Oldi-sotdi (2/12)
Ikkinchi Qism
396-modda. Sotuvchi tovarni topshirishdan bosh tortishining oqibatlari
Agar sotuvchi sotilgan tovarni sotib oluvchiga topshirishdan bosh tortsa, sotib oluvchi oldi-sotdi shartnomasini bajarishdan bosh tortishga haqli.
Sotuvchi xususiy alomatlari bilan belgilangan ashyoni topshirishdan bosh tortsa, sotib oluvchi sotuvchiga ushbu Kodeksning 331-moddasida nazarda tutilgan talablarni qo‘yishga haqli.
397-modda. Tovarga mansub ashyolarni va hujjatlarni topshirish majburiyatini bajarmaslik oqibatlari
Agar sotuvchi qonunchilikka yoki oldi-sotdi shartnomasiga muvofiq topshirishi shart bo‘lgan (ushbu Kodeks 388-moddasining ikkinchi qismi) tovarga mansub ashyolar yoki hujjatlarni sotib oluvchiga topshirmasa yoki topshirishdan bosh tortsa, sotib oluvchi ularni topshirish uchun unga oqilona muddat tayinlashga haqli.
Tovarga mansub ashyolar yoki hujjatlar sotuvchi tomonidan ko‘rsatilgan muddatda topshirilmasa, agar oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, sotib oluvchi tovardan voz kechishga haqli.
398-modda. Tovarning miqdori
Sotib oluvchiga topshirilishi lozim bo‘lgan tovarning miqdori oldi-sotdi shartnomasida tegishli o‘lchov birliklarida yoki pulda nazarda tutiladi. Tovarning miqdori to‘g‘risidagi shart shartnomada uni aniqlash tartibini belgilash yo‘li bilan kelishilishi mumkin.
Agar oldi-sotdi shartnomasi topshirilishi lozim bo‘lgan tovar miqdorini aniqlash imkonini bermasa, shartnoma tuzilmagan hisoblanadi.
399-modda. Shartnomaning tovar miqdori to‘g‘risidagi shartlarini buzish oqibatlari
Sotuvchi oldi-sotdi shartnomasi shartlarini buzib, sotib oluvchiga shartnomada belgilangan miqdordan kam tovar topshirgan bo‘lsa, sotib oluvchi, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, yo tovarning yetishmayotgan miqdorini topshirishni talab qilishga, yo topshirilgan tovardan va uning haqini to‘lashdan bosh tortishga, bordi-yu uning haqi to‘langan bo‘lsa, to‘langan pul summasini qaytarib berishni talab qilishga haqli.
Sotuvchi sotib oluvchiga oldi-sotdi shartnomasida ko‘rsatilganidan ortiq miqdorda tovar bergan taqdirda, sotib oluvchi bu haqda ushbu Kodeks 416-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan tartibda sotuvchiga ma’lum qilishi lozim. Agar sotib oluvchidan xabar olganidan so‘ng sotuvchi oqilona muddatda tegishli tovarni tasarruf qilmasa, shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, sotib oluvchi tovarning hammasini qabul qilish huquqiga ega.
Sotib oluvchi oldi-sotdi shartnomasida ko‘rsatilganidan ortiq miqdorda tovar qabul qilib olgan taqdirda, agar taraflarning kelishuvi bilan boshqa baho belgilangan bo‘lmasa, tegishli tovar uchun shartnomada belgilangan bahoda haq to‘lanadi.
400-modda. Tovarlarning assortimenti
Agar oldi-sotdi shartnomasiga ko‘ra tovarlar tur, model, o‘lcham, rang va boshqa belgilari (assortiment) bo‘yicha muayyan nisbatda topshirilishi lozim bo‘lsa, sotuvchi tovarlarni sotib oluvchiga taraflar kelishgan assortimentda topshirishi shart.
Agar oldi-sotdi shartnomasida assortiment belgilanmagan hamda shartnomada uni belgilash tartibi ko‘rsatilmagan bo‘lsa, lekin majburiyat mohiyatidan tovarlar sotib oluvchiga assortiment bo‘yicha topshirilishi lozimligi kelib chiqsa, sotuvchi sotib oluvchiga tovarlarni sotib oluvchining shartnoma tuzish paytida sotuvchiga ma’lum bo‘lgan ehtiyojlaridan kelib chiqadigan assortimentda topshirishga yoki shartnomani bajarishdan bosh tortishga haqli.
401-modda. Shartnomaning tovar assortimenti to‘g‘risidagi shartini buzish oqibatlari
Sotuvchi oldi-sotdi shartnomasida nazarda tutilgan tovarlarni shartnomaga mos kelmaydigan assortimentda topshirgan taqdirda sotib oluvchi ularni qabul qilishdan va haqini to‘lashdan bosh tortishga, bordi-yu ularning haqi to‘lab qo‘yilgan bo‘lsa, to‘langan pul summasini qaytarib berishni talab qilishga haqli.
Agar sotuvchi sotib oluvchiga assortimenti oldi-sotdi shartnomasiga mos keladigan tovarlar bilan bir qatorda assortiment to‘g‘risidagi shartlarga mos kelmaydigan tovarlar ham topshirgan bo‘lsa, sotib oluvchi o‘z ixtiyoriga ko‘ra:
shartnomaning assortiment to‘g‘risidagi shartlariga mos bo‘lgan tovarlarni qabul qilish va qolgan tovarlarni qabul qilishdan bosh tortish;
topshirilgan barcha tovarlarni qabul qilishdan bosh tortish;
shartnomaning assortiment to‘g‘risidagi shartlariga mos bo‘lmagan tovarlarni shartnomada nazarda tutilgan assortimentdagi tovarlarga almashtirib berishni talab qilish;
topshirilgan barcha tovarlarni qabul qilish huquqiga ega.
Sotib oluvchi assortimenti oldi-sotdi shartnomasi shartlariga mos kelmaydigan tovarlarni qabul qilishdan bosh tortganida yoki assortiment to‘g‘risidagi shartlarga mos kelmaydigan tovarlarni almashtirishni talab qilganida bu tovarlar haqini to‘lashdan bosh tortishga, bordi-yu ularning haqi to‘lab qo‘yilgan bo‘lsa, to‘langan pul summasini qaytarib berishni talab qilishga ham haqli.
Agar sotib oluvchi shartnomaning assortiment to‘g‘risidagi shartlariga mos kelmaydigan tovarlarni olganidan so‘ng ularni qabul qilishdan bosh tortishi to‘g‘risida oqilona muddatda sotuvchiga xabar qilmasa, bunday tovarlar qabul qilingan hisoblanadi.
401-modda. Shartnomaning tovar assortimenti to‘g‘risidagi shartini buzish oqibatlari (davomi)
Agar sotib oluvchi assortimenti shartnomaga mos kelmaydigan tovarlarni qabul qilishdan bosh tortmasa, bu tovarlarning haqini sotuvchi bilan kelishilgan bahoda to‘lashi shart. Sotuvchi bahoni kelishish bo‘yicha oqilona muddatda zarur choralar ko‘rmagan taqdirda, sotib oluvchi tovarlar haqini odatda shartnoma tuzish paytidagi o‘xshash vaziyatlarda xuddi shunday tovarlarga berilgan bahoda to‘laydi.
Agar oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, ushbu modda qoidalari qo‘llanadi.
402-modda. Tovarning sifati
Sotuvchi sotib oluvchiga sifati oldi-sotdi shartnomasiga mos keladigan tovarni topshirishi shart.
Oldi-sotdi shartnomasida tovarning sifati to‘g‘risidagi shartlar ko‘rsatilmaganda, sotuvchi sotib oluvchiga belgilangan maqsadlar uchun yaroqli bo‘lgan tovarni topshirishi shart.
Agar sotib oluvchi shartnoma tuzish paytida sotuvchiga tovarni qanday aniq maqsadlar uchun sotib olayotganini xabar qilgan bo‘lsa, sotuvchi sotib oluvchiga ushbu maqsadlarda foydalanish uchun yaroqli bo‘lgan tovarni topshirishi shart.
Tovar namunasi bo‘yicha va (yoki) ta’rifi bo‘yicha sotilganda sotuvchi sotib oluvchiga namuna va (yoki) ta’rifga mos keladigan tovarni topshirishi shart.
Agar qonunda belgilangan tartibga muvofiq, sotilayotgan tovar sifatiga nisbatan majburiy talablar nazarda tutilgan bo‘lsa, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan sotuvchi sotib oluvchiga ushbu majburiy talablarga javob beradigan tovarni topshirishi shart.
Sotuvchi bilan sotib oluvchi o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq qonunda nazarda tutilgan tartibda tovarning sifatiga qo‘yilgan majburiy talablarga qaraganda yuqoriroq talablarga javob beradigan tovar topshirilishi mumkin.
403-modda. Tovar sifatining kafolati
Sotuvchi sotib oluvchiga topshirishi lozim bo‘lgan tovar uni sotib oluvchiga topshirish paytida ushbu Kodeksning 402-moddasida nazarda tutilgan talablarga, agar tovarning ushbu talablarga muvofiqligini aniqlashning boshqa payti oldi-sotdi shartnomasida nazarda tutilgan bo‘lmasa, javob berishi va oqilona muddat davomida belgilangan maqsadlar uchun yaroqli bo‘lishi kerak.
Oldi-sotdi shartnomasida sotuvchining tovar sifatiga kafolat berishi nazarda tutilgan taqdirda, sotuvchi sotib oluvchiga shartnomada belgilangan muayyan vaqtda (kafolat muddatida) ushbu Kodeksning 402-moddasida nazarda tutilgan talablarga javob beradigan tovarni topshirishi lozim.
Agar oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, tovar sifatining kafolati barcha butlovchi buyumlarga ham tegishli bo‘ladi.
404-modda. Tovarning kafolat muddatini hisoblash
Agar oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, kafolat muddati tovar sotib oluvchiga topshirilgan paytdan e’tiboran o‘ta boshlaydi.
Agar sotib oluvchi sotuvchiga bog‘liq bo‘lgan holatlar tufayli oldi-sotdi shartnomasida kafolat muddati belgilangan tovardan foydalanish imkoniyatidan mahrum bo‘lsa, sotuvchi tegishli holatlarni bartaraf etmaguncha kafolat muddatining o‘tishi boshlanmaydi.
Agar oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, ushbu Kodeksning 416-moddasida belgilangan tartibda sotuvchiga tovarning kamchiliklari haqida xabar qilish sharti bilan kafolat muddati tovarda aniqlangan kamchiliklar tufayli undan foydalanib bo‘lmagan vaqtga uzaytiriladi.
Agar oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, butlovchi buyumning kafolat muddati asosiy buyumning kafolat muddatiga teng hisoblanadi va asosiy buyumning kafolat muddati bilan bir vaqtda o‘ta boshlaydi.
Tovar (butlovchi buyum) almashtirilganda kafolat muddati yangidan o‘ta boshlaydi.
405-modda. Tovarning yaroqlilik muddati
Qonunchilikda, shu jumladan milliy standartlarda tovar o‘z vazifasi bo‘yicha foydalanish uchun yaroqsiz holga kelib qoladi deb hisoblanadigan vaqt (yaroqlilik muddati) belgilanishi mumkin.
Sotuvchi yaroqlilik muddati belgilangan tovarni sotib oluvchiga shunday mo‘ljal bilan topshirishi kerakki, toki undan yaroqlilik muddati tugagunga qadar o‘z vazifasi bo‘yicha foydalanish mumkin bo‘lsin.
Bilimingizni sinang
Fuqarolik kodeksi (II qism) — 396-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Tovarning sifati
- Tovarni topshirish majburiyatini bajarish muddati
- Tovarni olib qo‘yish to‘g‘risida da’vo qilingan taqdirda sotib oluvchi va sotuvchining majburiyatlari
- Sotuvchi tovarni topshirishdan bosh tortishining oqibatlari
To‘g‘ri javob: Sotuvchi tovarni topshirishdan bosh tortishining oqibatlari. 396-modda: Sotuvchi tovarni topshirishdan bosh tortishining oqibatlari.
Fuqarolik kodeksi (II qism): «Sotuvchi tovarni topshirishdan bosh tortishining oqibatlari» qaysi moddada belgilangan?
- 396-modda
- 402-modda
- 389-modda
- 394-modda
To‘g‘ri javob: 396-modda. 396-modda: Sotuvchi tovarni topshirishdan bosh tortishining oqibatlari.
Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, sotuvchi sotilgan tovarni sotib oluvchiga topshirishdan bosh tortsa, sotib oluvchi nimaga haqli?
- Faqat sotuvchidan jarima to‘lashni talab qilishga
- Oldi-sotdi shartnomasini bajarishdan bosh tortishga
- Tovarni majburan olib qo‘yishga
- Shartnomani bir tomonlama o‘zgartirishga
To‘g‘ri javob: Oldi-sotdi shartnomasini bajarishdan bosh tortishga. 396-moddaga ko‘ra sotuvchi tovarni topshirishdan bosh tortsa, sotib oluvchi shartnomani bajarishdan bosh tortishga haqli.
Sotuvchi xususiy alomatlari bilan belgilangan ashyoni topshirishdan bosh tortsa, sotib oluvchi sotuvchiga Fuqarolik kodeksining qaysi moddasida nazarda tutilgan talablarni qo‘yishga haqli?
- 242-modda
- 416-modda
- 331-modda
- 402-modda
To‘g‘ri javob: 331-modda. 396-modda ikkinchi qismida 331-moddada nazarda tutilgan talablar qo‘yilishi aytilgan.
Sotuvchi tovarga mansub ashyolar yoki hujjatlarni topshirmasa, sotib oluvchi avval nima qilishga haqli?
- Shartnomani darhol bekor qilib, xarid narxini qaytarib olishga
- Ularni topshirish uchun sotuvchiga oqilona muddat tayinlashga
- Ularni sotuvchi hisobiga boshqa shaxsdan sotib olishga
- Sotuvchidan jarima va neustoyka to‘lashni talab qilishga
To‘g‘ri javob: Ularni topshirish uchun sotuvchiga oqilona muddat tayinlashga. 397-moddaga ko‘ra sotib oluvchi sotuvchiga ularni topshirish uchun oqilona muddat tayinlashga haqli.
Sotib oluvchi Nigora sotuvchi Ravshanga tovarga mansub hujjatlarni topshirish uchun oqilona muddat tayinladi, ammo Ravshan uni o‘tkazib yubordi. Shartnomada boshqacha tartib yo‘q. Nigora nima qilishga haqli?
- Hujjatlarni o‘zi tayyorlab, narxga qo‘shishga
- Faqat yangi muddat tayinlashga
- Tovarni sotuvchining roziligisiz uchinchi shaxsga sotishga
- Tovardan voz kechishga
To‘g‘ri javob: Tovardan voz kechishga. 397-moddaga ko‘ra ko‘rsatilgan muddatda topshirilmasa, sotib oluvchi tovardan voz kechishga haqli.
Oldi-sotdi shartnomasi topshirilishi lozim bo‘lgan tovar miqdorini aniqlash imkonini bermasa, qanday oqibat yuzaga keladi?
- Shartnoma tuzilmagan hisoblanadi
- Shartnoma haqiqiy, ammo qisman bajariladi
- Miqdor sotuvchi xohishiga ko‘ra aniqlanadi
- Miqdor sud tomonidan belgilanadi
To‘g‘ri javob: Shartnoma tuzilmagan hisoblanadi. 398-modda ikkinchi qismiga ko‘ra miqdorni aniqlash imkoni bo‘lmasa, shartnoma tuzilmagan hisoblanadi.
Fuqarolik kodeksi (II qism) — 399-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Shartnomaning tovar miqdori to‘g‘risidagi shartlarini buzish oqibatlari
- Sotib oluvchidan tovar olib qo‘yilgan taqdirda sotuvchining javobgarligi
- Tovarning yaroqlilik muddatini hisoblash
- Tovarga mansub ashyolarni va hujjatlarni topshirish majburiyatini bajarmaslik oqibatlari
To‘g‘ri javob: Shartnomaning tovar miqdori to‘g‘risidagi shartlarini buzish oqibatlari. 399-modda: Shartnomaning tovar miqdori to‘g‘risidagi shartlarini buzish oqibatlari.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash