XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ Fuqarolik kodeksi (II qism) · 386–395-m.

Oldi-sotdi (1/12)

Ikkinchi Qism

386-modda. Oldi-sotdi shartnomasi

Oldi-sotdi shartnomasi bo‘yicha bir taraf (sotuvchi) tovarni boshqa taraf (sotib oluvchi)ga mulk qilib topshirish majburiyatini, sotib oluvchi esa bu tovarni qabul qilish va uning uchun belgilangan pul summasi (bahosi)ni to‘lash majburiyatini oladi.

Agar qonunda qimmatli qog‘ozlar va valyuta qimmatliklarining oldi-sotdisiga doir maxsus qoidalar belgilangan bo‘lmasa, ularni olish-sotishga nisbatan ushbu paragrafda nazarda tutilgan qoidalar qo‘llanadi.

Ushbu Kodeksda yoki boshqa qonunda nazarda tutilgan hollarda ayrim turdagi tovarlarni olish-sotishning o‘ziga xos jihatlari qonunchilik bilan belgilanadi.

Qonunchilikda belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan avtomototransport vositalarining oldi-sotdi shartnomasi notarial tasdiqlangan bo‘lishi kerak, O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan belgilangan hollar bundan mustasno.

Ushbu paragrafda nazarda tutilgan qoidalar mulkiy huquqlarni sotishga nisbatan qo‘llanadi, agar ushbu huquqlar mazmuni yoki mohiyatidan boshqacha hol kelib chiqmasa.

Ayrim turdagi oldi-sotdi (chakana oldi-sotdi, tovarlar yetkazib berish, energiya ta’minoti, korxonani sotish va boshqalar) shartnomalariga nisbatan, agar ushbu Kodeksning bu turdagi shartnomalarga doir qoidalarida boshqacha hol nazarda tutilgan bo‘lmasa, ushbu paragrafda nazarda tutilgan qoidalar qo‘llanadi.

387-modda. Shartnomaning tovar to‘g‘risidagi sharti

Oldi-sotdi shartnomasi bo‘yicha har qanday ashyolar ushbu Kodeksning 82-moddasi qoidalariga rioya qilgan holda tovar bo‘lishi mumkin.

Shartnoma, agar qonunda boshqacha hol belgilangan bo‘lmasa yoki u tovarning xususiyatidan kelib chiqmasa, shartnomani tuzish paytida sotuvchida mavjud bo‘lgan tovarni, shuningdek kelajakda sotuvchi yaratadigan yoki oladigan tovarni olish-sotish haqida tuzilishi mumkin.

Agar shartnoma tovarning nomi va miqdorini aniqlash imkonini bersa, tovar to‘g‘risidagi oldi-sotdi shartnomasining sharti kelishilgan hisoblanadi.

388-modda. Tovarni topshirish yuzasidan sotuvchining majburiyatlari

Sotuvchi sotib oluvchiga oldi-sotdi shartnomasida nazarda tutilgan tovarni topshirishi shart.

Agar oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, sotuvchi sotib oluvchiga ashyoni berish bilan bir vaqtda unga mansub ashyoni, shuningdek qonunchilikda yoki shartnomada nazarda tutilgan ashyoga aloqador hujjatlar (texnik pasporti, sifat sertifikati, foydalanish bo‘yicha yo‘riqnoma va hokazolar)ni topshirishi shart.

389-modda. Tovarni topshirish majburiyatini bajarish muddati

Sotuvchining tovarni sotib oluvchiga topshirish majburiyatini bajarish muddati oldi-sotdi shartnomasida belgilanadi, agar shartnoma bu muddatni aniqlash imkonini bermasa, u ushbu Kodeksning 242-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq aniqlanadi.

Belgilangan muddat buzilgan taqdirda sotib oluvchida shartnomaning bajarilishiga qiziqish yo‘qolishi shartnomadan aniq bilinib tursa, oldi-sotdi shartnomasi uni qat’iy belgilangan muddatda bajarish sharti bilan tuzilgan hisoblanadi. Sotuvchi bunday shartnomani unda belgilangan muddatdan oldin yoki bu muddat tugagandan so‘ng sotib oluvchining roziligisiz bajarishga haqli emas.

390-modda. Sotuvchining tovarni topshirish majburiyatini bajarish payti

Basharti, oldi-sotdi shartnomasida boshqacha hol nazarda tutilgan bo‘lmasa, sotuvchining sotib oluvchiga tovarni topshirish vazifasi quyidagi paytlarda bajarilgan hisoblanadi:

agar shartnomada sotuvchining tovarni yetkazib berish majburiyati nazarda tutilgan bo‘lsa, tovarni sotib oluvchiga yoki u ko‘rsatgan shaxsga topshirish paytida;

agar tovar sotib oluvchiga tovar turgan yerda berilishi lozim bo‘lsa, tovarni sotib oluvchi ixtiyoriga topshirish paytida. Shartnomada nazarda tutilgan muddatda tovar tegishli yerda sotib oluvchiga topshirish uchun tayyor bo‘lgan va sotib oluvchi shartnoma shartlariga muvofiq tovar topshirishga tayyor ekanligidan xabardor qilingan vaqtda tovar sotib oluvchi ixtiyoriga topshirilgan deb hisoblanadi. Agar tovarning shartnoma maqsadlariga mosligi tamg‘alash yoki boshqa yo‘l bilan tasdiqlangan bo‘lmasa, tovar topshirish uchun tayyor deb hisoblanmaydi.

Oldi-sotdi shartnomasidan sotuvchining tovarni sotib oluvchiga yetkazib berish yoki tovarni turgan yerida sotib oluvchiga topshirish majburiyati kelib chiqmaydigan hollarda, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, tovarni sotib oluvchiga yetkazib berish uchun tashuvchiga yoki aloqa tashkilotiga topshirish paytida sotuvchining tovarni sotib oluvchiga topshirish majburiyati bajarilgan hisoblanadi.

391-modda. Sotuvchining sotilgan mol-mulkni saqlash majburiyati

Mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquq mol-mulkni topshirishdan oldin sotib oluvchiga o‘tgan hollarda, sotuvchi mol-mulkning yomonlashishiga yo‘l qo‘ymay, uni topshirgunga qadar saqlashi shart. Buning uchun qilingan zarur chiqimlarni, agar taraflarning kelishuvida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, sotib oluvchi sotuvchiga to‘lashi shart.

392-modda. Tovarning tasodifan nobud bo‘lishi yoki tasodifan shikastlanishi xavfining o‘tishi

Agar oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, tovarning tasodifan nobud bo‘lishi yoki tasodifan shikastlanishi xavfi sotuvchi tovarni sotib oluvchiga topshirish bo‘yicha o‘z majburiyatini qonun yoki shartnomaga muvofiq bajargan deb hisoblangan paytdan boshlab sotib oluvchiga o‘tadi.

Agar taraflar kelishuvida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, yo‘lda bo‘lgan paytida sotilgan tovarning tasodifan nobud bo‘lishi yoki tasodifan shikastlanishi xavfi shartnoma tuzilgan paytdan boshlab sotib oluvchiga o‘tadi.

Oldi-sotdi shartnomasining tovar tasodifan nobud bo‘lishi yoki tasodifan shikastlanishi xavfi u birinchi tashuvchiga topshirilgan paytdan boshlab sotib oluvchiga o‘tishi haqidagi sharti, agar shartnoma tuzilgan paytda sotuvchi tovar yo‘qolgani yoki shikastlanganini bilgan yoki bilishi lozim bo‘lgan bo‘lsa va bu haqda sotib oluvchiga ma’lum qilmagan bo‘lsa, sotib oluvchi talabiga ko‘ra sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.

393-modda. Sotuvchining tovarni uchinchi shaxslar huquqlaridan ozod holda topshirish majburiyati

Sotuvchi tovarni sotib oluvchiga uchinchi shaxslarning har qanday huquqlaridan ozod holda topshirishi shart, sotib oluvchi uchinchi shaxslarning huquqlari bo‘lgan tovarni qabul qilishga rozilik bergan hollar bundan mustasno. Bu qoidani bajarmaslik sotib oluvchiga xarid narxini kamaytirishni yoki oldi-sotdi shartnomasini bekor qilishni va ko‘rilgan zararni qoplashni talab qilish huquqini beradi, sotib oluvchi bu tovarga uchinchi shaxslarning huquqlari borligini bilgani yoki bilishi lozim bo‘lgani isbotlanadigan hollar bundan mustasno.

Ushbu moddada nazarda tutilgan qoidalar tovarni sotib oluvchiga topshirish paytida unga uchinchi shaxslarning da’volari borligi sotuvchiga ma’lum bo‘lgan hollarda ham, agar bu da’volar keyinchalik belgilangan tartibda qonuniy deb tan olingan bo‘lsa, tegishli ravishda qo‘llanadi.

394-modda. Tovarni olib qo‘yish to‘g‘risida da’vo qilingan taqdirda sotib oluvchi va sotuvchining majburiyatlari

Agar uchinchi shaxs oldi-sotdi shartnomasi bajarilgunga qadar yuzaga kelgan asos bo‘yicha tovarni olib qo‘yish to‘g‘risida sotib oluvchiga da’vo qilsa, sotib oluvchi sotuvchini ishda qatnashishga jalb qilishi, sotuvchi esa bu ishda sotib oluvchi tomonida qatnashishi shart.

Agar sotuvchi basharti ishda qatnashganida sotilgan tovar sotib oluvchidan olib qo‘yilishining oldini olgan bo‘lishi mumkinligini isbotlab bersa, sotib oluvchining sotuvchini ishda qatnashishga jalb qilmasligi sotuvchini sotib oluvchi oldidagi javobgarlikdan ozod qiladi.

Sotib oluvchi tomonidan ishda qatnashishga jalb qilingan, biroq unda qatnashmagan sotuvchi sotib oluvchining ishni noto‘g‘ri yuritganligini isbotlash huquqidan mahrum bo‘ladi.

395-modda. Sotib oluvchidan tovar olib qo‘yilgan taqdirda sotuvchining javobgarligi

Oldi-sotdi shartnomasi bajarilgunga qadar vujudga kelgan asoslar bo‘yicha uchinchi shaxslar sotib oluvchidan tovarni olib qo‘ygan hollarda sotuvchi sotib oluvchiga u ko‘rgan zararni qoplashi lozim, sotib oluvchi bunday asoslarning mavjudligini bilgan yoki bilishi lozim bo‘lgan hollar bundan mustasno.

Olingan tovar uchinchi shaxslar tomonidan sotib oluvchidan talab qilib olinadigan hollarda taraflarning sotuvchini javobgarlikdan ozod qilish yoki uning javobgarligini cheklash to‘g‘risidagi kelishuvi haqiqiy emas.

Bilimingizni sinang

Fuqarolik kodeksi (II qism) — 386-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Oldi-sotdi shartnomasi
  2. Sotuvchining tovarni uchinchi shaxslar huquqlaridan ozod holda topshirish majburiyati
  3. Tovarning tasodifan nobud bo‘lishi yoki tasodifan shikastlanishi xavfining o‘tishi
  4. Tovarni topshirish yuzasidan sotuvchining majburiyatlari

To‘g‘ri javob: Oldi-sotdi shartnomasi. 386-modda: Oldi-sotdi shartnomasi.

Fuqarolik kodeksi (II qism): «Oldi-sotdi shartnomasi» qaysi moddada belgilangan?
  1. 393-modda
  2. 386-modda
  3. 392-modda
  4. 388-modda

To‘g‘ri javob: 386-modda. 386-modda: Oldi-sotdi shartnomasi.

Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, oldi-sotdi shartnomasi bo‘yicha sotuvchi qanday majburiyatni oladi?
  1. Tovarni sotib oluvchiga bepul topshirish
  2. Tovarni sotib oluvchiga vaqtincha foydalanish uchun berish
  3. Tovarni boshqa taraf (sotib oluvchi)ga mulk qilib topshirish
  4. Tovarni sotib oluvchi nomidan uchinchi shaxsga sotish

To‘g‘ri javob: Tovarni boshqa taraf (sotib oluvchi)ga mulk qilib topshirish. 386-moddaga ko‘ra sotuvchi tovarni sotib oluvchiga mulk qilib topshirish majburiyatini oladi.

Qonunchilikda belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan avtomototransport vositalarining oldi-sotdi shartnomasi qanday shaklda bo‘lishi kerak?
  1. Notarial tasdiqlangan bo‘lishi kerak
  2. Faqat sud tomonidan tasdiqlangan bo‘lishi kerak
  3. Oddiy yozma shaklda, tomonlar imzosi bilan
  4. Og‘zaki kelishuv bilan ham tuzilishi mumkin

To‘g‘ri javob: Notarial tasdiqlangan bo‘lishi kerak. 386-modda: bunday shartnoma notarial tasdiqlangan bo‘lishi kerak, Hukumat belgilagan hollar bundan mustasno.

Oldi-sotdi shartnomasida tovarga doir shart qachon kelishilgan hisoblanadi?
  1. Shartnoma tovarning nomi va miqdorini aniqlash imkonini bersa
  2. Tovarning narxi aniq ko‘rsatilgan bo‘lsa, nomi ko‘rsatilmasa ham
  3. Tovar tuzish paytida sotuvchida mavjud bo‘lsa
  4. Shartnoma notarial tasdiqlangan bo‘lsa

To‘g‘ri javob: Shartnoma tovarning nomi va miqdorini aniqlash imkonini bersa. 387-moddaga ko‘ra tovarning nomi va miqdorini aniqlash imkoni bo‘lsa, shart kelishilgan hisoblanadi.

Fuqarolik kodeksi (II qism) — 388-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Shartnomaning tovar to‘g‘risidagi sharti
  2. Tovarlarning assortimenti
  3. Tovarni topshirish majburiyatini bajarish muddati
  4. Tovarni topshirish yuzasidan sotuvchining majburiyatlari

To‘g‘ri javob: Tovarni topshirish yuzasidan sotuvchining majburiyatlari. 388-modda: Tovarni topshirish yuzasidan sotuvchining majburiyatlari.

Fuqarolik kodeksi (II qism): «Tovarni topshirish yuzasidan sotuvchining majburiyatlari» qaysi moddada belgilangan?
  1. 388-modda
  2. 400-modda
  3. 389-modda
  4. 387-modda

To‘g‘ri javob: 388-modda. 388-modda: Tovarni topshirish yuzasidan sotuvchining majburiyatlari.

Fuqarolik kodeksiga muvofiq, sotuvchi ashyoni sotib oluvchiga berish bilan bir vaqtda yana nimani topshirishi shart (shartnomada boshqacha tartib bo‘lmasa)?
  1. Ashyoni sug‘urtalash polisini va zaxira nusxasini
  2. Ashyoning faqat o‘zini, boshqa narsalarsiz va hujjatlarsiz
  3. Ashyoning narxi bo‘yicha kvitansiyani va kafolat shaxsini
  4. Ashyoga mansub ashyoni va unga aloqador hujjatlarni

To‘g‘ri javob: Ashyoga mansub ashyoni va unga aloqador hujjatlarni. 388-modda: ashyoga mansub ashyo va hujjatlar (texnik pasport, sifat sertifikati, yo‘riqnoma) topshiriladi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
Keyingi →Oldi-sotdi (2/12)