XotirAI logotipiXotirAI
🧬 9-sinf · Biologiya · 54-§.

Genlarning polimer va ko‘p tomonlama ta’siri

Mavzular

Genlarning polimer ta’siri

Genlarning polimer ta’siri. Allel bo‘lmagan bir nechta genning bitta belgining rivojlanishiga o‘xshash ta’sir ko‘rsatishi genlarning polimer ta’siri deyiladi. Genlarning polimer ta’siri organizmlarning miqdoriy belgilarida uchraydi. Masalan, hayvonlarning vazni, o‘sishi, o‘simliklarning bo‘yi, tovuqlarning tuxum qilishi, qoramol sutining miqdori va yog‘liligi, o‘simliklar tarkibidagi vitaminlar miqdori va boshqalar. Miqdor belgilarning rivojlanish darajasi unga ta’sir etuvchi polimer genlar soniga bog‘liq bo‘ladi.

Bug‘doy doni rangi tajribasi

Polimer irsiylanishni dastavval shved olimi Nilson Ele o‘rgandi. U bug‘doyning qizil (A1A1A2A2) va oq (a1a1a2a2) navlarini o‘zaro chatishtirib, F1 o‘simliklarni oldi (52- rasm).

F1da donlarning rangi pushti bo‘ldi. F1 o‘zaro chatishtirilib, F2 dagi o‘simliklarning don rangiga qarab beshta guruhga ajratildi. Ularning miqdoriy nisbati quyidagicha: bitta qizil, to‘rtta och qizil rangli, oltita pushti, to‘rtta och pushti rangli, bitta oq donli o‘simliklar olindi.

Kumulyativ va nokumulyativ polimeriya

Polimer irsiylanish kumulyativ va nokumulyativ xillarga bo‘linadi. Nokumulyativ polimeriya ko‘proq sifat belgilarni irsiylanishi dominant genlar soniga bog‘liq bo‘lmagan holda namoyon bo‘ladi. Miqdor belgilarning irsiylanishi kumulyativ polimeriya orqali amalga oshadi. Kumulyativ polimeriyada duragaylarda belgining har xil darajada rivojlanishi dominant genlarning soniga bog‘liq bo‘ladi. Kumulyativ polimeriyada fenotip jihatdan nisbat F2 da 1:4:6:4:1, nokumulyativ polimeriyada esa 15:1 nisbatda bo‘ladi.

Polimer irsiylanish qonuniyatlarini o‘rganishning ahamiyati juda katta. Organizmlardagi, xususan, madaniy o‘simlik va uy hayvonlarining inson uchun foydali miqdoriy belgilari polimer genlar ta’sirida irsiylanadi va rivojlanadi. Masalan, uy hayvonlarining og‘irligi, sut miqdori va yog‘liligi, lavlagi ildizmevasidagi shakarning miqdori, g‘alladoshlarda boshoqning uzunligi, makkajo‘xori so‘tasining uzunligi va hokazo.

Pleyotropiya

Genlarning ko‘p tomonlama ta’siri. Bitta genning bir qancha belgining rivojlanishiga ta’siri ham aniqlangan. Bu hodisa pleyotropiya deb ataladi. Pleyotropiya hodisasi tabiatda keng tarqalgan. Bu hodisa o‘simliklar bilan hayvonlarning ko‘p genida uchraydi. Misol uchun, genetik jihatdan yaxshi o‘rganilgan drozofila meva pashshasining ko‘zlarida pigment bo‘lmasligini belgilaydigan gen pushtilikni kamaytiradi, ba’zi ichki organlar rangiga ta’sir ko‘rsatadi va hayotchanligini qisqarishiga sabab bo‘ladi.

Gulli o‘simliklarda gullarning to‘q qizil rangda bo‘lishini ta’min etuvchi gen ularning poya va shoxlarining ham to‘q qizil rangda bo‘lishiga daxldordir. Tovuqlarda jingalak patli zotlar uchraydi. Bunday pat tovuq tanasiga yopishib turmaydi, ko‘pincha sinib ketadi. Bu bilan tovuq tanasidan tashqi muhitga ko‘p issiqlik tarqaladi, ovqat hazm qilish, yurak-tomir faoliyatining ishi buziladi. Bular esa tovuqning nasl qoldirish xususiyatiga va hayotchanligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Letal genlar

Ba’zi bir genlarning pleyotrop ta’sirida organizmdagi turli organlarning rivojlanishida katta o‘zgarishlar ro‘y beradi, natijada ular nobud bo‘ladi. Bunday genlar letal, ya’ni halokatga olib keluvchi genlar deb ataladi. Misol uchun: sichqonlarda jun rangining sariq va qora bo‘lishi bir juft allel genlar (A-a)ga bog‘liq. Bu gen retsessiv gomozigota (aa) holatda bo‘lsa, sichqon junining rangi qora bo‘ladi. Juni sariq rangda bo‘lgan sichqonlar doimo geterozigota (Aa) holatda bo‘ladi. Sariq sichqonlar orasida dominant gomozigotali (AA) formalari tabiatda umuman uchramaydi. Buning sababi, junning sariqliligini ta’min etuvchi gen dominant gomozigotali holatida organizmning nobud bo‘lishiga olib keladi.

Quyidagi tajribaning natijasi buning isboti bo‘ladi. Tajribada sariq, genotipli (Aa) ota-ona sichqonlar o‘zaro chatishtirilgan. Ularning avlodida sariq va qora rangli sichqonlar hosil bo‘ldi. Lekin ularning miqdoriy nisbati odatdagicha 3:1 emas, balki 2:1 holatida bo‘ldi. Buning sababi, dominant gomozigotali (AA) sichqonlar embrional rivojlanish davridayoq nobud bo‘ladi. Demak, gomozigota dominant gen letal xususiyatga ega, ya’ni organizmning nobud bo‘lishiga olib keladi.

Genotip — yaxlit sistema

Turli-tuman o‘simliklar, hayvonlar, mikroorganizmlar irsiyatini o‘rganish bo‘yicha genetikada hozir to‘plangan g‘oyat katta materiallar genlarning ko‘p tomonlama ta’sir ko‘rsatishidan dalolat beradi. Genlarning o‘zaro hamda ko‘p tomonlama ta’sir etishi xususida keltirilgan ma’lumot va kuzatuvlar organizm irsiy asosi – genotip tabiati to‘g‘risidagi bilimlarni chuqurlashtirishga imkon beradi. Duragaylar avlodidagi ajralish ma’lumoti genotip bir-biridan ajraladigan va mustaqil ravishda nasldan-naslga o‘tib boradigan – genlardan tarkib topadi, deb ta’kidlashga imkon beradi. Shu bilan birga genotip yaxlit sistema bo‘ladi va uni ayrim genlarni shunchaki mexanik yig‘indisi deb qarash mumkin emas.

Organizm belgilarining rivojlanib borishi ko‘pgina genlarning o‘zaro ta’siriga bog‘liq bo‘ladi, har bir gen esa ko‘p tomonlama ta’sir etadi va organizmning bir emas, balki ko‘pgina belgilarining rivojlanishiga ta’sir qiladi.

Bilimingizni sinang

Allel bo‘lmagan bir nechta genning bitta belgi rivojlanishiga o‘xshash ta’sir ko‘rsatishi qanday ataladi?
  1. Polimer ta’sir
  2. Epistaz
  3. Pleyotropiya
  4. Komplementar ta’sir

To‘g‘ri javob: Polimer ta’sir. Bir nechta allel bo‘lmagan genning bitta belgiga o‘xshash ta’siri polimer ta’sir deyiladi.

Polimer irsiylanishni dastlab kim o‘rgangan?
  1. Gregor Mendel
  2. Nilson Ele
  3. Karl Korrens
  4. Tomas Morgan

To‘g‘ri javob: Nilson Ele. Polimer irsiylanishni dastavval shved olimi Nilson Ele bug‘doy doni rangi misolida o‘rgangan.

Qizil (A1A1A2A2) va oq (a1a1a2a2) donli bug‘doy navlari chatishtirilganda F1 o‘simliklarda don rangi qanday bo‘ladi?
  1. Pushti
  2. Och qizil
  3. Oq
  4. Qizil

To‘g‘ri javob: Pushti. F1 da donlarning rangi pushti bo‘ladi.

Bitta genning bir qancha belgining rivojlanishiga ta’sir qilish hodisasi nima deb ataladi?
  1. Komplementarlik
  2. Polimeriya
  3. Epistaz
  4. Pleyotropiya

To‘g‘ri javob: Pleyotropiya. Genlarning ko‘p tomonlama ta’siri pleyotropiya deyiladi.

Pleyotrop ta’sir natijasida organizmning nobud bo‘lishiga olib keluvchi genlar qanday ataladi?
  1. Polimer genlar
  2. Ingibitor genlar
  3. Komplementar genlar
  4. Letal genlar

To‘g‘ri javob: Letal genlar. Halokatga olib keluvchi genlar letal genlar deyiladi.

Kumulyativ polimeriyada duragaylarda belgining rivojlanish darajasi nimaga bog‘liq?
  1. Gametalarning soniga
  2. Xromosomalar soniga
  3. Allel genlarning joylashuviga
  4. Dominant genlarning soniga

To‘g‘ri javob: Dominant genlarning soniga. Kumulyativ polimeriyada belgi darajasi dominant genlar soni ortgan sari kuchayadi.

Jingalak patli tovuqlarning nasl qoldirish xususiyati va hayotchanligi nima uchun yomonlashadi?
  1. Pat tanaga mahkam yopishib, issiqlik saqlanib qoladi
  2. Patlari sinmaydi, lekin ranggi o‘zgarib ketadi
  3. Tuxum qilishi ortib, tanasi tez tushkunlikka tushadi
  4. Tanadan ko‘p issiqlik tarqalib, hazm va yurak-tomir faoliyati buziladi

To‘g‘ri javob: Tanadan ko‘p issiqlik tarqalib, hazm va yurak-tomir faoliyati buziladi. Pat tanaga yopishmaydi, ko‘p issiqlik ketadi, hazm va yurak-tomir faoliyati buziladi (pleyotropiya).

Kumulyativ va nokumulyativ polimeriya bir-biridan qanday farq qiladi?
  1. Kumulyativ faqat sifat belgilarda, nokumulyativ miqdor belgilarda uchraydi
  2. Nokumulyativda belgi darajasi dominant genlar soniga bog‘liq, kumulyativda bog‘liq emas
  3. Ikkalasida ham belgi dominant genlar soniga bog‘liq emas
  4. Kumulyativda belgi darajasi dominant genlar soniga bog‘liq, nokumulyativda bog‘liq emas

To‘g‘ri javob: Kumulyativda belgi darajasi dominant genlar soniga bog‘liq, nokumulyativda bog‘liq emas. Miqdoriy belgilar kumulyativ polimeriya bilan irsiylanadi: dominant genlar soni belgi darajasini belgilaydi; nokumulyativda esa bog‘liq emas.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiNoallel genlarning o‘zaro ta’siriKeyingi →Belgilarning birikkan holda irsiylanishi