Budjet hisobi va hisobotini yuritish tartibi
Maxsus Qism
161-modda. Umumiy qoidalar
Budjet hisobi budjet tizimi budjetlarini ijro etishda hisobga olinadigan, pulda ifodalangan aktivlar va majburiyatlarning, shuningdek mazkur aktivlar va majburiyatlarni o‘zgartiruvchi operatsiyalarning holati to‘g‘risidagi axborotni to‘plash, ro‘yxatdan o‘tkazish va umumlashtirishning tartibga solingan tizimidir.
Budjet hisoboti budjet hisobi ma’lumotlari asosida belgilangan shakllar bo‘yicha tuziladigan aktivlar va majburiyatlarning holati to‘g‘risidagi ma’lumotlarning umumlashtirilgan tizimidir.
Budjet hisobi va budjet hisobotining yagona uslubiyati O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan ushbu Kodeks, budjet hisobining standartlariga, shuningdek boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilanadi. Budjet hisobining standartlari O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
Budjet tashkilotlari tomonidan budjet hisobi va budjet hisobotining yagona uslubiyatiga rioya etilgan holda budjet hisobining batafsil bo‘lishini ta’minlaydigan ichki idoraviy hujjatlar qo‘llanilishi mumkin.
Budjet tizimi budjetlari ijrosining budjet hisobi:
iqtisodiyot va moliya organlari;
g‘aznachilik bo‘linmalari;
davlat soliq xizmati organlari va bojxona organlari;
budjet tashkilotlari;
davlat maqsadli jamg‘armalarini taqsimlovchi organlar tomonidan yuritiladi.
Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining ijrosi bo‘yicha budjet hisobi kassa usuli bo‘yicha yuritiladi.
162-modda. Budjet hisoboti turlari
Budjet hisoboti quyidagi hisobot turlarini o‘z ichiga oladi:
budjet tashkilotlarining va budjet mablag‘lari oluvchilarning moliyaviy hisobotlari;
Davlat budjetiga va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlariga daromadlarning tushumlari to‘g‘risidagi hisobot;
Davlat budjetining ijrosi to‘g‘risidagi yillik va choraklik hisobotlar;
davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining ijrosi to‘g‘risidagi hisobot.
163-modda. Budjet tashkilotlarining va budjet mablag‘lari oluvchilarning moliyaviy hisobotlari
Budjet tashkilotlarining va budjet mablag‘lari oluvchilarning choraklik moliyaviy hisobotlari hisobot yilining 1-aprel, 1-iyul va 1-oktabr holatiga, yillik moliyaviy hisobotlar esa, kelgusi hisobot yilining 1-yanvar holatiga ko‘ra tuziladi.
Budjet tashkilotlarining va budjet mablag‘lari oluvchilarning moliyaviy hisobotlari mazkur tashkilotlarning rahbari yoki u vakolat bergan shaxs hamda bosh buxgalteri tomonidan imzolanadi.
Choraklik va yillik moliyaviy hisobotlar:
budjet mablag‘larini taqsimlovchilar bo‘yicha — O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga;
Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika budjetidan, viloyatlarning viloyat budjetlaridan va Toshkent shahrining shahar budjetidan moliyalashtiriladigan budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilar bo‘yicha — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmalariga;
tumanlar va shaharlar budjetlaridan moliyalashtiriladigan budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilar bo‘yicha — tumanlar va shaharlar iqtisodiyot va moliya bo‘limlariga taqdim etiladi.
Budjet mablag‘larini taqsimlovchilar O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetidan moliyalashtiriladigan o‘z tasarrufidagi tashkilotlarning moliyaviy hisobotlari asosida choraklik va yillik jamlanma moliyaviy hisobotlarni tuzadi hamda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga taqdim etadi.
163-modda. Budjet tashkilotlarining va budjet mablag‘lari oluvchilarning moliyaviy hisobotlari (davomi)
Tasarrufdagi tashkilotlar uchun moliyaviy hisobotlarni taqdim etish muddatlari budjet mablag‘larini taqsimlovchi tomonidan o‘zi O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga jamlanma moliyaviy hisobotlarni taqdim etadigan muddatlar hisobga olingan holda belgilanadi.
Budjet mablag‘larini taqsimlovchilarning jamlanma moliyaviy hisobotlari budjet mablag‘larini taqsimlovchining rahbari yoki u vakolat bergan shaxs va bosh buxgalter tomonidan imzolanadi.
Davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlaridan budjet mablag‘lari oluvchilar davlat maqsadli jamg‘armalarini taqsimlovchi organlar tomonidan belgilangan tartibda choraklik va yillik moliyaviy hisobotlarni tuzadi hamda davlat maqsadli jamg‘armalarini taqsimlovchi organlarga taqdim etadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika budjetidan, viloyatlarning viloyat budjetlaridan va Toshkent shahrining shahar budjetidan moliyalashtiriladigan budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilar ushbu moddaning uchinchi qismida ko‘rsatilgan tegishli iqtisodiyot va moliya organlariga moliyaviy hisobotlarni ular belgilagan muddatlarda, lekin O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan belgilangan muddatlardan kechiktirmay taqdim etadi.
Tumanlar va shaharlar budjetlaridan moliyalashtiriladigan budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilar ushbu moddaning uchinchi qismida ko‘rsatilgan tegishli iqtisodiyot va moliya organlariga moliyaviy hisobotlarni ular belgilagan muddatlarda, lekin yuqori turuvchi iqtisodiyot va moliya organi tomonidan belgilangan muddatlardan kechiktirmay taqdim etadi.
163-modda. Budjet tashkilotlarining va budjet mablag‘lari oluvchilarning moliyaviy hisobotlari (davomi)
Elektron hujjat tarzida taqdim etilgan moliyaviy hisobotlar budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilar rahbarlarining yoki ular vakolat bergan shaxslarning va bosh buxgalterlarining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi.
Budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilarning choraklik hamda yillik moliyaviy hisobotlarni tuzish, tasdiqlash va taqdim etish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan belgilanadi.
164-modda. Davlat budjetiga va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlariga daromadlarning tushumlari to‘g‘risidagi hisobot
Tumanlar va shaharlar soliq inspeksiyalari tegishli tumanlar hamda shaharlar iqtisodiyot va moliya bo‘limlariga hisobot davri uchun soliqlar va yig‘imlarning hisoblanishi to‘g‘risida hisobot taqdim etadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar soliq boshqarmalari hamda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmalari, shu jumladan ixtisoslashtirilgan bo‘linmalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirligiga, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmalariga hisobot davri uchun soliqlar, yig‘imlar, davlat bojlari va soliq bo‘lmagan to‘lovlarning hisoblanishi to‘g‘risida hisobotlar taqdim etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga hisobot davri uchun soliqlar, yig‘imlar, davlat bojlari va soliq bo‘lmagan to‘lovlarning hisoblanishi hamda tushumi to‘g‘risida hisobotlar taqdim etadi.
Soliqlar, yig‘imlar, davlat boji va soliq bo‘lmagan to‘lovlarning hisoblanishi va tushumi to‘g‘risidagi hisobotlarning shakllari hamda ularni taqdim etish muddatlari O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan belgilanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda davlat maqsadli jamg‘armalarini taqsimlovchi organlarga O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan belgilangan shakllar hamda muddatlarda Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlari daromadlarining tushumlari to‘g‘risida hisobot taqdim etadi.
165-modda. Davlat budjetining ijrosi to‘g‘risidagi yillik hisobot
Davlat budjetining ijrosi to‘g‘risidagi yillik hisobot budjet tasnifiga muvofiq muayyan davr uchun Davlat budjeti daromadlari va xarajatlarining ijrosi natijalaridan iborat bo‘ladi.
Davlat budjetining ijrosi to‘g‘risidagi yillik hisobot quyidagi hisobot shakllarini o‘z ichiga oladi:
Davlat budjeti ijrosining balansini;
Davlat budjeti daromadlarining ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni;
Davlat budjeti xarajatlarining ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni;
budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni;
budjet tashkilotlarining debitorlik va kreditorlik qarzlari to‘g‘risidagi ma’lumotnomani;
Davlat budjetidan moliyalashtiriladigan budjet tashkilotlari bo‘yicha tarmoq, shtatlar va kontingentga doir rejaning bajarilishi to‘g‘risidagi hisobotni;
Davlat qarzi to‘g‘risidagi hisobotni.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi ushbu moddaning ikkinchi qismida ko‘rsatilgan shakllar bo‘yicha Davlat budjetining ijrosi to‘g‘risidagi yillik hisobotni tuzadi.
Davlat budjetining ijrosi to‘g‘risidagi yillik hisobotga quyidagi ma’lumotlar ilova qilinadi:
Davlat budjeti daromadlarining soliq turlari va hududlar kesimidagi ijrosi;
foydalanilgan soliq imtiyozlarining turlari va miqdori;
hududlar kesimida soliq qarzi va ortiqcha to‘lovlar;
Davlat budjeti xarajatlarining sohalar va hududlar kesimidagi ijrosi;
budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari ijrosi to‘g‘risidagi hisobot;
165-modda. Davlat budjetining ijrosi to‘g‘risidagi yillik hisobot (davomi)
budjet tashkilotlarining chet el valyutasidagi pul mablag‘lari harakati;
O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilariga ajratiladigan mablag‘lar ijrosi;
O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturining ijro etilishi to‘g‘risidagi ma’lumot;
yuqori budjetdan quyi budjetlarga, davlat maqsadli jamg‘armalariga ajratilgan transfertlar, shu jumladan budjet ssudalari.
165¹-modda. Davlat budjetining ijrosi to‘g‘risidagi choraklik hisobot
Davlat budjetining ijrosi to‘g‘risidagi choraklik hisobot budjet tasnifiga muvofiq muayyan davr uchun Davlat budjeti daromadlari va xarajatlarining ijrosi natijalaridan iborat bo‘ladi.
Davlat budjetining ijrosi to‘g‘risidagi choraklik hisobot quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
Davlat budjeti daromadlarining ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni;
Davlat budjeti xarajatlarining ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni;
budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni;
O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetidan mablag‘ oluvchi budjet tashkilotlarining chet el valyutasidagi pul mablag‘lari harakati to‘g‘risidagi hisobotni.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi ushbu moddaning ikkinchi qismida ko‘rsatilgan shakllar bo‘yicha Davlat budjetining ijrosi to‘g‘risidagi choraklik hisobotlarni tuzadi.
Davlat budjetining ijrosi to‘g‘risidagi choraklik hisobotlarga quyidagi ma’lumotlar ilova qilinadi:
Davlat budjeti daromadlarining soliq turlari va hududlar kesimidagi ijrosi;
foydalanilgan soliq imtiyozlarining turlari va ularning miqdori;
hududlar kesimida soliq qarzi va ortiqcha to‘lovlar;
Davlat budjeti xarajatlarining sohalar va hududlar kesimidagi ijrosi;
O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilariga ajratiladigan mablag‘lar ijrosi;
budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari ijrosi to‘g‘risidagi hisobot;
165¹-modda. Davlat budjetining ijrosi to‘g‘risidagi choraklik hisobot (davomi)
O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturining ijro etilishi to‘g‘risidagi ma’lumot;
yuqori budjetdan quyi budjetlarga, davlat maqsadli jamg‘armalariga ajratilgan transfertlar, shu jumladan budjet ssudalari.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi Davlat budjeti ijrosining borishi to‘g‘risidagi choraklik hisobotni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisobot davridan keyingi ikkinchi oyning 10-sanasiga qadar taqdim etadi.
165²-modda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining ijrosi to‘g‘risidagi hisobot
Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining ijrosi to‘g‘risidagi yillik hisobot budjet tasnifiga muvofiq muayyan davr uchun tegishli budjet daromadlari va xarajatlarining ijrosi natijalaridan iborat bo‘ladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining ijrosi to‘g‘risidagi yillik hisoboti quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
budjet ijrosining balansini;
budjet daromadlarining ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni;
budjet xarajatlarining ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni;
budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni;
budjet tashkilotlarining debitorlik va kreditorlik qarzlari to‘g‘risidagi ma’lumotnomani;
budjetdan moliyalashtiriladigan budjet tashkilotlari bo‘yicha tarmoqlarga, shtatlarga va kontingentga doir rejaning bajarilishi to‘g‘risidagi hisobotni;
budjet tashkilotlarining nomoliyaviy aktivlari harakati to‘g‘risidagi hisobotni.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining ijrosi to‘g‘risidagi choraklik hisobot budjet tasnifiga muvofiq muayyan davr uchun tegishli budjet daromadlari va xarajatlarining ijrosi natijalaridan iborat bo‘ladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining ijrosi to‘g‘risidagi choraklik hisobot quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
165²-modda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining ijrosi to‘g‘risidagi hisobot (davomi)
budjet daromadlarining ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni;
budjet xarajatlarining ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni;
budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni.
Tumanlar va shaharlar bo‘yicha g‘aznachilik xizmati bo‘linmalari tegishli tumanlar hamda shaharlar iqtisodiyot va moliya bo‘limlariga tumanlar va shaharlar budjetlarining kassa ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni taqdim etadi.
Tumanlar va shaharlar iqtisodiyot va moliya bo‘limlari hisobot davri uchun tumanlar va shaharlar budjetlarining ijrosi to‘g‘risidagi yillik hisobotni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan belgilangan shakllar bo‘yicha:
yuqori turuvchi iqtisodiyot va moliya organlariga — hisobot yilidan keyingi yilning 1-fevraligacha;
tegishli hokimliklarga — tumanlar va shaharlar budjetlarining ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni yuqori turuvchi Iqtisodiyot va moliya organlariga taqdim etilganidan keyin bir ish kuni ichida taqdim etadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar g‘aznachilik xizmati boshqarmalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining va Toshkent shahri shahar budjetining kassa ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmalariga taqdim etadi.
G‘aznachilik bo‘linmalari tomonidan tegishli budjetlarning kassa ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlarni iqtisodiyot va moliya organlariga taqdim etish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan belgilanadi.
165²-modda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining ijrosi to‘g‘risidagi hisobot (davomi)
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmalari:
- a) Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining ijrosi to‘g‘risidagi yillik hisobotni:
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan belgilangan shakllar bo‘yicha, hisobot yilidan keyingi yilning 10-fevraligacha O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga;
mahalliy budjet ijrosining borishi to‘g‘risidagi yillik hisobotni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga va tegishli hokimliklarga O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga taqdim etilganidan keyin bir ish kuni ichida taqdim etadi;
- b) hisobot davri uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining ijrosi to‘g‘risidagi choraklik hisobotni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan belgilangan shakllar bo‘yicha:
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga — hisobot davridan keyingi oyning 25-sanasigacha;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining ijrosi to‘g‘risidagi choraklik hisobot O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga taqdim etilganidan keyin bir ish kuni ichida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga hamda tegishli hokimliklarga taqdim etiladi.
166-modda. Davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining ijrosi to‘g‘risidagi hisobot
Davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining ijrosi to‘g‘risidagi yillik hisobot quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlari ijrosining balansini;
davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining daromadlari va xarajatlari ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni;
davlat maqsadli jamg‘armalarining debitorlik va kreditorlik qarzlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarini;
davlat maqsadli jamg‘armalari nomoliyaviy aktivlarining harakati to‘g‘risidagi hisobotni;
davlat maqsadli jamg‘armalarining chet el valyutasidagi pul mablag‘lari harakati to‘g‘risidagi hisobotni;
davlat maqsadli jamg‘armalari bo‘yicha tarmoq, shtatlar va kontingentga doir rejaning bajarilishi to‘g‘risidagi hisobotni.
Davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining ijrosi to‘g‘risidagi choraklik hisobot quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining daromadlari va xarajatlari ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni;
davlat maqsadli jamg‘armalarining chet el valyutasidagi pul mablag‘lari harakati to‘g‘risidagi hisobotni.
Davlat maqsadli jamg‘armalarini taqsimlovchi organlar har oyda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga tahliliy maqsadlar uchun davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlari daromadlari va xarajatlarining ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlarni taqdim etadi.
Davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlarni tuzish, tasdiqlash va taqdim etish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan belgilanadi.
166-modda. Davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining ijrosi to‘g‘risidagi hisobot (davomi)
Davlat maqsadli jamg‘armalarini taqsimlovchi organlar O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga:
davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining ijrosi to‘g‘risidagi choraklik hisobotni hisobot davridan keyingi oyning 20-sanasiga qadar;
davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining ijrosi to‘g‘risidagi yillik hisobotni hisobot yilidan keyingi yilning 10-fevraliga qadar taqdim etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining ijrosi to‘g‘risidagi choraklik hisobotni hisobot davridan keyingi ikkinchi oyning 10-sanasiga qadar;
davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining ijrosi to‘g‘risidagi yillik hisobotni hisobot yilidan keyingi yilning 1-martiga qadar taqdim etadi.
166¹-modda. Budjet jarayonining ochiqligini ta’minlash tartibi
Birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilar, ikkinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilar, hududiy budjet mablag‘larini taqsimlovchilar, davlat maqsadli jamg‘armalari, O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi har chorak yakunlari bo‘yicha keyingi chorak birinchi oyining 25 sanasiga qadar o‘zining rasmiy veb-saytlariga:
o‘z tasarrufidagi budjet tashkilotlari kesimida budjet mablag‘larining taqsimoti;
davriy moliyaviy hisobotlar;
davlat maqsadli jamg‘armalaridan subsidiyalar va kredit oluvchilar;
kapital qo‘yilmalar hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalarning ijrosi;
o‘tkazilgan tanlovlar (tenderlar) va amalga oshirilgan davlat xaridlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni joylashtiradi.
Hududiy budjet mablag‘larini taqsimlovchilarning rasmiy veb-saytlari mavjud bo‘lmagan taqdirda ular tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimliklarining rasmiy veb-saytlariga ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan ma’lumotni joylashtiradi.
Davlat moliyaviy nazorat organlari moliya yilining birinchi oyida moliya yili uchun ish rejalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, har chorak yakunlariga ko‘ra esa nazorat tadbirlari natijalari bo‘yicha aniqlangan moliyaviy huquqbuzarliklar va ijobiy natijalar haqidagi ma’lumotlarni chorakdan keyingi oyning 25 sanasidan kechiktirmay o‘z rasmiy veb-saytlariga joylashtiradi.
166¹-modda. Budjet jarayonining ochiqligini ta’minlash tartibi (davomi)
Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining, tumanlar va shaharlar budjetlarining qo‘shimcha manbalari hisobidan xarid qilingan tovarlar hamda xizmatlar, qurilish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari olib borilayotgan obyektlar ro‘yxati, shuningdek qurilish-ta’mirlash ishlarining moliyalashtirilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar har chorak yakunlari bo‘yicha keyingi chorak birinchi oyining 10 sanasiga qadar tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimliklari tomonidan majburiy tartibda o‘z rasmiy veb-saytlarida joylashtiriladi.
Budjet mablag‘larini tegishli taqsimlovchilar O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlarining ijro etilishi to‘g‘risidagi axborotni birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilar kesimida o‘z rasmiy veb-saytlariga har chorak yakunlariga ko‘ra, chorakdan keyingi oyning 25 sanasidan kechiktirmay joylashtiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasi soliq va bojxona imtiyozlari ro‘yxatini, shuningdek soliq to‘lovchilar kesimida taqdim etilgan soliq va bojxona imtiyozlarining miqdori to‘g‘risidagi axborotni o‘z rasmiy veb-saytlariga har chorakda chorakdan keyingi oyning 25 sanasidan kechiktirmay, yil yakunlariga ko‘ra esa kelgusi yilning 1-apreliga qadar joylashtiradi.
166¹-modda. Budjet jarayonining ochiqligini ta’minlash tartibi (davomi)
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimliklari tegishli mahalliy budjetlar qo‘shimcha mablag‘laridan foydalanilishiga doir qarorlarni (farmoyishlarni) ular qabul qilinganidan so‘ng uch ish kuni ichida majburiy tartibda o‘z rasmiy veb-saytlariga hamda “Ochiq budjet” axborot portaliga joylashtiradi.
Tumanlar va shaharlar hokimliklari jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirish bo‘yicha ma’lumotlarni har chorak yakunlari bo‘yicha keyingi chorak birinchi oyining 25-sanasiga qadar o‘z rasmiy veb-saytlariga hamda “Ochiq budjet” axborot portaliga joylashtiradi.
Ma’lumotni ushbu moddaning birinchi — sakkizinchi qismlarida ko‘rsatilgan tegishli tashkilotlarning rasmiy veb-saytlariga joylashtirish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi bilan kelishilgan holda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan belgilanadi.
166²-modda. O‘zbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjeti ijrosi to‘g‘risidagi yillik hisobot
O‘zbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjeti ijrosi to‘g‘risidagi yillik hisobot O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan moliya yili yakunlariga ko‘ra shakllantiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga O‘zbekiston Respublikasi konsolidatsiyalashgan budjetning ijrosi to‘g‘risidagi yillik hisobotni hisobot yilidan keyingi yilning 1-martigacha taqdim etadi.
Bilimingizni sinang
Budjet kodeksiga ko‘ra, Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining ijrosi bo‘yicha budjet hisobi qaysi usulda yuritiladi?
- Kassa usulida
- Hisoblash usulida
- Aralash usulda
- Faqat g‘azna memorial orderlari usulida
To‘g‘ri javob: Kassa usulida. 161-moddaga ko‘ra, Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlari ijrosi bo‘yicha budjet hisobi kassa usuli bo‘yicha yuritiladi.
Budjet kodeksiga ko‘ra, budjet hisobining standartlarini kim tasdiqlaydi?
- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparati
- O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi
- O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi boshqaruvi
- O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi
To‘g‘ri javob: O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi. 161-moddaga ko‘ra, budjet hisobining standartlari Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
Budjet kodeksiga ko‘ra, quyidagilardan qaysi biri budjet hisoboti turiga kiradi?
- Soliq to‘lovchilarning yillik deklaratsiyalari va hisob-kitoblari
- Tijorat banklarining yillik va choraklik balans hisobotlari majmui
- Davlat budjetining ijrosi to‘g‘risidagi yillik va choraklik hisobotlar
- Markaziy bankning yillik va choraklik pul-kredit hisobotlari
To‘g‘ri javob: Davlat budjetining ijrosi to‘g‘risidagi yillik va choraklik hisobotlar. 162-moddaga ko‘ra, budjet hisoboti turlari qatorida Davlat budjeti ijrosi to‘g‘risidagi yillik va choraklik hisobotlar bor.
Budjet kodeksiga ko‘ra, budjet tashkilotlarining choraklik moliyaviy hisobotlari hisobot yilining qaysi sanalari holatiga ko‘ra tuziladi?
- 1-fevral, 1-may va 1-avgust
- 1-mart, 1-iyun va 1-sentabr
- 1-yanvar, 1-iyul va 1-dekabr
- 1-aprel, 1-iyul va 1-oktabr
To‘g‘ri javob: 1-aprel, 1-iyul va 1-oktabr. 163-moddaga ko‘ra, choraklik hisobotlar 1-aprel, 1-iyul va 1-oktabr holatiga, yillik hisobotlar esa kelgusi yilning 1-yanvar holatiga ko‘ra tuziladi.
Tuman maktabining moliyaviy hisobotini faqat maktab direktori imzolab, bosh buxgalter imzosisiz taqdim etdi. Budjet kodeksiga ko‘ra, qaysi xulosa to‘g‘ri?
- Noto‘g‘ri: hisobot rahbar (yoki u vakolat bergan shaxs) hamda bosh buxgalter tomonidan imzolanishi kerak
- To‘g‘ri: hisobot faqat rahbar imzosi bilan taqdim etilsa yetarli, bosh buxgalter imzosi talab etilmaydi
- To‘g‘ri: hisobotni faqat bosh buxgalter imzolashi shart, rahbar yoki u vakolat bergan shaxs imzosi talab etilmaydi
- Noto‘g‘ri: hisobotni viloyat hokimi imzolaydi, tashkilot rahbari va bosh buxgalter esa imzolamaydi
To‘g‘ri javob: Noto‘g‘ri: hisobot rahbar (yoki u vakolat bergan shaxs) hamda bosh buxgalter tomonidan imzolanishi kerak. 163-moddaga ko‘ra, moliyaviy hisobotlar tashkilot rahbari yoki u vakolat bergan shaxs hamda bosh buxgalter tomonidan imzolanadi.
Tuman budjetidan moliyalashtiriladigan maktab choraklik moliyaviy hisobotini taqdim etishi kerak. Budjet kodeksiga ko‘ra, u hisobotni kimga taqdim etadi?
- Viloyat hokimligiga
- Tuman iqtisodiyot va moliya bo‘limiga
- Iqtisodiyot va moliya vazirligiga bevosita
- Hisob palatasiga
To‘g‘ri javob: Tuman iqtisodiyot va moliya bo‘limiga. 163-moddaga ko‘ra, tuman va shahar budjetlaridan moliyalashtiriladigan tashkilotlar hisobotni tuman va shahar iqtisodiyot va moliya bo‘limlariga taqdim etadi.
Budjet kodeksiga ko‘ra, elektron hujjat tarzida taqdim etilgan moliyaviy hisobotlar qanday tasdiqlanadi?
- Tashkilot muhri hamda rahbarlarning qo‘lyozma imzosi bilan
- Faqat bosh buxgalterlarning shaxsiy imzosi va muhri bilan
- Rahbarlar va bosh buxgalterlarning elektron raqamli imzosi bilan
- Hokimlik ruxsati bilan va tegishli moliya organi tasdig‘ida
To‘g‘ri javob: Rahbarlar va bosh buxgalterlarning elektron raqamli imzosi bilan. 163-moddaga ko‘ra, elektron hisobotlar rahbarlar va bosh buxgalterlarning elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi.
Budjet kodeksiga ko‘ra, tumanlar va shaharlar soliq inspeksiyalari soliqlar va yig‘imlarning hisoblanishi to‘g‘risidagi hisobotni kimga taqdim etadi?
- Viloyat hokimligining iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasiga
- Soliq qo‘mitasining tegishli hududiy bosh boshqarmasi apparatiga
- Hisob palatasining tegishli hududiy boshqarmasi kengashiga
- Tegishli tumanlar va shaharlar iqtisodiyot va moliya bo‘limlariga
To‘g‘ri javob: Tegishli tumanlar va shaharlar iqtisodiyot va moliya bo‘limlariga. 164-moddaga ko‘ra, soliq inspeksiyalari hisobotni tegishli tuman va shahar iqtisodiyot va moliya bo‘limlariga taqdim etadi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash