Davlat moliyaviy nazoratini tashkil etish
Maxsus Qism
180-modda. Yakuniy nazorat tarzidagi davlat moliyaviy nazorati
Yakuniy nazorat tarzidagi davlat moliyaviy nazorati nazorat rejasiga ko‘ra amalga oshiriladi va davlat moliyaviy nazorat organining qarori asosida o‘tkaziladi.
Yakuniy nazorat tarzidagi davlat moliyaviy nazoratini amalga oshiruvchi mansabdor shaxs davlat moliyaviy nazorat organi qarorining ko‘chirma nusxasiga va xizmat guvohnomasiga ega bo‘lishi kerak.
Yakuniy nazorat tarzidagi davlat moliyaviy nazoratini amalga oshirishda davlat moliyaviy nazorat organlarining mansabdor shaxslariga qo‘yiladigan talablar vakolatli organ tomonidan belgilanadi.
181-modda. Davlat moliyaviy nazorat organlari tomonidan ekspertlar va mutaxassislarni jalb etish
Davlat moliyaviy nazorat organlari maxsus kasbiy bilimlarni talab etadigan masalalarni ko‘rib chiqish uchun davlat boshqaruvi organlari hamda boshqa tashkilotlarning ekspertlari va mutaxassislarini jalb etishga haqli.
182-modda. Davlat moliyaviy nazoratini o‘tkazish davriyligi va muddatlari
Yakuniy nazorat tarzidagi davlat moliyaviy nazorati ushbu Kodeksning 170-moddasiga muvofiq tasdiqlangan davlat moliyaviy nazorati obyektlarini nazorat qilish rejasiga ko‘ra yiliga ko‘pi bilan bir marta amalga oshiriladi.
Yakuniy nazorat tarzidagi davlat moliyaviy nazoratini amalga oshirish muddati o‘ttiz kalendar kundan oshmasligi lozim. Zarur hollarda yakuniy nazorat tarzidagi davlat moliyaviy nazoratini amalga oshirish muddati davlat moliyaviy nazoratini tayinlagan tegishli davlat moliyaviy nazorat organining rahbari yoki u vakolat bergan shaxs tomonidan uzaytirilishi mumkin.
183-modda. Davlat moliyaviy nazorati natijalari bo‘yicha rasmiylashtiriladigan hujjatlar
Yakuniy nazorat tarzidagi davlat moliyaviy nazoratining natijalari davlat moliyaviy nazorat organining mansabdor shaxsi tomonidan:
tekshirish va taftish natijalari bo‘yicha tuziladigan hujjat — dalolatnoma;
davlat moliyaviy nazorati natijalarini umumlashtiruvchi hujjat — jamlanma dalolatnoma;
o‘rganish va nazorat tartibida tekshirish natijalari bo‘yicha tuziladigan hujjat — ma’lumotnoma yoki xulosa tarzida rasmiylashtiriladi.
184-modda. Davlat moliyaviy nazorati natijalarini rasmiylashtirish
Yakuniy nazorat tarzidagi davlat moliyaviy nazorati natijalariga doir hujjatlar quyidagilar ko‘rsatilgan holda rasmiylashtiriladi:
rasmiylashtirilayotgan hujjatning turi;
tekshirish o‘tkazilgan joy, hujjat tuzilgan sana;
davlat moliyaviy nazoratini o‘tkazish uchun asos;
davlat moliyaviy nazoratining turi va uni o‘tkazish davri;
davlat moliyaviy nazoratini o‘tkazgan mansabdor shaxslarning familiyasi, ismi va otasining ismi;
davlat moliyaviy nazorati obyektining to‘liq nomi, nazorat bilan qamrab olingan davr uchun mas’ul mansabdor shaxslarning lavozimi, familiyasi, ismi va otasining ismi ular egallab turgan lavozimlarida ishlagan davr albatta ko‘rsatilgan holda;
davlat moliyaviy nazorati obyektining joylashgan yeri (pochta manzili), bank rekvizitlari;
oldingi taftish (tekshirish) natijalari yuzasidan ko‘rilgan chora-tadbirlar haqidagi ma’lumotlar;
davlat moliyaviy nazorati bilan qamrab olingan davr hamda uni o‘tkazish uchun davlat moliyaviy nazorati obyekti tomonidan taqdim etilgan hujjatlar haqidagi umumiy ma’lumotlar;
taftish (tekshirish) jarayonida aniqlangan qoidabuzarliklar faktlari, normalari buzilgan qonunchilik hujjatlari ko‘rsatilgan holda.
Yakuniy nazorat tarzidagi davlat moliyaviy nazorati natijalariga doir hujjatga davlat moliyaviy nazoratini o‘tkazish uchun asos bo‘lib xizmat qilgan hujjatlarning ko‘chirma nusxalari, davlat moliyaviy nazorati doirasida harakatlarni bajarish to‘g‘risidagi bayonnomalar, inventarizatsiya dalolatnomalari, jalb etilgan ekspertlar va mutaxassislarning xulosalari, nazoratni o‘tkazish jarayonida davlat moliyaviy nazoratini amalga oshiruvchi mansabdor shaxslarning so‘roviga ko‘ra olingan materiallar, shuningdek nazorat doirasida bajarilgan harakatlarni tasdiqlovchi boshqa hujjatlar qo‘shib qo‘yilishi lozim.
184-modda. Davlat moliyaviy nazorati natijalarini rasmiylashtirish (davomi)
Davlat moliyaviy nazorati natijalariga doir hujjatga qonunchilik hujjatlari bilan, hujjatlar bilan yoki davlat moliyaviy nazorati obyekti faoliyatining davlat moliyaviy nazorati jarayonida amalga oshirilgan tartib-taomillar natijalari bilan tasdiqlanmagan turli xil xulosalarni, taxminlarni va faktlarni, tergov materiallaridan ma’lumotlarni va davlat moliyaviy nazorati obyekti mansabdor shaxslari tergov organlariga bergan ko‘rsatuvlarga havolalarni kiritishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Davlat moliyaviy nazorati natijalariga doir hujjatda davlat moliyaviy nazorati obyektining mansabdor va moddiy javobgar shaxslari harakatlariga huquqiy baho berilmasligi, shuningdek ularning qilmishlari, niyatlari va maqsadlari tavsiflanmasligi lozim.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan ma’lumotlar ma’lumotnoma (xulosa) rasmiylashtirilayotganda majburiy emas.
Davlat moliyaviy nazoratining natijalariga doir hujjatlar davlat moliyaviy nazoratini o‘tkazgan mansabdor shaxslar, shuningdek davlat moliyaviy nazorati obyektining mansabdor va mas’ul shaxslari tomonidan imzolanadi.
Davlat moliyaviy nazorati obyektining mansabdor va mas’ul shaxslari davlat moliyaviy nazorati natijalariga rozi bo‘lmagan taqdirda, hujjatni o‘z e’tirozlari bilan imzolaydi hamda o‘n kunlik muddat ichida e’tirozlarini davlat moliyaviy nazorat organiga yozma shaklda taqdim etadi.
Davlat moliyaviy nazorati obyekti tomonidan e’tirozlar o‘n kunlik muddatda yozma shaklda taqdim etilmagan taqdirda, davlat moliyaviy nazorati natijalariga doir hujjat davlat moliyaviy nazorati obyekti tomonidan qabul qilingan deb hisoblanadi hamda davlat moliyaviy nazorat organi tomonidan uni amalga oshirish choralari ko‘riladi.
184-modda. Davlat moliyaviy nazorati natijalarini rasmiylashtirish (davomi)
Davlat moliyaviy nazorati obyekti sudga murojaat etgan taqdirda, o‘zining sudga murojaat etganligini tasdiqlovchi hujjatni o‘n kunlik muddatda davlat moliyaviy nazorat organiga taqdim etishi shart. Sud tomonidan davlat moliyaviy nazorati obyektining murojaati xususida qaror qabul qilinguniga qadar davlat moliyaviy nazorat organi davlat moliyaviy nazorati natijalari bo‘yicha rasmiylashtirilgan hujjatning nizoli bandlarga tegishli qismi bo‘yicha amalga oshirilishini to‘xtatib turadi.
Davlat moliyaviy nazorati natijalariga doir hujjatlarda bayon etilgan ma’lumotlarning ishonchliligi, xolisligi va to‘liqligi davlat moliyaviy nazorat organlarining mansabdor shaxslari tomonidan ta’minlanadi.
185-modda. Davlat moliyaviy nazorati obyekti mansabdor shaxslarining huquq va majburiyatlari
Davlat moliyaviy nazorati obyektining mansabdor shaxslari:
davlat moliyaviy nazorati amalga oshirilishining maqsadi, boshlanish sanasi va davomiyligini bilishga;
davlat moliyaviy nazorat organlarining tekshiruvchi mansabdor shaxslaridan mazkur organ rahbarining qarorini va yakuniy nazorat tarzidagi davlat moliyaviy nazoratini amalga oshirish huquqini beruvchi bir martalik guvohnomani, shuningdek shaxsiy guvohnomani talab qilishga;
davlat moliyaviy nazoratini o‘tkazish uchun asosga ega bo‘lmagan shaxslarni davlat moliyaviy nazoratiga qo‘ymaslikka;
davlat moliyaviy nazorati natijalari yuzasidan shikoyat qilishga haqlidir.
Davlat moliyaviy nazorati obyektining mansabdor shaxslari:
davlat moliyaviy nazorat organining mansabdor shaxslari davlat moliyaviy nazoratini o‘tkazishi uchun zarur sharoitlar yaratishi;
davlat moliyaviy nazorat organi va uning mansabdor shaxslarining qonuniy talablarini bajarishi, shuningdek davlat moliyaviy nazorat organi mansabdor shaxslarining qonuniy faoliyatiga monelik qilmasligi;
davlat moliyaviy nazoratini o‘tkazish vaqtida davlat moliyaviy nazorat organining mansabdor shaxslariga mazkur nazoratni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar va ma’lumotlarni taqdim etishi hamda ularning ishonchliligi, xolisligi va to‘liqligi uchun shaxsan javobgar bo‘lishi;
budjet to‘g‘risidagi qonunchilik buzilgan holda foydalanilgan mablag‘larning o‘rni qoplanishini, shuningdek tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib beruvchilar tomonidan shartnoma majburiyatlari bajarilishini ta’minlashi shart.
185-modda. Davlat moliyaviy nazorati obyekti mansabdor shaxslarining huquq va majburiyatlari (davomi)
Davlat moliyaviy nazorati obyektining mansabdor shaxslari qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi va ularning zimmasida boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
186-modda. Davlat moliyaviy nazoratini o‘tkazishdagi cheklovlar
Davlat moliyaviy nazoratini:
davlat moliyaviy nazorati obyekti mansabdor shaxsining yaqin qarindoshi, erining (xotinining) qarindoshi bo‘lgan;
davlat moliyaviy nazorati obyektida shaxsiy mulkiy manfaatlari bo‘lgan;
tekshiruv bilan qamrab olingan davrda davlat moliyaviy nazorati obyektida ishlagan davlat moliyaviy nazorat organlarining mansabdor shaxslari tomonidan o‘tkazish taqiqlanadi.
Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan holatlar yuzaga kelgan taqdirda davlat moliyaviy nazorat organlarining mansabdor shaxslari bu haqda davlat moliyaviy nazoratini tayinlagan organning rahbarini yozma shaklda xabardor qilishi kerak.
Bilimingizni sinang
Yakuniy nazorat tarzidagi davlat moliyaviy nazoratini amalga oshiruvchi mansabdor shaxs Budjet kodeksiga ko‘ra qanday hujjatlarga ega bo‘lishi kerak?
- Nazorat obyekti rahbarining ruxsatnomasi va pasport nusxasiga
- Prezident farmoni nusxasi va ish stajini tasdiqlovchi hujjatga
- Nazorat organi qarorining ko‘chirma nusxasi va xizmat guvohnomasiga
- Sud ajrimining nusxasi va ishonchnomaga
To‘g‘ri javob: Nazorat organi qarorining ko‘chirma nusxasi va xizmat guvohnomasiga. 180-moddaga ko‘ra mansabdor shaxs nazorat organi qarorining ko‘chirma nusxasiga va xizmat guvohnomasiga ega bo‘lishi kerak.
Yakuniy nazorat tarzidagi davlat moliyaviy nazorati tasdiqlangan reja bo‘yicha yiliga ko‘pi bilan necha marta amalga oshiriladi?
- to‘rt marta
- bir marta
- uch marta
- ikki marta
To‘g‘ri javob: bir marta. Yakuniy nazorat tarzidagi davlat moliyaviy nazorati rejaga ko‘ra yiliga ko‘pi bilan bir marta o‘tkaziladi.
Budjet kodeksiga ko‘ra, yakuniy nazorat tarzidagi davlat moliyaviy nazoratini amalga oshirish muddati qancha vaqtdan oshmasligi lozim?
- O‘ttiz kalendar kun
- O‘n besh kalendar kun
- Qirq besh kalendar kun
- Oltmish kalendar kun
To‘g‘ri javob: O‘ttiz kalendar kun. 182-moddaga ko‘ra yakuniy nazoratni amalga oshirish muddati o‘ttiz kalendar kundan oshmasligi lozim.
Budjet kodeksiga ko‘ra, o‘rganish va nazorat tartibida tekshirish natijalari bo‘yicha qaysi hujjat tuziladi?
- Dalolatnoma yoki bayonnoma
- Bayonnoma yoki buyruq
- Jamlanma dalolatnoma, qaror
- Ma’lumotnoma yoki xulosa
To‘g‘ri javob: Ma’lumotnoma yoki xulosa. 183-moddaga ko‘ra o‘rganish va nazorat tartibida tekshirish natijalari ma’lumotnoma yoki xulosa tarzida rasmiylashtiriladi, taftish va tekshirish natijalari esa dalolatnoma bilan.
Davlat moliyaviy nazorati natijalariga rozi bo‘lmagan obyekt mansabdor shaxslari e’tirozlarini davlat moliyaviy nazorat organiga yozma shaklda necha kunlik muddatda taqdim etadi?
- o‘n besh kunlik
- uch kunlik
- o‘n kunlik
- besh kunlik
To‘g‘ri javob: o‘n kunlik. Rozi bo‘lmagan mansabdor shaxslar hujjatni e’tirozlari bilan imzolaydi va o‘n kunlik muddatda yozma e’tiroz taqdim etadi.
Maktab direktori Dilnoza nazorat natijalari bo‘yicha tuzilgan hujjat mazmuniga rozi emas. Budjet kodeksiga ko‘ra u qanday harakat qilishi kerak?
- Hujjatni e’tirozlari bilan imzolaydi va o‘n kunlik muddatda e’tirozlarini nazorat organiga yozma shaklda taqdim etadi
- Hujjatni imzolamasdan o‘n kunlik muddatda sudga murojaat qiladi va e’tirozlarini nazorat organiga yuborishga haqli emas
- Hujjatni imzolashdan bosh tortib, uni nazorat organiga qaytaradi va o‘n kunlik muddatda yozma e’tiroz taqdim etmaydi
- Hujjatni imzolaydi va o‘n kunlik muddat ichida e’tirozlarini og‘zaki ravishda nazorat organi rahbariga bildiradi
To‘g‘ri javob: Hujjatni e’tirozlari bilan imzolaydi va o‘n kunlik muddatda e’tirozlarini nazorat organiga yozma shaklda taqdim etadi. 184-moddaga ko‘ra rozi bo‘lmagan mansabdor shaxs hujjatni e’tirozlari bilan imzolaydi va o‘n kun ichida yozma e’tiroz taqdim etadi.
Nazorat obyekti rahbari Rustam nazorat natijalariga doir hujjatni imzoladi, ammo o‘n kunlik muddatda hech qanday yozma e’tiroz taqdim etmadi. Budjet kodeksiga ko‘ra qaysi xulosa to‘g‘ri?
- Nazorat qaytadan o‘tkaziladi, chunki yozma e’tiroz bildirilmagan va hujjat kuchga kirmaydi
- Hujjat qabul qilingan deb hisoblanadi va nazorat organi uni amalga oshirish choralarini ko‘radi
- Hujjat kuchga kirmaydi, chunki obyekt rahbarining roziligi alohida yozma tasdiqlanmagan
- Nazorat organi hujjatni amalga oshirishdan oldin yana o‘n kun kutishi va ikkinchi marta imzo olishi shart
To‘g‘ri javob: Hujjat qabul qilingan deb hisoblanadi va nazorat organi uni amalga oshirish choralarini ko‘radi. 184-moddaga ko‘ra e’tirozlar o‘n kunlik muddatda taqdim etilmasa, hujjat obyekt tomonidan qabul qilingan deb hisoblanadi.
Budjet kodeksiga ko‘ra, davlat moliyaviy nazorati natijalariga doir hujjatda quyidagilardan qaysi biriga yo‘l qo‘yilmaydi?
- Mansabdor shaxslar harakatlariga huquqiy baho berish, qilmish va niyatlarini tavsiflashga
- Aniqlangan qoidabuzarliklar faktlarini normalari buzilgan qonunchilik hujjatlari ko‘rsatilgan holda bayon etishga
- Oldingi tekshiruv natijalari yuzasidan ko‘rilgan chora-tadbirlar haqidagi ma’lumotlarni keltirishga
- Nazorat o‘tkazilgan joy va hujjat tuzilgan sanani ko‘rsatishga
To‘g‘ri javob: Mansabdor shaxslar harakatlariga huquqiy baho berish, qilmish va niyatlarini tavsiflashga. 184-moddaga ko‘ra hujjatda mansabdor va moddiy javobgar shaxslar harakatlariga huquqiy baho berilmasligi, qilmish, niyat va maqsadlar tavsiflanmasligi lozim.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash