Ishonchnomaning boshqa shakllari (2/2)
I Bo‘Lim
137-modda. Ishonchnomaning boshqa shakllari
Xat-xabarlarni, shu jumladan pul va posilkalarni olishga, ish haqini hamda mehnat munosabatlari bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa to‘lovlarni olishga, mualliflar va ixtirochilarga to‘lanadigan haqlarni, pensiyalar, nafaqalar va stipendiyalarni, shuningdek bank muassasalaridan summalarni olish haqidagi ishonchnoma vakolat beruvchi ishlaydigan yoki o‘qiydigan tashkilot, u yashaydigan uyga xizmat ko‘rsatuvchi uy-joydan foydalanish tashkiloti, o‘zining yashash joyidagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari yoxud fuqaro davolanishda bo‘lgan davolash muassasasining ma’muriyati tomonidan tasdiqlanishi mumkin.
138-modda. Yuridik shaxsning ishonchnomasi
Yuridik shaxs nomidan beriladigan ishonchnoma rahbar tomonidan imzolanib, unga ushbu yuridik shaxsning muhri (muhr mavjud bo‘lgan taqdirda) bosiladi.
Davlat mulkiga asoslangan yuridik shaxs nomidan pul va boshqa mulkiy boyliklarni olish yoki topshirish uchun beriladigan ishonchnoma shu yuridik shaxsning bosh (katta) buxgalteri tomonidan ham imzolanishi kerak. Bankda operatsiyalarni amalga oshirishga ishonchnoma berish tartibi va uning shakli qonunchilik bilan belgilab qo‘yiladi.
139-modda. Ishonchnomaning muddati
Ishonchnoma ko‘pi bilan uch yil muddatga berilishi mumkin. Agar ishonchnomada muddat ko‘rsatilgan bo‘lmasa, u berilgan kundan boshlab bir yil mobaynida o‘z kuchini saqlaydi.
Berilgan kuni ko‘rsatilmagan ishonchnoma haqiqiy emas.
Notarius tomonidan tasdiqlanib, O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida harakatlarni amalga oshirishga mo‘ljallangan, amal qilish muddati ko‘rsatilmagan ishonchnoma uni bergan shaxs tomonidan bekor qilingunicha o‘z kuchini saqlaydi.
140-modda. Ishonchnoma bo‘yicha vakolatlarni boshqa shaxsga berish (boshqa shaxsga o‘tkazish)
Ishonchnoma berilgan shaxs o‘z vakolatidagi harakatlarni shaxsan amalga oshirishi shart. Basharti, unga ishonchnoma bilan vakolat berilgan bo‘lsa yoki uni ishonchnoma bergan shaxsning manfaatlarini himoya qilishga sharoit majbur qilsa, u harakatlarni amalga oshirishni boshqa shaxsga o‘tkazishi mumkin.
Vakolatlarning boshqa shaxsga berilishiga asos bo‘lgan ishonchnoma notarial tasdiqlangan bo‘lishi kerak, ushbu Kodeksning 136, 137, 138-moddalarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Boshqa shaxsga o‘tkazish bo‘yicha berilgan ishonchnomaning amal qilish muddati uning berilishiga asos bo‘lgan asosiy ishonchnomaning amal qilish muddatidan oshib ketishi mumkin emas.
Vakolatlarini boshqaga bergan shaxs ishonchnoma bergan shaxsga buni ma’lum qilishi hamda mazkur shaxs va uning yashash joyi to‘g‘risidagi zarur ma’lumotlarni xabar qilishi kerak. Mazkur burchlar bajarilmasa, o‘z vakolatlarini boshqaga bergan shaxs undan vakolat olgan shaxsning harakatlari uchun xuddi o‘zining harakatlari kabi javobgar bo‘ladi.
141-modda. Ishonchnomaning bekor bo‘lishi
Ishonchnomaning amal qilishi quyidagi hollarda bekor bo‘ladi:
- 1) ishonchnoma muddatining tamom bo‘lishi;
- 2) ishonchnoma bergan shaxsning uni bekor qilishi;
- 3) ishonchnoma berilgan shaxsning bosh tortishi;
- 4) nomidan ishonchnoma berilgan yuridik shaxs faoliyatining to‘xtatilishi;
- 5) nomiga ishonchnoma berilgan yuridik shaxs faoliyatining to‘xtatilishi;
- 6) ishonchnoma bergan fuqaroning muomalaga layoqatsiz, muomala layoqati cheklangan yoki bedarak yo‘qolgan deb hisoblanishi, yoxud uning vafot etishi;
- 7) ishonchnoma olgan fuqaroning muomalaga layoqatsiz, muomalaga layoqati cheklangan yoki bedarak yo‘qolgan deb hisoblanishi, yoxud uning vafot etishi.
Ishonchnoma bergan shaxs istagan vaqtda ishonchnomani bekor qilishi, ishonchnoma berilgan shaxs esa — undan voz kechishi mumkin. Bu huquqdan voz kechish haqidagi bitim haqiqiy emas.
Ishonchnomaning amal qilishi bekor bo‘lishi bilan uni boshqa shaxsga o‘tkazish ham o‘z kuchini yo‘qotadi.
142-modda. Ishonchnomaning bekor bo‘lganligi haqida shaxslarga xabar berish
Ishonchnoma bergan shaxs uning bekor bo‘lganligi haqida ishonchnoma olgan shaxsni, shuningdek ishonchnoma qaratilgan o‘ziga ma’lum uchinchi shaxslarni ham xabardor qilishi shart. Ishonchnoma ushbu Kodeks 141-moddasi birinchi qismining 4-7-bandlarida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha bekor qilingan hollarda ishonchnoma bergan shaxsning huquqiy vorislari zimmasiga ham shunday vazifa yuklatiladi.
143-modda. Ishonchnoma olgan shaxsning ishonchnoma bekor bo‘lganidan keyin qilgan harakatlari
Ishonchnoma olgan shaxsning ishonchnoma bekor bo‘lganligini bilguncha yoki bilishi lozim bo‘lgunicha qilgan harakatlari ishonchnoma bergan shaxs yoki uning huquqiy vorislari uchun uchinchi shaxslarga nisbatan o‘z kuchini saqlab qoladi.
Ishonchnoma olgan shaxsning ishonchnoma bekor bo‘lganligini bilgan yoki bilishi lozim bo‘lganidan keyin qilgan harakatlari ishonchnoma bergan shaxs uchun huquq va majburiyatlarni vujudga keltirmaydi.
Agar uchinchi shaxs ishonchnomaning amal qilishi bekor bo‘lganligini bilgan yoki bilishi lozim bo‘lgan bo‘lsa, ushbu moddaning qoidalari qo‘llanilmaydi.
144-modda. Ishonchnomani qaytarish majburiyati
Ishonchnomaning amal qilishi bekor bo‘lganidan keyin ishonchnoma olgan shaxs yoki uning merosxo‘rlari (huquqiy vorislari) darhol ishonchnomani qaytarib berishlari shart.
Bilimingizni sinang
Fuqarolik kodeksi (I qism) — 137-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Ishonchnomaning shakli
- Ishonchnomaning boshqa shakllari
- Ishonchnoma bo‘yicha vakolatlarni boshqa shaxsga berish (boshqa shaxsga o‘tkazish)
- Ishonchnomaning bekor bo‘lganligi haqida shaxslarga xabar berish
To‘g‘ri javob: Ishonchnomaning boshqa shakllari. 137-modda: Ishonchnomaning boshqa shakllari.
Fuqarolik kodeksi (I qism): «Ishonchnomaning boshqa shakllari» qaysi moddada belgilangan?
- 140-modda
- 142-modda
- 137-modda
- 135-modda
To‘g‘ri javob: 137-modda. 137-modda: Ishonchnomaning boshqa shakllari.
Fuqarolik kodeksi (I qism) — 138-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Yuridik shaxsning ishonchnomasi
- Ishonchnoma olgan shaxsning ishonchnoma bekor bo‘lganidan keyin qilgan harakatlari
- Ishonchnomaning boshqa shakllari
- Ishonchnomani qaytarish majburiyati
To‘g‘ri javob: Yuridik shaxsning ishonchnomasi. 138-modda: Yuridik shaxsning ishonchnomasi.
Fuqarolik kodeksi (I qism): «Yuridik shaxsning ishonchnomasi» qaysi moddada belgilangan?
- 138-modda
- 143-modda
- 137-modda
- 144-modda
To‘g‘ri javob: 138-modda. 138-modda: Yuridik shaxsning ishonchnomasi.
Yuridik shaxs nomidan beriladigan ishonchnomani Fuqarolik kodeksiga ko‘ra kim imzolaydi va unga nima bosiladi?
- Yuridik shaxs ta’sischisi imzolaydi, notarius muhri bosiladi
- Rahbar imzolaydi, muhr bosiladi (muhr mavjud bo‘lsa)
- Bosh buxgalter yagona imzolovchi bo‘ladi, muhr talab etilmaydi
- Rahbar o‘rinbosari imzolaydi, davlat gerbi muhri bosiladi
To‘g‘ri javob: Rahbar imzolaydi, muhr bosiladi (muhr mavjud bo‘lsa). 138-moddaning birinchi qismiga ko‘ra ishonchnomani rahbar imzolaydi va muhr bosiladi.
Davlat mulkiga asoslangan yuridik shaxs nomidan pul va mulkiy boyliklarni olish uchun beriladigan ishonchnomani rahbardan tashqari yana kim imzolashi kerak?
- Bosh (katta) buxgalter
- Yuridik maslahatchi
- Kadrlar bo‘limi boshlig‘i
- Yuqori turuvchi organ vakili
To‘g‘ri javob: Bosh (katta) buxgalter. 138-moddaning ikkinchi qismiga ko‘ra bosh (katta) buxgalter ham imzolashi kerak.
Ishonchnoma ko‘pi bilan qancha muddatga berilishi mumkin?
- Bir yil
- Besh yil
- Ikki yil
- Uch yil
To‘g‘ri javob: Uch yil. Ishonchnoma ko‘pi bilan uch yil muddatga berilishi mumkin.
Muddat ko‘rsatilmagan ishonchnoma berilgan kundan boshlab qancha vaqt mobaynida o‘z kuchini saqlaydi?
- Ikki yil
- Bir yil
- Uch yil
- Olti oy
To‘g‘ri javob: Bir yil. Muddati ko‘rsatilmagan ishonchnoma berilgan kundan boshlab bir yil mobaynida kuchini saqlaydi.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash