XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ Budjet kodeksi · 170–179-m.

Davlat moliyaviy nazorati

Maxsus Qism

170-modda. Umumiy qoidalar

Davlat moliyaviy nazorati budjet to‘g‘risidagi qonunchilikning davlat moliyaviy nazorati obyektlari tomonidan buzilishi hollarini aniqlash, bartaraf etish va unga yo‘l qo‘ymaslik, shuningdek budjet sohasida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida davlat moliyaviy nazorat organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Davlat moliyaviy nazorati:

respublika darajasida — O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetining, davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining va O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetidan moliyalashtiriladigan budjet tashkilotlari budjetdan tashqari jamg‘armalarining shakllantirilishi hamda ijro etilishi ustidan;

mahalliy darajada — Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetidan, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlaridan moliyalashtiriladigan budjet tashkilotlari budjetdan tashqari jamg‘armalarining shakllantirilishi hamda ijro etilishi ustidan amalga oshiriladi.

Davlat moliyaviy nazorat organlari davlat moliyaviy nazoratini davlat moliyaviy nazorat organlari yoki vakolatli organ tomonidan tasdiqlanadigan nazorat qilish yillik rejalariga muvofiq amalga oshiradi.

Ayrim hollarda rejadan tashqari davlat moliyaviy nazoratini amalga oshirishga:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining;

davlat moliyaviy nazorat organiga budjet to‘g‘risidagi qonunchilik buzilganligi faktlari to‘g‘risida ma’lumotlar kelib tushgan hollarda davlat moliyaviy nazorat organlari rahbarlarining qarorlari asosida yo‘l qo‘yiladi.

171-modda. Davlat moliyaviy nazorat organlari

O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi va uning tasarrufidagi vakolatli organlar hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi davlat moliyaviy nazorat organlaridir.

Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining daromadlari qismi bo‘yicha davlat moliyaviy nazorati berilgan vakolatlar doirasida davlat soliq xizmati organlari tomonidan amalga oshiriladi.

172-modda. Davlat moliyaviy nazorati prinsiplari

Davlat moliyaviy nazoratini o‘tkazishning qonuniyligi va mustaqilligi, shuningdek davlat moliyaviy nazorati natijalarining ishonchliligi va xolisligi davlat moliyaviy nazoratining prinsiplaridir.

173-modda. Davlat moliyaviy nazoratining shakllari, turlari va usullari

Davlat moliyaviy nazorati taftish, tekshirish (shu jumladan budjet to‘g‘risidagi qonunchilikning avvalgi taftishda yoki tekshirishda aniqlangan buzilishi hollarini bartaraf etish yuzasidan nazorat tartibidagi tekshirish) va o‘rganish shaklida amalga oshiriladi.

Davlat moliyaviy nazoratining turlari quyidagi:

dastlabki nazorat — moliyaviy operatsiyalar bajarilguniga qadar g‘aznachilik bo‘linmalari, iqtisodiyot va moliya organlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi tomonidan amalga oshiriladigan;

joriy nazorat — moliyaviy operatsiyalar bajarilishi jarayonida g‘aznachilik bo‘linmalari, iqtisodiyot va moliya organlari hamda davlat soliq xizmati organlari tomonidan amalga oshiriladigan;

yakuniy nazorat — moliyaviy operatsiyalar bajarilganidan so‘ng ushbu Kodeksning 171-moddasida ko‘rsatilgan davlat moliyaviy nazorat organlari tomonidan amalga oshiriladigan nazoratlardir.

Davlat moliyaviy nazoratining usullari quyidagilardir:

hujjatlarni tekshirish hajmiga qarab:

yoppasiga nazorat — tekshirilayotgan davr uchun barcha buxgalteriya, moliya, statistika, bank hujjatlari va boshqa hujjatlarni nazorat qilish;

tanlov asosidagi nazorat — muayyan davr uchun buxgalteriya, moliya, statistika, bank hujjatlari va boshqa hujjatlarning ayrim qismlarini nazorat qilish;

nazoratning maqsadga yo‘naltirilganligi va predmetiga qarab:

kompleks nazorat — davlat moliyaviy nazorati obyektining muayyan davr uchun moliyaviy-xo‘jalik faoliyatining barcha yo‘nalishlarini nazorat qilish;

173-modda. Davlat moliyaviy nazoratining shakllari, turlari va usullari (davomi)

mavzuli nazorat — davlat moliyaviy nazorati obyektining muayyan davr uchun ayrim masalalar bo‘yicha faoliyatini nazorat qilish;

muqobil nazorat — operatsiyalar yagonaligi bilan o‘zaro bog‘liq bo‘lgan va turli davlat moliyaviy nazorati obyektlarida turgan hujjatlarni solishtirishni o‘z ichiga olgan tekshirish, bundan tadbirkorlik subyektlari mustasno.

174-modda. O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi tomonidan amalga oshiriladigan davlat moliyaviy nazorati

O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasini va o‘rta muddatli davr uchun fiskal strategiyani, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining loyihalarini ekspertizadan o‘tkazishni;

qabul qilinayotgan davlat dasturlari va hududiy dasturlarning moliyalashtirish manbalari bilan ta’minlanganligi auditini;

budjet tizimi budjetlariga hamda belgilangan tartibda tashkil etilgan boshqa jamg‘armalarga mablag‘lar tushumining to‘liqligini o‘rganish va nazorat qilishni;

budjet tizimi budjetlarining hamda belgilangan tartibda tashkil etilgan boshqa jamg‘armalarning daromadlarini ko‘paytirish zaxiralarini aniqlash va safarbar qilishni;

budjet tizimi budjetlarining hamda belgilangan tartibda tashkil etilgan boshqa jamg‘armalarning amalga oshirilayotgan xarajatlari samaradorligini va qonuniyligini auditdan o‘tkazishni, barcha darajalarda ularni qisqartirish bo‘yicha imkoniyatlarni aniqlashni;

budjet tizimi budjetlari mablag‘lari va davlatdan qarz olish hisobidan amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarining maqsadga muvofiqligini va asosliligini baholashni;

soliq, bojxona va budjet to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirishga doir takliflar ishlab chiqishni, budjetga oid rejalashtirishning zamonaviy usullarini tizimli qoidabuzarliklarning sabablarini, shuningdek xalqaro tajribani umumlashtirish va o‘rganish orqali joriy etishni;

174-modda. O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi tomonidan amalga oshiriladigan davlat moliyaviy nazorati (davomi)

O‘zbekiston Respublikasining respublika budjeti va Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari o‘rtasidagi nisbat maqbulligini, mahalliy davlat hokimiyati organlarining daromadga oid vakolatlari va xarajatlarga doir majburiyatlari chegaralanishining to‘g‘riligini baholashni, ularning moliyaviy jihatdan o‘zini o‘zi ta’minlashi yuzasidan takliflar ishlab chiqishni;

O‘zbekiston Respublikasi konsolidatsiyalashgan budjetining yillik hisobotni, shuningdek Davlat budjetining birinchi chorakdagi, yarim yillik va to‘qqiz oylik ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlarni, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining ijrosi to‘g‘risidagi yillik hisobotlarni tashqi auditdan o‘tkazishni hamda baholashni;

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining budjet ssudalari va kredit liniyalaridan maqsadli foydalanilishi ustidan nazoratni;

O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining xalqaro tashkilotlar huzuridagi missiyalari va vakolatxonalari tomonidan chet el valyutasidagi mablag‘lardan to‘g‘ri va maqsadli foydalanilishi ustidan nazoratni;

davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilik talablarining to‘g‘ri qo‘llanilishi ustidan nazoratni;

O‘zbekiston Respublikasi pul-kredit va valyuta siyosatining, O‘zbekiston Respublikasi aktivlari va majburiyatlari holatining, oltin-valyuta zaxiralarini boshqarishning, shuningdek qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar bilan amalga oshirilayotgan operatsiyalarning tashqi auditini amalga oshiradi.

175-modda. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmalari, tumanlar va shaharlar iqtisodiyot va moliya bo‘limlari tomonidan amalga oshiriladigan davlat moliyaviy nazorati

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmalari, tumanlar va shaharlar iqtisodiyot va moliya bo‘limlari o‘z vakolatlari doirasida:

quyi turuvchi iqtisodiyot va moliya organlari tomonidan budjet to‘g‘risidagi qonunchilik ijrosining ta’minlanishi ustidan;

ijtimoiy nafaqalar va kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam tayinlanishi hamda o‘z vaqtida to‘lanishi ustidan;

budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilar tomonidan smeta-shtat intizomiga rioya etilishining ta’minlanishi ustidan;

aksiz solig‘i to‘g‘ri hisoblanishi va o‘z vaqtida to‘lanishi ustidan;

aksiz to‘lanadigan ayrim turdagi tovarlarning aksiz markalari bilan to‘liq tamg‘alanishi va olingan aksiz markalari sonining ishlab chiqarilayotgan mahsulot hajmiga muvofiqligi ustidan;

budjet tashkilotlari tomonidan budjet hisobini yuritish va moliyaviy hisobotni tuzishning, shuningdek quyi turuvchi hududiy iqtisodiyot va moliya organlari tomonidan budjet hisobotini tuzishning to‘g‘riligi ustidan davlat moliyaviy nazoratini amalga oshiradi.

176-modda. G‘aznachilik bo‘linmalari tomonidan amalga oshiriladigan davlat moliyaviy nazorati

G‘aznachilik bo‘linmalari davlat moliyaviy nazoratini:

budjet tashkilotlarining va budjet mablag‘lari oluvchilarning tovarlarni yetkazib beruvchilar (ishlarni bajaruvchilar, xizmatlar ko‘rsatuvchilar) bilan Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlari mablag‘lari hisobiga tuzilgan shartnomalarini xarajatlar smetalarida ko‘rsatilgan summalar doirasida hamda belgilangan maqsadlarga muvofiq tuzilganligi ustidan nazorat qilish asosida majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish;

xarajatlar smetalarida va ro‘yxatdan o‘tkazilgan shartnomalarda nazarda tutilgan summalar doirasida budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilar nomidan hamda ularning topshirig‘i bo‘yicha tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib beruvchilarning hisobvaraqlariga to‘lovlarni bevosita amalga oshirish orqali to‘lov intizomiga rioya etilishini ta’minlash yo‘li bilan amalga oshiradi.

177-modda. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladigan davlat moliyaviy nazorati

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi:

budjet to‘g‘risidagi qonunchilikka, budjet va smeta-shtat intizomiga rioya etilishi;

budjet tizimi budjetlarining xarajatlari ijrosi;

budjet tizimi budjetlarining mablag‘lari hisobidan to‘lovlarni amalga oshirishning navbatliligi, muddatlariga rioya etilishi va to‘liqligi;

budjet tizimi budjetlari mablag‘larining maqsadli sarflanishi;

rivojlanish davlat dasturlarini amalga oshirish uchun markazlashtirilgan manbalardan ajratiladigan mablag‘lardan maqsadli foydalanilishi;

O‘zbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik muassasalari tomonidan chet el valyutasidagi mablag‘lardan to‘g‘ri va maqsadli foydalanilishi;

pensiyalar va nafaqalar to‘g‘ri tayinlanishi, hisoblanishi va o‘z vaqtida to‘lanishi;

budjet subsidiyalari, ssudalari va kredit liniyalaridan maqsadli foydalanilishi;

O‘zbekiston Respublikasi tomonidan yoki uning kafolati ostida jalb qilingan kreditlardan (qarzlardan) maqsadli foydalanilishi;

insonparvarlik yordami va texnik ko‘maklashish mablag‘laridan maqsadli foydalanilishi;

davlat xaridlari bo‘yicha tender (tanlov) savdolarining to‘g‘ri o‘tkazilishi;

hisobot yili yakunlari bo‘yicha jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarning bajarilishi ustidan davlat moliyaviy nazoratini amalga oshiradi.

178-modda. Davlat soliq xizmati organlari tomonidan amalga oshiriladigan davlat moliyaviy nazorati

Davlat soliq xizmati organlari davlat moliyaviy nazoratini soliq to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq amalga oshiradi.

179-modda. Davlat moliyaviy nazorat organlarining o‘zaro hamkorligi

Budjet tashkilotlarini nazorat qilish rejalari davlat moliyaviy nazorat organlari tomonidan tasdiqlanadi.

Davlat moliyaviy nazorat organlari davlat moliyaviy nazorati obyekti mansabdor shaxslarining harakatlarida jinoyat alomatlari, shu jumladan korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning alomatlari bo‘lgan huquqbuzarliklar aniqlangan taqdirda nazorat materiallarini huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshiradi.

Davlat moliyaviy nazorati obyekti mansabdor shaxslariga nisbatan ma’muriy huquqbuzarliklarga doir materiallar sudlarga yoki tegishli vakolatli davlat organlariga topshiriladi.

Bilimingizni sinang

Budjet kodeksiga ko‘ra, davlat moliyaviy nazorati qanday maqsadda amalga oshiriladi?
  1. Budjet to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishi hollarini aniqlash, bartaraf etish va unga yo‘l qo‘ymaslik hamda budjet sohasida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olish uchun
  2. Soliq stavkalarini yillik belgilash, budjet daromadlarini ko‘paytirish va soliq to‘lovchilarning xususiy xo‘jalik faoliyati ustidan kuzatuv olib borish hamda soliqqa tortish bazasini kengaytirish uchun
  3. Davlat budjeti loyihasini tuzish, uni qonun chiqaruvchi organga kiritish hamda budjet mablag‘larini taqsimlovchilar o‘rtasida iqtisodiy resurslarni qayta taqsimlash va bo‘sh mablag‘larni joylashtirish uchun
  4. Tadbirkorlik subyektlarining xususiy xo‘jalik faoliyati samaradorligini baholash, ularning moliyaviy natijalarini aniqlash hamda soliq to‘lovchilarning tijorat sirlarini ochish va nazorat qilish maqsadida

To‘g‘ri javob: Budjet to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishi hollarini aniqlash, bartaraf etish va unga yo‘l qo‘ymaslik hamda budjet sohasida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olish uchun. 170-moddaga ko‘ra, nazorat qonunchilik buzilishlarini aniqlash, bartaraf etish, yo‘l qo‘ymaslik va budjet sohasida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida amalga oshiriladi.

Budjet kodeksiga muvofiq, rejadan tashqari davlat moliyaviy nazoratini o‘tkazishga qaysi hollarda yo‘l qo‘yiladi?
  1. Faqat nazorat obyekti rahbarining yozma iltimosi yoki Oliy sudning ajrimi bo‘lganda, shuningdek nazorat organi rahbarining ixtiyoriy qaroriga ko‘ra istalgan vaqtda
  2. Prezident yoki Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra, shuningdek budjet qonunchiligi buzilganligi faktlari haqida ma’lumot kelib tushganda nazorat organi rahbarining qaroriga ko‘ra
  3. Faqat sudning ajrimiga ko‘ra yoki Bosh prokuratura rahbarining ko‘rsatmasiga binoan, shuningdek yillik reja bo‘yicha belgilangan muddatlarda har chorakda
  4. Faqat yillik reja tasdiqlangandan keyin birinchi chorakda, shuningdek nazorat obyekti rahbari yozma ariza bergan hollarda, nazorat organi rahbarining qaroriga ko‘ra

To‘g‘ri javob: Prezident yoki Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra, shuningdek budjet qonunchiligi buzilganligi faktlari haqida ma’lumot kelib tushganda nazorat organi rahbarining qaroriga ko‘ra. 170-modda rejadan tashqari nazoratga Prezident yoki Vazirlar Mahkamasining qarori yoki ma’lumot kelib tushganda nazorat organi rahbarining qarori asosida yo‘l qo‘yilishini belgilaydi.

Budjet kodeksiga ko‘ra, quyidagilardan qaysi biri davlat moliyaviy nazorat organlari qatoriga kiradi?
  1. Markaziy bank huzuridagi tijorat banklari kengashining Davlat moliyaviy nazorati bo‘yicha maxsus tarmoq inspeksiyasi
  2. Davlat statistika qo‘mitasining hududiy bo‘linmalari tarkibidagi Davlat moliyaviy nazorati bo‘yicha tezkor guruhlari
  3. Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi
  4. Adliya vazirligi huzuridagi notarial palatasining Davlat moliyaviy nazorati bo‘yicha mutaxassislar inspeksiyasi

To‘g‘ri javob: Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi. 171-moddaga ko‘ra Hisob palatasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi va vakolatli organlar hamda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi nazorat organlaridir.

Budjet kodeksiga ko‘ra, quyidagi hukmlardan qaysi biri to‘g‘ri?
  1. Davlat budjeti daromadlari qismi bo‘yicha nazoratni berilgan vakolatlar doirasida davlat soliq xizmati organlari amalga oshiradi
  2. Davlat budjeti daromadlari qismi bo‘yicha nazoratni berilgan vakolatlar doirasida faqat g‘aznachilik bo‘linmalari amalga oshiradi
  3. Davlat budjeti daromadlari qismi bo‘yicha nazoratni berilgan vakolatlar doirasida faqat Hisob palatasi amalga oshiradi
  4. Davlat budjeti daromadlari qismi bo‘yicha nazoratni berilgan vakolatlar doirasida faqat Bosh prokuratura inspeksiyasi amalga oshiradi

To‘g‘ri javob: Davlat budjeti daromadlari qismi bo‘yicha nazoratni berilgan vakolatlar doirasida davlat soliq xizmati organlari amalga oshiradi. 171-moddaning ikkinchi qismiga ko‘ra daromadlar qismi bo‘yicha nazorat davlat soliq xizmati organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Dastlabki nazorat yakuniy nazoratdan qaysi jihati bilan farq qiladi?
  1. Dastlabki nazorat moliyaviy operatsiyalar bajarilguniga qadar, yakuniy nazorat esa bajarilganidan so‘ng amalga oshiriladi
  2. Dastlabki nazorat operatsiyalar bajarilganidan so‘ng, yakuniy nazorat esa bajarilguniga qadar amalga oshiriladi
  3. Dastlabki nazoratni faqat soliq xizmati organlari, yakuniy nazoratni faqat g‘aznachilik bo‘linmalari amalga oshiradi
  4. Dastlabki nazorat operatsiyalar jarayonida, yakuniy nazorat esa yillik rejadan tashqari o‘tkaziladi

To‘g‘ri javob: Dastlabki nazorat moliyaviy operatsiyalar bajarilguniga qadar, yakuniy nazorat esa bajarilganidan so‘ng amalga oshiriladi. 173-moddaga ko‘ra dastlabki nazorat moliyaviy operatsiyalar bajarilguniga qadar, yakuniy nazorat esa bajarilganidan so‘ng amalga oshiriladi.

Tekshirilayotgan davr uchun barcha buxgalteriya, moliya, statistika, bank hujjatlari va boshqa hujjatlarni nazorat qilish davlat moliyaviy nazoratining qaysi usuli hisoblanadi?
  1. Tanlov asosidagi nazorat
  2. Yoppasiga nazorat
  3. Muqobil nazorat
  4. Mavzuli nazorat

To‘g‘ri javob: Yoppasiga nazorat. 173-moddaga ko‘ra tekshirilayotgan davr uchun barcha hujjatlarni nazorat qilish yoppasiga nazorat deyiladi.

Nazoratchi Aziza tuman maktabining muayyan yil uchun faoliyatidan faqat xarid masalalarini tekshirdi, boshqa yo‘nalishlarga to‘xtalmadi. Budjet kodeksiga ko‘ra, nazoratning maqsadga yo‘naltirilganligi va predmetiga qarab qaysi usuli qo‘llangan?
  1. Kompleks nazorat
  2. Muqobil nazorat
  3. Mavzuli nazorat
  4. Tanlov asosidagi nazorat

To‘g‘ri javob: Mavzuli nazorat. Mavzuli nazorat obyektning muayyan davr uchun ayrim masalalar bo‘yicha faoliyatini nazorat qilishdir (173-modda).

Inspektor Bobur o‘zaro bog‘liq operatsiyalar bo‘yicha ikki turli budjet tashkilotida turgan hujjatlarni solishtirmoqchi, shuningdek buni bir tadbirkorlik subyektida ham o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Budjet kodeksiga ko‘ra qaysi xulosa to‘g‘ri?
  1. Muqobil nazoratni tadbirkorlik subyektlarida ham o‘tkazish mumkin, chunki operatsiyalar o‘zaro bog‘liq
  2. Muqobil nazorat faqat bitta obyektdagi hujjatlarni tekshirishni anglatadi, shuning uchun solishtirish mumkin emas
  3. Muqobil nazorat faqat Hisob palatasining o‘zi tomonidan o‘tkaziladi
  4. Hujjatlarni solishtirish budjet tashkilotlarida mumkin, ammo tadbirkorlik subyektlari muqobil nazoratdan mustasno

To‘g‘ri javob: Hujjatlarni solishtirish budjet tashkilotlarida mumkin, ammo tadbirkorlik subyektlari muqobil nazoratdan mustasno. Muqobil nazorat turli obyektlardagi hujjatlarni solishtirishni o‘z ichiga oladi, bundan tadbirkorlik subyektlari mustasno (173-modda).

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiDavlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlarni tasdiqlashKeyingi →Davlat moliyaviy nazoratini tashkil etish