Shartnoma tushunchasi (1/2)
Iii Bo‘Lim
353-modda. Shartnoma tushunchasi
Ikki yoki bir necha shaxsning fuqarolik huquqlari va burchlarini vujudga keltirish, o‘zgartirish yoki bekor qilish haqidagi kelishuvi shartnoma deyiladi.
Shartnomalarga ushbu Kodeksning 9-bobida nazarda tutilgan ikki va ko‘p taraflama bitimlar to‘g‘risidagi qoidalar qo‘llaniladi.
Shartnomadan kelib chiqqan majburiyatlarga, agar ushbu bobning qoidalarida va ushbu Kodeksda shartnomalarning ayrim turlari to‘g‘risida bayon etilgan qoidalarda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, majburiyatlar to‘g‘risidagi umumiy qoidalar (ushbu Kodeksning 234-352-moddalari) qo‘llaniladi.
Ikkitadan ortiq taraflar tuzadigan shartnomalarga, bunday shartnomalarning ko‘ptaraflamalik xususiyatiga zid bo‘lmasa, shartnoma to‘g‘risidagi umumiy qoidalar qo‘llaniladi.
354-modda. Shartnoma tuzish erkinligi
Fuqarolar va yuridik shaxslar shartnoma tuzishda erkindirlar.
Shartnoma tuzishga majbur qilishga yo‘l qo‘yilmaydi, shartnoma tuzish burchi ushbu Kodeksda, boshqa qonunda yoki olingan majburiyatda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Taraflar qonunchilikda nazarda tutilmagan shartnomani ham tuzishlari mumkin.
Taraflar turli shartnomalarning elementlarini o‘z ichiga oladigan shartnoma (aralash shartnoma) tuzishlari mumkin. Aralash shartnoma bo‘yicha taraflarning munosabatlariga, agar taraflarning kelishuvidan yoki aralash shartnomaning mohiyatidan boshqacha tartib anglashilmasa, elementlari aralash shartnomada bo‘lgan shartnomalar to‘g‘risidagi qoidalar qo‘llaniladi.
Shartnomaning shartlari taraflarning xohishi bilan belgilanadi, tegishli shartning mazmuni qonunchilikda ko‘rsatib qo‘yilgan hollar bundan mustasno.
Shartnomaning sharti taraflar kelishuvida boshqacha tartib belgilab qo‘yilmaganligi tufayli qo‘llaniladigan norma (dispozitiv norma)da nazarda tutilgan hollarda taraflar o‘zaro kelishib, uning qo‘llanishini bekor qilishlari yoki unda nazarda tutilganidan boshqacha shartni belgilashlari mumkin. Bunday kelishuv bo‘lmaganda shartnomaning sharti dispozitiv norma bilan belgilanadi.
Agar shartnoma shartlari taraflar yoki dispozitiv norma bilan belgilab qo‘yilgan bo‘lmasa, tegishli shartlar taraflar o‘rtasidagi munosabatlarga nisbatan qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan ish muomalasi odatlari bilan belgilanadi.
355-modda. Haq evaziga va tekinga tuziladigan shartnomalar
Shartnoma bo‘yicha taraf o‘z burchlarini bajarganligi uchun haq olishi yoki unga boshqa muqobil to‘lov to‘lanishi lozim bo‘lsa, bunday shartnoma haq evaziga tuzilgan shartnoma bo‘ladi.
Shartnoma bo‘yicha bir taraf ikkinchi tarafga undan haq yoki boshqa muqobil to‘lov olmasdan biron narsani berish majburiyatini olsa, bunday shartnoma tekinga tuzilgan shartnoma hisoblanadi.
Agar qonunchilikdan, shartnomaning mazmuni yoki mohiyatidan boshqacha hol anglashilmasa, shartnoma haq evaziga tuzilgan shartnoma hisoblanadi.
356-modda. Baho
Shartnomani bajarganlik uchun taraflarning kelishuvi bilan belgilangan bahoda haq to‘lanadi.
Qonunda nazarda tutilgan hollarda tegishli vakolatga ega bo‘lgan davlat organlari belgilaydigan yoki tartibga soladigan baholar (tariflar, rassenkalar, stavkalar va h.k.) qo‘llaniladi.
Shartnoma tuzilganidan keyin bahoni o‘zgartirishga qonunchilik yoki shartnomada nazarda tutilgan hollarda va shartlarda yo‘l qo‘yiladi.
Haq to‘lashni nazarda tutadigan shartnomada baho nazarda tutilmagan va shartnoma shartlari bo‘yicha belgilanishi mumkin bo‘lmagan hollarda shartnomani bajarganlik uchun o‘xshash vaziyatlarda odatda shunday tovarlar, ishlar yoki xizmatlar uchun olinadigan baho bo‘yicha haq to‘lanishi kerak.
357-modda. Shartnomaning amal qilishi
Shartnoma tuzilgan paytidan boshlab kuchga kiradi va taraflar uchun majburiy bo‘lib qoladi. O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti, davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlari va budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalaridan ajratiladigan mablag‘lar bo‘yicha tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib beruvchilar bilan tuzilgan shartnomalar, shuningdek ularga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar g‘aznachilik organlarida ro‘yxatdan o‘tkazilganidan keyin kuchga kiradi.
Taraflar o‘zlari tuzgan shartnomaning shartlarini ularning shartnoma tuzishidan oldin vujudga kelgan munosabatlariga nisbatan qo‘llaniladi deb belgilab qo‘yishga haqlidirlar.
Qonunda yoki shartnomada shartnomaning amal qilish muddati tugashi taraflarning shartnoma bo‘yicha majburiyatlari bekor bo‘lishiga olib keladi, deb belgilanishi mumkin.
Bunday shart yozib qo‘yilmagan shartnoma taraflar majburiyatni bajarishining shartnomada belgilab qo‘yilgan oxirgi muddatigacha amal qiladi, deb hisoblanadi.
Shartnomaning amal qilish muddati tugashi taraflarni uni buzganlik uchun javobgarlikdan ozod qilmaydi.
358-modda. Ommaviy shartnoma
Tashkilot tomonidan tuzilgan hamda uning bunday tashkilot o‘z faoliyati xususiyatiga ko‘ra o‘ziga murojaat qiladigan har bir shaxsga nisbatan amalga oshirishi shart bo‘lgan tovarlar sotish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish sohasidagi vazifalarini (chakana savdo, umumiy foydalanishdagi transportda yo‘lovchi tashish, aloqa xizmati, energiya bilan ta’minlash, tibbiy xizmat, mehmonxona xizmati va sh.k.) belgilab qo‘yadigan shartnoma ommaviy shartnoma deyiladi. Bunday tashkilot ommaviy shartnoma tuzishda bir shaxsni boshqa shaxsga nisbatan afzal ko‘rishga haqli emas, qonunchilikda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Tovarlar, ishlar va xizmatlarning bahosi, shuningdek ommaviy shartnomaning boshqa shartlari hamma iste’molchilar uchun bir xil qilib belgilanadi, qonunchilikda iste’molchilarning ayrim toifalari uchun imtiyozlar berilishiga yo‘l qo‘yiladigan hollar bundan mustasno.
Tashkilotning iste’molchiga tegishli tovarlarni berish, xizmatlar ko‘rsatish, uning uchun tegishli ishlarni bajarish imkoniyati bo‘la turib ommaviy shartnoma tuzishdan bosh tortishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Tashkilot ommaviy shartnoma tuzishdan asossiz bosh tortganida ushbu Kodeks 377-moddasining oltinchi va yettinchi qismlarida nazarda tutilgan qoidalar qo‘llaniladi.
Qonunda nazarda tutilgan hollarda O‘zbekiston Respublikasi Hukumati ommaviy shartnomalarni tuzish va bajarishda taraflar uchun majburiy bo‘lgan qoidalar (namunaviy shartnomalar, qoidalar va h.k.) chiqarishi mumkin.
358-modda. Ommaviy shartnoma (davomi)
Ommaviy shartnomaning ushbu modda ikkinchi va beshinchi qismlari bilan belgilab qo‘yilgan talablarga mos kelmaydigan shartlari haqiqiy emas.
Bilimingizni sinang
Fuqarolik kodeksi (I qism) — 353-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Shartnoma tuzish erkinligi
- Shartnomaning namunaviy shartlari
- Shartnoma tushunchasi
- Fuqaro vafot etishi bilan majburiyatning bekor bo‘lishi
To‘g‘ri javob: Shartnoma tushunchasi. 353-modda: Shartnoma tushunchasi.
Fuqarolik kodeksi (I qism): «Shartnoma tushunchasi» qaysi moddada belgilangan?
- 351-modda
- 354-modda
- 359-modda
- 353-modda
To‘g‘ri javob: 353-modda. 353-modda: Shartnoma tushunchasi.
Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, ikki yoki bir necha shaxsning fuqarolik huquqlari va burchlarini vujudga keltirish, o‘zgartirish yoki bekor qilish haqidagi kelishuvi nima deyiladi?
- Shartnoma
- Bir tomonlama bitim
- Oferta
- Majburiyat yangilanishi
To‘g‘ri javob: Shartnoma. Fuqarolik huquq va burchlarini vujudga keltirish, o‘zgartirish yoki bekor qilish haqidagi kelishuv shartnoma deyiladi (353-modda).
Shartnomadan kelib chiqqan majburiyatlarga, boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, Fuqarolik kodeksining qaysi moddalaridagi majburiyatlar to‘g‘risidagi umumiy qoidalar qo‘llaniladi?
- 1–233-moddalaridagi
- 353–400-moddalaridagi
- 300–352-moddalaridagi
- 234–352-moddalaridagi
To‘g‘ri javob: 234–352-moddalaridagi. Shartnomadan kelib chiqqan majburiyatlarga majburiyatlar to‘g‘risidagi umumiy qoidalar (234–352-moddalar) qo‘llaniladi (353-modda).
Fuqarolik kodeksi (I qism) — 354-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Yuridik shaxs tugatilishi bilan majburiyatning bekor bo‘lishi
- Shartnoma tuzish erkinligi
- Qo‘shilish shartnomasi
- Majburiyatning davlat organi hujjati asosida bekor bo‘lishi
To‘g‘ri javob: Shartnoma tuzish erkinligi. 354-modda: Shartnoma tuzish erkinligi.
Fuqarolik kodeksi (I qism): «Shartnoma tuzish erkinligi» qaysi moddada belgilangan?
- 352-modda
- 360-modda
- 354-modda
- 350-modda
To‘g‘ri javob: 354-modda. 354-modda: Shartnoma tuzish erkinligi.
Shartnoma tuzish erkinligiga oid quyidagi hukmlardan qaysi biri to‘g‘ri?
- Shartnoma tuzishga majbur qilishga har doim yo‘l qo‘yiladi, taraflar kelishuvi bo‘lmasa ham, istisnolarsiz
- Shartnoma tuzishga majbur qilishga yo‘l qo‘yilmaydi, hech qanday hollar, hatto qonunda nazarda tutilgan holat ham bundan mustasno emas
- Shartnoma tuzishga majbur qilishga yo‘l qo‘yilmaydi, qonun yoki olingan majburiyatda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno
- Shartnoma tuzishga majbur qilishga faqat sud qarori bilan yo‘l qo‘yiladi, qonun yoki majburiyatdan qat’i nazar, har holda
To‘g‘ri javob: Shartnoma tuzishga majbur qilishga yo‘l qo‘yilmaydi, qonun yoki olingan majburiyatda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Shartnoma tuzishga majbur qilish taqiqlanadi, tuzish burchi qonunda yoki olingan majburiyatda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno (354-modda).
Taraflar turli shartnomalarning elementlarini o‘z ichiga oladigan shartnoma tuzishlari mumkin. Bunday shartnoma nima deb ataladi?
- Dastlabki shartnoma
- Aralash shartnoma
- Qo‘shilish shartnomasi
- Ommaviy shartnoma
To‘g‘ri javob: Aralash shartnoma. Turli shartnomalar elementlarini o‘z ichiga olgan shartnoma aralash shartnoma deyiladi (354-modda).
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash