XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ Fuqarolik kodeksi (II qism) · 759–764-m.

Bank omonati (1/2)

Ikkinchi Qism

759-modda. Bank omonati shartnomasi

Bank omonati shartnomasi bo‘yicha birinchi tarafdan (omonatchidan) qabul qilib olgan yoki uning nomiga kelgan pul summasini (omonatni) qabul qilib olgan ikkinchi taraf (bank) shartnomada nazarda tutilgan shartlar asosida va tartibda omonat summasini foizlar yoxud boshqa daromadlar bilan yoki ularsiz qaytarish majburiyatini oladi, bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno.

Bank omonati shartnomasi omonat summasi bankka kelib tushgan kundan boshlab tuzilgan hisoblanadi.

Fuqaro omonatchi bo‘lgan bank omonati shartnomasi ommaviy shartnoma deb hisoblanadi.

Bank bilan omonatchining omonat qo‘yilgan hisobvaraq bo‘yicha munosabatlariga nisbatan bank hisobvarag‘i shartnomasi to‘g‘risidagi qoidalar, agar ushbu bobning qoidalarida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa yoki u bank omonati shartnomasining mohiyatidan kelib chiqmasa, qo‘llaniladi.

Ushbu bobning banklarga doir qoidalari qonunchilikka muvofiq yuridik shaxslardan omonatlar qabul qiluvchi boshqa kredit tashkilotlariga nisbatan ham qo‘llanadi.

760-modda. Pul mablag‘larini omonatlarga jalb qilish huquqi

Pul mablag‘larini omonatlarga jalb qilish huquqiga qonunchilikda belgilangan tartibda litsenziya berilgan banklar ega bo‘ladilar.

Bunday huquqqa ega bo‘lmagan shaxs fuqarodan omonat qabul qilgan taqdirda, omonatchi darhol omonat summasini qaytarib berishni, shuningdek bu summaga ushbu Kodeksning 327-moddasida nazarda tutilgan foizlarni to‘lashni hamda foiz summalaridan tashqari omonatchiga yetkazilgan hamma zararni qoplashni talab qilishi mumkin.

Agar bunday shaxs bank omonati shartnomasi shartlari asosida yuridik shaxsning pul mablag‘larini qabul qilgan bo‘lsa, ushbu Kodeksning bitimlar haqiqiy bo‘lmasligining asoslari va oqibatlariga doir tegishli qoidalari qo‘llanadi.

Agar qonunda boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa, ushbu moddaning ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan oqibatlar, kim bo‘lishidan qat’i nazar, fuqarolar va yuridik shaxslarning pul mablag‘larini:

omonat saqlovchilarga omonatni talab qilishi bilanoq olish va omonatchining ushbu bob qoidalarida ko‘zda tutilgan boshqa huquqlarini amalga oshirish imkoniyatini bermaydigan veksellar yoki boshqa qimmatli qog‘ozlar berish;

ularga g‘ayriqonuniy chiqarilgan deb topilgan aksiyalar va boshqa qimmatli qog‘ozlarni sotish yo‘li bilan omonatlarga jalb qilish hollariga nisbatan qo‘llanadi.

761-modda. Bank omonati shartnomasining shakli

Bank omonati shartnomasi yozma shaklda tuzilgan bo‘lishi kerak.

Agar omonatning qo‘yilganligi omonat daftarchasi, jamg‘arma (depozit) sertifikati yoki bank tomonidan omonatchiga berilgan, qonunda, qonunga muvofiq belgilangan bank qoidalarida va bank amaliyotida qo‘llaniladigan ish muomalasi odatlarida bunday hujjatlar uchun nazarda tutilgan talablarga javob beradigan boshqa hujjat bilan tasdiqlangan bo‘lsa, bank omonati shartnomasining yozma shakliga rioya qilingan hisoblanadi.

Bank omonati shartnomasining yozma shakliga rioya qilmaslik bunday shartnomaning haqiqiy bo‘lmasligiga olib keladi. Bunday shartnoma o‘z-o‘zidan haqiqiy emas.

762-modda. Omonatlarning turlari

Bank omonati shartnomasi omonatni talab qilinishi bilanoq berish (talab qilinguncha saqlanadigan omonat) yoki omonatni shartnomada belgilangan muddat tugaganidan keyin qaytarish (muddatli omonat) sharti bilan tuziladi.

Bank omonati shartnomasida qaytarib berishning qonunchilikka zid bo‘lmagan boshqa shartlari asosida omonatlar qo‘yish ham nazarda tutilishi mumkin.

Bank omonati shartnomasi bo‘yicha, omonatning turidan qat’i nazar, bank omonatchining talabi bilan omonat summasini yoki uning bir qismini berishi shart, yuridik shaxslar tomonidan qaytarib berishning shartnomada nazarda tutilgan boshqa shartlari asosida qo‘yilgan omonatlar bundan mustasno.

Bank omonati shartnomasining fuqaro omonatni talab qilishi bilanoq olish huquqidan, muddatli yoki boshqa omonatni esa xabardor etishning qonunchilikda belgilangan muddati o‘tganidan keyin olish huquqidan voz kechish haqidagi sharti o‘z-o‘zidan haqiqiy emas.

Agar omonatchi muddatli yoki boshqa omonatni, talab qilib olinguncha saqlanadigan omonat bundan mustasno, muddat tugagunga qadar yoxud bank omonati shartnomasida ko‘rsatilgan boshqa holatlar yuz bergunga qadar qaytarib berishni talab qilish niyatida bo‘lsa, u o‘zining bu niyatidan bankni omonatni olishni mo‘ljallayotgan sanadan kamida bir oy oldin xabardor qilishi shart.

Muddatli yoki boshqa omonat, talab qilib olinguncha saqlanadigan omonat bundan mustasno, muddat tugagunga qadar yoxud bank omonati shartnomasida ko‘rsatilgan boshqa holatlar yuz bergunga qadar omonatchining talabi bilan unga qaytarilgan hollarda, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, omonat yuzasidan foizlar yoxud boshqa daromadlar to‘lanmaydi.

762-modda. Omonatlarning turlari (davomi)

Omonatchi muddatli omonat summasini muddat tugaganidan keyin yoki qaytarishning boshqa shartlari bilan qo‘yilgan omonat summasini bank omonati shartnomasida nazarda tutilgan holatlar vujudga kelganidan keyin qaytarib berishni talab qilmagan hollarda, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, shartnoma omonatni talab qilib olguncha saqlash shartlari asosida uzaytirilgan deb hisoblanadi.

763-modda. Omonatga to‘lanadigan foizlar va (yoki) boshqa daromadlar

Bank omonatchiga omonat summasi uchun bank omonati shartnomasida belgilanadigan miqdorda foizlar va (yoki) boshqa daromadlar to‘laydi.

Bank omonati shartnomasida to‘lanadigan foizlar miqdori haqida shart bo‘lmagan taqdirda, bank talab qilib olinguncha saqlanadigan omonatlarga to‘lanadigan miqdorda foizlar to‘lashi shart.

Agar bank omonati shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, bank talab qilib olinguncha saqlanadigan omonatlarga to‘lanadigan foizlar va (yoki) boshqa daromadlar miqdorini o‘zgartirish huquqiga ega.

Bank foizlar va (yoki) boshqa daromadlar miqdorini kamaytirgan taqdirda, ularning yangi miqdori ular kamaytirilganligi haqida omonatchilarga xabar berilganidan keyin qo‘yilgan omonatlarga nisbatan qo‘llaniladi. Agar bank omonati shartnomasida boshqa muddat nazarda tutilgan bo‘lmasa, ushbu xabarga qadar qo‘yilgan omonatlarga nisbatan kamaytirilgan foizlar va (yoki) boshqa daromadlar miqdori tegishli xabar berilgan paytdan bir oy o‘tganidan keyin qo‘llaniladi.

Omonatni muayyan muddat o‘tgach yoki shartnomada nazarda tutilgan vaziyatlar yuz berganidan keyin qaytarish sharti bilan qo‘yilgan omonat yuzasidan bank omonati shartnomasida belgilangan foizlar va (yoki) boshqa daromadlar miqdori, agar shartnomada boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa, bank tomonidan bir tomonlama kamaytirilishi mumkin emas.

764-modda. Omonatga foizlar yozish va to‘lash tartibi

Bank omonati summasiga foizlar omonat bankka tushgan kunning ertasidan boshlab, to u omonatchiga qaytarilgan yoki boshqa asoslarga ko‘ra omonatchining hisobvarag‘idan o‘chirilgan kundan oldingi kungacha yoziladi. Omonatchining hisobvarag‘i xatlanganligi oqibatida bank ushbu hisobvaraqdagi pul mablag‘laridan foydalana olmagan davr uchun foizlar yozilmaydi.

Agar bank omonati shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, bank omonati summasiga foizlar har bir oy o‘tganidan keyin uning talabi bilan omonat summasidan alohida to‘lanadi, bu muddatda talab qilib olinmagan foizlar esa foizlar yoziladigan omonat summasiga qo‘shilib boradi.

Omonat qaytarilganida shu paytgacha yozilgan hamma foizlar to‘lanadi.

Bilimingizni sinang

Fuqarolik kodeksi (II qism) — 759-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Bank omonati shartnomasi
  2. Moliya agenti olgan summalarning qarzdorga qaytarilishi
  3. Omonatga foizlar yozish va to‘lash tartibi
  4. Omonatlarning turlari

To‘g‘ri javob: Bank omonati shartnomasi. 759-modda: Bank omonati shartnomasi.

Fuqarolik kodeksi (II qism): «Bank omonati shartnomasi» qaysi moddada belgilangan?
  1. 759-modda
  2. 758-modda
  3. 762-modda
  4. 764-modda

To‘g‘ri javob: 759-modda. 759-modda: Bank omonati shartnomasi.

Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, bank omonati shartnomasi qaysi paytdan boshlab tuzilgan hisoblanadi?
  1. Foizlar birinchi marta yozilgan kundan boshlab
  2. Omonat summasi bankka kelib tushgan kundan boshlab
  3. Omonatchi bankka ariza bergan kundan boshlab
  4. Bank direktori imzolagan kundan boshlab

To‘g‘ri javob: Omonat summasi bankka kelib tushgan kundan boshlab. 759-moddaning ikkinchi qismi shartnomani omonat summasi bankka tushgan kundan tuzilgan deb hisoblaydi.

Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, fuqaro omonatchi bo‘lgan bank omonati shartnomasi qanday shartnoma hisoblanadi?
  1. Faqat yuridik shaxslar uchun maxsus shartnoma
  2. Muddatli shartnoma
  3. Ommaviy shartnoma
  4. Qo‘shilish shartnomasi emas, balki erkin shartnoma

To‘g‘ri javob: Ommaviy shartnoma. 759-moddaning uchinchi qismi fuqaro omonatchi bo‘lgan shartnomani ommaviy deb hisoblaydi.

Litsenziyaga ega bo‘lmagan «Fin-Invest» MChJ fuqaro Aziza dan omonat qabul qildi. Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, Aziza nimani talab qilishi mumkin?
  1. Faqat omonat summasini bir yildan keyin qaytarishni, foizlar va zararni talab qilmasdan
  2. Faqat 327-moddadagi foizlarni undirishni, asosiy omonat summasi esa bank ixtiyorida qoladi
  3. Hech narsa talab qila olmaydi, chunki omonatchi litsenziyasiz tashkilotga o‘zi ixtiyoriy pul bergan
  4. Omonat summasini darhol qaytarishni, 327-moddadagi foizlarni va yetkazilgan hamma zararni qoplashni

To‘g‘ri javob: Omonat summasini darhol qaytarishni, 327-moddadagi foizlarni va yetkazilgan hamma zararni qoplashni. 760-moddaning ikkinchi qismiga ko‘ra omonatchi darhol qaytarish, foizlar va zararni qoplashni talab qilishi mumkin.

Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, pul mablag‘larini omonatlarga jalb qilish huquqiga kimlar ega bo‘ladi?
  1. Litsenziya berilgan banklar
  2. Faqat davlat organlari
  3. Notariuslar
  4. Istalgan tijorat tashkiloti

To‘g‘ri javob: Litsenziya berilgan banklar. 760-modda: litsenziya berilgan banklar omonatlarga jalb qilish huquqiga ega.

Fuqarolik kodeksi (II qism) — 761-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Moliya agentining qarzdordan olingan summalarga huquqlari
  2. Moliya agenti olgan summalarning qarzdorga qaytarilishi
  3. Omonatni qaytarish haqidagi talabni bajarmaganlik uchun javobgarlik
  4. Bank omonati shartnomasining shakli

To‘g‘ri javob: Bank omonati shartnomasining shakli. 761-modda: Bank omonati shartnomasining shakli.

Fuqarolik kodeksi (II qism): «Bank omonati shartnomasining shakli» qaysi moddada belgilangan?
  1. 756-modda
  2. 761-modda
  3. 766-modda
  4. 758-modda

To‘g‘ri javob: 761-modda. 761-modda: Bank omonati shartnomasining shakli.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiPul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalash (faktoring) (2/2)Keyingi →Bank omonati (2/2)