi.
Epistaz: tovuq pat rangi
Genlarning o‘zaro epistaz ta’siri. Fenotipda bir dominant genning allel bo‘lmagan ikkinchi dominant gendan ustunlik qilishi epistaz deb ataladi. Bu qonuniyatning mohiyatini tovuq zotlarida pat rangining irsiylanishi misolida ko‘rib chiqaylik. Patlari oq rangdagi ikkita tovuq zotlarining fenotipi bir xil bo‘lsa ham, ularning bu belgi bo‘yicha genotiplari har xilligi aniqlandi. Buni tekshirish uchun har ikkalasiga ham oq patli tovuq zotlari chatishtirildi. F1 da hamma duragaylarning pati oq rangli chiqdi. F1 duragay avlodidagi xo‘roz va tovuqlarni o‘zaro chatishtirib olingan ikkinchi avlodda patning rangi bo‘yicha ikkita fenotipik guruhga ajralish kuzatildi. Ularning 13/16 qismi oq patli, 3/16 qismi esa rangli patli tovuq-xo‘rozlar ekanligi aniqlandi.
Ingibitor gen
Shunday qilib, ikkita oq patli tovuq zotlarini chatishtirib olingan duragaylarning ikkinchi avlodida yangi belgi (patning rangli bo‘lishi)ga ega bo‘lgan organizmlar paydo bo‘ldi. Tovuq zotlarida IICC, IiCC, IiCc, iicc, IIcc, Iicc genotiplar patning oq bo‘lishini ta’minlaydi. iiCC, iiCc genotiplar esa patning rangli bo‘lishini ta’min etadi. Tovuq zotlarida patning oq yoki rangli bo‘lishi ikki juft allel bo‘lmagan genlarga bog‘liq. Ularning birinchi jufti Cc genidir. Bu genning dominant alleli (CC) va (Cc) holatda patning rangli bo‘lishini ta’minlaydi. Bu genning (cc) holati patning oq bo‘lishiga zamin yaratadi. Unga allel bo‘lmagan ikkinchi juft gen I-i esa, C-c genning faoliyatini boshqaradi. Bu gen ingibitor gen deb ataladi va II, Ii holatlarida patga rang beruvchi (C) genining faoliyatini to‘xtatadi. Natijada C geni genotipda bo‘lsa ham, patning rangli bo‘lishini fenotipda namoyon eta olmaydi va pat rangi oqligicha qoladi. Shunday qilib, allel bo‘lmagan genlarning o‘zaro epistaz ta’siridagi irsiylanish jarayonida ham duragay avlodlarda, ota-ona organizmida bo‘lmagan yangi belgilar paydo bo‘ladi.
Genlarning dominant epistaz ta’sirida F2 avlodida 13:3, 12:3:1; retsessiv epistazda esa 9:3:4 nisbatda ajralish ro‘y beradi.
Bilimingizni sinang
Allel bo‘lmagan genlarning o‘zaro ta’sirida belgilar irsiylanishining qaysi xillari mavjud?
- Komplementar, epistatik va polimer ta’sir
- Epistatik, polimer ta’sir va kodominantlik
- Polimer ta’sir, to‘liqsiz dominantlik va komplementarlik
- Komplementar, to‘liqsiz dominantlik va epistaz
To‘g‘ri javob: Komplementar, epistatik va polimer ta’sir. Allel bo‘lmagan genlar komplementar, epistatik va polimer ta’sir ko‘rsatadi.
AAbb yoki Aabb genotipli tovuqda toj qanday shaklda namoyon bo‘ladi?
- Gulsimon toj
- No‘xatsimon toj
- Oddiy toj
- Yong‘oqsimon toj
To‘g‘ri javob: Gulsimon toj. Gulsimon toj AAbb va Aabb genotiplarda hosil bo‘ladi; oddiy toj aabb da.
Genotipda allel bo‘lmagan genlarning o‘zaro ta’siri natijasida organizmda yangi belgi rivojlanishi qanday ta’sir deb ataladi?
- Ingibitor ta’sir
- Letal ta’sir
- Epistatik ta’sir
- Komplementar (to‘ldiruvchi) ta’sir
To‘g‘ri javob: Komplementar (to‘ldiruvchi) ta’sir. Yangi belgi rivojlanishiga olib keluvchi allel bo‘lmagan genlar ta’siri komplementar, ya’ni to‘ldiruvchi ta’sir deyiladi.
Fenotipda bir dominant genning allel bo‘lmagan ikkinchi dominant gendan ustunlik qilishi nima deb ataladi?
- Krossingover
- Komplementarlik
- Epistaz
- Birikkan irsiylanish
To‘g‘ri javob: Epistaz. Bir genning allel bo‘lmagan boshqa gen ustidan ustunlik qilishi epistaz deyiladi.
Genotipi AAbb va aaBB bo‘lgan xushbo‘y hidli no‘xat o‘simliklarining guli nima uchun oq bo‘ladi?
- Ikkala o‘simlik ham retsessiv gomozigota
- Ota-onalarda qizil rang geni umuman bo‘lmaydi
- Dominant genlar alohida-alohida holda gulga qizil rang bera olmaydi
- Dominant gen retsessiv genni butunlay bostiradi
To‘g‘ri javob: Dominant genlar alohida-alohida holda gulga qizil rang bera olmaydi. Qizil rang uchun A va B dominant genlar birga bo‘lishi kerak; ota-onalarda esa faqat bittadan dominant gen bor.
Tovuq patining C geni bo‘la turib, IiCC genotipli tovuqning pati nima uchun oq bo‘ladi?
- C geni retsessiv holatda bo‘ladi
- Cc genining cc holati rang beradi
- Ingibitor gen patga rang beruvchi C geni faoliyatini to‘xtatadi
- Ikkala allel ham I bo‘lmaganligi sababli
To‘g‘ri javob: Ingibitor gen patga rang beruvchi C geni faoliyatini to‘xtatadi. Ingibitor I gen II va Ii holatlarida rang beruvchi C genining ishini to‘xtatadi, pat oqligicha qoladi.
Fenotipi bir xil (oq patli) ikki tovuq zotini chatishtirib, F2 da rangli patli avlod olinishi nimani ko‘rsatadi?
- Oq patlilik faqat ingibitor gen ta’sirida ekanini
- Zotlarning fenotipi bir xil bo‘lsa ham, genotiplari har xil ekanini
- Ikkala zotning genotiplari bir xil ekanini
- Pat rangi faqat bitta gen nazoratida ekanini
To‘g‘ri javob: Zotlarning fenotipi bir xil bo‘lsa ham, genotiplari har xil ekanini. Oq patli zotlarning genotiplari har xil bo‘lgani uchun F2 da yangi belgi – rangli pat paydo bo‘ladi.
F2 dagi fenotipik ajralish qanday? Komplementar ta’sir (oq gulli no‘xat) va dominant epistaz (oq patli tovuq) uchun mos ravishda:
- 9:7 va 13:3
- 3:1 va 9:7
- 9:3:4 va 12:3:1
- 13:3 va 9:7
To‘g‘ri javob: 9:7 va 13:3. Xushbo‘y no‘xat gulida 9:7 (qizil:oq), tovuq patida 13:3 (oq:rangli) ajralish kuzatiladi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash