Budjet tizimi budjetlariga o‘zgartirishlar kiritish
Maxsus Qism
143-modda. Budjet tizimi budjetlariga o‘zgartirishlar kiritish tartibi
Moliya yili mobaynida budjet tizimi budjetlariga o‘zgartirishlar kiritish:
budjet tizimi budjetlari daromadlari va (yoki) xarajatlarini kamaytirishni yoki ko‘paytirishni nazarda tutuvchi qonunchilik hujjatlari o‘zgargan;
bir budjet tashkiloti va budjet mablag‘lari oluvchi uchun budjetdan ajratiladigan mablag‘lar kamaytirilib, mos ravishda boshqa budjet tashkiloti va budjet mablag‘lari oluvchi uchun budjetdan ajratiladigan mablag‘lar ko‘paytirilgan;
budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilarda budjetdan ajratiladigan mablag‘lar xarajatlarning bir moddasidan boshqa moddasiga o‘tkazish zaruriyati yuzaga kelgan;
Davlat budjeti mablag‘larining moliya yili boshidagi erkin qoldiqlari ushbu Kodeksning 126-moddasida nazarda tutilgan tartibda xarajatlarni moliyalashtirishga yo‘naltirilgan;
budjet tasnifiga o‘zgartirishlar kiritilgan;
ushbu Kodeks 120-moddasining to‘rtinchi qismida nazarda tutilgan hollarda amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasining respublika budjeti daromadlari prognozining oshirib bajarilishi hisobidan tushgan mablag‘lar bo‘yicha xarajatlar O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetiga o‘zgartirishlar kiritilmasdan amalga oshiriladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika budjeti, viloyatlarning viloyat budjetlari, Toshkent shahrining shahar budjeti, tumanlar va shaharlar budjetlari daromadlari prognozining oshirib bajarilishi, elektron savdo maydonchasida yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni realizatsiya qilishdan ushbu budjetlarga tushgan mablag‘lar hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishdan tushgan mablag‘lar hisobidan xarajatlar tegishli budjetlarga o‘zgartirishlar kiritilmasdan amalga oshiriladi.
143-modda. Budjet tizimi budjetlariga o‘zgartirishlar kiritish tartibi (davomi)
Budjet tizimi budjetlarini ijro etishda budjet tizimi budjetlarining daromadlari va xarajatlariga kiritilgan o‘zgartirishlar O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining axborot tizimida hisobga olinadi.
Moliya yili mobaynida Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari xarajatlariga ularning tasdiqlangan parametrlari doirasida birinchi va ikkinchi guruh xarajatlari, shuningdek oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmonlar sotib olish xarajatlari bo‘yicha budjetdan ajratiladigan mablag‘larni ko‘paytirish yoki kamaytirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar faqat O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgandan keyin amalga oshiriladi.
Davlat budjeti daromadlari va xarajatlariga tasdiqlangan budjetlar doirasida uning ijrosi jarayonida qonunchilik hujjatlari asosida o‘zgartirishlar kiritish tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda hududiy iqtisodiyot va moliya organlari tomonidan amalga oshiriladi hamda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining axborot tizimida hisobga olib boriladi.
Budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan xarajatlarni ularning tasdiqlangan hajmlariga nisbatan ko‘paytirish, ularning o‘rnini qoplash manbalari mavjud bo‘lgan taqdirda, Davlat budjeti to‘g‘risidagi Qonunga o‘zgartirishlar kiritilmasdan amalga oshiriladi.
145-modda. O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetining xarajatlar yoyilmasiga o‘zgartirishlar kiritish tartibi
Birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchi uchun O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetidan ajratiladigan mablag‘larni boshqa birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchiga o‘tkazish (bundan ushbu moddaning ikkinchi qismida ko‘rsatilgan hollar mustasno):
10 va undan ortiq foiz miqdorda O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi xulosasi asosida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tomonidan;
10 foizdan kam miqdorda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining taklifi asosida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risidagi Qonunga muvofiq birinchi darajali budjet mablag‘lari taqsimlovchilarga O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetidan ajratiladigan mablag‘lar tarkibida nazarda tutilgan qayta taqsimlanadigan mablag‘lar birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilar uchun O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetidan ajratiladigan mablag‘larni, shuningdek Davlat maqsadli jamg‘armalariga, O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlariga beriladigan budjetlararo transfertlarni ko‘paytirish orqali O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan qayta taqsimlanadi. Bunda qayta taqsimlangan mablag‘lar hisobidan mablag‘larni yo‘naltirish O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risidagi Qonunga o‘zgartirishlar kiritilmasdan amalga oshiriladi.
145-modda. O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetining xarajatlar yoyilmasiga o‘zgartirishlar kiritish tartibi (davomi)
Birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilar uchun ajratilgan budjet mablag‘lari doirasida bir ikkinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchi uchun ajratilgan mablag‘larni boshqa ikkinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchiga o‘tkazish:
10 va undan ortiq foiz miqdorda birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishgan holda;
10 foizdan kam miqdorda tegishli birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchi tomonidan amalga oshiriladi.
Obyektlarni loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish) va jihozlash uchun kapital qo‘yilmalarni amalga oshirish uchun nazarda tutilgan mablag‘larni joriy xarajatlarga yo‘naltirish taqiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasidan mablag‘larni ajratish hamda birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilarni qayta tashkil etish Davlat budjeti to‘g‘risidagi Qonunga o‘zgartirishlar kiritilmasdan amalga oshiriladi.
147-modda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining va Toshkent shahri shahar budjetining xarajatlari yoyilmasiga o‘zgartirishlar kiritish tartibi
Bir hududiy budjet mablag‘larini taqsimlovchi uchun ajratilgan budjet mablag‘larini boshqa hududiy budjet mablag‘larini taqsimlovchiga o‘tkazish ajratiladigan budjet mablag‘larining cheklangan miqdorining:
10 va undan ortiq foiz miqdorda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan;
10 foizdan kam miqdorda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan amalga oshiriladi, bundan ushbu Kodeks 145-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Hududiy budjet mablag‘larini taqsimlovchi tasarrufidagi bir budjet tashkiloti va budjet mablag‘lari oluvchidan boshqa budjet tashkiloti va budjet mablag‘lari oluvchi uchun budjetdan ajratiladigan mablag‘larni o‘tkazish hududiy budjet mablag‘larini taqsimlovchilar so‘roviga ko‘ra tegishli hududiy iqtisodiyot va moliya organlari tomonidan amalga oshiriladi.
148-modda. Tumanlar va shaharlar budjetlarining xarajatlari yoyilmasiga o‘zgartirishlar kiritish tartibi
Bir hududiy budjet mablag‘larini taqsimlovchi uchun ajratilgan budjet mablag‘larni boshqa hududiy budjet mablag‘larini taqsimlovchiga o‘tkazish ajratiladigan budjet mablag‘larining cheklangan miqdorining:
10 foiz va undan ortiq miqdorda xalq deputatlari tumanlar va shaharlar Kengashlari tomonidan;
10 foizdan kam miqdorda tumanlar va shaharlar hokimliklari tomonidan amalga oshiriladi, bundan ushbu Kodeks 145-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Tumanlar va shaharlar budjetlaridan moliyalashtiriladigan hududiy budjet mablag‘larini taqsimlovchi tasarrufidagi bir budjet tashkiloti va budjet mablag‘lari oluvchidan boshqa budjet tashkiloti va budjet mablag‘lari oluvchi uchun budjetdan ajratiladigan mablag‘larni o‘tkazish hududiy budjet mablag‘larini taqsimlovchilar so‘roviga ko‘ra tumanlar va shaharlar iqtisodiyot va moliya bo‘limlari tomonidan amalga oshiriladi.
149-modda. Davlat maqsadli jamg‘armalari hamda O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi xarajatlariga o‘zgartirishlar kiritish tartibi
Davlat maqsadli jamg‘armalari hamda O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining xarajatlariga ularning tasdiqlangan hajmlariga nisbatan 3 foiz va undan ortiq miqdorga ko‘paytirishni yoki kamaytirishni nazarda tutadigan o‘zgartirishlar kiritish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taqdimiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tomonidan amalga oshiriladi.
Davlat maqsadli jamg‘armalari hamda O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining xarajatlariga ularning tasdiqlangan hajmlariga nisbatan 3 foizdan kam miqdorda ko‘paytirish yoki kamaytirishni nazarda tutadigan o‘zgartirishlar kiritish davlat maqsadli jamg‘armalari hamda O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi taqsimlovchi organlarining taqdimiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshiriladi.
Davlat maqsadli jamg‘armalari hamda O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining xarajatlarini ularning tasdiqlangan hajmlariga nisbatan ko‘paytirish ularni qoplash manbalari mavjud bo‘lgan taqdirda amalga oshiriladi.
Davlat maqsadli jamg‘armalari hamda O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining xarajatlariga ularning tasdiqlangan umumiy hajmlarini ko‘paytirmasdan yoki kamaytirmasdan o‘zgartirishlar kiritish davlat maqsadli jamg‘armalarini hamda O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining taqsimlovchi organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ruxsatiga ko‘ra hamda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishuvga ko‘ra amalga oshiriladi.
150-modda. Xarajatlar smetasiga va shtat jadvaliga o‘zgartirishlar kiritish tartibi
Budjet tashkilotining yoki budjet mablag‘lari oluvchining so‘roviga ko‘ra moliya yilida uning uchun nazarda tutilgan xarajatlarning ayrim moddalar bo‘yicha budjetdan ajratiladigan mablag‘larning hajmlari xarajatlarning boshqa moddalari bo‘yicha budjetdan ajratiladigan mablag‘lar teng miqdorda kamaytirilgan hamda budjet tashkiloti yoki budjet mablag‘lari oluvchi uchun nazarda tutilgan budjetdan ajratiladigan mablag‘larning tasdiqlangan umumiy hajmi saqlab qolingan holda ko‘paytirilishi mumkin. Mazkur o‘zgartirishlar:
O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetidan moliyalashtiriladigan budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilar bo‘yicha — budjet mablag‘larini taqsimlovchi tomonidan;
budjet mablag‘larini taqsimlovchilar bo‘yicha — O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan;
Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika budjetidan, viloyatlarning viloyat budjetlaridan va Toshkent shahrining shahar budjetidan moliyalashtiriladigan budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilar bo‘yicha — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmalari tomonidan;
tumanlar va shaharlar budjetlaridan moliyalashtiriladigan budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilar bo‘yicha — tumanlar va shaharlar iqtisodiyot va moliya bo‘limlari tomonidan;
davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlaridan moliyalashtiriladigan budjet mablag‘lari oluvchilar bo‘yicha — davlat maqsadli jamg‘armalarini taqsimlovchi organlar tomonidan ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
150-modda. Xarajatlar smetasiga va shtat jadvaliga o‘zgartirishlar kiritish tartibi (davomi)
Budjet tashkilotining va budjet mablag‘lari oluvchining so‘roviga ko‘ra kamaytirish tomonga o‘zgartirishlar kiritishga yo‘l qo‘yilmaydigan xarajatlar moddalari O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan belgilanadi.
Qonunchilikka muvofiq ish haqi miqdorlari oshirilishi munosabati bilan budjet tashkilotining shtat jadvaliga kiritiladigan o‘zgartirishlar iqtisodiyot va moliya organi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilmaydi.
Budjet tashkilotining shtat jadvaliga kiritilgan o‘zgartirishlar O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan belgilangan shakl bo‘yicha tegishli iqtisodiyot va moliya organida ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim, bundan ushbu moddaning ikkinchi qismida ko‘rsatilgan hollar mustasno.
Bilimingizni sinang
Budjet kodeksiga ko‘ra, respublika budjeti daromadlari prognozining oshirib bajarilishi hisobidan tushgan mablag‘lar bo‘yicha xarajatlar qanday amalga oshiriladi?
- Respublika budjetiga o‘zgartirishlar kiritilmasdan
- Faqat Qonunga o‘zgartirish kiritilgandan keyin
- Faqat Prezident farmoni bilan
- Faqat keyingi moliya yilida
To‘g‘ri javob: Respublika budjetiga o‘zgartirishlar kiritilmasdan. 143-moddaga ko‘ra, bunday mablag‘lar bo‘yicha xarajatlar respublika budjetiga o‘zgartirishlar kiritilmasdan amalga oshiriladi.
Viloyat hokimligi tasdiqlangan parametrlar doirasida dori-darmon sotib olish xarajatlari bo‘yicha budjetdan ajratiladigan mablag‘ni ko‘paytirish haqidagi o‘zgartirishni Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishmay amalga oshirdi. Budjet kodeksiga ko‘ra, qaysi xulosa to‘g‘ri?
- Harakat to‘g‘ri: viloyat hokimi tasdiqlangan parametrlar doirasida bunday o‘zgartirishlarni mustaqil qaror bilan amalga oshiradi
- Harakat noto‘g‘ri: bunday o‘zgartirishlar faqat Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgandan keyin amalga oshiriladi
- Harakat to‘g‘ri: o‘zgartirishlar viloyat Kengashi xabardor qilingan taqdirda ham amalga oshirilishi mumkin va kelishuv talab etilmaydi
- Harakat noto‘g‘ri: bunday o‘zgartirishlarni faqat Prezident kiritadi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi kelishuvi esa shart emas
To‘g‘ri javob: Harakat noto‘g‘ri: bunday o‘zgartirishlar faqat Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgandan keyin amalga oshiriladi. 143-moddaga ko‘ra, birinchi va ikkinchi guruh xarajatlari hamda oziq-ovqat va dori-darmon xarajatlari bo‘yicha o‘zgartirishlar faqat EIV bilan kelishilgandan keyin amalga oshiriladi.
Budjet kodeksiga ko‘ra, budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari hisobidan amalga oshiriladigan xarajatlarni tasdiqlangan hajmga nisbatan ko‘paytirishga nisbatan qaysi qoida to‘g‘ri?
- Har doim Davlat budjeti to‘g‘risidagi Qonunga o‘zgartirish kiritilishi shart
- Faqat Prezident qarori bilan mumkin
- Qoplash manbalari mavjud bo‘lsa, Qonunga o‘zgartirish kiritilmasdan amalga oshiriladi
- Umuman taqiqlanadi
To‘g‘ri javob: Qoplash manbalari mavjud bo‘lsa, Qonunga o‘zgartirish kiritilmasdan amalga oshiriladi. 143-moddaga ko‘ra, qoplash manbalari mavjud bo‘lsa, xarajatlarni ko‘paytirish Qonunga o‘zgartirish kiritilmasdan amalga oshiriladi.
Birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilar o‘rtasida respublika budjeti mablag‘larini o‘tkazish qaysi miqdorda Iqtisodiyot va moliya vazirligi taklifi bilan Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshiriladi?
- 10 va undan ortiq foiz
- 10 foizdan kam
- 20 foizdan kam
- 5 foizdan kam
To‘g‘ri javob: 10 foizdan kam. 10 foizdan kam miqdordagi o‘tkazish Iqtisodiyot va moliya vazirligi taklifi bilan Vazirlar Mahkamasi tomonidan, 10 va undan ortig‘i Oliy Majlis palatalari tomonidan amalga oshiriladi.
Vazirlik respublika budjetidan ajratilgan mablag‘ning 12 foizini boshqa birinchi darajali taqsimlovchiga o‘tkazmoqchi. Budjet kodeksiga ko‘ra, bu qaror kim tomonidan qabul qilinadi?
- Vazirlar Mahkamasi Hisob palatasi xulosasi asosida
- Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘z buyrug‘i asosida
- Soliq qo‘mitasi raisi vazirlik taklifi asosida
- Hisob palatasi xulosasi asosida Oliy Majlis palatalari
To‘g‘ri javob: Hisob palatasi xulosasi asosida Oliy Majlis palatalari. 145-moddaga ko‘ra, 10 va undan ortiq foiz miqdorda o‘tkazish Hisob palatasi xulosasi asosida Oliy Majlis palatalari tomonidan amalga oshiriladi.
Vazirlik respublika budjetidan ajratilgan mablag‘ning 5 foizini boshqa birinchi darajali taqsimlovchiga o‘tkazmoqchi. Budjet kodeksiga ko‘ra, bu qaror kim tomonidan qabul qilinadi?
- Iqtisodiyot va moliya vazirligi taklifi asosida Vazirlar Mahkamasi
- Oliy Majlis palatalari Iqtisodiyot va moliya vazirligi taklifi asosida
- Hisob palatasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi taklifi asosida
- Prezident Administratsiyasi Vazirlar Mahkamasi taklifi asosida
To‘g‘ri javob: Iqtisodiyot va moliya vazirligi taklifi asosida Vazirlar Mahkamasi. 145-moddaga ko‘ra, 10 foizdan kam miqdorda o‘tkazish EIV taklifi asosida Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshiriladi.
Budjet kodeksiga ko‘ra, obyektlarni loyihalashtirish, qurish va jihozlash uchun kapital qo‘yilmalarga nazarda tutilgan mablag‘larni joriy xarajatlarga yo‘naltirishga nisbatan qanday qoida amal qiladi?
- Hokim ruxsati bilan mumkin
- Taqiqlanadi
- Yil oxirida mumkin
- 10 foizgacha mumkin
To‘g‘ri javob: Taqiqlanadi. 145-moddaga ko‘ra, kapital qo‘yilmalarga mo‘ljallangan mablag‘larni joriy xarajatlarga yo‘naltirish taqiqlanadi.
Budjet kodeksiga ko‘ra, quyidagi harakatlardan qaysi biri Davlat budjeti to‘g‘risidagi Qonunga o‘zgartirishlar kiritilmasdan amalga oshiriladi?
- Davlat qarzining yangi chegarasini belgilash va Davlat budjeti taqchilligining cheklangan miqdorini oshirish
- Soliq stavkalarini o‘zgartirish, yangi soliq imtiyozlarini joriy etish va davlat maqsadli jamg‘armalarini tugatish
- Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasidan mablag‘ ajratish va birinchi darajali taqsimlovchilarni qayta tashkil etish
- Davlat budjeti daromadlarining umumiy hajmini kamaytirish va yangi davlat maqsadli jamg‘armasini tashkil etish
To‘g‘ri javob: Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasidan mablag‘ ajratish va birinchi darajali taqsimlovchilarni qayta tashkil etish. 145-moddaga ko‘ra, VM zaxira jamg‘armasidan mablag‘ ajratish hamda taqsimlovchilarni qayta tashkil etish Qonunga o‘zgartirish kiritilmasdan amalga oshiriladi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash