Davlat budjeti taqchilligi va profitsiti. Davlat tomonidan mablag‘ jalb qilish
Maxsus Qism
151-modda. Davlat budjeti taqchilligini moliyalashtirish. Davlat budjeti profitsiti
Davlat budjeti taqchilligi:
belgilangan normativlar bo‘yicha davlat aktivlarini sotishdan olingan daromadlarning O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetiga ajratmalari;
O‘zbekiston Respublikasi respublika budjeti mablag‘larining moliya yili boshidagi qoldiqlari;
davlat tomonidan mablag‘ jalb qilish;
qonunchilikka muvofiq boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining kreditlarini Davlat budjeti taqchilligini qoplash manbasi sifatida jalb qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Davlat budjetining daromadlari uning xarajatlaridan ortishi Davlat budjeti profitsitidir.
Davlat budjeti profitsiti faqat Davlat budjeti bo‘yicha aniqlanadi.
152-modda. Davlat tomonidan mablag‘ jalb qilish
Davlat tomonidan mablag‘ jalb qilish ichki va xorijdan mablag‘ jalb qilishdan iborat.
Davlat tomonidan ichki mablag‘ni jalb qilish O‘zbekiston Respublikasi rezidentlaridan mablag‘larni jalb etish bo‘lib, bu mablag‘lar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining qarz oluvchi yoki qarz oluvchi-rezidentlarning kreditlarini (qarzlarini) to‘lashga kafil sifatidagi majburiyatlari yuzaga keladi.
Chet el manbalaridan (chet davlatlar, xalqaro tashkilotlardan, xalqaro moliya va iqtisodiy institutlardan, chet el hukumatlarining moliya tashkilotlari va O‘zbekiston Respublikasining boshqa norezidentlaridan) mablag‘larni jalb etish davlat tomonidan xorijdan mablag‘ jalb qilish bo‘lib, bu mablag‘ bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining qarz oluvchi yoki qarz oluvchi-rezidentlarning kreditlarini (qarzlarini) to‘lashga kafil sifatidagi majburiyatlari yuzaga keladi.
Davlat tomonidan mablag‘ jalb etish bo‘yicha qarorlar belgilangan tartibda qabul qilinadi.
Davlat tomonidan mablag‘ jalb qilish:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining taqchilligini qoplash;
ijtimoiy va infratuzilma loyihalarini, shuningdek atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirish;
davlat qarzini qayta moliyalashtirish;
davlat qarzini boshqarish strategiyasida belgilangan maqsadlarga erishish;
pul mablag‘larini boshqarish, shu jumladan vaqtinchalik kassa uzilishining o‘rnini qoplash bo‘yicha operatsiyalarni bajarish;
152-modda. Davlat tomonidan mablag‘ jalb qilish (davomi)
to‘lov balansini qo‘llab-quvvatlash uchun amalga oshiriladi.
Davlat tomonidan mablag‘ jalb qilish birinchi navbatda O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining taqchilligini qoplash uchun amalga oshiriladi.
Davlat tomonidan jalb qilingan mablag‘lar tegishli budjetlar va davlat maqsadli jamg‘armalarining daromadlarini shakllantirish manbalari hisoblanmaydi.
Davlat qarziga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha asosiy qarz to‘lovlarini moliyalashtirish tegishli budjetlar va davlat maqsadli jamg‘armalarining mablag‘lari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi nomidan davlat qimmatli qog‘ozlarini chiqarish hisobidan amalga oshiriladi hamda tegishli budjetlar va davlat maqsadli jamg‘armalarining xarajatlarida alohida balansdan tashqari hisobvaraqlarda aks ettiriladi.
Davlat qarzining hisobi alohida yuritiladi va O‘zbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjet ijrosi to‘g‘risidagi hisobotda aks ettiriladi.
153-modda. Davlat tomonidan mablag‘ jalb qilish turlari
Davlat tomonidan mablag‘ jalb qilish:
O‘zbekiston Respublikasi tomonidan qarz oluvchi sifatida chet davlatlardan, xalqaro tashkilotlardan, xalqaro moliya va iqtisodiy institutlardan, chet el hukumatlarining moliya tashkilotlaridan hamda O‘zbekiston Respublikasining boshqa rezidentlari va norezidentlaridan jalb qilingan kreditlar (qarzlar) bo‘yicha;
O‘zbekiston Respublikasining davlat kafolatlari bo‘yicha;
O‘zbekiston Respublikasi nomidan chiqarilgan davlat qimmatli qog‘ozlari bo‘yicha qarz majburiyatlari tarzida amalga oshirilishi mumkin.
Qarz majburiyatlari qisqa muddatli (bir yilgacha bo‘lgan muddatga), o‘rta muddatli (bir yildan besh yilgacha muddatga) va uzoq muddatli (besh yil va undan ortiq muddatga) bo‘lishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi davlat qarzi bo‘yicha xizmat ko‘rsatilishini ta’minlaydi, davlat kafolatini bajaradi.
154-modda. O‘zbekiston Respublikasi tomonidan jalb qilinadigan kreditlar (qarzlar)
O‘zbekiston Respublikasi tomonidan xorijiy banklardan, davlatlardan, xalqaro moliya va iqtisodiy institutlardan, chet el hukumatlarining moliya tashkilotlaridan jalb qilinadigan kreditlar (qarzlar) davlat tomonidan xorijdan mablag‘ jalb qilish jumlasiga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasi tomonidan jalb qilinadigan kreditlar (qarzlar) belgilangan tartibda:
davlat tomonidan mablag‘ jalb qilish hisobidan amalga oshiriladigan loyihalarni moliyalashtirishga yoki birgalikda moliyalashtirishga;
davlat tomonidan mablag‘ jalb qilish hisobidan amalga oshiriladigan loyihalarni bajarishga doir tadbirlarni moliyalashtirish uchun kreditlarni (qarzlarni) qaytadan kreditlashga yo‘naltiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi nomidan jalb qilingan kreditlarni (qarzlarni) qaytadan kreditlashda kredit (qarz) bo‘yicha xizmat ko‘rsatish yuzasidan ehtimoldagi tavakkalchiliklarni qoplashda foydalanish uchun O‘zbekiston Respublikasi marjasi belgilanishi mumkin. Kredit (qarz) bo‘yicha qarzdorlik to‘liq to‘langan taqdirda kredit (qarz) bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi marjasining foydalanilmay qolgan summasi O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasining Davlat qarziga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha kafolat jamg‘armasi daromadiga kiritiladi.
155-modda. O‘zbekiston Respublikasining davlat kafolatlari
O‘zbekiston Respublikasining davlat kafolati qarz oluvchi-rezident o‘zidan undiriladigan summani qarz (kredit) bo‘yicha bitimlarda belgilangan muddatda to‘lamagan taqdirda O‘zbekiston Respublikasining qarz beruvchi oldidagi qarzni to‘liq yoki qisman to‘lab berish majburiyatidir.
O‘zbekiston Respublikasining davlat kafolatlari qarz beruvchilarga qarz oluvchi-rezidentlar o‘zi olgan kreditlar (qarzlar) bo‘yicha majburiyatlarni bajarishining ta’minoti sifatida beriladi. Jismoniy shaxslarning majburiyatlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining davlat kafolatlari berilmaydi.
O‘zbekiston Respublikasining davlat kafolatlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra beriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasining davlat kafolatlarini rasmiylashtirish bo‘yicha vakolatli organdir.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasining berilgan davlat kafolatlari bilan shart qilib qo‘yilgan to‘lovlarni amalga oshirgach, amalga oshirilgan to‘lovlar va ular bilan bog‘liq xarajatlar summasini qarz oluvchi-rezidentdan so‘zsiz undirib olish huquqiga ega.
O‘zbekiston Respublikasining davlat kafolatlarini rasmiylashtirish, taqdim etish, ro‘yxatdan o‘tkazish va ular bo‘yicha majburiyatlarni bajarish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
156-modda. O‘zbekiston Respublikasi nomidan chiqariladigan davlat qimmatli qog‘ozlari
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi nomidan davlat qimmatli qog‘ozlarini chiqaradi. Davlat qimmatli qog‘ozlarini chiqarish va ularning cheklangan hajmi to‘g‘risidagi qaror belgilangan tartibda qabul qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki:
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan emissiya qilingan davlat g‘aznachilik obligatsiyalarini joylashtirishda;
davlat g‘aznachilik obligatsiyalari bo‘yicha qiymatni, foizlarni va boshqa to‘lovlarni to‘lashda;
davlat g‘aznachilik obligatsiyalari bo‘yicha boshqa operatsiyalarni amalga oshirishda fiskal agent sifatida ishtirok etishi mumkin.
Bilimingizni sinang
Iqtisodiyot va moliya vazirligi Davlat budjeti taqchilligini O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining krediti hisobidan qoplashni taklif qildi. Budjet kodeksiga ko‘ra, qaysi xulosa to‘g‘ri?
- Mumkin, agar kredit foizsiz bo‘lsa: Markaziy bank kreditlarini taqchillikni qoplash manbasi sifatida jalb qilish mumkin
- Mumkin, agar Oliy Majlis ma’qullasa: Markaziy bank kreditlarini taqchillikni qoplash manbasi sifatida jalb qilish mumkin
- Mumkin, faqat qisqa muddatga: Markaziy bank kreditlarini taqchillikni qoplash manbasi sifatida jalb qilish mumkin
- Yo‘l qo‘yilmaydi: Markaziy bank kreditlarini taqchillikni qoplash manbasi sifatida jalb qilish mumkin emas
To‘g‘ri javob: Yo‘l qo‘yilmaydi: Markaziy bank kreditlarini taqchillikni qoplash manbasi sifatida jalb qilish mumkin emas. 151-moddaga ko‘ra, Markaziy bank kreditlarini Davlat budjeti taqchilligini qoplash manbasi sifatida jalb qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Budjet kodeksiga ko‘ra, Davlat budjeti profitsiti nima?
- Davlat budjeti xarajatlarining daromadlaridan ortishi
- Davlat budjetining daromadlari uning xarajatlaridan ortishi
- Davlat qarzining yillik kamayishi
- Soliq tushumlarining prognozdan oshishi
To‘g‘ri javob: Davlat budjetining daromadlari uning xarajatlaridan ortishi. 151-moddaga ko‘ra, Davlat budjetining daromadlari xarajatlaridan ortishi Davlat budjeti profitsitidir.
Viloyat budjetining daromadlari uning xarajatlaridan ortib ketdi va hokimlik buni “viloyat budjeti profitsiti” deb e’lon qildi. Budjet kodeksiga ko‘ra, qaysi xulosa to‘g‘ri?
- To‘g‘ri, profitsit barcha budjetlar bo‘yicha alohida aniqlanadi va e’lon qilinadi
- To‘g‘ri, agar Kengash tasdiqlasa, profitsitni viloyat budjetida aniqlash mumkin
- Noto‘g‘ri: Davlat budjeti profitsiti faqat Davlat budjeti bo‘yicha aniqlanadi
- Noto‘g‘ri: budjet profitsiti faqat tuman budjetlari bo‘yicha aniqlanadi
To‘g‘ri javob: Noto‘g‘ri: Davlat budjeti profitsiti faqat Davlat budjeti bo‘yicha aniqlanadi. 151-moddaga ko‘ra, Davlat budjeti profitsiti faqat Davlat budjeti bo‘yicha aniqlanadi.
Budjet kodeksiga ko‘ra, davlat tomonidan ichki mablag‘ jalb qilish nimani anglatadi?
- Chet el hukumatlari va rezident bo‘lmaganlardan mablag‘larni jalb etish
- Xalqaro moliya institutlaridan qarz mablag‘larini jalb etish
- Markaziy bankdan emissiya yo‘li bilan mablag‘larni jalb etish
- O‘zbekiston Respublikasi rezidentlaridan mablag‘larni jalb etish
To‘g‘ri javob: O‘zbekiston Respublikasi rezidentlaridan mablag‘larni jalb etish. 152-moddaga ko‘ra, ichki mablag‘ jalb qilish O‘zbekiston rezidentlaridan mablag‘larni jalb etishdir.
Davlat tomonidan jalb qilingan mablag‘lar tegishli budjetlar va davlat maqsadli jamg‘armalarining daromadlarini shakllantirishga nisbatan Budjet kodeksidagi qoida qaysi?
- Ular daromadlarini shakllantirish manbalari hisoblanmaydi
- Ular soliq daromadlari qatoriga kiritiladi va daromad hisoblanadi
- Ular faqat zaxira jamg‘armasiga yo‘naltiriladigan manbadir
- Ular har doim daromadlarni shakllantirish manbalari hisoblanadi
To‘g‘ri javob: Ular daromadlarini shakllantirish manbalari hisoblanmaydi. 152-moddaga ko‘ra, davlat tomonidan jalb qilingan mablag‘lar daromadlarni shakllantirish manbalari hisoblanmaydi.
Davlat tomonidan jalb qilinadigan qarz majburiyatlari qancha muddatgacha bo‘lsa, qisqa muddatli hisoblanadi?
- uch yilgacha
- besh yilgacha
- olti oygacha
- bir yilgacha
To‘g‘ri javob: bir yilgacha. Qisqa muddatli qarz majburiyatlari bir yilgacha, o‘rta muddatlilari bir yildan besh yilgacha, uzoq muddatlilari besh yil va undan ortiq muddatga bo‘ladi.
Budjet kodeksiga ko‘ra, qarz majburiyatlari qaysi muddatga qarab o‘rta muddatli hisoblanadi?
- Bir yilgacha bo‘lgan muddatga
- Bir yildan besh yilgacha muddatga
- Besh yil va undan ortiq muddatga
- O‘n yildan ortiq muddatga
To‘g‘ri javob: Bir yildan besh yilgacha muddatga. 153-moddaga ko‘ra, o‘rta muddatli qarz majburiyatlari bir yildan besh yilgacha muddatga olinadi.
O‘zbekiston Respublikasi chet davlatdan 7 yil muddatga qarz oldi. Budjet kodeksiga ko‘ra, bu qarz majburiyati qaysi turga kiradi?
- Qisqa muddatli
- O‘rta muddatli
- Uzoq muddatli
- Muddatsiz
To‘g‘ri javob: Uzoq muddatli. 153-moddaga ko‘ra, besh yil va undan ortiq muddatga olingan majburiyat uzoq muddatli hisoblanadi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash