Hadya
Ikkinchi Qism
502-modda. Hadya shartnomasi
Hadya shartnomasiga muvofiq bir taraf (hadya qiluvchi) boshqa taraf (hadya oluvchi)ga ashyoni tekinga mulk qilib beradi yoki berish majburiyatini oladi yoxud unga o‘ziga yoki uchinchi shaxsga nisbatan mulk huquqi (talabi)ni beradi yo berish majburiyatini oladi, yoxud uni o‘zi yoki uchinchi shaxs oldidagi mulkiy majburiyatdan ozod qiladi yoinki ozod qilish majburiyatini oladi.
Ashyo yoki huquq muqobil berilganida yo bo‘lmasa, muqobil majburiyat mavjud bo‘lganida shartnoma hadya deb tan olinmaydi. Bunday shartnomaga nisbatan ushbu Kodeks 124-moddasining ikkinchi qismi qoidalari qo‘llanadi.
Biron-bir shaxsga ashyoni yoki mulk huquqini tekinga berishni yoki biron-bir shaxsni mulkiy majburiyatdan ozod etishni va’da qilish (hadya etishni va’da qilish), agar va’da tegishli shaklda berilgan bo‘lsa va kelajakda aniq shaxsga ashyo yoki mulkiy huquqni tekinga berish yoki uni mulkiy majburiyatdan ozod qilish maqsadi aniq ko‘rinib turgan bo‘lsa, hadya shartnomasi deb tan olinadi.
Ashyo, mulk huquqi yoki mulkiy majburiyatdan ozod qilish shaklida hadya narsasini aniq ko‘rsatmasdan o‘zining mol-mulkini yoki mol-mulkning bir qismini hadya etishni va’da qilish o‘z-o‘zidan haqiqiy emas.
Hadyani hadya oluvchiga hadya qiluvchining vafotidan keyin topshirishni nazarda tutuvchi shartnoma o‘z-o‘zidan haqiqiy emas. Bunday hadyaga nisbatan ushbu Kodeksning vorislik to‘g‘risidagi qoidalari qo‘llanadi.
503-modda. Hadya oluvchining hadyani qabul qilishni rad etishi
Hadya oluvchi o‘ziga hadya topshirilgunga qadar istagan vaqtida uni rad etishga haqli. Bunday holda hadya shartnomasi bekor qilingan hisoblanadi.
Agar hadya shartnomasi yozma shaklda tuzilgan bo‘lsa, hadyani rad etish ham yozma shaklda amalga oshirilishi kerak. Agar hadya shartnomasi ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lsa, hadyani qabul qilishni rad etish ham davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim.
Agar hadya shartnomasi yozma shaklda tuzilgan bo‘lsa, hadya qiluvchi hadya oluvchidan hadyani olishni rad etishi oqibatida yetkazilgan haqiqiy zararni qoplashni talab qilishga haqli.
504-modda. Hadya shartnomasining shakli
Hadya qilish, ayni paytda hadyani hadya oluvchiga topshirish og‘zaki amalga oshirilishi mumkin, ushbu moddaning uchinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Hadyani topshirish uni taqdim qilish, ramziy topshirish (kalit va hokazolarni taqdim qilish) yoki huquqni belgilaydigan hujjatlarni taqdim etish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Ko‘char mulkni hadya qilish shartnomasi:
hadya qiluvchi yuridik shaxs bo‘lganida;
fuqarolar o‘rtasida bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan ortiq summaga shartnoma tuzilayotganda;
shartnomada kelajakda hadya etish va’da qilingan hollarda oddiy yozma shaklda tuzilishi lozim.
Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan hollarda og‘zaki tuzilgan hadya shartnomasi o‘z-o‘zidan haqiqiy emas.
Ko‘chmas mulkni hadya qilish shartnomasi notarial tasdiqlanishi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim.
Qonunchilikda belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan avtomototransport vositalarini hadya qilish shartnomasi notarial tasdiqlangan bo‘lishi kerak.
505-modda. Hadyani cheklash
Yuridik shaxs operativ boshqarish huquqi asosida o‘ziga qarashli bo‘lgan ashyoni, agar qonunda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, mulkdorning roziligi bilan hadya etishga haqli. Bu cheklash qiymati katta bo‘lmagan odatdagi sovg‘alarga taalluqli emas.
Umumiy birgalikdagi mulkni hadya qilishga ushbu Kodeksning 225-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga amal qilgan holda umumiy birgalikdagi mulkning barcha ishtirokchilari roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.
Hadya qiluvchiga tegishli uchinchi shaxsdan talab qilish huquqini hadya qilish ushbu Kodeks 313-317, 319 va 320-moddalarida nazarda tutilgan qoidalarga rioya etgan holda amalga oshiriladi.
Ijara huquqini yoki boshqalarning ashyosiga o‘zgacha huquqni uning mulkdorining yoki unga nisbatan operativ boshqarish huquqiga ega bo‘lgan shaxsning roziligisiz hadya qilishga, agar bunday huquqqa asos bo‘lgan qonunda yoki shartnomada uni mazkur shaxslar roziligisiz boshqa shaxslarga berish taqiqlanmagan bo‘lsa, yo‘l qo‘yiladi.
Hadya olayotgan shaxs o‘rniga uning uchinchi shaxs oldidagi majburiyatini bajarish yo‘li bilan hadya qilish ushbu Kodeks 241-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan qoidalarga rioya etgan holda amalga oshiriladi.
Hadya oluvchining uchinchi shaxsdan qarzini hadya qiluvchining o‘ziga olishi yo‘li bilan hadya qilish ushbu Kodeks 322-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan qoidalarga rioya etgan holda amalga oshiriladi.
505-modda. Hadyani cheklash (davomi)
Hadya oluvchining nomi va hadya narsasi ko‘rsatilmagan hadyani vakil tomonidan amalga oshirish ishonchnomasi o‘z-o‘zidan haqiqiy emas.
506-modda. Hadya shartnomasini bajarishdan bosh tortish
Agar shartnoma tuzilgandan so‘ng hadya qiluvchining moddiy ahvoli jiddiy yomonlashgan bo‘lsa, u kelajakda hadya oluvchiga ashyoni yoki mulk huquqini berish yo bo‘lmasa, uni mulkiy majburiyatdan ozod etish va’da qilingan shartnomani bajarishdan bosh tortishga haqli.
Ushbu Kodeks 507-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan asoslarda hadya qiluvchi kelajakda hadya oluvchiga ashyoni yoki mulk huquqini berish yo bo‘lmasa, uni mulkiy majburiyatdan ozod etish va’da qilingan shartnomani bajarishdan bosh tortishga haqli.
Ushbu moddada nazarda tutilgan asoslarda hadya qiluvchining hadya shartnomasini bajarishdan bosh tortishi hadya oluvchiga zararni qoplashni talab qilish huquqini bermaydi.
507-modda. Hadyani bekor qilish
Hadya oluvchi hadya qiluvchining, uning oila a’zolari yoki yaqin qarindoshlarining hayoti yoki sog‘lig‘iga qarshi ataylab jinoyat sodir qilgan hollarda hadyani bekor qilishga sud tartibida yo‘l qo‘yiladi.
Hadya oluvchi hadya qiluvchini qasddan o‘ldirgan taqdirda hadya qiluvchining vorislari sudda hadyani bekor qilishni talab etish huquqiga ega.
Agar hadya oluvchining hadya qiluvchi uchun katta nomulkiy qiymatga ega bo‘lgan hadya buyumga nisbatan muomalasi uning butunlay yo‘q bo‘lib ketishi xavfini solsa, hadya qiluvchi hadya bekor etilishini sud tartibida talab qilishga haqli.
Manfaatdor shaxsning talabiga binoan sud yakka tartibdagi tadbirkorning yoki yuridik va jismoniy shaxsning to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi qonunchilik qoidalarini buzib, to‘lovga qobiliyatsizlik haqida ish qo‘zg‘atilishidan oldingi bir yil ichida o‘zining tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq mablag‘lar hisobidan qilgan hadyasini bekor qilishi mumkin.
Hadya shartnomasida hadya oluvchi hadya qiluvchidan oldin vafot etgan taqdirda hadya qiluvchining hadyani bekor qilish huquqi shart qilib qo‘yilishi mumkin.
Hadya bekor qilingan taqdirda hadya oluvchi hadya qilingan ashyoni, agar u hadya bekor qilingan paytda asl holatda saqlanib qolgan bo‘lsa, qaytarishi lozim.
508-modda. Hadya shartnomasini bajarishdan bosh tortish va hadyani bekor qilish mumkin bo‘lmagan hollar
Hadya shartnomasini bajarishdan bosh tortish va hadyani bekor qilish to‘g‘risidagi qoidalar og‘zaki tuzilgan hadya shartnomalariga nisbatan qo‘llanmaydi.
509-modda. Kamchiliklari bo‘lgan mol-mulkni hadya qilish oqibatlari
Hadya qilingan ashyodagi kamchiliklar tufayli hadya oluvchining hayoti, sog‘lig‘i yoki mol-mulkiga yetkazilgan zarar, agar bu kamchiliklar ashyo hadya oluvchiga topshirilgunga qadar paydo bo‘lgani aniq ko‘rinib turgan kamchiliklar jumlasiga kirmasligi va hadya qiluvchi bu haqda bilgan bo‘lsa-da, hadya oluvchini ogohlantirmaganligi isbot qilingan bo‘lsa, ushbu Kodeks 57-bobida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq hadya qiluvchi tomonidan qoplanishi lozim.
510-modda. Hadya va’da qilinganida huquqiy vorislik
Agar hadya shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, hadya shartnomasiga muvofiq hadya va’da qilingan hadya oluvchining huquqlari uning merosxo‘rlariga (huquqiy vorislariga) o‘tmaydi.
Agar hadya shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, hadya shartnomasiga muvofiq hadya berishni va’da qilgan shaxsning majburiyatlari uning merosxo‘rlariga (huquqiy vorislariga) o‘tadi.
511-modda. Xayr-ehson
Umumfoydali maqsadlarda qilingan hadya xayr-ehson hisoblanadi.
Xayr-ehson fuqarolarga, davolash, tarbiya, ijtimoiy himoya muassasalariga va shunga o‘xshash boshqa muassasalarga, xayriya, ilmiy va o‘quv muassasalariga, fondlarga, muzeylar va boshqa madaniyat muassasalariga, jamoat birlashmalari va diniy tashkilotlarga, shuningdek davlatga va boshqa fuqarolik huquqi subyektlariga qilinishi mumkin.
Xayr-ehsonni qabul qilishga biror kimsaning ruxsati yoki roziligi talab qilinmaydi.
Xayr-ehson qiluvchi mol-mulkni fuqaroga xayr-ehson qilganida bu mol-mulkdan ma’lum bir maqsadda foydalanishni shart qilib qo‘yishi lozim, yuridik shaxslarga xayr-ehson qilganda esa bu shartni qo‘yishi mumkin. Bunday shart bo‘lmaganida mol-mulkni fuqaroga xayr-ehson qilish oddiy hadya deb hisoblanadi, qolgan hollarda esa xayr-ehson qilingan mol-mulkdan hadya oluvchi uning vazifasiga muvofiq foydalanadi.
Aniq maqsadda foydalanishga mo‘ljallangan xayr-ehsonni qabul qilib olayotgan yuridik shaxs xayr-ehson qilingan mulkdan foydalanish bo‘yicha amalga oshirilgan operatsiyalarning alohida ro‘yxatini yuritishi lozim.
Agar xayr-ehson qilingan mulkdan xayr-ehson qiluvchi ko‘rsatgan maqsadda foydalanish vaziyat o‘zgarganligi tufayli mumkin bo‘lmay qolsa, mulkdan boshqa maqsadda faqat xayr-ehson qiluvchining roziligi bilan, mol-mulkni xayr-ehson qilgan fuqaro vafot etgan bo‘lsa yoki mulkni xayr-ehson qilgan yuridik shaxs qayta tashkil etilgan yoxud tugatilgan bo‘lsa –– sud qaroriga muvofiq foydalanish mumkin.
511-modda. Xayr-ehson (davomi)
Xayr-ehson qilingan mulkdan xayr-ehson qiluvchi ko‘rsatgan maqsadga zid holda foydalanish yoki ushbu maqsadni mazkur modda oltinchi qismining qoidalarini buzgan holda o‘zgartirish xayr-ehson qiluvchiga, uning merosxo‘rlariga yoki boshqa huquqiy vorisiga xayr-ehsonni bekor qilishni talab qilish huquqini beradi.
Ushbu Kodeks 507 va 510-moddalarining qoidalari xayr-ehsonga nisbatan qo‘llanmaydi.
Bilimingizni sinang
Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, hadya shartnomasiga muvofiq hadya qiluvchi hadya oluvchiga ashyoni qanday asosda mulk qilib beradi?
- Muqobil haq evaziga
- Qarz sifatida, keyinchalik qaytarish sharti bilan
- Tekinga
- Vaqtincha foydalanish uchun
To‘g‘ri javob: Tekinga. 502-modda: hadya qiluvchi ashyoni tekinga mulk qilib beradi.
Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, hadyani hadya oluvchiga hadya qiluvchining vafotidan keyin topshirishni nazarda tutuvchi shartnoma qanday oqibatga olib keladi?
- Shartnoma haqiqiy bo‘lib, hadya oluvchi mulkni hadya qiluvchi vafotidan keyin darhol oladi
- Shartnoma haqiqiy, ammo notarial tasdiqlanishi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi shart
- Shartnoma vasiyatnoma sifatida haqiqiy bo‘lib, hadya oluvchi uni rad etishga haqli emas
- Shartnoma o‘z-o‘zidan haqiqiy emas va unga vorislik to‘g‘risidagi qoidalar qo‘llanadi
To‘g‘ri javob: Shartnoma o‘z-o‘zidan haqiqiy emas va unga vorislik to‘g‘risidagi qoidalar qo‘llanadi. 502-modda beshinchi qismi: bunday shartnoma o‘z-o‘zidan haqiqiy emas, unga vorislik qoidalari qo‘llanadi.
Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, hadya oluvchi hadyani qachongacha rad etishga haqli?
- O‘ziga hadya topshirilgunga qadar istagan vaqtida
- Hadya shartnomasi tuzilgandan keyin bir oy ichida
- Hadya topshirilgandan keyin uch kun ichida
- Hadya qiluvchi roziligi bilan faqat shartnoma tuzilgan kuni
To‘g‘ri javob: O‘ziga hadya topshirilgunga qadar istagan vaqtida. 503-modda: hadya oluvchi o‘ziga hadya topshirilgunga qadar istagan vaqtida rad etishga haqli.
Fuqarolar o‘rtasida ko‘char mulkni hadya qilish shartnomasi bazaviy hisoblash miqdorining necha baravaridan ortiq summaga tuzilsa, oddiy yozma shaklda tuzilishi lozim?
- ellik baravaridan
- besh baravaridan
- yigirma baravaridan
- o‘n baravaridan
To‘g‘ri javob: o‘n baravaridan. Fuqarolar o‘rtasida bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan ortiq summaga tuzilgan ko‘char mulk hadyasi oddiy yozma shaklni talab qiladi.
Fuqarolik kodeksi (II qism) — 504-modda qaysi masalani tartibga soladi?
- Hadyani bekor qilish
- Hadya shartnomasining shakli
- Ayirboshlash shartnomasi
- Hadya shartnomasi
To‘g‘ri javob: Hadya shartnomasining shakli. 504-modda: Hadya shartnomasining shakli.
Fuqarolik kodeksi (II qism): «Hadya shartnomasining shakli» qaysi moddada belgilangan?
- 507-modda
- 502-modda
- 504-modda
- 497-modda
To‘g‘ri javob: 504-modda. 504-modda: Hadya shartnomasining shakli.
Fuqarolar o‘rtasida ko‘char mulkni hadya qilish shartnomasi qaysi holatda oddiy yozma shaklda tuzilishi lozim?
- Shartnoma bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan ortiq summaga tuzilganda
- Shartnoma bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan ortiq summaga tuzilganda
- Shartnoma ikki guvoh ishtirokida tuzilganda
- Hadya oluvchi voyaga yetmagan bo‘lganda
To‘g‘ri javob: Shartnoma bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan ortiq summaga tuzilganda. 504-modda uchinchi qismi: fuqarolar o‘rtasida bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan ortiq summaga tuzilganda yozma shakl talab etiladi.
Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, ko‘chmas mulkni hadya qilish shartnomasi qanday tartibga rioya etilishi lozim?
- Faqat yozma shaklda tuzilib, notarial tasdiqlanishi shart emas
- Notarial tasdiqlanishi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim
- Oddiy yozma shaklda tuzilib, soliq organida hisobga qo‘yilishi lozim
- Notarial tasdiqlanishi lozim, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi shart emas
To‘g‘ri javob: Notarial tasdiqlanishi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim. 504-modda beshinchi qismi: ko‘chmas mulkni hadya qilish notarial tasdiqlanishi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim.
XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.
🚀 Yodlashni boshlash