Egasiz ashyo (2/3)
Ii Bo‘Lim
191-modda. Egasiz ashyo
Egasi bo‘lmagan yoki egasi noma’lum bo‘lgan ashyo egasiz ashyo hisoblanadi.
Agar bu hol topilma to‘g‘risidagi, qarovsiz hayvonlar va xazina to‘g‘risidagi qoidalarda rad etilmagan bo‘lsa, egasiz ko‘char ashyolarga egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat asosida qo‘lga kiritilishi mumkin.
Egasiz ko‘chmas ashyolar tegishli davlat organining yoki fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organining arizasiga muvofiq ko‘chmas mol-mulkni davlat ro‘yxatiga oluvchi organ tomonidan hisobga olinadi.
Egasiz ko‘chmas ashyo hisobga olinganidan keyin bir yil muddat o‘tgach, davlat mol-mulkini boshqarishga vakolati bo‘lgan organ yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi bu ashyoni davlat mulkiga yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi mulkiga kirgan deb hisoblash to‘g‘risidagi talab bilan sudga murojaat etishi mumkin.
Sudning hal qiluv qaroriga binoan davlat mulkiga o‘tmagan deb hisoblangan egasiz ko‘chmas ashyo uni tashlab ketgan mulkdorning egaligiga, foydalanishiga va tasarrufiga yana qabul qilinishi yoki egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat asosida qo‘lga kiritilishi mumkin.
Egasiz ashyolarni aniqlash va hisobga olish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan belgilanadi.
192-modda. Topilma
Yo‘qolgan ashyoni topib olgan shaxs bu haqda uni yo‘qotgan shaxsni yoki ashyo egasini yoxud uni olish huquqiga ega bo‘lgan o‘zga ma’lum shaxslardan birontasini darhol xabardor etishi hamda topilgan ashyoni shu shaxsga qaytarishi shart.
Basharti, ashyo binoda yoki transportda topilgan bo‘lsa, u shu binoning yoki transport vositasining egasi bo‘lmish shaxsga topshirilmog‘i lozim. Topilma topshirilgan shaxs ashyoni topib olgan shaxsning huquqlarini qo‘lga kiritadi va uning majburiyatlarini o‘z zimmasiga oladi.
Basharti, topilgan ashyo qaytarilishini talab qilish huquqiga ega bo‘lgan shaxs noma’lum bo‘lsa yoki uning manzili ma’lum bo‘lmasa, ashyoni topib olgan shaxs topilma to‘g‘risida ichki ishlar organiga, tegishli davlat organlariga yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga ma’lum qilishi shart.
Ashyoni topib olgan shaxs uni o‘zida saqlab turishga yoki saqlash uchun ichki ishlar organi, tegishli davlat organi yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga yoxud ular ko‘rsatgan shaxsga topshirishga haqlidir.
193-modda. Topilmaga egalik huquqini olish
Agar yo‘qolgan ashyoni olishga haqli bo‘lgan shaxs topilma to‘g‘risida ichki ishlar organiga yoki tegishli davlat organiga xabar qilingan paytdan e’tiboran olti oy mobaynida aniqlanmasa hamda ashyoni topgan shaxsga yoxud ichki ishlar organiga, tegishli davlat organiga yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga ushbu ashyoga bo‘lgan o‘z huquqi to‘g‘risida arz qilmasa, ashyoni topib olgan shaxs unga egalik huquqini oladi.
Basharti, ashyoni topib olgan shaxs topilgan ashyoni mulk qilib olishdan bosh tortsa, ashyo davlat mulkiga o‘tadi.
194-modda. Topilma bilan bog‘liq xarajatlarni to‘lash va ashyoni topib olgan shaxsni taqdirlash
Ashyoni topib olgan hamda uni olishga haqli bo‘lgan shaxsga qaytarib bergan shaxs ana shu shaxsdan, ashyo davlat mulkiga yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi mulkiga o‘tgan hollarda esa — tegishli davlat organi yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organidan ashyoni saqlash, topshirish yoki sotish bilan bog‘liq xarajatlarni, shuningdek ashyoni olishga haqli bo‘lgan shaxsni topish uchun ketgan xarajatlarni undirish huquqiga ega.
Ashyoni topib olgan shaxs uni olishga haqli bo‘lgan shaxsdan topilma uchun ashyo qiymatining yigirma foiziga qadar miqdorida mukofot talab qilishga haqlidir.
Basharti, topib olingan hujjatlar yoki o‘zga ashyolar ularni olishga haqli bo‘lgan shaxsning o‘zi uchungina qimmatga ega bo‘lsa, mukofot miqdori shu shaxs bilan kelishuv asosida, kelishuvga erishib bo‘lmagan taqdirda esa — sud orqali belgilanadi. Topilgan ashyoni qaytarib berishni talab qilishga haqli bo‘lgan shaxs topilma uchun ko‘pchilik o‘rtasida mukofot va’da qilgan bo‘lsa, u ko‘pchilik o‘rtasida va’da qilingan mukofotni o‘sha shartlarga muvofiq to‘laydi.
Basharti, ashyoni topib olgan shaxs topilma haqida xabar qilmagan bo‘lsa yoki uni yashirishga uringan bo‘lsa, mukofot olish huquqi vujudga kelmaydi.
195-modda. Qarovsiz hayvonlar
Qarovsiz yoki adashgan chorva mollarini yoxud boshqa qarovsiz uy hayvonlari yoki qo‘lga o‘rgatilgan hayvonlarni tutib olgan shaxs ularni egasiga qaytarishi shart, basharti hayvonlarning egasi yoki uning qayerdaligi noma’lum bo‘lsa, tutib olgan paytdan boshlab uch kundan kechiktirmay topilgan hayvonlar to‘g‘risida ichki ishlar organiga, tegishli davlat organi yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga xabar qilishi shart, ular hayvonlarning egasini qidirish choralarini ko‘radilar.
Hayvonlarning egasi qidirilayotgan vaqtda ularni saqlash hamda ulardan foydalanish uchun tutib olgan shaxsda qoldirilishi yoxud zarur sharoiti bo‘lgan boshqa shaxsga saqlash va foydalanish uchun topshirilishi mumkin. Qarovsiz hayvonlarni tutib olgan shaxsning iltimosiga ko‘ra hayvonlarni boqishi uchun zarur sharoiti bo‘lgan shaxsni topish hamda hayvonlarni unga topshirishni tuman va shahar obodonlashtirish boshqarmalari huzuridagi qarovsiz hayvonlarni tutish bo‘limlari, tegishli davlat organi yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi amalga oshiradi.
Qarovsiz hayvonlarni tutib olgan shaxs hamda bu hayvonlar saqlash va foydalanish uchun berib turilgan shaxs ularni lozim darajada saqlashlari shart va hayvonlar nobud bo‘lishi yoki shikastlanishi uchun aybdor bo‘lsalar, hayvonlarning narxi doirasida javobgar bo‘ladilar.
196-modda. Xazina
Egasi aniqlanishi mumkin bo‘lmagan yoki qonunga binoan huquqlarini yo‘qotgan xazina, ya’ni yerga ko‘milgan yoki boshqacha usulda yashirilgan pul yoxud qimmatbaho buyumlar xazina yashirib qo‘yilgan mol-mulk (yer uchastkasi, imorat va shu kabilar) mulkdori bo‘lgan shaxs va xazinani topgan shaxs mulkiga, agar ular o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa, teng ulushlarda o‘tadi.
Xazina u yashirib qo‘yilgan yer uchastkasi yoki boshqa mol-mulk egasining roziligisiz qazishma ishlarini olib borgan yoki boylik qidirgan shaxs tomonidan topilgan taqdirda, bu xazina u topilgan yer uchastkasining yoki boshqa mol-mulkning egasiga topshirilishi kerak.
Moddiy madaniy meros obyektlari jumlasiga kiradigan ashyolardan iborat xazina topilgan taqdirda, ular davlat mulkiga topshirilishi kerak. Bunda xazina yashirib qo‘yilgan yer uchastkasi yoki boshqa mol-mulkning egasi va xazinani topgan shaxs birgalikda xazina qiymatining ellik foizi miqdorida mukofot olish huquqiga egadirlar. Agar ular o‘rtasidagi kelishuvda boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa, mukofot bu shaxslar o‘rtasida teng ulushlarda taqsimlanadi.
Bunday xazinani u yashirib qo‘yilgan mol-mulk egasining roziligisiz qazishma ishlarini olib borgan yoki boylik qidirgan shaxs topib olsa, bu shaxsga mukofot to‘lanmaydi va xazina batamom mulkdorning ixtiyoriga o‘tadi.
Xazina topish uchun qazishma va qidiruv ishlarini olib borish mehnat yoki xizmat vazifalariga kiradigan shaxslarga nisbatan ushbu moddaning qoidalari qo‘llanilmaydi.
197-modda. Mulk huquqining bekor bo‘lish asoslari
Mulk huquqi mulkdorning ixtiyoriy suratda majburiyatni bajarishi, mulkdorning mol-mulk taqdirini hal qiladigan bir tomonlama qaror qabul qilishi, sud qarori asosida mol-mulkni olib qo‘yish (sotib olish) yo‘li bilan, shuningdek mulk huquqini qonun asosida bekor qiluvchi qonunchilik hujjatiga asosan bekor bo‘ladi.
198-modda. Mol-mulkni tugatish va hisobdan chiqarish
Mol-mulkni yo‘q qilish (tugatish) natijasida mulk huquqini bekor qilishga qonunlarga zid bo‘lmagan hollarda yo‘l qo‘yiladi.
Mulkdor tomonidan tarixiy, ilmiy, badiiy qimmatga yoki o‘zga madaniy qimmatga ega bo‘lgan mol-mulkning yo‘q qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Alohida hollarda sud qarori bilan mazkur mol-mulk musodara qilinishi yoki agar u yo‘q qilingan bo‘lsa, uning qiymati undirib olinishi mumkin.
Mol-mulkni yuridik shaxsning balans hisobidan chiqarish natijasida mulk huquqining bekor qilinishi qonunchilikda yoki ta’sis hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda va shartlarda amalga oshiriladi.
199-modda. Mol-mulkni mulkdordan olib qo‘yish
Mol-mulkni mulkdordan olib qo‘yishga qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda mulkdorning majburiyatlari bo‘yicha undiruv ana shu mol-mulkka qaratilgan taqdirda, shuningdek natsionalizatsiya qilish, rekvizitsiya va musodara qilish tartibida yo‘l qo‘yiladi.
Agar qonunga asosan shaxsga tegishli bo‘la olmaydigan mol-mulk uning mulki bo‘lib qolsa, ushbu mol-mulkka nisbatan mulk huquqi sud tartibida bekor qilinib, olib qo‘yilgan mol-mulkning qiymati shaxsga to‘lanadi.
Bilimingizni sinang
Egasiz ko‘chmas ashyo hisobga olinganidan keyin qancha muddat o‘tgach, vakolatli organ uni davlat mulkiga kirgan deb hisoblash to‘g‘risida sudga murojaat etishi mumkin?
- ikki yil
- uch yil
- bir yil
- olti oy
To‘g‘ri javob: bir yil. Egasiz ko‘chmas ashyo hisobga olinganidan keyin bir yil o‘tgach, vakolatli organ sudga murojaat etishi mumkin.
Fuqarolik kodeksi (I qism) — 191-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Topilmaga egalik huquqini olish
- Mulkni yaratish va ko‘paytirish
- Shartnoma asosida mol-mulk oluvchida mulk huquqining vujudga kelish payti
- Egasiz ashyo
To‘g‘ri javob: Egasiz ashyo. 191-modda: Egasiz ashyo.
Fuqarolik kodeksi (I qism): «Egasiz ashyo» qaysi moddada belgilangan?
- 185-modda
- 191-modda
- 193-modda
- 183-modda
To‘g‘ri javob: 191-modda. 191-modda: Egasiz ashyo.
Fuqarolik kodeksiga ko‘ra qanday ashyo egasiz ashyo hisoblanadi?
- Egasi bo‘lmagan yoki egasi noma’lum bo‘lgan ashyo
- Egasi bor, ammo uni uzoq muddat ishlatmagan ashyo
- Davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan har qanday ashyo
- Egasi tomonidan sotuvga chiqarilgan, xaridori yo‘q ashyo
To‘g‘ri javob: Egasi bo‘lmagan yoki egasi noma’lum bo‘lgan ashyo. 191-moddaning birinchi qismi egasiz ashyoni shunday ta’riflaydi.
Egasiz ko‘char ashyolar Fuqarolik kodeksiga ko‘ra qanday asosda qo‘lga kiritilishi mumkin?
- Faqat sud qarori asosida davlat mulkiga o‘tkazish orqali
- Faqat hokim ruxsati bilan
- Faqat sotib olish orqali
- Egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat asosida
To‘g‘ri javob: Egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat asosida. 191-moddaning ikkinchi qismiga ko‘ra egasiz ko‘char ashyolar egalik muddati asosida qo‘lga kiritilishi mumkin.
Egasiz ko‘chmas ashyo hisobga olinganidan keyin qancha muddat o‘tgach davlat organi uni davlat mulkiga kirgan deb hisoblash talabi bilan sudga murojaat etishi mumkin?
- Olti oy
- Uch yil
- Bir yil
- Besh yil
To‘g‘ri javob: Bir yil. 191-moddaning to‘rtinchi qismiga ko‘ra hisobga olinganidan keyin bir yil o‘tgach sudga murojaat etilishi mumkin.
Egasiz ashyolarni aniqlash va hisobga olish tartibini kim belgilaydi?
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
- O‘zbekiston Respublikasi Hukumati
- Oliy sud Plenumi va hokimliklar
- Viloyat hokimliklari va mahallalar
To‘g‘ri javob: O‘zbekiston Respublikasi Hukumati. 191-moddaning oxirgi qismiga ko‘ra tartibni Hukumat belgilaydi.
Yo‘qolgan ashyoni topib olgan shaxs Fuqarolik kodeksiga ko‘ra qanday majburiyatga ega?
- Ashyoni o‘zida saqlab turib, uch oy ichida gazetada e’lon berishi shart
- Uni yo‘qotgan shaxsni darhol xabardor etishi va ashyoni unga qaytarishi shart
- Ashyoni darhol sotib, tushumni davlat byudjetiga o‘tkazishi va xabar bermasligi shart
- Yo‘qotgan shaxsni qidirmasdan, ashyoni darhol ichki ishlar organiga topshirishi shart
To‘g‘ri javob: Uni yo‘qotgan shaxsni darhol xabardor etishi va ashyoni unga qaytarishi shart. 192-moddaning birinchi qismiga ko‘ra topib olgan shaxs darhol xabar berishi va ashyoni qaytarishi shart.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash