XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ Budjet kodeksi · 64–68-m.

Beg‘araz yordam

Umumiy Qism

64-modda. Beg‘araz yordam turlari

Beg‘araz yordam insonparvarlik yordami va texnik ko‘maklashish mablag‘lari tarzida beriladi.

Insonparvarlik yordami aholining ijtimoiy nochor guruhlariga tibbiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatish, ijtimoiy soha muassasalarini qo‘llab-quvvatlash, tabiiy ofatlar, avariyalar va halokatlar, epidemiyalar, epizootiyalar va boshqa favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda ularning oqibatlarini tugatish uchun dori vositalari va tibbiy buyumlar, oziq-ovqat, xalq iste’moli tovarlari, boshqa tovarlar, shu jumladan asbob-uskunalar, transport va texnika, shuningdek ixtiyoriy xayriyalar, ishlarni bajarish va xizmatlar ko‘rsatish, shu jumladan insonparvarlik yordami yuklarini tashish, kuzatib borish va saqlash tarzida beriladi. Tamaki mahsulotlari, alkogol mahsulotlari, harbiy maqsad uchun mo‘ljallangan tovarlar, shuningdek olib kirilishi taqiqlangan tovarlar insonparvarlik yordami sirasiga kiritilishi mumkin emas.

Texnik ko‘maklashish mablag‘lari asbob-uskunalar va texnologiyalarni sotib olish, tajriba-konstruktorlik ishlarini, ilmiy yoki boshqa tadqiqotlarni o‘tkazish, xodimlarni davolash, o‘qitish, ularning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash, maslahat xizmatlari ko‘rsatish hamda qonunchilikka muvofiq boshqa maqsadlar uchun natura ko‘rinishdagi va pul shaklidagi grantlar tarzida beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi, O‘zbekiston Respublikasi Hukumati, nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, shuningdek faoliyati foyda olishga qaratilmagan yuridik va jismoniy shaxslar insonparvarlik yordami va texnik ko‘maklashish mablag‘larini oluvchilar bo‘lishi mumkin.

64-modda. Beg‘araz yordam turlari (davomi)

Insonparvarlik yordami va texnik ko‘maklashish mablag‘larini oluvchilar tegishli donorlar bilan kelishuvlar yoki qonunchilik asosida aniqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasiga beg‘araz yordam doirasida kelgan tovarlardan tijorat maqsadlarida foydalanish taqiqlanadi.

Mablag‘lar, tovarlar, ishlar va xizmatlarning beg‘araz yordamga mansubligi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda aniqlanadi.

65-modda. Insonparvarlik yordamini jalb etish

Insonparvarlik yordamini jalb etishga doir takliflar insonparvarlik yordami bo‘yicha hududiy va tarmoq komissiyalari tomonidan har yili 1-iyulga qadar O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga yuboriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi insonparvarlik yordami bo‘yicha hududiy va tarmoq komissiyalarining takliflari asosida kelgusi yilda insonparvarlik yordamini jalb etish uchun jamlanma buyurtmani 31-iyuldan kechiktirmay O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritadi.

Insonparvarlik yordamini jalb etish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan insonparvarlik yordamini jalb etishga doir jamlanma buyurtma asosida amalga oshiriladi.

66-modda. Texnik ko‘maklashish mablag‘larini jalb etish

Kelgusi yil uchun texnik ko‘maklashish bo‘yicha ustuvor loyihalarning ro‘yxati vazirliklar va idoralarning, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining (loyiha tashabbuskorlarining) takliflari asosida joriy yilning 31-mayiga qadar O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan tuziladi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritiladi.

Kelgusi yil uchun texnik ko‘maklashish mablag‘larini jalb qilishni donorlar bilan ishlab chiqish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan Texnik ko‘maklashish bo‘yicha ustuvor loyihalar ro‘yxati asosida amalga oshiriladi.

Texnik ko‘maklashish bo‘yicha ustuvor loyihalarning ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun donorlar bilan ishlab chiqilgan ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan kelgusi yilning 10-fevraligacha tasdiqlanadi.

67-modda. Beg‘araz yordam oluvchilarning majburiyatlari

Beg‘araz yordam oluvchilar:

beg‘araz yordam loyihalari bo‘yicha donorlar bilan kelishuvlarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirliklar va idoralar bilan kelishib olishi hamda ularda nazarda tutilgan, o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarishi;

olingan beg‘araz yordamdan maqsadli va samarali foydalanilishini ta’minlashi;

olingan beg‘araz yordamning hisob va hisobotlarda aks ettirilishini ta’minlashi;

beg‘araz yordam doirasida kelgan tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvini o‘z vaqtida amalga oshirishi;

beg‘araz yordam kelganligi va foydalanilganligi yuzasidan hisobot taqdim etishi shart.

Texnik ko‘maklashish mablag‘larini oluvchilar ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan majburiyatlar bilan bir qatorda, shuningdek:

texnik ko‘maklashish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha tadbirlar rejasini va uni o‘zlashtirish jadvalini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritishi;

texnik ko‘maklashish mablag‘lari kelib tushishi uchun vakolatli banklarda maxsus hisobvaraqlar ochishi;

texnik ko‘maklashish loyihasi amalga oshirilganligi to‘g‘risidagi yakuniy hisobotni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga taqdim etishi shart.

68-modda. O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ko‘rsatiladigan beg‘araz yordam

O‘zbekiston Respublikasining beg‘araz yordam ko‘rsatishi to‘g‘risidagi qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi nomidan beg‘araz yordam ko‘rsatgan vakolatli organ hisobot yilidan keyingi yilning 1-martigacha O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga moliyaviy hisobotlar taqdim etadi.

V bo‘lim.

Budjet tizimi budjetlarining xarajatlari

Bilimingizni sinang

Budjet kodeksiga ko‘ra, beg‘araz yordam qanday turlarda beriladi?
  1. insonparvarlik yordami va texnik ko‘maklashish mablag‘lari tarzida
  2. kredit va budjet ssudasi tarzida, qaytarilish sharti bilan
  3. subsidiya va dotatsiya tarzida, davlat budjetidan ajratiladigan
  4. faqat pul shaklidagi qaytariladigan grantlar va ssudalar tarzida

To‘g‘ri javob: insonparvarlik yordami va texnik ko‘maklashish mablag‘lari tarzida. 64-moddaga ko‘ra, beg‘araz yordam insonparvarlik yordami va texnik ko‘maklashish mablag‘lari tarzida beriladi.

Xayriya tashkiloti ijtimoiy nochor oilalarga insonparvarlik yordami sifatida tamaki mahsulotlarini jo‘natmoqchi. Budjet kodeksiga ko‘ra, qaysi xulosa to‘g‘ri?
  1. Tamaki mahsulotlari insonparvarlik yordami sirasiga kiritilishi mumkin
  2. Tamaki mahsulotlari insonparvarlik yordami sirasiga kiritilishi mumkin emas
  3. Tamaki mahsulotlari faqat Vazirlar Mahkamasi ruxsati bilan kiritilishi mumkin
  4. Tamaki mahsulotlari faqat texnik ko‘maklashish sifatida kiritilishi mumkin

To‘g‘ri javob: Tamaki mahsulotlari insonparvarlik yordami sirasiga kiritilishi mumkin emas. 64-moddaga ko‘ra, tamaki, alkogol, harbiy maqsadli va olib kirilishi taqiqlangan tovarlar insonparvarlik yordami sirasiga kiritilishi mumkin emas.

Nodavlat notijorat tashkilot beg‘araz yordam doirasida O‘zbekistonga kelgan tovarlarni sotib, foyda olmoqchi. Budjet kodeksiga ko‘ra, qaysi xulosa to‘g‘ri?
  1. Tovarlarni sotish erkin ruxsat etiladi
  2. Tovarlarni faqat yarim narxda sotish mumkin
  3. Tijorat maqsadlarida foydalanish taqiqlanadi
  4. Tovarlarni faqat chet elga qayta sotish mumkin

To‘g‘ri javob: Tijorat maqsadlarida foydalanish taqiqlanadi. 64-moddaga ko‘ra, beg‘araz yordam doirasida kelgan tovarlardan tijorat maqsadlarida foydalanish taqiqlanadi.

Budjet kodeksiga ko‘ra, Iqtisodiyot va moliya vazirligi kelgusi yilda insonparvarlik yordamini jalb etish uchun jamlanma buyurtmani Vazirlar Mahkamasiga qachongacha tasdiqlash uchun kiritadi?
  1. 1-avgustdan kechiktirmay
  2. 31-iyuldan kechiktirmay
  3. 30-iyundan kechiktirmay
  4. 15-iyuldan kechiktirmay

To‘g‘ri javob: 31-iyuldan kechiktirmay. 65-moddaga ko‘ra, jamlanma buyurtma 31-iyuldan kechiktirmay Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi; komissiyalar takliflarni 1-iyulgacha yuboradi.

Namangan viloyati hokimligi kelgusi yil uchun texnik ko‘maklashish bo‘yicha o‘z loyihasini ustuvor loyihalar ro‘yxatiga kiritmoqchi. Budjet kodeksiga ko‘ra, ro‘yxatni qaysi organ va qachongacha tuzadi?
  1. Iqtisodiyot va moliya vazirligi — joriy yilning 31-iyuligacha
  2. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi kengash — kelgusi yilning 1-martigacha
  3. Hisob palatasi va Iqtisodiyot vazirligi — joriy yilning 31-dekabrigacha
  4. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi — joriy yilning 31-mayigacha

To‘g‘ri javob: Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi — joriy yilning 31-mayigacha. 66-moddaga ko‘ra, ro‘yxat takliflar asosida joriy yilning 31-mayiga qadar Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan tuziladi.

Budjet kodeksiga ko‘ra, texnik ko‘maklashish mablag‘larini oluvchilar umumiy majburiyatlardan tashqari yana nimani bajarishi shart?
  1. mablag‘larni to‘liq tijorat banklari depozitiga joylashtirishi va ulardan foiz daromad olishi
  2. yakuniy hisobotni Hisob palatasiga taqdim etishi va moliya yili oxirida mablag‘larni qaytarishi
  3. texnik ko‘maklashish mablag‘lari kelib tushishi uchun vakolatli banklarda maxsus hisobvaraqlar ochishi
  4. mablag‘larning yarmini Davlat budjetiga qaytarishi va qolganini maqsadli yo‘naltirishi shart

To‘g‘ri javob: texnik ko‘maklashish mablag‘lari kelib tushishi uchun vakolatli banklarda maxsus hisobvaraqlar ochishi. 67-moddaga ko‘ra, texnik ko‘maklashish mablag‘lari oluvchilar maxsus hisobvaraqlar ochishi va yakuniy hisobotni Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga taqdim etishi shart.

Budjet kodeksiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining beg‘araz yordam ko‘rsatishi to‘g‘risidagi qarorni kim qabul qiladi?
  1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
  2. Vazirlar Mahkamasi
  3. Iqtisodiyot va moliya vazirligi
  4. Oliy Majlis Senati

To‘g‘ri javob: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti. 68-moddaga ko‘ra, bunday qaror Prezident tomonidan qabul qilinadi.

Budjet kodeksiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi nomidan beg‘araz yordam ko‘rsatgan vakolatli organ Iqtisodiyot va moliya vazirligiga moliyaviy hisobotlarni qachongacha taqdim etadi?
  1. hisobot yilining 1-iyuligacha
  2. hisobot yilidan keyingi yilning 31-dekabrigacha
  3. hisobot yilining 10-fevraligacha
  4. hisobot yilidan keyingi yilning 1-martigacha

To‘g‘ri javob: hisobot yilidan keyingi yilning 1-martigacha. 68-moddaga ko‘ra, hisobot hisobot yilidan keyingi yilning 1-martigacha taqdim etiladi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiBudjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari daromadlariKeyingi →Davlat budjeti xarajatlari · Budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari xarajatlari