XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ Fuqarolik kodeksi (II qism) · 486–495-m.

Oldi-sotdi (11/12)

Ikkinchi Qism

486-modda. Ko‘chmas mulkni topshirish

Ko‘chmas mulkning sotuvchi tomonidan topshirilishi va sotib oluvchi tomonidan qabul qilinishi taraflar imzolaydigan topshirish dalolatnomasi yoki topshirish to‘g‘risidagi boshqa hujjatga binoan amalga oshiriladi.

Agar qonunda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, sotuvchining ko‘chmas mulkni sotib oluvchiga topshirish majburiyati bu mulk sotib oluvchiga topshirilganidan va topshirish to‘g‘risidagi tegishli hujjatni taraflar imzolaganidan keyin bajarilgan hisoblanadi.

Taraflardan birining ko‘chmas mulkni shartnomada nazarda tutilgan shartlarda topshirish to‘g‘risidagi hujjatni imzolashdan bo‘yin tovlashi, tegishli ravishda sotuvchining mulkni topshirish majburiyatini bajarishdan, sotib oluvchining esa mulkni qabul qilib olish majburiyatini bajarishdan bosh tortishi deb hisoblanadi.

Sotib oluvchining ko‘chmas mulkni sotish shartnomasining shartlariga mos bo‘lmagan ko‘chmas mulkni qabul qilib olishi, shu jumladan bunday mos kelmaslik xususida ko‘chmas mulkni topshirish to‘g‘risidagi hujjatda aytib o‘tilgan hollarda ham, sotuvchini shartnomani tegishli darajada bajarmaganlik uchun javobgarlikdan ozod qilish uchun asos bo‘lolmaydi.

487-modda. Tegishli darajada sifatli bo‘lmagan ko‘chmas mulkni topshirish oqibatlari

Agar sotuvchi sotib oluvchiga ko‘chmas mulkni sotish shartnomasining ko‘chmas mulk sifati to‘g‘risidagi shartlariga mos bo‘lmagan ko‘chmas mulkni topshirsa, ushbu Kodeks 434-moddasining qoidalari qo‘llaniladi, sotib oluvchining tegishli darajada sifatli bo‘lmagan tovarni tegishli darajada sifatli bo‘lgan boshqa tovarga almashtirib berishni talab qilish huquqi to‘g‘risidagi qoidalar bundan mustasno.

488-modda. Uy-joy binolarini sotishning xususiyatlari

Sotuvchi sotib olganidan keyin qonunga muvofiq uy-joy binosidan foydalanish huquqini o‘zida saqlab qoladigan shaxslar yashab turgan uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismini sotish shartnomasining muhim sharti –– bu shaxslarning ro‘yxatini sotilayotgan uy-joy binosidan foydalanish huquqlari ko‘rsatilgan holda tuzishdan iboratdir.

Uyni, kvartirani, uyning yoki kvartiraning bir qismini sotish shartnomasi notarial tartibda tasdiqlanishi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim.

8-§. Korxonani sotish

489-modda. Korxonani sotish shartnomasi

Korxonani sotish shartnomasiga muvofiq sotuvchi sotib oluvchiga butun korxonani mulkiy majmua sifatida topshirish majburiyatini oladi, sotuvchi boshqa shaxslarga berishga haqli bo‘lmagan huquq va majburiyatlar bundan mustasno.

Firma nomi, tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va sotuvchini hamda uning mahsulotini, u bajaradigan ish yoki ko‘rsatadigan xizmatlarni shaxsiylashtiradigan boshqa vositalardan foydalanish huquqlari, agar korxonani sotish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, sotib oluvchiga o‘tadi.

Sotuvchining tegishli faoliyat bilan shug‘ullanishi uchun berilgan maxsus ruxsatnoma (litsenziya) asosida olgan huquqlari, agar qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, korxonani sotib oluvchiga berilmaydi. Shartnoma bo‘yicha topshiriladigan korxona tarkibiga maxsus ruxsatnoma (litsenziya)ga ega bo‘lmagani tufayli sotib oluvchi bajara olmaydigan majburiyatlarni kiritish sotuvchini kreditorlar oldidagi tegishli majburiyatlardan ozod qilmaydi. Bunday majburiyatlarni bajarmaganlik uchun sotuvchi va sotib oluvchi kreditorlar oldida solidar javobgar bo‘ladilar.

490-modda. Korxonani sotish shartnomasining shakli va uni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish

Korxonani sotish shartnomasi taraflar imzolagan yozma shakldagi bitta hujjat tarzida tuzilib, unga ushbu Kodeksning 491-moddasi ikkinchi qismida ko‘rsatilgan hujjatlar albatta ilova qilinadi va u notarial guvohlantirilishi hamda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim. Vakolatli davlat organining qaroriga binoan tanlov (tender) asosida tuziladigan korxonani sotish shartnomasi notarial guvohlantirilishi shart emas, ushbu Kodeksning 110-moddasi ikkinchi qismining 2-bandida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan talablarga rioya qilmaslik shartnomaning haqiqiy bo‘lmasligiga olib keladi. Bunday shartnoma o‘z-o‘zidan haqiqiy bo‘lmagan bitim hisoblanadi, uni bajarishga yo‘l qo‘yilmaydi va unga nisbatan ushbu Kodeks 112-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan qoidalar qo‘llanmaydi.

491-modda. Sotiladigan korxona tarkibini aniqlash va qiymatini baholash

Sotiladigan korxona tarkibi va uning qiymati korxonani sotish shartnomasida inventarizatsiyalashning belgilangan qoidalariga muvofiq o‘tkaziladigan korxonani to‘liq inventarizatsiyalash asosida aniqlanadi.

Korxonani sotish shartnomasi imzolangunga qadar inventarizatsiya dalolatnomasi, buxgalteriya balansi, auditorlik xulosasini, baholash to‘g‘risidagi hisobotni, shuningdek kreditorlar, ular qo‘yayotgan talablar xususiyati, miqdori va muddatlari ko‘rsatilgan holda korxona tarkibiga kiritiladigan barcha qarz (majburiyat)lar ro‘yxatini taraflar tuzgan va ko‘rib chiqqan bo‘lishi kerak. Nomlari aytib o‘tilgan hujjatlarda ko‘rsatilgan mol-mulk, huquq va majburiyatlar, agar ushbu Kodeksning 489-moddasidan boshqacha tartib kelib chiqmasa hamda u korxonani sotish shartnomasida belgilangan bo‘lmasa, sotuvchi tomonidan sotib oluvchiga topshirilishi lozim.

492-modda. Korxonani sotishda kreditorlarning huquqlari

Sotiladigan korxona tarkibiga kiritilgan majburiyatlar bo‘yicha kreditorlar korxona sotib oluvchiga topshirilgunga qadar sotuvchi tomonidan uning sotilishi to‘g‘risida yozma ravishda xabardor qilinishlari lozim.

Qarzning boshqa shaxsga o‘tkazilishiga roziligini sotuvchiga yozma ravishda bildirmagan kreditor korxona sotilishi to‘g‘risida bildirish xati olgan kundan boshlab uch oy mobaynida yo majburiyatni bajarishni to‘xtatishni yoki muddatidan oldin bajarishni va sotuvchi tomonidan zarar qoplanishini, yo bo‘lmasa korxonani sotish shartnomasini butunlay yoxud uning tegishli qismini haqiqiy emas deb topishni talab qilish huquqiga ega.

Korxonaning sotilishi to‘g‘risida ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan tartibda xabardor qilinmagan kreditor sotuvchi korxonani sotib oluvchiga topshirgani to‘g‘risida xabar topgan yoki xabar topishi lozim bo‘lgan kundan boshlab bir yil mobaynida ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan talablarni qondirish haqida da’vo qo‘zg‘atishi mumkin.

Korxona sotib oluvchiga topshirilganidan so‘ng sotuvchi va sotib oluvchi topshirilgan korxona tarkibiga kiritilgan, sotib oluvchiga kreditorning roziligisiz o‘tkazilgan qarzlar bo‘yicha solidar javobgar bo‘ladilar.

493-modda. Korxonani topshirish

Sotuvchining korxonani sotib oluvchiga topshirishi topshirish dalolatnomasiga muvofiq amalga oshiriladi, unda korxonaning tarkibi va kreditorlar korxona sotilishi to‘g‘risida xabardor qilinganligi, shuningdek topshirilgan mol-mulkda aniqlangan kamchiliklar haqida ma’lumotlar va yo‘qolganligi tufayli topshirish majburiyatlari vujudga kelishi mumkin bo‘lmaydigan mol-mulkning ro‘yxati ko‘rsatiladi.

Korxonani topshirishga tayyorlash, shu jumladan topshirish dalolatnomasini tuzish va imzolashga taqdim etish, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, sotuvchining majburiyati hisoblanadi va uning hisobidan amalga oshiriladi.

Ikkala taraf topshirish dalolatnomasini imzolagan kundan boshlab korxona sotib oluvchiga topshirilgan hisoblanadi. Shu paytdan boshlab korxona tarkibida topshirilgan mol-mulkning tasodifan nobud bo‘lishi yoki tasodifan buzilishi xavfi sotib oluvchiga o‘tadi.

494-modda. Korxonaga mulk huquqining boshqa shaxsga o‘tishi

Korxonaga mulk huquqi bu huquq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan boshlab sotib oluvchiga o‘tadi.

Sotib oluvchining korxonaga mulk huquqini ro‘yxatdan o‘tkazish, basharti korxonani sotish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, korxona sotib oluvchiga topshirilganidan so‘ng bevosita amalga oshiriladi.

Korxonani sotish shartnomasida korxona haqi to‘langunicha yoki boshqa holatlar yuz berguncha sotuvchining sotib oluvchiga topshirilgan korxonaga mulk huquqi saqlanib qolishi nazarda tutilgan hollarda sotib oluvchi mulk huquqi o‘ziga o‘tguncha topshirilgan korxona tarkibiga kiradigan mol-mulkni mulkiy majmua sifatida korxona faoliyatini ta’minlash uchun zarur darajada tasarruf qilishga, shuningdek huquqlardan foydalanishga haqli bo‘ladi.

495-modda. Korxonani kamchiliklar bilan topshirish va qabul qilish oqibatlari

Topshirish dalolatnomasi bo‘yicha sotuvchi tomonidan tarkibi, shu jumladan topshirilgan mol-mulkining sifati, korxonani sotish shartnomasida nazarda tutilgan talabga muvofiq bo‘lmagan korxonaning topshirilishi va sotib oluvchining qabul qilishi oqibatlari, agar shartnomadan boshqacha tartib kelib chiqmasa va u ushbu moddaning ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi qismlarida nazarda tutilgan bo‘lmasa, ushbu Kodeksning 393-395, 399, 402, 408, 412-moddalarida nazarda tutilgan qoidalar asosida aniqlanadi.

Korxona topshirish dalolatnomasiga muvofiq topshirilgan va qabul qilingan bo‘lib, unda korxonaning aniqlangan kamchiliklari va yo‘qotilgan mol-mulki to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan taqdirda, agar korxonani sotish shartnomasida bunday hollarda boshqa talablarni qo‘yish huquqi nazarda tutilgan bo‘lmasa, sotib oluvchi korxonaning xarid narxini tegishincha kamaytirishni talab qilish huquqiga ega.

Sotib oluvchiga korxona tarkibida sotuvchining korxonani sotish shartnomasida yoki topshirish dalolatnomasida ko‘rsatilmagan qarzlari (majburiyatlari) ham topshirilgan taqdirda, agar sotib oluvchi shartnoma tuzish va korxonani topshirish vaqtida bunday qarz (majburiyat)lar borligini bilganini sotuvchi isbotlamasa, sotib oluvchi xarid narxini kamaytirishni talab qilish huquqiga ega.

Sotuvchi korxona tarkibida topshirilgan mol-mulkdagi kamchiliklar to‘g‘risida yoki topshirilishi lozim bo‘lgan ayrim turdagi mol-mulkning bu tarkibda yo‘qligi to‘g‘risida sotib oluvchidan bildirish xati olgan hollarda tegishli darajada sifatli bo‘lmagan mol-mulkni darhol almashtirishi yoki sotib oluvchiga yetishmayotgan mol-mulkni berishi mumkin.

495-modda. Korxonani kamchiliklar bilan topshirish va qabul qilish oqibatlari (davomi)

Agar korxonaning sotuvchi javobgar bo‘lgan kamchiliklar tufayli korxonani sotish shartnomasida aytib o‘tilgan maqsadlar uchun yaroqsizligi va bu kamchiliklar ushbu Kodeksga, qonunchilik yoki shartnomaga muvofiq belgilangan shartlarda, tartib va muddatlarda sotuvchi tomonidan bartaraf qilinmaganligi yoki bunday kamchiliklarni bartaraf qilib bo‘lmasligi aniqlangan bo‘lsa, sotib oluvchi korxonani sotish shartnomasini bekor qilish yoki o‘zgartirishni va taraflar shartnomaga muvofiq bajarganlarini qaytarishni sud tartibida talab qilish huquqiga ega.

Bilimingizni sinang

Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, ko‘chmas mulkning sotuvchi tomonidan topshirilishi va sotib oluvchi tomonidan qabul qilinishi qanday hujjatga binoan amalga oshiriladi?
  1. Faqat davlat organi bergan ma’lumotnoma yoki texnik pasportga binoan, taraflar imzosisiz
  2. Faqat sotuvchi bir tomonlama imzolaydigan topshirish hujjatiga binoan, sotib oluvchi imzosisiz
  3. Taraflar imzolaydigan topshirish dalolatnomasi yoki topshirish to‘g‘risidagi boshqa hujjatga binoan
  4. Taraflarning og‘zaki kelishuvi va guvohlar ishtirokida mulkka kirishish faktiga binoan

To‘g‘ri javob: Taraflar imzolaydigan topshirish dalolatnomasi yoki topshirish to‘g‘risidagi boshqa hujjatga binoan. 486-moddaga ko‘ra topshirish va qabul qilish taraflar imzolaydigan dalolatnoma yoki boshqa hujjatga binoan amalga oshiriladi.

Sotib oluvchi Hamid kvartirani qabul qilayotib, topshirish dalolatnomasida kvartira shartnomaga mos emasligini yozib qo‘ydi, lekin baribir qabul qildi. Sotuvchi shartnomani bajarmaganlik uchun javobgarlikdan ozod bo‘ladimi?
  1. Ha, chunki Hamid kamchilikni bila turib kvartirani qabul qilgan
  2. Yo‘q, bu uni javobgarlikdan ozod qilish uchun asos bo‘lolmaydi
  3. Ha, chunki dalolatnoma imzolangan paytdan mulk sifatli hisoblanadi
  4. Faqat sud ruxsati bilan ozod bo‘ladi, ruxsatsiz esa yo‘q

To‘g‘ri javob: Yo‘q, bu uni javobgarlikdan ozod qilish uchun asos bo‘lolmaydi. 486-moddaga ko‘ra mos bo‘lmagan mulkni qabul qilish, hatto dalolatnomada aytilgan bo‘lsa ham, sotuvchini javobgarlikdan ozod qilmaydi.

Taraflardan birining ko‘chmas mulkni topshirish to‘g‘risidagi hujjatni imzolashdan bo‘yin tovlashi, sotib oluvchi uchun nima deb hisoblanadi?
  1. Mulkni sotuvchiga qaytarib, shartnomadan bir tomonlama voz kechishi
  2. Shartnoma muddatini uzaytirish va narx belgilash huquqidan foydalanishi
  3. Mulkni uchinchi shaxsga sovg‘a qilib, majburiyatdan chiqishi
  4. Mulkni qabul qilib olish majburiyatini bajarishdan bosh tortishi

To‘g‘ri javob: Mulkni qabul qilib olish majburiyatini bajarishdan bosh tortishi. 486-moddaga ko‘ra imzolashdan bo‘yin tovlash sotib oluvchi uchun qabul qilish majburiyatini bajarishdan bosh tortishi deb hisoblanadi.

Sifatsiz ko‘chmas mulk topshirilganda sotib oluvchining qaysi huquqi 434-moddadagi huquqlardan istisno qilingan?
  1. Narxni tegishincha kamaytirishni talab qilish huquqi to‘g‘risidagi qoidalar bundan mustasno
  2. Zararni to‘liq hajmda qoplashni talab qilish huquqi to‘g‘risidagi qoidalar bundan mustasno
  3. Sifatsiz tovarni sifatli boshqa tovarga almashtirib berishni talab qilish huquqi
  4. Kamchiliklarni tekinga bartaraf etishni talab qilish huquqi bundan mustasno

To‘g‘ri javob: Sifatsiz tovarni sifatli boshqa tovarga almashtirib berishni talab qilish huquqi. 487-moddaga ko‘ra almashtirib berishni talab qilish huquqi bundan mustasno.

Fuqarolik kodeksi (II qism) — 488-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Ko‘chmas mulkka bo‘lgan mulk huquqi boshqa shaxsga o‘tganligini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish
  2. Uy-joy binolarini sotishning xususiyatlari
  3. Bino, inshoot yoki boshqa ko‘chmas mulk sotilganida ular joylashgan yer uchastkasiga bo‘lgan huquq
  4. Ko‘chmas mulkni topshirish

To‘g‘ri javob: Uy-joy binolarini sotishning xususiyatlari. 488-modda: Uy-joy binolarini sotishning xususiyatlari.

Fuqarolik kodeksi (II qism): «Uy-joy binolarini sotishning xususiyatlari» qaysi moddada belgilangan?
  1. 482-modda
  2. 488-modda
  3. 486-modda
  4. 481-modda

To‘g‘ri javob: 488-modda. 488-modda: Uy-joy binolarini sotishning xususiyatlari.

Sotuvchi sotib olganidan keyin ham uy-joydan foydalanish huquqini saqlab qoladigan shaxslar yashab turgan uyni sotish shartnomasining muhim sharti nima?
  1. Qo‘shnilar va mahalla fuqarolar yig‘ini roziligi to‘g‘risidagi yozma xulosa ilova qilinishi
  2. Bu shaxslarning ro‘yxati ularning foydalanish huquqlari ko‘rsatilgan holda tuzilishi
  3. Narx ikki baravar oshirilib, ortiqcha qismi shu shaxslarga to‘lab berilishi
  4. Uyning joylashuvi, rangi va xonalar soni batafsil ko‘rsatilgan tavsif ilova qilinishi

To‘g‘ri javob: Bu shaxslarning ro‘yxati ularning foydalanish huquqlari ko‘rsatilgan holda tuzilishi. 488-moddaga ko‘ra bunday shaxslarning ro‘yxatini foydalanish huquqlari ko‘rsatilgan holda tuzish shartnomaning muhim shartidir.

Uyni, kvartirani yoki ularning bir qismini sotish shartnomasi qanday tartibda rasmiylashtirilishi lozim?
  1. Notarial tartibda tasdiqlanishi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi
  2. Faqat og‘zaki kelishuv asosida, ro‘yxatdan o‘tkazish talab qilinmaydi
  3. Faqat oddiy yozma shaklda, notarial tasdiq talab qilinmaydi
  4. Mahalla fuqarolar yig‘ini kuzatuvi ostida, davlat ro‘yxatisiz tuziladi

To‘g‘ri javob: Notarial tartibda tasdiqlanishi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi. 488-moddaga ko‘ra shartnoma notarial tasdiqlanadi va davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiOldi-sotdi (10/12)Keyingi →Oldi-sotdi (12/12)