XotirAI logotipiXotirAI
⚖️ Fuqarolik kodeksi (II qism) · 755–758²-m.

Pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalash (faktoring) (2/2)

Ikkinchi Qism

755-modda. Qarzdorning pul talabnomasini moliya agentiga ijro etishi

Qarzdor mijozdan yoki moliya agentidan pul talabnomasidan ushbu moliya agenti foydasiga voz kechilganligi haqida yozma bildirishnoma olgan va unda ijro etilishi kerak bo‘lgan pul talabnomasi belgilangan, shuningdek to‘lov amalga oshirilishi kerak bo‘lgan moliya agenti ko‘rsatilgan taqdirda qarzdor to‘lovni moliya agentiga amalga oshirishi shart.

Qarzdorning roziligisiz pul majburiyatining valyutasi va u amalga oshiriladigan mamlakat o‘zgartirilishi mumkin emas.

Qarzdorning iltimosiga ko‘ra moliya agenti oqilona muddatda qarzdorga pul talabnomasidan haqiqatan ham moliya agenti foydasiga voz kechilganligining isbotini taqdim etishi kerak. Agar moliya agenti ushbu majburiyatni bajarmagan bo‘lsa, qarzdor ushbu talabnoma bo‘yicha to‘lovni mijozga nisbatan amalga oshirib, uning oldidagi o‘z majburiyatini bajarishga haqli.

Qarzdorning pul talabnomasini ushbu moddaning qoidalariga muvofiq moliya agenti foydasiga bajarishi qarzdorni mijoz oldidagi tegishli majburiyatdan ozod qiladi.

756-modda. Moliya agentining qarzdordan olingan summalarga huquqlari

Agar pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalash shartnomasi shartlariga ko‘ra moliya agenti mijozdan bu talabni sotib olib, shu yo‘l bilan uni moliyalasa, moliya agenti qarzdor talabni bajarish uchun to‘laydigan hamma summani olish huquqini qo‘lga kiritadi, mijoz esa moliya agenti olgan summalar u sotib olgan talabnomaning bahosidan kam bo‘lib chiqqanligi uchun moliya agenti oldida javobgar bo‘lmaydi.

Agar mijozning majburiyatlari moliya agentiga bajarilishini ta’minlash maqsadida pul talabnomasidan uning foydasiga voz kechilgan bo‘lsa va pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalash shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, moliya agenti mijozga hisobot taqdim etishi hamda mijozning pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish bilan ta’minlangan qarzidan ortib qolgan summani mijozga berishi shart. Agar moliya agenti qarzdordan olgan pul mablag‘lari mijozning moliya agentiga pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish bilan ta’minlangan qarzi summasidan kam bo‘lib chiqsa, mijoz qarzning qoldig‘i uchun moliya agenti oldida javobgar bo‘lib qolaveradi.

757-modda. Qarzdorning muqobil talablari

Moliya agenti qarzdordan to‘lovni amalga oshirishni talab qilgan taqdirda, qarzdor ushbu Kodeksning 343, 344 va 345-moddalariga muvofiq, o‘zining mijoz bilan tuzilgan shartnomaga asoslangan, qarzdor pul talabnomasidan moliya agenti foydasiga voz kechilganligi haqida yozma bildirishnoma olgan paytda ixtiyorida bo‘lgan o‘z pul talabnomalarini hisobga olish uchun taqdim etishga haqli.

Mijoz qarzdor bilan ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan qarzdorning pul talabnomalarini hisobga olishga bo‘lgan huquqlarini moliya agentiga taqdim etmaslik to‘g‘risida yozma shaklda kelishishi mumkin.

758-modda. Moliya agenti olgan summalarning qarzdorga qaytarilishi

Mijoz qarzdor bilan tuzgan shartnoma bo‘yicha o‘z majburiyatlarini buzgan taqdirda, qarzdor moliya agentiga o‘tgan pul talabnomasi bo‘yicha to‘langan summalarni moliya agentidan qaytarib berishni talab qilishga haqli emas.

Qarzdor pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish natijasida moliya agentiga to‘langan summalarni, agar moliya agenti talabnomadan boshqa shaxs foydasiga voz kechish bilan bog‘liq va’da qilingan to‘lovni mijozga to‘lash majburiyatini bajarmaganligi yoki mijoz talabnomadan boshqa shaxs foydasiga voz kechish bilan bog‘liq to‘lovni olishi kerak bo‘lgan qarzdor oldidagi majburiyatini buzganligini bila turib, bunday to‘lovni amalga oshirganligi isbot qilingan bo‘lsa, ushbu summalar moliya agenti tomonidan qaytarilishini talab qilishga haqli.

758¹-modda. Pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechishni ro‘yxatdan o‘tkazish

Pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish haqidagi bildirishnoma garov reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazilgandan keyin pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish uchinchi shaxslarga nisbatan kuchga ega bo‘ladi.

758²-modda. Pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalash shartnomalari bo‘yicha moliya agentlarining talablarini qanoatlantirish tartibi

Aynan bir mijoz tomonidan ayni bir pul talabnomasidan yoki uning bir qismidan boshqa shaxs foydasiga bir martadan ortiq voz kechish amalga oshirilgan taqdirda, moliya agentlarining talablari navbat tartibida qanoatlantiriladi.

Pul talabnomasi bo‘yicha talablarni qanoatlantirish navbati pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalash shartnomasi bo‘yicha pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish haqidagi bildirishnoma garov reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazilgan vaqt asosida belgilanadi. Bunda moliya agentlarining talablarini qanoatlantirish navbati pul talabnomasiga bo‘lgan huquq garov reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazilgan paytga qadar yoki undan keyin yuzaga kelganligidan qat’i nazar qo‘llaniladi.

Pul talabnomasiga bo‘lgan huquqlar navbati ushbu Kodeks 751-moddasining to‘rtinchi qismiga muvofiq moliya agenti huquqqa ega bo‘lgan har qanday daromadlarga nisbatan ham tatbiq etiladi.

Bilimingizni sinang

Fuqarolik kodeksi (II qism) — 755-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Qarzdorning pul talabnomasini moliya agentiga ijro etishi
  2. Pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalash shartnomalari bo‘yicha moliya agentlarining talablarini qanoatlantirish tartibi
  3. Bank omonati shartnomasi
  4. Pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechishni taqiqlashning haqiqiy emasligi

To‘g‘ri javob: Qarzdorning pul talabnomasini moliya agentiga ijro etishi. 755-modda: Qarzdorning pul talabnomasini moliya agentiga ijro etishi.

Fuqarolik kodeksi (II qism): «Qarzdorning pul talabnomasini moliya agentiga ijro etishi» qaysi moddada belgilangan?
  1. 759-modda
  2. 753-modda
  3. 755-modda
  4. 758²-modda

To‘g‘ri javob: 755-modda. 755-modda: Qarzdorning pul talabnomasini moliya agentiga ijro etishi.

Qarzdor Madina mijozdan yozma bildirishnoma oldi: pul talabnomasidan moliya agenti foydasiga voz kechilgan va to‘lov agentga qilinishi kerak. Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, Madina to‘lovni kimga amalga oshirishi shart?
  1. Moliya agentiga
  2. Sudga depozit sifatida
  3. Istalgan uchinchi shaxsga
  4. Mijozga

To‘g‘ri javob: Moliya agentiga. 755-modda: bildirishnoma olingan va unda agent ko‘rsatilgan bo‘lsa, qarzdor to‘lovni moliya agentiga qilishi shart.

Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, qarzdorning roziligisiz pul majburiyatining nimasi o‘zgartirilishi mumkin emas?
  1. Faqat to‘lov kuni va moliya agentining nomi
  2. Valyutasi va u amalga oshiriladigan mamlakat
  3. Moliya agentining nomi va talabnoma raqami
  4. Talabnomani rasmiylashtirish shakli va tili

To‘g‘ri javob: Valyutasi va u amalga oshiriladigan mamlakat. 755-moddaning ikkinchi qismi valyuta va mamlakatni qarzdor roziligisiz o‘zgartirishni taqiqlaydi.

Qarzdorning iltimosiga ko‘ra moliya agenti oqilona muddatda voz kechilganlik isbotini taqdim etmadi. Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, qarzdor nima qilishga haqli?
  1. To‘lovni sudga topshirib, o‘z majburiyatini bajarilgan deb hisoblashga
  2. To‘lovni moliya agentiga amalga oshirib, mijozga qarshi talabni saqlashga
  3. To‘lovni mijozga nisbatan amalga oshirib, o‘z majburiyatini bajarishga
  4. To‘lovni muddatsiz kechiktirib, moliya agentidan penya undirishga

To‘g‘ri javob: To‘lovni mijozga nisbatan amalga oshirib, o‘z majburiyatini bajarishga. 755-moddaning uchinchi qismi isbot berilmasa qarzdor mijozga to‘lab majburiyatini bajarishga haqliligini belgilaydi.

Fuqarolik kodeksi (II qism) — 756-modda qaysi masalani tartibga soladi?
  1. Mijozning moliya agenti oldidagi javobgarligi
  2. Bank omonati shartnomasi
  3. Bank omonati shartnomasining shakli
  4. Moliya agentining qarzdordan olingan summalarga huquqlari

To‘g‘ri javob: Moliya agentining qarzdordan olingan summalarga huquqlari. 756-modda: Moliya agentining qarzdordan olingan summalarga huquqlari.

Fuqarolik kodeksi (II qism): «Moliya agentining qarzdordan olingan summalarga huquqlari» qaysi moddada belgilangan?
  1. 759-modda
  2. 752-modda
  3. 761-modda
  4. 756-modda

To‘g‘ri javob: 756-modda. 756-modda: Moliya agentining qarzdordan olingan summalarga huquqlari.

Fuqarolik kodeksiga ko‘ra, mijozning majburiyati ta’minoti uchun talabnomadan voz kechilgan bo‘lsa va agent qarzdordan olgan pul qarz summasidan kam bo‘lsa, nima bo‘ladi?
  1. Qoldiq qarz mijoz zimmasidan o‘chiriladi va moliya agentiga o‘tadi
  2. Qoldiq qarz summasi qarzdorga yuklanadi va u moliya agentiga to‘lanadi
  3. Moliya agenti qoldiq qarz uchun mijozdan hech narsa talab qila olmaydi
  4. Mijoz qarz qoldig‘i uchun moliya agenti oldida javobgar bo‘lib qolaveradi

To‘g‘ri javob: Mijoz qarz qoldig‘i uchun moliya agenti oldida javobgar bo‘lib qolaveradi. 756-moddaning ikkinchi qismi kam bo‘lgan qismi uchun mijozning javobgarligi saqlanishini belgilaydi.

Faqat o‘qish yetarli emas

XotirAI mavzuni savollar bilan so‘raydi va keyingi takrorlash vaqtini o‘zi belgilaydi.

🚀 Yodlashni boshlash
← OldingiPul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalash (faktoring) (1/2)Keyingi →Bank omonati (1/2)