XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ Fuqarolik kodeksi (I qism) · 172–173⁶-m.

Mulk huquqini amalga oshirish shartlari (2/3)

Ii Bo‘Lim

172-modda. Mulk huquqini amalga oshirish shartlari

Mulkdorning o‘z huquqlarini amalga oshirishi boshqa shaxslarning huquqlarini va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzmasligi shart.

Qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda, shartlarda va doirada mulkdor boshqa shaxslar uning mol-mulkidan cheklangan tarzda foydalanishiga yo‘l qo‘yishga majbur.

Mulkdor o‘zining ustunlik mavqeyini suiiste’mol qilishga, boshqa shaxslarning huquqlarini va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini kamsitadigan o‘zga harakatlarni qilishga haqli emas.

Mulkdor o‘z huquqini amalga oshirganida fuqarolarning sog‘lig‘iga va atrof muhitga zarar yetkazishining oldini olish choralarini ko‘rishga majbur.

173-modda. O‘zganing yer uchastkasidan cheklangan tarzda foydalanish (servitut) huquqi

Ko‘chmas mulk (yer uchastkasi, boshqa ko‘chmas mulk) egasi qo‘shni yer uchastkasining egasidan, zarur hollarda esa — boshqa yer uchastkasining egasidan ham o‘zganing yer uchastkasidan cheklangan tarzda foydalanish (servitut) huquqini berishni talab qilishga haqlidir.

O‘zganing yer uchastkasidan piyoda va transportda o‘ta olishni ta’minlash, elektr uzatgich, aloqa va quvur liniyalarini o‘tkazish va ulardan foydalanish, suv bilan ta’minlash uchun, shuningdek ko‘chmas mulk egasining ehtiyojlarini servitut belgilamay turib ta’minlanishi mumkin bo‘lmagan boshqa ehtiyojlarini qondirish uchun servitut belgilanishi mumkin.

Yer uchastkasida servitut belgilanishi yer uchastkasi egasining ushbu uchastkaga egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish huquqlaridan mahrum etmaydi.

Servitut belgilashni talab qilayotgan shaxs bilan o‘zga yer uchastkasining egasi o‘rtasidagi bitimga muvofiq servitut belgilanadi va u ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim. Servitutni belgilash xususida kelisha olinmasa yoki uning shartlarida murosaga kelinmasa, bahs servitut belgilashni talab qilayotgan shaxsning da’vosi bo‘yicha sud tomonidan hal etiladi. Jamoat ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan hollarda servitut qonunga muvofiq tegishli davlat organi tomonidan belgilanishi mumkin (ommaviy servitut).

Uchastka meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi bilan berilgan yoki doimiy egalik qilish va foydalanish huquqi bilan berilgan shaxsning manfaatlari va talabi bo‘yicha ham ushbu moddaning birinchi, ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi qismlarida nazarda tutilgan shartlarda va tartibda servitut belgilanishi mumkin.

173¹-modda. Yer uchastkasiga bo‘lgan huquq boshqa shaxsga o‘tkazilganda servitutning saqlanishi

Agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, servitut belgilangan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlar boshqa shaxsga o‘tgan taqdirda ham servitut saqlanib qoladi.

Servitut oldi-sotdi, hadya, garov yoki ijaraning mustaqil predmeti bo‘lishi mumkin emas, shuningdek uni servitut belgilangan ko‘chmas mulkning huquq egasi bo‘lmagan boshqa shaxslarga berish taqiqlanadi.

173²-modda. Servitut shartlari

Servitut ushbu Kodeksning 173-moddasida nazarda tutilgan asoslar amal qilishini yo‘qotmagunga qadar amal qiladi.

Servitut belgilanganda servitut belgilanayotgan yer uchastkasining maydoni, ushbu yer uchastkasida muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari obyektlarini qurish, ulardan foydalanish, ularni ko‘zdan kechirish va ta’mirlash shartlari, yer fondi toifasidan qat’i nazar, yer egasiga, yerdan foydalanuvchiga, yer uchastkasining ijarachisiga va (yoki) mulkdoriga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash tartibi, servitut belgilanayotgan yer uchastkasining joriy holati, yer uchastkasini undan belgilangan maqsadda foydalanish uchun yaroqli holatga keltirish zarurligi, servitut uchun haq to‘lash tartibi, shuningdek servitut belgilangan yer uchastkasidan foydalanishdagi cheklovlar ko‘rsatilishi shart.

Servitut belgilanganda qonunga muvofiq boshqa shartlar ham ko‘rsatilishi mumkin.

173³-modda. Servitut uchun haq to‘lash

Servitut belgilangan yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, yer uchastkalarining ijarachilari va mulkdorlari servitut kimning manfaatlarini ko‘zlab belgilangan bo‘lsa, o‘sha shaxsdan ushbu yer uchastkalaridan foydalanganlik uchun mutanosib haq talab qilishga haqlidir.

Yer uchastkasining servitut belgilangan qismi uchun yer solig‘i (ijara haqi) yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, yer uchastkalarining ijarachilari va mulkdorlari tomonidan to‘lanadi, bunda servitut uchun to‘lanadigan (bir martalik yoki doimiy) haq miqdori servitut amal qiladigan davr uchun belgilangan yer solig‘i (ijara haqi) summasidan kam bo‘lishi mumkin emas.

Servitut uchun haq to‘lashga oid boshqa shartlar, shuningdek servitut to‘lovsiz (tekin) amalga oshiriladigan holatlar qonunda belgilanadi.

173⁴-modda. Servitut belgilangan yer uchastkasida muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari obyektlarini saqlash

Agar servitutni amalga oshirish uchun servitut belgilangan yer uchastkasida muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari mavjud bo‘lishi talab etilsa, yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, mazkur yer uchastkasining ijarachilari va mulkdorlari bunday muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini saqlash va ulardan foydalanish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishi kerakligi belgilanishi mumkin.

Agar yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, yer uchastkalarining ijarachilari va mulkdorlari muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlaridan birgalikda foydalanish huquqiga ega bo‘lsa, servitut kimning manfaatlarini ko‘zlab belgilangan bo‘lsa, o‘sha shaxs muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini, ulardan foydalanish imkoniyatini ta’minlagan holda saqlashi kerak.

173⁵-modda. Servitut belgilangan yer uchastkasini bo‘lish

Agar servitut belgilangan yer uchastkasini bo‘lish servitutdan foydalanishga to‘sqinlik qilmasa, servitut yer uchastkasining bo‘lingan qismlariga nisbatan ham saqlanib qoladi. Bunda yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, bo‘lingan yer uchastkasining ijarachilari va mulkdorlari servitut shartlari qayta ko‘rib chiqilishini talab qilishga haqli.

Agar servitut bo‘lingan yer uchastkasining faqat bitta qismiga belgilansa, u qolgan yer uchastkalariga nisbatan bekor qilinadi.

173⁶-modda. Servitutni o‘zgartirish va bekor qilish

Servitut to‘g‘risidagi shartnomaga o‘zgartirishlar kiritishda va uni bekor qilishda ushbu Kodeksning shartnomalarni o‘zgartirish va bekor qilishga doir qoidalari qo‘llaniladi.

Ommaviy servitutni o‘zgartirish va bekor qilish qonunda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Servitutni o‘zgartirish va bekor qilish ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim.

Bilimingizni sinang

Fuqarolik kodeksi (I qism) — 172-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Binolar, inshootlar va boshqa ko‘chmas mulkka servitut belgilash
  2. Mulk huquqini amalga oshirish shartlari
  3. Servitut uchun haq to‘lash
  4. Servitut shartlari

To‘g‘ri javob: Mulk huquqini amalga oshirish shartlari. 172-modda: Mulk huquqini amalga oshirish shartlari.

Fuqarolik kodeksi (I qism): «Mulk huquqini amalga oshirish shartlari» qaysi moddada belgilangan?
  1. 173²-modda
  2. 173³-modda
  3. 172-modda
  4. 173⁷-modda

To‘g‘ri javob: 172-modda. 172-modda: Mulk huquqini amalga oshirish shartlari.

Fuqarolik kodeksiga ko‘ra mulkdor o‘z huquqlarini amalga oshirishda nimani buzmasligi shart?
  1. Boshqa shaxslarning huquqlarini va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini
  2. Faqat davlatning huquqlarini va jamoat tartibi bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini
  3. Faqat qo‘shni mulkdorlarning huquqlarini va ularning shaxsiy manfaatlarini
  4. Boshqa shaxslarning mulkiy huquqlarini, ammo ularning manfaatlarini emas

To‘g‘ri javob: Boshqa shaxslarning huquqlarini va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini. 172-moddaning birinchi qismiga ko‘ra mulkdor boshqa shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlarini buzmasligi shart.

Qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda mulkdor qanday majburiyatga ega?
  1. Boshqa shaxslarga o‘z mol-mulkini bepul va muddatsiz foydalanishga topshirishga majbur
  2. O‘z mol-mulkini davlat organlari talabi bilan har qanday paytda sotib yuborishga majbur
  3. Boshqa shaxslar uning mol-mulkidan cheklovsiz foydalanishiga yo‘l qo‘yishga majbur
  4. Boshqa shaxslar uning mol-mulkidan cheklangan tarzda foydalanishiga yo‘l qo‘yishga majbur

To‘g‘ri javob: Boshqa shaxslar uning mol-mulkidan cheklangan tarzda foydalanishiga yo‘l qo‘yishga majbur. 172-moddaning ikkinchi qismida shunday majburiyat belgilangan.

Mulkdor o‘zining ustunlik mavqeyi bilan bog‘liq nimaga haqli emas?
  1. Mol-mulkini o‘z xohishi bilan tasarruf etishga
  2. Mol-mulkidan foydalanishga
  3. Ustunlik mavqeyini suiiste’mol qilishga
  4. Mol-mulkini himoya qilishga

To‘g‘ri javob: Ustunlik mavqeyini suiiste’mol qilishga. 172-moddaning uchinchi qismi mulkdorga ustunlik mavqeyini suiiste’mol qilishni taqiqlaydi.

Mulkdor Toshev o‘z korxonasi chiqindilarini yaqin aholi punkti yonidagi daryoga tashlayapti. U korxona o‘z mulki ekanini aytib, bu o‘z huquqi deb hisoblaydi. Qaysi huquqiy xulosa to‘g‘ri?
  1. Mulkdor fuqarolar sog‘lig‘iga va atrof muhitga zarar yetkazishning oldini olish choralarini ko‘rishga majbur
  2. Mulkdor o‘z mulki bo‘lgani uchun fuqarolar sog‘lig‘iga va atrof muhitga ta’sir qilsa ham, hech narsaga majbur emas
  3. Mulkdor atrof muhitga zarar yetkazmaslik choralarini ko‘rishi shart, fuqarolar sog‘lig‘i bunga kirmaydi
  4. Mulkdor choralarni faqat tegishli organ jarima solgandan keyingina ko‘rishga majbur bo‘ladi

To‘g‘ri javob: Mulkdor fuqarolar sog‘lig‘iga va atrof muhitga zarar yetkazishning oldini olish choralarini ko‘rishga majbur. 172-moddaning to‘rtinchi qismiga ko‘ra mulkdor sog‘liq va atrof muhitga zarar yetkazmaslik choralarini ko‘rishga majbur.

Fuqarolik kodeksi (I qism) — 173-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Mol-mulkni saqlash vazifasi
  2. Servitutni o‘zgartirish va bekor qilish
  3. O‘zganing yer uchastkasidan cheklangan tarzda foydalanish (servitut) huquqi
  4. Uy-joyga bo‘lgan mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlarni amalga oshirish xususiyatlari

To‘g‘ri javob: O‘zganing yer uchastkasidan cheklangan tarzda foydalanish (servitut) huquqi. 173-modda: O‘zganing yer uchastkasidan cheklangan tarzda foydalanish (servitut) huquqi.

Fuqarolik kodeksi (I qism): «O‘zganing yer uchastkasidan cheklangan tarzda foydalanish (servitut) huquqi» qaysi moddada belgilangan?
  1. 174-modda
  2. 173-modda
  3. 173⁶-modda
  4. 171-modda

To‘g‘ri javob: 173-modda. 173-modda: O‘zganing yer uchastkasidan cheklangan tarzda foydalanish (servitut) huquqi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiMulk huquqi tushunchasi (1/3)Keyingi →Binolar, inshootlar va boshqa ko‘chmas mulkka servitut belgilash (3/3)