XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ Budjet kodeksi · 1–5¹-m.

Asosiy qoidalar

Umumiy Qism

1-modda. Ushbu Kodeks bilan tartibga solinadigan munosabatlar

Ushbu Kodeks O‘zbekiston Respublikasining budjet tizimi budjetlarini (bundan buyon matnda budjet tizimi budjetlari deb yuritiladi) shakllantirish, tuzish, ko‘rib chiqish, qabul qilish, tasdiqlash, ijro etish, davlat tomonidan mablag‘ jalb qilish va budjet to‘g‘risidagi qonunchilik ijrosini nazorat qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi.

2-modda. Budjet to‘g‘risidagi qonunchilik

Budjet to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Kodeks va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.

Budjet to‘g‘risidagi qonunchilikning boshqa qonunchilik hujjatlarida ko‘rsatilgan normalari ushbu Kodeksga muvofiq bo‘lishi kerak.

Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining budjet to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.

3-modda. Ushbu Kodeksda qo‘llaniladigan asosiy tushunchalar

Ushbu Kodeksda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:

aylanma kassa mablag‘i — moliya yilida O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining va Toshkent shahri shahar budjetining, tumanlar va shaharlar budjetlarining shaxsiy g‘azna hisobvaraqlarida turgan budjet mablag‘larining yo‘l qo‘yiladigan eng kam miqdori;

birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchi — O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetidan qonun bilan belgilangan miqdorda ajratiladigan budjet mablag‘larini taqsimlovchi yuridik shaxs;

budjetdan ajratiladigan mablag‘lar — O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetidan va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlaridan budjet tashkilotlari hamda budjet mablag‘lari oluvchilar uchun nazarda tutiladigan pul mablag‘lari;

budjet jarayoni — budjet tizimi budjetlarini shakllantirish, tuzish, ko‘rib chiqish, qabul qilish, tasdiqlash va ijro etish, ularning shakllantirilishini, tuzilishini hamda ijrosini nazorat qilish, budjet tizimi budjetlarining ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlarni tayyorlash va tasdiqlash, shuningdek ular o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar jarayoni;

budjet jarayoni ishtirokchilari — davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, davlat moliyaviy nazorat organlari, budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilar;

budjet mablag‘larini taqsimlovchi — birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchi va ikkinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchi;

3-modda. Ushbu Kodeksda qo‘llaniladigan asosiy tushunchalar (davomi)

budjet sohasidagi vakolatlar — budjet jarayoni ishtirokchilarining budjet munosabatlari sohasidagi vakolatlari;

budjet ssudasi — qaytarish sharti bilan yuqori turuvchi budjetdan quyi turuvchi budjetga, shuningdek davlat maqsadli jamg‘armalariga, rezident-yuridik shaxsga ajratiladigan pul mablag‘lari;

budjet so‘rovi — o‘rta muddatli davr uchun budjetdan ajratiladigan mablag‘larni olishga bo‘lgan ehtiyojni asoslashni nazarda tutuvchi hujjat;

budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari — qonunchilikda nazarda tutilgan manbalar hisobidan budjet tashkiloti tasarrufiga kelib tushadigan mablag‘lar;

budjet tizimi budjetlari — O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti, davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlari va budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari;

budjetlararo transfertlar — O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetiga, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlariga, davlat maqsadli jamg‘armalariga hamda buning aksicha o‘tkaziladigan, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika budjetidan, viloyatlarning viloyat budjetlaridan va Toshkent shahrining shahar budjetidan tumanlar va shaharlar budjetlariga hamda buning aksicha o‘tkaziladigan mablag‘lar;

vaqtinchalik kassa uzilishi — joriy moliya yilining muayyan davrida budjet tizimi budjetlarining xarajatlari daromadlaridan vaqtinchalik oshib ketishi;

3-modda. Ushbu Kodeksda qo‘llaniladigan asosiy tushunchalar (davomi)

Davlat budjetining birlamchi profitsiti — muayyan davr uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti xarajatlaridan davlat qarziga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha foiz to‘lovlarni chiqarib tashlagan holda hisoblanadigan Davlat budjeti profitsiti;

Davlat budjetining birlamchi taqchilligi — muayyan davr uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti xarajatlaridan davlat qarziga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha foiz to‘lovlarni chiqarib tashlagan holda hisoblanadigan Davlat budjeti taqchilligi;

Davlat budjeti profitsiti — muayyan davrda O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti daromadlarining uning xarajatlaridan oshib ketishi;

Davlat budjeti taqchilligi — muayyan davrda O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti xarajatlarining uning daromadlaridan oshib ketishi;

davlat moliyaviy nazorati — budjet to‘g‘risidagi qonunchilikning ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirish maqsadida davlat moliyaviy nazorati obyektlarining buxgalteriya, moliya, statistika, bank hujjatlarini va boshqa hujjatlarni o‘rganish, tahlil qilish hamda taqqoslash;

davlat moliyaviy nazorati obyektlari — O‘zbekiston Respublikasining respublika budjeti, Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari, budjet mablag‘larini taqsimlovchilar, budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilar, davlat maqsadli jamg‘armalari, belgilangan tartibda tashkil etilgan boshqa jamg‘armalar va budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari;

3-modda. Ushbu Kodeksda qo‘llaniladigan asosiy tushunchalar (davomi)

davlat tashqi qarzi — davlat tomonidan xorijdan mablag‘lar jalb etilishi natijasida yuzaga kelgan O‘zbekiston Respublikasining majburiyatlari yig‘indisi;

davlat tomonidan mablag‘ jalb qilish — aktivlarni jalb etish, bu bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining qarz oluvchi sifatidagi yoki qarz oluvchi-rezidentlarning kreditlarini (qarzlarini) to‘lashga kafil sifatidagi majburiyatlari yuzaga kelishi;

davlat xaridlari — budjet tizimi budjetlarining mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) xaridlari;

davlat qarzi — O‘zbekiston Respublikasining ichki mablag‘ni va xorijdan mablag‘ jalb qilish natijasida yuzaga kelgan majburiyatlari;

daromadlar va xarajatlar smetasi — budjet tashkilotlari budjetdan tashqari jamg‘armalarining tegishli yil choragi yoki moliya yili uchun kutilayotgan tushumlari va xarajatlari aks ettiriladigan hujjat;

donorlar — O‘zbekiston Respublikasiga, O‘zbekiston Respublikasi Hukumatiga, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga, faoliyati O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga zid bo‘lmagan yuridik va jismoniy shaxslarga beg‘araz asosda mablag‘lar ajratadigan davlatlar, davlatlarning hukumatlari, xalqaro va chet el hukumat tashkilotlari, chet el fuqarolari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan ro‘yxatga kiritilgan xalqaro va chet el nohukumat tashkilotlari;

dotatsiya — budjet tizimi budjetlariga ularning o‘z daromadlari yetishmagan taqdirda daromadlar bilan xarajatlar o‘rtasidagi farqni qoplash uchun qaytarmaslik sharti bilan ajratiladigan pul mablag‘lari;

3-modda. Ushbu Kodeksda qo‘llaniladigan asosiy tushunchalar (davomi)

jamlanma xarajatlar smetasi — budjet mablag‘larini taqsimlovchi tomonidan o‘z tasarrufidagi budjet tashkilotlarining va budjet mablag‘lari oluvchilarning xarajatlar smetalari asosida tuziladigan xarajatlar smetasi;

ikkinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchi — O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilarga biriktiriladigan va o‘ziga ajratiladigan budjet mablag‘larini taqsimlovchi yuridik shaxs;

umumiy fiskal balans — O‘zbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjetini hamda davlat dasturlarini amalga oshirish uchun Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari hisobidan ajratiladigan depozit, budjet ssudalari va kredit liniyalari hamda ularning qaytarilishi o‘rtasidagi farqni o‘z ichiga olgan jamlanma balans;

fiskal tavakkalchiliklar — budjet jarayoni ishtirokchilari uchun budjet tizimi budjetlari mablag‘larini shakllantirish va sarflashda moliyaviy resurslardagi yo‘qotishlarni baholash;

moliya yili — birinchi yanvardan o‘ttiz birinchi dekabr kuni oxirigacha bo‘lgan vaqtni o‘z ichiga oluvchi davr;

moliyaviy majburiyatlar — budjet tashkilotlarida va budjet mablag‘lari oluvchilarda ularga pul mablag‘larini o‘tkazish majburiyatini yuklovchi hujjatlar, shu jumladan ijro hujjatlari asosida yuzaga keladigan majburiyatlar;

subvensiya — muayyan maqsadlarga sarflash sharti bilan yuqori turuvchi budjetdan quyi turuvchi budjetga qaytarmaslik sharti bilan ajratiladigan pul mablag‘lari;

3-modda. Ushbu Kodeksda qo‘llaniladigan asosiy tushunchalar (davomi)

subsidiya — tovarlar ishlab chiqarish, ishlar bajarish, xizmatlar ko‘rsatish va ularni realizatsiya qilishni moliyalashtirish yoki birgalikda moliyalashtirish yoxud maqsadli xarajatlarning o‘rnini qisman qoplash uchun budjet tizimi budjetlari hisobidan yuridik va jismoniy shaxslarga beriladigan pul mablag‘lari;

tartibga soluvchi daromadlar — budjet tizimi budjetlari o‘rtasida ajratmalar normativlari belgilanadigan soliqlar, yig‘imlar va davlat bojlari, shuningdek soliq bo‘lmagan to‘lovlar. Soliq bo‘lmagan to‘lovlarga budjet tizimi budjetlariga kelib tushadigan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘lmagan to‘lovlar kiradi;

xarajatlar moddasi — budjet tizimi budjetlari xarajatlarining iqtisodiy yo‘nalishi va to‘lovlarning aniq turlari bo‘yicha belgilovchi budjet tasnifining bir qismi;

xarajatlar smetasi — budjet tashkiloti yoki budjet mablag‘lari oluvchi tomonidan moliya yili uchun tuziladigan va tasdiqlanadigan, uning uchun nazarda tutilgan budjetdan ajratiladigan mablag‘lar xarajatlar moddalari bo‘yicha aks ettiriladigan hujjat;

shtat jadvali — doimiy xodimlar lavozimlari va bo‘sh o‘rinlar nomlarining soni va lavozim maoshlarining miqdorlari ko‘rsatilgan ro‘yxatni o‘z ichiga oladigan, budjet tashkiloti tomonidan tuziladigan hujjat;

shaxsiy g‘azna hisobvaraqlari — O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining axborot tizimida ochiladigan, budjet tizimi budjetlari ijrosi bilan bog‘liq operatsiyalarni aks ettirish uchun mo‘ljallangan tahliliy hisob registrlari;

3-modda. Ushbu Kodeksda qo‘llaniladigan asosiy tushunchalar (davomi)

yuridik majburiyatlar — tuzilgan shartnomalar, shuningdek tegishli davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining qarorlari asosida budjet tashkilotlarida va budjetdan mablag‘ oluvchilarda yuzaga keladigan majburiyatlar;

Yagona g‘azna hisobvarag‘i — O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankida ochiladigan milliy yoki chet el valyutasidagi maxsus bank hisobvarag‘i;

o‘tkazib beriladigan daromadlar — tegishli ma’muriy-hududiy birlikda shakllanadigan va yuqori turuvchi budjetga o‘tkaziladigan, ular qayerda shakllangan bo‘lsa, keyinchalik o‘sha ma’muriy-hududiy birlik budjetiga o‘tkazib beriladigan daromadlar;

O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti (Davlat budjeti) — davlatning davlat vazifalari va funksiyalarini moliyaviy jihatdan ta’minlash uchun mo‘ljallangan markazlashtirilgan pul jamg‘armasi;

O‘zbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjeti — budjet tizimi budjetlarining hamda O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining barcha tushumlari va xarajatlari hamda davlat tashqi qarzi hisobidan davlat dasturlariga doir xarajatlar bo‘yicha tuziladigan budjet;

g‘aznachilik bo‘linmalari — O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar g‘aznachilik xizmati boshqarmalari, tumanlar va shaharlar bo‘yicha g‘aznachilik xizmati bo‘linmalari;

3-modda. Ushbu Kodeksda qo‘llaniladigan asosiy tushunchalar (davomi)

g‘aznachilik memorial orderi — mablag‘larni bir shaxsiy g‘azna hisobvarag‘idan boshqa shaxsiy g‘azna hisobvarag‘iga o‘tkazish uchun foydalaniladigan to‘lov hujjati;

hududiy budjet mablag‘larini taqsimlovchi — o‘z tasarrufida Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjetidan, viloyatlar viloyat budjetlaridan, Toshkent shahri shahar budjetidan, tumanlar va shaharlar budjetlaridan mablag‘ oluvchi tashkilotlarga ega bo‘lgan yuridik shaxs, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjetidan, viloyatlar viloyat budjetlaridan va Toshkent shahri shahar budjetidan, tumanlar va shaharlar budjetlaridan moliyalashtiriladigan budjet tashkiloti yoki budjet mablag‘lari oluvchi;

hududiy iqtisodiyot va moliya organlari — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmalari, tumanlar va shaharlar iqtisodiyot va moliya bo‘limlari;

o‘rta muddatli davr uchun fiskal strategiya — o‘rta muddatli davr uchun soliq va budjet siyosatining asosiy yo‘nalishlarini belgilovchi hujjat.

4-modda. Budjet tashkiloti

Davlat funksiyalarini amalga oshirish uchun belgilangan tartibda davlat hokimiyati organlarining qaroriga ko‘ra tashkil etilgan, Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan saqlab turiladigan notijorat tashkilot budjet tashkilotidir.

Budjet tashkilotlarini moliyalashtirish shartlari va ularning budjet hisobini yuritish tartibi budjet to‘g‘risidagi qonunchilik bilan belgilanadi.

5-modda. Budjet mablag‘lari oluvchi

Davlat budjetidan va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlaridan mablag‘lar oladigan yuridik yoki jismoniy shaxs budjet mablag‘lari oluvchidir.

Budjet mablag‘lari oluvchi budjet tashkiloti maqomiga ega bo‘la olmaydi.

Budjet mablag‘lari oluvchini Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlari mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish shartlari budjet to‘g‘risidagi qonunchilik bilan belgilanadi.

5¹-modda. Budjet daromadlarining kamayishini, soliq va bojxona imtiyozlari berilishini yoki bekor qilinishini, shuningdek soliq bo‘lmagan tushumlardan budjetga ajratmalarning kamayishini yoki ko‘payishini nazarda tutuvchi normalarni amalga kiritish tartibi *

Moliya yili mobaynida budjet tizimi budjetlari daromadlarining kamayishini, soliq va bojxona imtiyozlari berilishini yoki bekor qilinishini, shuningdek soliq bo‘lmagan tushumlardan budjet tizimi budjetlariga ajratmalarning kamayishini yoki ko‘payishini nazarda tutuvchi qonunchilik normalari keyingi moliya yilining 1-yanvaridan e’tiboran amalga kiritiladi.

* 5¹-moddaning amal qilishi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 25-dekabrdagi O‘RQ-1104-sonli Qonuniga asosan 2025-yil 1-yanvardan 2027-yil 1-yanvargacha to‘xtatilgan.

Bilimingizni sinang

Xalqaro shartnomada O‘zbekiston budjet to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoida belgilangan. Budjet kodeksiga ko‘ra, qaysi qoidalar qo‘llaniladi?
  1. budjet to‘g‘risidagi milliy qonunchilik qoidalari
  2. xalqaro shartnoma qoidalari
  3. Vazirlar Mahkamasi qarorining qoidalari
  4. hududiy budjet qoidalari

To‘g‘ri javob: xalqaro shartnoma qoidalari. 2-moddaga ko‘ra, bunday hollarda xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.

Budjet kodeksiga ko‘ra, budjet to‘g‘risidagi qonunchilik haqida quyidagi hukmlardan qaysi biri to‘g‘ri?
  1. Boshqa qonunchilik hujjatlaridagi budjet normalari Kodeksdan ustun turadi
  2. Kodeks faqat respublika budjetiga nisbatan qo‘llaniladi
  3. Budjet to‘g‘risidagi qonunchilik faqat Kodeksdan iborat bo‘lib, boshqa hujjatlarni o‘z ichiga olmaydi
  4. Boshqa qonunchilik hujjatlaridagi budjet normalari Kodeksga muvofiq bo‘lishi kerak

To‘g‘ri javob: Boshqa qonunchilik hujjatlaridagi budjet normalari Kodeksga muvofiq bo‘lishi kerak. 2-moddaga ko‘ra, qonunchilik Kodeks va boshqa hujjatlardan iborat, ularning normalari Kodeksga muvofiq bo‘lishi kerak.

Budjet kodeksiga ko‘ra, budjet ssudasi qanday shartda ajratiladi?
  1. qaytarish sharti bilan
  2. qaytarmaslik sharti bilan
  3. qaytarmaslik va muayyan maqsadga sarflash sharti bilan
  4. faqat to‘lov asosida va qaytarilmaydi

To‘g‘ri javob: qaytarish sharti bilan. 3-moddaga ko‘ra, budjet ssudasi qaytarish sharti bilan yuqori budjetdan quyi budjetga ajratiladi.

Davlat budjeti taqchilligi nima?
  1. muayyan davrda Davlat budjeti daromadlarining uning xarajatlaridan oshib ketishi
  2. xarajatlardan foiz to‘lovlarini chiqarib tashlagan holda hisoblangan profitsit
  3. muayyan davrda Davlat budjeti xarajatlarining uning daromadlaridan oshib ketishi
  4. budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari

To‘g‘ri javob: muayyan davrda Davlat budjeti xarajatlarining uning daromadlaridan oshib ketishi. 3-moddaga ko‘ra, taqchillik — xarajatlarning daromadlardan oshib ketishi; daromadlarning oshishi esa profitsitdir.

Budjet kodeksiga ko‘ra, Davlat budjetining birlamchi taqchilligi qanday hisoblanadi?
  1. Davlat budjeti xarajatlaridan davlat qarziga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha foiz to‘lovlarni chiqarib tashlagan holda
  2. Davlat budjeti daromadlariga davlat qarziga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha foiz to‘lovlarni qo‘shgan holda
  3. Davlat budjeti xarajatlariga davlat tashqi qarzini qo‘shgan holda
  4. Davlat maqsadli jamg‘armalari xarajatlarini chiqarib tashlagan holda

To‘g‘ri javob: Davlat budjeti xarajatlaridan davlat qarziga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha foiz to‘lovlarni chiqarib tashlagan holda. 3-moddaga ko‘ra, birlamchi taqchillik xarajatlardan foiz to‘lovlari chiqarib tashlangan holda hisoblanadigan taqchillikdir.

Viloyat budjetining o‘z daromadlari xarajatlarini qoplamayapti. Yuqori turuvchi budjet daromadlar bilan xarajatlar o‘rtasidagi farqni qoplash uchun qaytarmaslik sharti bilan pul mablag‘i ajratdi. Budjet kodeksiga ko‘ra, bu qanday nomlanadi?
  1. subvensiya
  2. subsidiya
  3. budjet ssudasi
  4. dotatsiya

To‘g‘ri javob: dotatsiya. 3-moddaga ko‘ra, dotatsiya — o‘z daromadlari yetishmaganda farqni qoplash uchun qaytarmaslik sharti bilan ajratiladigan mablag‘.

Budjet kodeksiga ko‘ra, moliya yili qaysi davrni o‘z ichiga oladi?
  1. birinchi yanvardan o‘ttiz birinchi dekabr kuni oxirigacha bo‘lgan vaqt
  2. birinchi apreldan o‘ttiz birinchi martning oxirigacha bo‘lgan vaqt
  3. birinchi iyuldan o‘ttizinchi iyun kuni oxirigacha bo‘lgan vaqt
  4. birinchi oktyabrdan o‘ttizinchi sentyabr kuni oxirigacha bo‘lgan vaqt

To‘g‘ri javob: birinchi yanvardan o‘ttiz birinchi dekabr kuni oxirigacha bo‘lgan vaqt. 3-moddaga ko‘ra, moliya yili birinchi yanvardan o‘ttiz birinchi dekabr kuni oxirigacha bo‘lgan davr.

Budjet kodeksiga ko‘ra, ikkinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchi birinchi darajali taqsimlovchilarga kim tomonidan biriktiriladi?
  1. Markaziy bank tomonidan
  2. Oliy Majlis Senati tomonidan
  3. Prezident Administratsiyasi tomonidan
  4. Vazirlar Mahkamasi tomonidan

To‘g‘ri javob: Vazirlar Mahkamasi tomonidan. 3-moddaga ko‘ra, ikkinchi darajali taqsimlovchi Vazirlar Mahkamasi tomonidan birinchi darajali taqsimlovchilarga biriktiriladi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
Keyingi →Budjet tizimi tushunchasi va prinsiplari